Линклар

Шошилинч хабар
16 декабр 2024, Тошкент вақти: 20:02

Termizda farrosh ayolni kortej urib ketdi. U prezident kelishiga ko‘cha supurayotgandi


Hodisa obodonlashtirish xodimlari yo‘l chetini tozalayotgan payti sodir bo‘lgan. (Suratning Surxondaryodagi hodisaga aloqasi yo‘q)
Hodisa obodonlashtirish xodimlari yo‘l chetini tozalayotgan payti sodir bo‘lgan. (Suratning Surxondaryodagi hodisaga aloqasi yo‘q)

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Surxondaryoga tashrifining ilk kunida viloyat markazi Termizda obodonlashtirish ishlariga jalb qilingan 57 yashar farrosh ayol mashina urib ketishi oqibatida kasalxonaga yotqizildi.

Hodisa guvohlariga ko‘ra, katta tezlikda prezidentni kutib olishga ketayotgan kortej orasidagi mashinalardan biri yo‘l chetida ishlayotgan ayolni urib yuborgan.

Shifokorlarning aytishicha, ayolning ahvoli og‘ir bo‘lib, ikki kundan buyon koma holatida qolmoqda.

IIB xodimlari ushbu avtohalokat bo‘yicha tergov-surishtiruv ishlari boshlanganini bildirdi.

Hodisa 1 - iyun kuni ertalab soat 7:40da Termiz shahri Amir Temur ko‘chasida joylashgan Yoshlar Markazi oldidagi chorrahada sodir bo‘lgan.

Bu haqda Ozodlikka ma’lum qilgan manba hodisa matbuotdan sir saqlanayotganini aytdi: “Prezident ketguncha sir saqlansin, deb hokimiyatdagilar buyruq berishgan”.

Ozodlik hodisa guvohlari bilan suhbatlashishga muvaffaq bo‘ldi va tafsilotlarni aniqladi.

Hodisaga shaxsan guvoh bo‘lgan termizlikning anonim qolish sharti bilan aytishicha, katta tezlikda ketayotgan mashinalar kolonnasi orasida bo‘lgan avtobomil yo‘l chetida ishlayotgan ayolni urib ketgan:

“Yo‘l chetini farrosh ayollar supurayotgan paytda mashinalar kolonnasi katta tezlikda kelib qoldi. 20-25ta, hammasi katta-katta mashinalar edi. Bu mashinalar prezidentimizni kutib olishga ketayotganini aytishdi. Kolonna oldida ketayotgan GAI farrosh ayollarga “qoch” deb baqirdi. Ayollar sakrab, bardyorning orqasiga o‘tib olishdi. Kolonna orqasidan katta tezlikda, hokimlik nomeri bilan yana bitta mashina kelib qoldi. Shu mashina farrosh ayollardan birini urib yubordi”.

Ozodlik aniqlashicha, mashina urib yuborgan ayol Termiz obodonlashtirish boshqarmasida farrosh bo‘lib ishlayotgan 57 yashar Ra’no Poyonovadir. Buni boshqarma mas’ullaridan biri Ozodlikka tasdiqladi.

Hodisa guvohlaridan yana biriga ko‘ra, avtohalokat Ra’no Poyonova piyodalar yo‘lagidan o‘tayotgan paytda sodir bo‘lgan:

“Shu kuni obodonlashtirish xodimlari prezident o‘tishi mumkin bo‘lgan katta ko‘chalarni tong sahardan supurishni boshladi. Ra’no opa yo‘l chetini supurib, musorlarini velosipedining orqasiga ortib o‘tayotgandi. Peshexodning oxiriga borib qolgan payti katta tezlikda kelayotgan qora Kaptiva uni urib yubordi. Haydovchi darrov mashinasidan tushib, kechirim so‘radi. “GAI tez hayda, deganiga shoshilib ketayotgandim. Kechasi bilan uxlamaganman, ovqat ham yeganim yo‘q. Ataylabdan qilmadim. Kechiringlar”, dedi. Keyin Ra’no opani yo‘ldan o‘tayotgan bir Damasga mindirib, kasalxonaga olib ketishdi”.

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Termiz filialidagi jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan Ra’no Poyonova ikki kundan beri hushsiz yotibdi. Bu haqda Ozodlikka gapirgan shifokorlardan biri Ra’no Poyonovaning ahvolini og‘ir, deya baholadi:

“Miyasiga qon quyilgan. Miya ichkarisiga, markazga qon quyilgani uchun uni operatsiya qilish mumkin emas. Hozir apparatga ulab qo‘yilgan. Ayolning tos suyagi ham yorilgan, pastki jag‘i singan. Kechadan beri komada yotibdi, lekin yuragi urib turibdi”.

Surxondaryo huquq-tartibot idoralaridan olingan ma’lumotga ko‘ra, IIB Ra’no Poyonova bilan bog‘liq avtohalokatni ro‘yxatga olib, hozirda tergov-surishtiruv ishlarini olib boryapti.

Huquq-tartibot idorasi xodimi Ra’no Poyonovani urib yuborgan mashina mahalliy hokimliklardan biriga tegishli ekanini tasdiqladi, biroq ushbu mashinaning prezidentni kutib olishga ketayotgan kolonna safida bo‘lgan-bo‘lmaganiga aniqlik kiritmadi.

Termiz shahrining Eski shahar mahallasida yashovchi 57 yashar Ra’no Poyonova shahar obodonlashtirish boshqarmasida 10 yildan ko‘proq vaqtdan buyon ishlab keladi. Uning eri vafot etgan, to‘rt farzandni yolg‘iz o‘zi katta qilyapti.

5 oy kutilgan tashrif

Dastlab joriy yilning mart oyiga rejalangan va uch oyga kechiktirilgan prezident Mirziyoyevning Surxondaryoga tashrifi 1-2 iyun kunlari amalga oshirildi.

Oxirgi 5 oy mobaynida Mirziyoyev borishi ehtimoli bo‘lgan joylarda kechayu kunduz obodonlashtirish ishlari o‘tkazildi.

Surxonliklarga ko‘ra, o‘nqir-cho‘nqir yo‘llar asfaltlanib, prezident vertolyoti qo‘nishi uchun tayyorlangan yo‘l bo‘ylaridagi qurigan archalar yashil rangga bo‘yab chiqilgan.

Prezident tashrifi oldidan Toshkentdan borgan maxsus ishchi guruh Surxondaryoda “tozalash” o‘tkazib, o‘nlab rahbarlarni “yangilagan”.

Mirziyoyevning Surxondaryoga tashrifi bloger Otabek Sattoriyning qamalishi va unga xalqaro tashkilotlarning tanqidiy munosabatlari davom etayotgan bir paytga to‘g‘ri keldi. Prezident ikki kunlik tashrifi davomida Sattoriy ishiga biror munosabat bildirmadi.

Karimov davridan qolgan an’ana

O‘zbekistonda prezident tashrifiga ko‘zbo‘yamachilik qilish marhum prezident Islom Karimov davrida muhim siyosiy tadbirlarning bir qismiga aylangan edi.

Mirziyoyev iqtidorga kelganidan keyin o‘zining joylarga tashrifi oldidan viloyat, tuman va shaharlardagi mutasaddi rahbarlar tomonidan qilinayotgan ko‘zbo‘yamachiliklarni bir necha marta qoralagan.

Ammo bu tanqidlarga qaramay, ko‘zbo‘yamachilik holatlari davom etayotgani kuzatilmoqda.

Prezident tashrifiga tayyorgarlik jarayonida hasharchilar bilan bog‘liq nohush hodisalar Surxondaryodan avval ham sodir bo‘lgan.

Jumladan, 2019 - yilning 16 - may kuni Andijon viloyat, Asaka tumanida prezident Mirziyoyev kelishiga gullarni sug‘orishga chiqarilgan uch hasharchi ayolni ham mashina bosib ketdi. Ulardan ikki nafari voqea joyida halok bo‘ldi, bir nafari esa kasalxonada vafot etdi.

2018 - yilning 14 - mart kuni Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanida Mirziyoyev kelishiga ko‘cha tozalashga olib chiqilgan 23 yashar o‘qituvchi Diana Yenikeyeva mashina bosib ketishi oqibatida halok bo‘lgan. Prezident Mirziyoev hodisadan taassuf izhor qilgan va "kattaqo‘rg‘onlik yosh pedagog Diana Yenikeyeva Prezident tufayli o‘lgandek his qilayotgani"ni aytgan edi. Hodisa tufayli ikki nafar mansabdor shaxsga nisbatan chora ko‘rilgani xabar qilingan.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG