Линклар

Шошилинч хабар
17 декабр 2024, Тошкент вақти: 01:49

“O‘zbekkonsert” litsenziya berish uchun qo‘shiqchidan soqolini olishni talab qildi


San Jay (Sanjar Javberdiev)
San Jay (Sanjar Javberdiev)

San Jay taxallusi ostida ijod qiluvchi qo‘shiqchi va bastakor Sanjar Javberdiev Gazeta.uz ga bergan intervyusida ma’lum qilishicha, “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi litsenziya olishi uchun undan soqolini olishni talab qilgan.

“Ikki oy oldin men litsenziya olish uchun zarur hujjatlar to‘plamini taqdim etgandim. Ular mening konsert direktorimga soqolsiz fotosuratimni olib kelishini aytishibdi. Keyin o‘zim keldim, ular hujjatlarni ko‘rib chiqish uchun qabul qilishdi va “Baribir, soqolsiz ham ruxsat berishmasa kerak”, deyishdi. Shundan keyin ikki oy o‘tdi hamki, aniq javob aytishmayapti. Oxirgi marta Furqat Shovvozov (Konsert-tomosha faoliyatini litsenziyalash boshqarmasi direktori -gazeta.uz) bilan uchrashganimda, u agar soqol bilan kelsa, berishmasligini aytgandi”, - degan Sanjar Javberdiev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, u o‘z qo‘shiqlarini televidenie orqali emas, faqat radio orqali translyatsiya qilish uchun litsenziya olmoqchi bo‘lgan, biroq shunda ham rad javobi berilgan. “Men “O‘zbekkonsert” uchun o‘z imijim va dunyoqarashimni o‘zgartirmasligimni aytdim. Keyin Odil Abduqahhorov (“O‘zbekkonsert” direktori -tahr.) bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unga faqat mening konsert direktorim Abdumalik taklif qilingandi. U Odilning so‘zlarini menga yetkazdi: “Avval soqolini olsin, yo‘qsa, litsenziya bo‘lmaydi”. Shundan keyin men hammasiga tupurdim va Internetda ishlashga qaror qildim, boshqacha bo‘lishi ham mumkinmi?” - degan xonanda.

“O‘zbekkonsert” direktori Odiljon Abduqahhorov Gazeta.uz muxbiri bilan suhbatda aytishicha, litsenziya berish-bermaslik bo‘yicha qaror “O‘zbekkonsert” tomonidan emas, balki Milliy estrada san’atini rivojlantirish va muvofiqlashtirish kengashi huzuridagi ijodiy guruh vakillari tomonidan qabul qilinadi.

“Ushbu guruh mashhur xalq artistlari, zamonaviy estrada qo‘shiqchilaridan iborat jami 15 kishidan tashkil topgan. Buning o‘z mezonlari bor: ular ovozni, qo‘shiqni, matnni, iqtidorni baholashadi. Qoidalar talablari asosida ular o‘z qarorini chiqarishadi”, - degan Odiljon Abduqahhorov.

“O‘zbekkonsert” rahbari Odiljon Abduqahhorov Sanjar Javberdiev guruhning har 15 kunda o‘tkaziladigan navbatdagi yig‘ilishiga taklif etilishini ma’lum qilgan.

“U yig‘ilishga taklif etiladi. Mayli soqoli bilan kelsin. Litsenziya berish-bermaslikni guruh hal qiladi”, - degan Odiljon Abduqahhorov.

Qo‘shiqchi Sanjar Javberdiev O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoevga o‘z muammosiga e’tibor qaratishini so‘rab murojaat yo‘llashga ham ulgurgan.

40 yashar Sanjar Javberdiev rus, o‘zbek, tojik va boshqa tillarda qo‘shiq aytadi. U uzoq vaqt Rossiyada yashab, ishlagan, 2010 yilda Chechen Respublikasi xalq artisti unvonini olgan. Taxminan ikki yil oldin O‘zbekistonga qaytib kelgan. Uning Internetga joylashtirilgan yangi ijod mahsuli — Sherali Jo‘raevning “Karvon ko‘rdim” qo‘shig‘iga ishlangan kaver bir zumda mashhur bo‘lib ketdi. Biroq uning ashulalarini radio va TV orqali uzatish mumkin emas, sababi uning litsenziyasi yo‘q.

Oldinroq, 13 noyabrda “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi qo‘shiqchi Shahlo Ahmedovaga konsert faoliyatini taqiqlab qo‘ygan edi. “O‘zbekkonsert”ning rasmiy saytida e’lon qilingan rasmiy bildiruvda qaror bunday izohlangan:

“Xonanda Sh.Ahmedovaning “Letnie dojdi” deb nomlangan videoklipida milliy ma’naviyatimizga yot bo‘lgan, tomoshabinlarning e’tiborini jalb etish uchun xalqimiz mentalitetiga zid, sharqona odob-ahloq me’yorlariga to‘g‘ri kelmaydigan harakatlardan ham tap tortmay, yigit va qizning ishqiy kechinmalarini ochiq-oshkora ifoda etib, buni andishasizlarcha tasvirga olib keng ommaga namoyish etgan”.

Keyinroq xonanda muassasaning qarorini sharhlar ekan, “Ochig‘ini aytsam, sodir bo‘layotgan hodisadan shokdaman”, - deb yozdi.

XS
SM
MD
LG