Линклар

Шошилинч хабар
16 декабр 2024, Тошкент вақти: 23:38

Obidalar talon-torojini tanqid qilib kelgan mulozim noma’lum ayol arizasiga binoan 10 kunga qamaldi


Sundar Qoraboyev
Sundar Qoraboyev

Jizzax viloyati Madaniyat obyektlarini muhofaza qilish departamenti boshlig‘i 40 yashar Sundar Qoraboyev 16 - mart kuni Toshkent shahar, Yunusobod tuman Ma’muriy sudi qarori bilan 10 kunga qamaldi.

Qoraboyevning hamkasbi fikricha, u “buyurtma shantajchi” ayol qurboni bo‘lgan. Blogerlardan biri Youtube-kanalida qilgan chiqishida "Qoraboyev yangi yuqoriroq vazifaga tayinlanayotganidan norozi bo‘lganlar bu shantajni uyushtirganligini” iddao qildi.

Yunusobod tuman sudi vakilining Ozodlikka aytishicha¸ jabrlanuvchi¸ gumondor va advokatlar ishtirokida sudьya Qo‘chqor Sanjarov raisligida 16 - mart, soat 20 da bo‘lib o‘tgan mahkama Qoraboyevni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasida (Mayda bezorilik) nazarda tutilgan qilmishni sodir etganlikda aybli deb topib, 10 kunlik qamoq jazosi belgilagan.

Sud vakiliga ko‘ra, Sundar Qoraboyev 15 - mart kuni Toshkent shahar, Yunusobod tuman, Istiqlol ko‘chasidagi “Ugolok” kafesida xo‘randa ayolning tinchini buzib janjal figuranti bo‘lganligi mahkama jarayonida aniqlangan.

Sundar Qoraboyevning ukasi Axrimaz Qoraboyevning 18 - mart kuni Ozodlikka aytishicha¸ uning akasi 15 - mart kuni ish yuzasidan Madaniyat vazirligiga – Toshkent shahriga kelganida “shantaj qurboni” bo‘lgan:

“Shantaj deb o‘yladim¸ chunki men akamni yaxshi bilaman. O‘sha kuni akam Madaniyat obyektlarini muhofaza qilish departamentining boshqa viloyatlardan kelgan xodimlari bilan birga kafega borib ovqatlangan. Akamning yonida bo‘lgan departamentning Siroj ismli xodimining aytishicha, ular kafedan chiqayotgan vaqtda Sundar Qoraboyevga begona ayol turtilib ketgan. Shundan so‘ng ayol akamga men seni qamataman degan. Akam va sherigi ayolning gapiga e’tibor qilmasdan chiqib ketishgan”.

O‘sha kuni Qoraboyev bilan birga bo‘lgan Madaniyat vazirligi xodimiga ko‘ra¸ ular Sundarning mashinasiga o‘tirib jo‘nashgan:

“200 metr ham yurmagandik PPX xodimi to‘xtatdi. Qarama-qarshi yuryapsiz dedi. Sundar unga yo‘l o‘zi bir tomonlama bo‘lsa qanaqa qarama-qarshi qaraman deb tushuntirmoqchi bo‘lganida orqadan migalkani yoqib militsiya naryadi yetib keldi. Sizni ustingizdan arz qilishdi¸ siz begona ayolni kaltaklaganlikda ayblanasiz deb Qo‘yliqdagi tergov izolyatoriga oborib qamab qo‘yishdi”.

Ozodlik sudda qatnashgan Sundar Qoraboyevning hamkasbi bilan gaplashdi. Ismi aytilishini istamagan hamkasb “Qoraboyev kafeda hech kim bilan janjallashmaganini” aytdi.

“ Temurbek degan advokat sud raisiga kafe ichkarisi va tashqarisidagi kuzatuv kameralaridan olingan tasvirlarni taqdim qildi. Tasvirlarda Sundar akaning kafe ichida ham¸ tashqarisida ham hech kimga turtilmagani aniq ko‘ringan. Bundan tashqari sudda “Ugolok” kafesi boshqaruvchisi ham ishtirok etib hech qanday janjal bo‘lmaganligi borasida guvohlik berdi. Sud raisi bunga e’tiroz bildirmadi. Lekin maslahatga kirib chiqqandan keyin 10 kun qamash haqida qaror chiqardi”.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ jabrlanuvchi ayol sudda qatnashganida yonida pasporti bo‘lmagan va yuzini berkitib o‘tirgan.

Sundar Qoraboyevning ukasi Axrimaz Qoraboyev bu qaror ustidan 18 - mart kuni apellyatsiya arizasi yozdi. Bu arizani Toshkent shahar ma’muriy sudi ko‘rib chiqadi. Axrimaz Qoraboyevning fikricha, ko‘ra akasini qamagan sudda protsessual qoidalar buzilgan:

“Akamni qamalgani haqida oilasiga habar berilmadi. Telefon qilib xabar berish huquqi bor qo‘lga olingan odamning. Akamga 10 sutka qamoq tayinlanganida qo‘liga qaror nusxasi berilmagan. Sud qarorida 10 kun deyilyapti ammo akam qo‘lga olinganidan to sud bo‘lguncha ham 24 soat qamoqda bo‘ldi. Bu muddatga huquqiy baho yo‘q qarorda".

Axrimaz Qoraboyevga ko‘ra¸ akasini hozirgacha hech kimga ko‘rsatishmayapti. Xotini va advokati ham karantin bahonasi bilan ko‘rishish uchun kiritilmagan.

Ozodlik Yunusobod tuman Ichki ishlar bo‘limi bilan bog‘landi. Bo‘lim xodimi "huquqbuzarlik haqidagi holat mavjud qonunchilik doirasida rasmiylashtirilib, sudga taqdim qilingan"ini aytish bilan chegaralandi.

Qoraboyev shantaj qurboni bo‘ldimi?

Ozodlik muxbiri “Ugolok” kafesi kuzatuv kamerasiga tushib qolgan tasvirlarni ko‘rdi. Tasvirda Qoraboyevga qarshi ko‘rsatma bergani aytilgan ayol ko‘rinadi. So‘ng kafe eshigidan bir erkak chiqib ketadi. Ukasining aytishicha bu eraka Sundar Qoraboyevdir. Kadrda chiqish yo‘lagida turgan boshqa erkak imosi bilan Qoraboyevning orqasidan yugurib ketayotgan o‘rta yashar ayol ko‘rinadi.

Ozodlik suhbatlashgan Qoraboyevning hamkasbi u “buyurtma shantajchi” ayol qurboni bo‘lganini aytdi. Xudoyberdi Zominiy ismli bloger esa o‘zining Youtubedagi kanalida chiqish qilib “Qoraboyev yangi yuqoriroq vazifaga tayinlanayotganidan norozi bo‘lganlar bu shantajni uyushtirganligini” iddao qildi.

Qoraboyevni yaqindan tanigan O‘zbekiston Madaniyat vazirligidagi mulozimning Ozodlikka iddao qilishicha, ”Sundarning Burgut bola taxallusi bilan Zomin tumanidagi muammolarni hajv qilgani” tuman hokimiga yoqmagan:

“Zomin hokimi Alisher Abdug‘aniyev vazirlikka ham norasman chiqib Burgut bolasining ovozini o‘chiringlar degan, ammo gapi o‘tmagan. Sundar ikki hafta oldin bu hokimning zimdan tish qayrab yurganini aytgan edi. Sundarning qamalishidan manfaatdor odam - o‘sha hokim”.

Burgut bola taxallusi bilan blogerlik qilgan Sundar Qoraboyevning videolavhalaridan birida ulkan gaz ballonini yelkasida ko‘targan kampir bilan suhbati aks etgan. Suhbatda tumandagi gaz muammosi hajv qilinadi.

Zomin tuman hokimi Alisher Abdug‘aniyev 2019 - yili huquq faoli Malohat Eshonqulovaga qarshi Jinoyat kodeksining ikki moddasi – haqorat va tuhmat bo‘yicha jinoyat ishida jabrlanuvchi maqomida bo‘lgani bilan tanilgan.

Ozodlik Jizzax viloyat xokimligi matbuot xizmati va o‘zini Zomin tuman xokimi yordamchisi deb tanishtirgan mulozim bilan bog‘landi. Har ikkala mulozim ham sud ishiga aralasha olmasligini aytishdi.

Burgut bola – tabiat va obidalar himoyachisi

Tarmoqda Burgut bola deya tanilgan Sundar Qoraboyev Zomin ekologiyasi va qadimiy obidalarini himoya qilib muntazam chiqishlar qiladi. Qadimiy obidalarni asrash borasida respublikadagi eng malakali mutaxassislardan biri. Qoraboyev nafaqat Jizzax, balki butun respublikadagi qadimiy obidalar himoyasi bo‘yicha Ozodlikka suhbatlar bergan. Qoraboyev qadimiy obidalarning “Vaqf” fondiga o‘tkzailgani ortidan talon-toroj bo‘lgani haqida matbuotda jiddiy tanqidiy chiqishlar qilgan edi.

Ijtimoiy tarmoq faollari Sundor Qoraboyevning qamoqqa olinishini uyushtirilgan deb hisoblashmoqda

Qoraboyevning bir kun ichida shoshilinch sud qilinishi va ma’muriy qamoq qo‘llash to‘g‘risidagi sudning qarori mahkum qo‘liga berilmayotgani shubhali bo‘lib qolmoqda.

XS
SM
MD
LG