Линклар

Шошилинч хабар
16 декабр 2024, Тошкент вақти: 18:55

156 fermer "Mirziyoyevlarga qarindosh" klasterdan norozi. Ammo tanlash huquqi yo‘q


"Sangzor Tekstil" MChJning paxta tozalash korxonasi. Jizzax viloyati, Do‘stlik tumani.
"Sangzor Tekstil" MChJning paxta tozalash korxonasi. Jizzax viloyati, Do‘stlik tumani.

Jizzax viloyat, Do‘stlik tumanidagi 156 fermer ular bilan uch yildan beri ishayotgan “Sangzor Tekstil” klasteridan norozi bo‘lib boshqa tashkilot, “Jizzax Kenteks” klasteri bilan yanvar oyida shartnoma tuzgan.

Fermerlarning aytishlaricha, “Sangzor Tekstil” klaster korxonasining shartnomadagi shartlarni bajarmagani, fermerlarning haqini har tomondan urib qolayotgani ularni boshqa klaster bilan shartnoma tuzishga majbur qilgan.

Ammo “Jizzax Kenteks” bilan tuzilgan shartnomalar bekor qildirilgan va fermerlar Mirziyoyevning qudasiga tegishli ekanligi aytilayotgan “Sangzor Tekstil”dan boshqasini tanlash huquqidan mahrum etilgan.

Fermer xo‘jaliklari o‘z viloyatidagi istalgan klaster bilan ixtiyoriy shartnoma qilish mumkinligi haqidagi 2021-yil 16-noyabrdagi prezident farmoni ham ish bermagan.

O‘tgan yilning 16-noyabr kuni prezident “Paxta-to‘qimachilik klasterlari faoliyatini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.

Bu farmonga ko‘ra, fermer xo‘jaliklariga o‘z viloyatidagi istalgan paxta-to‘qimachilik klasterlari bilan paxta xomashyosini yetkazib berish bo‘yicha fyuchers shartnomalarini tuzish huquqi berildi.

“Sangzor Tekstil” bilan uch yil ishlab undan ro‘shnolik ko‘rmagani, haq-huquqlari muntazam poymol qilib kelinganini aytgan fermerlar, ana shu imkoniyatdan foydalanib, yanvar oyidan boshlab viloyatdagi boshqa klaster “Jizzax Kenteks” bilan shartnoma tuzishga kirishdi.

Do‘stlik tumanidagi 156 fermer xo‘jaligi bu klaster bilan joriy yilning yanvar oyida shartnoma imzoladi.

Ismi sir qolishini so‘ragan fermerning aytishicha, "Jizzax kenteks" “Sangzor Tekstil”ga nisbatan qulay variantlarni fermerga taklif qilgan:

“Jizzax Kenteks” vakillari tumanimizga keldi, fermerlar bilan yig‘ilishlar o‘tkazdi. Ular bergan takliflar bizga juda ma’qul keldi. Masalan, “Sangzor” bergan kreditiga 14 foizgacha bizdan olardi, bu umuman foiz olmayman, dedi. “Sangzor” yonilg‘i bersa o‘ndan bir qismini urib qolardi. Masalan, bir tonna olsangiz, yuz litr konkret ustiga minadi. “Sangzor” dorilarni juda qimmat o‘tkazadi. Masalan, bultur ko‘sak qurtiga qarshi o‘zi olib kelgan dorini qimmat narxida majburlab o‘tkazdirdi. Ishonasizmi u doridan bitta ham ko‘sak qurti o‘lmadi. Hosil xavf ostida qoldi. O‘zimiz Bekoboddan naqd pulga o‘zimiz dori sotib olib keldik va hosilni saqlab qoldik”.

Fermerning aytishicha, “Sangzor Tekstil” paxtani qabul qilishda 8-10 foizgacha skidka urib qolgan. Fermerlar paxtani topshirib bo‘lganidan so‘ng, paxtani quritish bahonasida yana ularning hisobidan pul ushlab qolganidan ham norozi bo‘lgan.

Ismi sir qolishini so‘ragan fermerga ko‘ra, ular “Sangzor Tekstil” bilan uch yil ishlab, "bo‘g‘izlarigacha qarzga botib qolgan":

“Bizning boshqa klasterga o‘tishimizning sababi, paxta planini bajarsak ham, g‘alla planini bajarsak ham, "Sangzor" bizni tovonimizgacha emas, bo‘g‘zimizgacha qarzga botirib tashladi. Viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i va hokimimiz yig‘ilish o‘tkazdi. Men o‘sha yerda aytdim, berayotgan solyarkasining ustiga o‘n foiz olsa, bank xizmatlariga katta pul olsa, kreditni ular olsayu, uning foizi bizning bo‘ynimizda bo‘lsa, oddiy protsentshiklar bo‘lsa, biz shartnomani boshqa bilan qilamiz, dedim. Ko‘ramiz, o‘rganamiz deyishdiyu, biror natija bo‘lmadi. Yana "Sangzor" bilan shartnoma qilishga majburlashyapti”.

Ozodlik yana o‘nga yaqin fermer bilan gaplashdi. Ularning hammasi ham klaster tanlash huquqidan mahrum etilayotganini aytdi.

Fermerlarning aytishlaricha, ular bu holatga jim, qo‘lini qovushtirib qarab turmagan. Huquqlari poymol bo‘layotgani haqida O‘zbekiston prezidentiga, Bosh prokuraturaga shikoyat arizasi yozishgan.

Mart oyining boshida Do‘stlikdagi madaniyat saroyida Jizzax viloyat Adliya boshqarmasi boshlig‘i Shokir Saidov va tuman hokimi Shavkat Darvishev fermerlarni yig‘ib majlis o‘tkazgan.

Bu yig‘ilishda muammoni o‘rganish uchun Shokir Saidov boshchiligida ishchi komissiyasi tuzilgani va o‘rganib chiqilishi aytilgan.

Ammo oradan bir oy o‘tib borayotgan bo‘lsa ham fermerlar arosatda qolmoqda.

Fermerlarning “Sangzor tekstil” bilan ishlashga mahkum etilgani, ularning boshqa klaster tanlash imkoni yo‘qligi rahbarlar tomonidan aytilgan.

Fermerlarning iddao qilishicha, bunga viloyat hokimining qishloq xo‘jaligi ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Oybek Ashurmatov to‘sqinlik qilmoqda. U prezident oilasiga quda bo‘lgan klasterning tarafini olib, fermerlarning klaster tanlash huquqini buzmoqda.

Ozodlik olgan ma’lumotlarga ko‘ra, rasmiylar “Jizzax Kenteks”ga fermerlar bilan shartnoma qilishga imkon berilmaganini Do‘stlik tumanidagi yerlar “Sangzor Tekstil”ga bo‘lib berilganini bahona qilmoqda.

Do‘stlik tumanida yigirmadan ortiq fermer yana bir klaster - “Silver Layv” bilan mustaqil shartnoma tuzgan. Bu klaster fermerlarga hech qanday ustamasiz yonilg‘i ham yetkazib bergan.

Ammo ular tuzgan shartnoma tuman hokimligi qishloq xo‘jaligi bo‘limida tasdiqlanmagan va bu fermerlar yana “Sangzor Tekstil”ga qaytarilishidan xavotirda.

“Sangzor Tekstil” klaster korxonasi haiqda Ozodlik ilgari ham yozgan edi.

O‘tgan yilning oktabr oyida “Sangzor tekstil MChJ” klaster korxonasi Do‘stlik tumani fermerlariga tomchilatib sug‘orish uskunalari o‘rnatib berish maqsadida ularning nomiga har gektar yer hisobiga 25 million so‘mdan kredit rasmiylashtirgan edi.

Fermerlarning aytishlaricha, uskunalar keltirilib fermerlar shiyponlariga qo‘yilgan, lekin shartnoma bo‘yicha ularni o‘rnati va ishlatib berish vazifasi bajarilmagan.

Fermerlar esa ishlatilmagan bu tizim uchun kredit va uning foizini to‘lashga majbur bo‘layotganliklari haqida shikoyat qilgan edilar.

Xo‘sh, fermerlarni o‘zida olib qolib qilishga majbur qilayotgan “Sangzor tekstil” klaster korxonasi kimga tegishli?

Reestrdagi ma’lumotlarga ko‘ra, “Sangzor tekstil MChJ”ning ta’sischisi Jizzax viloyat, G‘allaorol tumanidan bo‘lgan tadbirkor Diyor Bozorov.

Do‘stlik tumanidagi davlat idoralaridan birida ishlaydigan, xavfsizlik nuqtai nazaridan ismi sir qolishini so‘ragan mulozimning aytishicha, Diyorning otasi, Baxmal tumanining Sangzor qishlog‘ida tug‘ilgan marhum G‘ofirboy Bozorov O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning qudasidir.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Prezident amakisining o‘g‘li, ayni paytda O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligida ishlaydigan Muxtor Mirziyoyevning qizi Bozorovlar xonadoniga kelin bo‘lib tushgan.

Bozorov va Mirziyoyevlar quda ekanligini Jizzax viloyati hokimligida ishlaydigan boshqa manba ham tasdiqladi.

“Sangzor tekstil MChJ” ijrochi direktori Otabek Xo‘jametov Ozodlik qo‘ng‘iroqlariga javob bermadi.

Ozodlik Jizzax viloyat hokimi o‘rinbosari Oybek Ashurmatovning qabulxonasiga qo‘ng‘iroq qilib, undan bu masalaga munosabat olmoqchi bo‘ldi. Ammo Ozodlik qo‘ng‘iroqlari javobsiz qoldi.

Jizzax viloyat Adliya boshqarmasi boshlig‘i Shokir Saidovning qabulxonasi kotibi Tursunboy Suyarov “Do‘stlik” tumani fermerlari muammosidan xabari borligini va bu masalani yana boshliqqa yetkazishi va o‘zlari Telegram kanali orqali bog‘lanishini aytdi, ammo hech kim bog‘lanmadi.

Do‘stlik tumani hokimi Shavkat Darvishev yordamchisi Kamoliddin Nailev ham hokim bilan maslahatlashib, o‘zlari qo‘ng‘iroq qilishlarini aytdi. Ammo qo‘ng‘iroq bo‘lmadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev paxta-to‘qimachilik klasterlarini qishloq xo‘jaligidagi islohotlarning muhim bir qismi sifatida taqdim etib keladi, ammo fermerlarning o‘zlariga ko‘ra, tizim dehqonni yer egasiga aylantirmagan.

Ozodlik fermerlarning shikoyat va iddaolari yuzasidan barcha tomonlarning fikriga ochiq.

XS
SM
MD
LG