Линклар

Шошилинч хабар
16 декабр 2024, Тошкент вақти: 15:56

Allaqulov tarafdorlari: Ota jazo o‘tamoqda, o‘g‘il qamalib chiqdi


Professor Xidirnazar Allaqulov tarafdorlari bilan.
Professor Xidirnazar Allaqulov tarafdorlari bilan.

Toshkent viloyat, Chinoz tumanida yashovchi oila boshlig‘i shu kunda 10 kunlik ma’muriy qamoq jazosini o‘tamoqda. Uning o‘g‘li shu yilning aprelida 10 kunga qamalib, 7 kun jazo o‘tab chiqqan edi.

O‘g‘il ustidan chiqarilgan sud hukmiga ko‘ra, u ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslikda, organ xodimlarining o‘z xizmat burchini bajarishiga qarshilik ko‘rsatishda aybdor topilgan.

O‘g‘ilning aytishicha, uning otasi ham shunday ayblovlar bilan jazo o‘tamoqda.

Rasmiy ro‘yxatdan o‘tkazilmagan “Haqiqat va Taraqqiyot” partiyasi lideri Xidirnazar Allaqulovning iddao qilishicha, ota-bola shu partiya tarafdori bo‘lgani uchun jazolangan.

29 yashar Abror Otajonovning Ozodlikka aytishicha, uning otasi, 52 yashar Ahror Mahmudovning qamalishiga rasman 9 - iyul kuni Chinoz tuman IIB binosi oldida bo‘lgan voqea sabab bo‘lgan.

Ota ishi

8 - iyul kuni IIBga chaqirilgan mahalliy bloger Zafar Saidahmedov uyiga qaytmaydi va o‘g‘lining qaytmaganidan tashvishga tushgan ona -Shahlo Jo‘rabekova o‘sha kuni IIBga borib, o‘g‘lining daragini topa olmaydi.

“Ertasi kuni men o‘zim, yaqinlarim bilan yana IIB binosi oldiga bordik. Biz bilan Ahror aka ham bordi. Darvozasidan ichkariga kiritishmadi. O‘g‘limni so‘ray desam, birov chiqmadi. Shunda yerdan olxo‘riday ikkita tosh olib, avval temir darvozaga urdim. Keyin ichkariga otdim. Ahror aka bir chetda turdi. U kishi bo‘lgan voqeani videoga oldi, xolos. Keyin bilsam, qamab qo‘yishibdi”, dedi Ozodlikka Shahlo Jo‘rabekova.

Bloger Zafar Saidahmedov, onasi Shahlo Jo‘rabekovaning aytishicha, moliyaviy piramida qurgan Ahmadboy ishi bo‘yicha qo‘lga olingan. Biroq bu va Ahror Mahmudov ishi bo‘yicha Chinoz tuman IIBdan ma’lumot olishning imkoni bo‘lmadi.

Shahlo Jo‘rabekovaning iddao qilishicha, uning bloger o‘g‘li ijtimoiy tarmoqlardagi tanqidiy chiqishlari uchun jazolanmoqda.

Abror Otajonovning Ozodlikka aytishicha, otasi – Ahror Mahmudov 15 - iyul kuni “onlayn sud” qilingan va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183- (Mayda bezorilik), 194-(Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) va 195- (Ichki ishlar organlari xodimlarining o‘z xizmat burchlarini bajarishlariga qarshilik ko‘rsatish) moddalari bo‘yicha aybdor topilib, 10 sutkaga qamalgan.

Shahlo Jo‘rabekova sud majlisida ishtirok etgan kelinining so‘zlarini keltiradi:

“19 - iyul kuni Ahror akani yana sud qilishdi. Men borolmadim. Lekin kelinim bordi. Kelinimning aytishicha, uchastkovoyimiz “Ahror Mahmudov IIB oldiga 30 kishini olib borib, zabastovka qildi”, degan emish. Yolg‘on bu. 30 kishi emas, 12 kishi borganmiz. Toshniyam men otganman”.

Uchastka noziri Azamat (familiyasini aniqlay olmadik) Ozodlik qo‘ng‘iroqlariga javob bermadi.

Otasi ustidan 19 - iyulda apellyatsiya sudi o‘tkazilgani, sud dastlabki hukmni o‘zgarishsiz qoldirganini Ozodlikka Abror Otajonov ham aytdi:

“Otam 10 sutkaga kesilgan dastlabki sud bo‘lib o‘tgan kuni men “Haqiqat Taraqqiyot” partiyasi faollari bilan Konstitutsiyaviy sudga ariza topshirish uchun Toshkentda edim. U yerda ham bizga hujum bo‘ldi. Kelsam, adamni qamab qo‘yishgan ekan”.

Аллақулов: Шоввозсой бўйича халққа ким ҳисобот беради?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:09 0:00

O‘g‘il ishi

Abror Otajonovning o‘zi shu yilning aprelida 7 sutka ma’muriy jazo o‘tab chiqqani ma’lum bo‘ldi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Chinoz tuman sudi 23 - apreldagi majlisida Abror Otajonov ishini ko‘rib chiqib, uni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 194-(Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) va 195- (Ichki ishlar organlari xodimlarining o‘z xizmat burchlarini bajarishlariga qarshilik ko‘rsatish) moddalari bo‘yicha aybdor topgan va 10 sutkaga qamagan.

Sud qarori
Sud qarori

Sud qarorida aytilishicha, Abror Otajonov 21 - aprel kuni Chinoz tuman, Sarbozor mahallasidagi 29- huquq-tartibot maskaniga kirib borgan va u yerdagi vaziyatni videoga olib, Feysbukka joylashtirgan. IIB xodimlarining talablarini bajarmagan, qarshilik ko‘rsatgan.

Abror Otajonovning Ozodlikka aytishicha, voqea bunday kechgan:

“21 - aprel kuni menga partiyaga (Haqiqat va Taraqqiyot partiyasi – tahr.) imzo yig‘ayotganlarni chaqirishyaptiykan, sen ham borasan ekan, deyishdi uydagilar. Bormasa, kuch ishlatib olib ketamiz, deyishibdi. Bordim. Borib Feysbukda jonli efir qila boshladim. Ogohlantirganman jonli efirda ekanligimni. Shunda telefonimni uchasktkovoy telefonimni tortib olib qo‘ydi. Qarshilik qilganim yo‘q”.

Sud qarori
Sud qarori

Abror Otajonovning aytishicha, oradan 2 kun o‘tgach, uni IIBga chaqirishgan, u yerdan sudga olib borishgan, sud 10 sutkaga qamagan. Jazo muddatining 7 kuni uni yana sud qilishadi:

“Nurafshonga olib borishdi jazo o‘tash uchun. Bir kuni sendan tushuntirish xatlari olishimiz kerak, deb chaqirishdi. Aytilgan xonaga kirdim. Qarasam, mening suratimni partiya a’zosi deb xuddi jinoyatchilarday shkaflarga yopishitirib qo‘yishibdi. Partiyaga aloqamni so‘rashdi. Ertasi kuni yana boshqa boshliqlar chaqirdi. Muddatimning 7- kuni sud qilishdi. Advokatim aybsizligimni isbotlashga harakat qildi. Keyin sud jazo muddati tugadi, dedi. Ertasi kuni kechgacha qarorni kutdim. Qaror kelganidan keyin bo‘shatishdi”.

Xidirnazar Allaqulov: Troyka sudi bo‘ldi

Rasmiy ro‘yxatdan o‘tkazilmagan “Haqiqat va Taraqqiyot” partiyasi lideri Xidirnazar Allaqulovning Ahror Mahmudov va uning o‘g‘li Abror Otajonovlar ishidan xabardorligi ma’lum bo‘ldi:

“Kecha Ahror Mahmudov ustidan apellyatsiya sudi bo‘lib o‘tdi. Sud hukmi o‘zgarishsiz qoldirildi. Kecha Ozodbek Qurbonovning (partiyaning yana bir faoli – tahr.) ham apellyatsiya sudi bo‘ldi. Uni 15 sutkaga qamoqda qoldirdi. Sud yopiq o‘tkazildi. Sudlanuvchilar sudga olib kelinmadi. Bizni esa, kiritishmadi. Sud bo‘lgani yo‘q, Stalin davridagi Troyka sudi bo‘ldi”.

“Haqiqat va Taraqqiyot” partiyasi faollariga bosimlar bo‘layotgani, ular qamoqqa olinayotgani to‘g‘risida shu paytgacha bir necha marta xabar qilingan.

15 - iyul kuni Prezident Administratsiyasi binosi oldidan ushlab ketilgan mustaqil bloger Ozodbek Qurbonov mayda bezorilikda ayblanib 15 sutkaga qamaldi.

Bu haqda Ozodlikka ma’lum qilgan “Haqiqat va taraqqiyot” partiyasi faollariga ko‘ra, sudda bloger "hokimiyat vakiliga qarshilik ko‘rsatgani" va xodimlarni "haqorat qilgani" aytilgan.

Rossiyada Allaqulov tarafdorlarining imzosini to‘plagan bloger Toshkentga kelganidan so‘ng ham partiya faoliyatini yoritishda davom etgan. Professor Allaqulovning so‘zlariga ko‘ra, u partiyaning internet administratori sifatida faoliyat olib borayotgandi.

Ozodbek Qurbonov 12 - iyul kuni Toshkentning Yunusobod tumani Majburiy ijro byurosi xodimlari ogohlantirishsiz Allaqulovning uyiga kelib, uydagi maishiy jihozlar - televizor, kir yuvish mashinasi va mikroto‘lqinli pechni musodara qilgani to‘g‘risida birinchilardan bo‘lib tarmoqlarda xabar tarqatgandi.

Joriy yilning 21 - iyun kuni Adliya vazirligi “talab etilganidan qariyb 3 marta kam imzolar taqdim etilgani” vajidan Allaqulov partiyasini ro‘yxatdan o‘tkazishni rad etgandi.

Partiya faollari o‘zlariga nisbatan bosimlar to‘xtamayotganini aytmoqda.

O‘zbekistonda prezident saylovlari shu yilning 24 - oktabrida bo‘lib o‘tadi. Parlamentdagi mavjud besh partiya rahbarlari prezidentlikka nomzod bo‘ladigan saylovlarda ko‘pchilik amaldagi prezident Shavkat Mirziyoyevning ikkinchi muddatga saylanishiga shubha qilmaydi.

2019 - yil dekabridagi parlament saylovlarini kuzatgan YeXHT missiyasi O‘zbekistondagi nisbatan erkinlashgan matbuot siyosiy muxolifatning o‘rnini bosa olmaganini aytgan edi.

XS
SM
MD
LG