Линклар

Шошилинч хабар
16 декабр 2024, Тошкент вақти: 18:48

Bobomurod Abdullayevning rafiqasi turmush o‘rtog‘ining Toshkentga topshirilgan bo‘lishi mumkinligidan xavotirlanmoqda


Bishkek sudi o‘tgan hafta Bobomurod Abdullayevni 2020 yil 8 sentabrigacha hibsda saqlash qarorini chiqargan.
Bishkek sudi o‘tgan hafta Bobomurod Abdullayevni 2020 yil 8 sentabrigacha hibsda saqlash qarorini chiqargan.

Bishkekda hibsga olingan o‘zbekistonlik jurnalist Bobomurod Abdullayevning rafiqasi Qutliqiz Balxiboyeva Ozodlik bilan suhbatda erining Bishkek rasmiylari tomonidan maxfiy ravishda O‘zbekistonga topshirilgan bo‘lishi mumkinligidan tashvishga tushib qolganini aytdi.

Bir haftadan beri turmush o‘rtog‘imning yoniga advokatlari qo‘yilmayapti. Bu menda: “Bobomurod imi-jimida O‘zbekistonga berib yuborilgan bo‘lishi mumkin”, degan xavotirni uyg‘otdi. Uni ikki haftada Bishkekka qaytarish sharti bilan Toshkent maxsus xizmatlariga topshirgan bo‘lishlari mumkin. Xudo ko‘rsatmasin, mabodo bu ko‘ngilsiz shubham to‘g‘ri bo‘lsa, erim u yoqda, o‘tgan safar bo‘lganidek, shafqatsiz qiynoqlarga tutilishi aniq. Agar Bobomurod O‘zbekistonga berib yuborilmagan bo‘lsa, nega erimni advokatlariga uzoqdan bo‘lsa ham, o‘zlari aytganidek, ijtimoiy masofani saqlagan holda ko‘rsatishmayapti?” deya savol tashladi Q. Balxiboyeva.

O‘zbekistonlik jurnalistning turmush o‘rtog‘i 17 avgustdan e’tiboran butun Markaziy Osiyo mamlakatlarida havo haroratining pasaygani ham tashvishini yanada orttirganini qayd etdi.

Bobomurod 2017 yili Toshkentda hibsga olingan paytda qiynoqqa tutilganidan keyin bir dasta kasallik orttirib olgan. Bishkekda qo‘lga olinishidan avval ham bel og‘rig‘idan (grija), yurak og‘rig‘idan va uyqusizlikdan shikoyat qilayotgandi. Uch yil avval orttirgan bu dardlari havo soviganidan keyin yanayam kuchayadi. Tergov hibsxonasida esa sharoit qanaqaligini hech kim bilmaydi. Advokatlarga Bobomurod bilan uchrashib, hech bo‘lmaganda issiq kiyim berib qo‘yishlariga ruxsat etilishi kerak, agar u Toshkentga topshirilmagan bo‘lsa, agar Qirg‘iziston chindan ham inson huquqlariga ozgina rioya qiladigan mamlakat bo‘lsa”, degan Q. Balxiboyeva turmush o‘rtog‘i Germaniyaga o‘qishga ketgunigacha ham (2019 yil, noyabr) Toshkentda doimiy ta’qib ostida yashaganini qo‘shimcha qildi.

Suhbatdoshga ko‘ra, modomiki Bobomurodning yoniga hech kim qo‘yilmayotgan ekan, aybdor yoki aybsizligi aniqlanguniga qadar, uni o‘zi yashayotgan xonadonda “uy qamog‘i”da tutib turish ham mumkin edi.

Qirg‘izistonni “Markaziy Osiyodagi eng demokratik o‘lka” deyishardi. Ammo huquq faoli Azimjon Asqarovning o‘limidan keyin bu gaplarga ishonishni ham, ishonmaslikni ham bilmay o‘tiribman”, dedi jurnalistning rafiqasi.

Uning talabiga ko‘ra, turmush o‘rtog‘ining oldiga zudlik bilan advokatlaridan hech bo‘lmaganda bir nafari hamda shifokor kiritilishi lozim.

Bobomurod Abdullayevning oldiga advokatlari qo‘yilmayotgani haqida Ozodlik bundan bir hafta muqaddam xabar qilgan.

Bu orada jurnalistning advokatlari MXDQ tergov hibsxonasida saqlanayotgani aytilayotgan o‘z mijozi bilan haligacha uchrashtirilmaganlarini tasdiqladilar.

Bizga aytishlaricha, uning yoniga ovqat olib kirayotgan feldsherlargina qo‘yilayotgan ekan”, dedi advokat Natalya Kotik 18 avgust kuni “Ozodlik” radiosiga.

O‘zbekistonlik jurnalist Bobomurod Abdullayev 9 avgust oqshomida Bishkekdagi kafelardan birida Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi xodimlari tomonidan qo‘lga olingandi. MXDQ jurnalistning O‘zbekiston so‘roviga ko‘ra ushlanganini bildirgan.

10 avgust kuni Bishkekning Birinchi may sudi B. Abdullayevni 8 sentabrgacha hibsda saqlash bo‘yicha qaror chiqargan. Sud qaroriga ko‘ra, jurnalist bu muddat ichida MXDQning tergov hibsxonasida ushlab turiladigan bo‘lgan.

Sakkiz kun avvalgi sud oldidan Bobomurod Abdullayev qirg‘izistonlik jurnalistlarga o‘zbek rasmiylari tomonidan “Qora mergan” taxallusi bilan yozayotgan shaxs sifatida gumonlanayotganini aytgan, biroq o‘zining bu taxallus ostida maqolalar yozganini qat’iyan rad etgan.

Ayni paytda, qayd etish joizki, B. Abdullayev qo‘lga olinganidan beri “Qora mergan”ning Telegram tarmog‘idagi akkauntida oltita maqola yoyinlandi. Mazkur maqolalarning so‘nggisi 17 avgust kuni chop qilingan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, jurnalist Bobomurod Abdullayev Qirg‘izistonga shu yil fevralida Markaziy Osiyodagi Amerika universiteti taklifi bilan 4 oylik o‘qishga kelgan, bunga qadar esa u Germaniyada tahsil olgan. Ammo koronavirus pandemiyasi tufayli chegaralar yopilib qolgani uchun u o‘qishini davom ettirish uchun Bishkekdan Yevropaga uchib ketolmay qolgan.

Aytilishicha, B.Abdullayev O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 158-moddasi (“O‘zbekiston Respublikasi prezidentiga tajovuz qilish”) va 159-moddasida (“O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish”) ko‘zda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda gumonlanmoqda.

Bobomurod Abdullayevning qo‘lga olinishi ortidan “Chegarasiz muxbirlar” (RSF), Amnesty International, Association for Human Rights in Central Asia (AHRCA), Civil Rights Defenders, International Partnership for Human Rights (IPHR), Freedom House, Freedom Now, Norwegian Helsinki Committee (NHC), Human Rights Watch (HRW) hamda Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi (Committee to Protect Journalists) kabi nufuzli tashkilotlar rasmiy Bishkekni o‘zbekistonlik jurnalistni zudlik bilan ozod qilishga chaqirganlar.

Bu kabi chaqiriqqa AQSh Davlat departamenti hamda AQShning O‘zbekistondagi elchisi Daniel Rozenblyum ham qo‘shilgan.

XS
SM
MD
LG