Isroilda Eron foydasiga josuslik qilganlikda gumonlanayotgan 30 ga yaqin yahudiyning hibsga olinishi isroilliklarni tashvishga solib qo‘ydi, deya xabar qildi Reuters agentligi Tel-Avivdan.
Ko‘plab OAVning yozishicha, bu yerda gap Eronning o‘z dushmani safiga agentlarini kiritish bo‘yicha so‘nggi o‘n yilliklar ichidagi eng yirik urinishi haqida bormoqda.
Fosh etilgan o‘nta josuslik yacheykasidan biri harbiy bazalar va havoga qarshi mudofaa tizimlari haqida ma’lumot to‘plagan. Bu ma’lumotni Shin-Bet xavfsizlik xizmati keltirgan.
O‘tgan haftada Isroil politsiyasi Eron maxsus xizmatlari uchun ishlagan ikki josus Isroil kuchlarining G‘o‘lon tepaliklaridagi harakatiga oid tafsilotlarni yetkazib turgani haqida bildirgan edi.
Ketma-ket hibsga olishlar eronlik razvedkachilarning ikki yil mobaynida razvedka ma’lumotlarini yig‘ish va hujumlar sodir etish uchun isroilliklarni pul evaziga yollash bo‘yicha bir necha urinishi ortidan sodir bo‘lgan. Bu haqda to‘rt nafar amaldagi va sobiq harbiy hamda Isroil xavfsizlik xizmati xodimi ma’lum qilgan. Manbalar o‘z ismlari oshkor qilinmasligini iltimos qilishgan.
Shin-Betning sobiq yuqori lavozimli xodimi ongli ravishda Eron uchun ishlash rozi bo‘lgan yahudiy fuqarolari soni ko‘pligini “hayratlanarli” deb atagan.
Shin-Bet va politsiya ham, Eron Tashqi ishlar vazirligi ham Reuters agentligining savollariga javob berishmagan.
Eronning BMTdagi missiyasi isroilliklarni yollashga harakat qilinganini tasdiqlamagan, ammo inkor ham qilmagan. Missiya “mantiq nuqtayi nazaridan” Eron razvedka xizmatlarining bunga oid har qanaqa harakati fosh bo‘lish xavfini kamaytirish uchun Eron fuqarosi bo‘lmagan shaxslarga qaratilishini bildirgan.