O‘zbekistonda ziyolilar o‘zbek tilining mavqe’idan xavotir bildirayotgan bir paytda Toshkentning Rus tili bo‘yicha xalqaro tashkilotga qo‘shilishiga qanchalik zarurat bor edi?
Rus tili bo‘yicha tashkilot nima va u boshqa mamlakatlarning mustaqilligiga, xalqaro maydondagi mavqeiga qanday ta’sir ko‘rsatadi?
Ayni damda, Anqara turkiy davlatlarni yagona alifboga o‘tishga undamoqda. Rus tili tashkiloti va turkiy alifbo masalasida ziddiyat tug‘ilishi mumkinmi? Markaziy Osiyo Kremlning ta’sirida qoladimi yoki turkiy birlikka intiladimi?
Markaziy Osiyo va rus tilining ta’siri
Mintaqadagi prezidentlarning rus tilida so‘zlashishi ajablanarli emas — u Sovet Ittifoqidan qolgan meros. Qolaversa, rus tili Kremlning mintaqadagi ta’sirini mustahkamlash vositasiga ham aylangan.
Lekin bu Moskva uchun yetarli emas. 2022-yilda Rus tili bo‘yicha halqaro tashkilotni ta’sis etish olg‘a surilgan. Ushbu shartnomaga O‘zbekiston ham qo‘shildi. Tegishli qonunni prezident Shavkat Mirziyoyev imzoladi.
O‘zbekistonning Rus tili bo‘yicha xalqaro tashkilotga qo‘shilishi ayrimlar uchun muloqot va o‘zaro hamkorlik uchun bir qadam bo‘lsa, boshqalar uchun esa suverenitet masalasida jiddiy savollarni o‘rtaga chiqaradi.
“Mustaqillik bitta bizda emas, dunyoning barcha mustamlakachi davlatlarida tildan boshlangan. Jumladan, O‘zbekistonda ham. Tilimiz yuridik jihatdan mustaqil bo‘ldi. Amaliy jihatdan hali mustaqillikka erisha olmagan til uchun – O‘zbekistondagi o‘zbek tilining mavqei uchun bu (Rus tili bo‘yicha halqaro tashkilot) juda katta salbiy ta’sir qiladi. Chunki biz hali rus tilining ta’sir doirasidan chiqib keta olganimiz yo‘q”, - deydi tilshunos olim Baxtiyor Isabek.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Rus tili bo‘yicha xalqaro tashkilotni tuzish taklifini 2022-yilning oktyabrida Ostonada o‘tkazilgan Mustaqil davlatlar hamdo‘stligiga (MDH) a’zo mamlakat rahbarlari sammitida Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev bildirgan.
Roppa-rosa bir yildan keyin, 2023-yilning 13-oktyabrida Bishkekdagi sammitda tashkilotni tuzish haqida shartnoma imzolangan.
Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi homiyligidagi tashkilot rus tilida sifatli ta’limni qo‘llab-quvvatlash, “Rus tili va adabiyoti” hamda “Rus tili chet tili sifatida” yo‘nalishlari bo‘yicha pedagoglarni, ilmiy kadrlarni tayyorlashga ko‘maklashishi aytilgan.
“Qandaydir til bo‘lmasin, uni rivojlantirish uchun raqobatbardoshligini oshirish kerak. Hech qanaqa qonun bilan, davlatalararo shartnomalar bilan uning nufuzini, o‘rnini, mavqeini saqlab qolish juda qiyin. Agar til raqobatbardosh bo‘lmasa, ana shu tilni bilgan odam o‘ziga ma’naviy, iqtisodiy imtiyozlar ola olmasa, odamlar bu tilni o‘rganishga qiziqmaydi. Davlat rahbarlari ko‘proq shu haqida qayg‘ursa, to‘g‘riroq bo‘lardi”, - deydi qirg‘izistonlik tahlilchi Abdumo‘min Mamaraimov.
Rus tili bo‘yicha xalqaro tashkilotni ta’sis etish to‘g‘risidagi shartnomani avvalroq Rossiya, Belarus, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston va Ozarbayjon ham ratifikatsiya qilgan.
Ushbu bitimni ratifikatsiya qilishga doir qonun hujjati O‘zbekistonda favqulodda tezkorlik bilan qabul qilindi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hujjatni 2024-yilning 18-oktyabrida qabul qilgan bo‘lsa, Senat 24-oktyabr kuni ma’qullagan. Prezident 31-oktyabr kuni unga imzo chekdi.
Sal avvalroq, 8-oktyabr kuni Moskvada bo‘lib o‘tgan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligidagi prezidentlar uchrashuvida Rossiya prezidenti Vladimir Putin Xalqaro rus tili tashkilotiga doir shartnomani tezroq ratifikatsiya qilinishini kutayotganini aytgandi.
Tahlilchilarga ko‘ra, rus tilini jahon miqyosida keng targ‘ib-tashviq etish Putin olib borayotgan siyosatning tarkibiy qismiga aylangan. Yangi tashkilot ham Kremlning imperiyachilik siyosatiga xizmat qilishi borasida xavotirlar mavjud.
“Bu tashabbusning Markaziy Osiyo davlatlari bilan Rossiya o‘rtasidagi munosabatlarga ta’siri xaqida aytadigan bo‘lsak, bu albatta yangi savollarni o‘rtaga chiqarishi aniq. Rossiya “o‘ziniki” deb hisoblab kelgan mintaqani birovga berib qo‘yishni istamaydi, ta’siri kamayib ketishiga qarshi chiqadi. Bugungi kunda Rossiya o‘zi uchun yangi dunyoni qurishda, imkon qadar ko‘proq hamkorlarni qidirayotgan paytda, avvalgi hamkorlari bilan aloqalarni nafaqat saqlab qolish, balki kuchaytirishda, ana shu davlatlarga qandaydir yon berishga ham majbur ekanini bilib turibdi-da”, - deydi Mamaraimov.
Rossiyaning Rus tili bo‘yicha halqaro tashkilotdagi roli va uning ta’sirini baholashda ekspertlar bir necha muhim jihatlar borligini ta’kidlashadi va buni uchga bo‘lib qarasa bo‘ladi.
- Geosiyosiy ta’sir va til vositasida nazorat.
Rus tilini global miqyosda keng targ‘ib qilish orqali Rossiya geosiyosiy ta’sir doirasini kengaytirish va sobiq sovet davlatlari ichida boshqaruvni kuchaytirish maqsadini ko‘zlashi mumkin. Bu holatda til faqat muloqot vositasi emas, balki Rossiyaning siyosatini mustahkamlash quroli sifatida qaraladi.
- Ideologiyaning joriy qilinishi.
Ushbu tashkilot orqali Rossiya o‘zining madaniy va siyosiy qadriyatlarini boshqa davlatlar ta’lim tizimi va madaniyatiga singdirishga harakat qilishi mumkin. Ekspertlar buni mustaqil davlatlar uchun o‘zlikni saqlab qolishda ma’lum bir xavf, deya baholashadi.
- Iqtisodiy qaramlik va imtiyozlar orqali bosim.
Rus tilini targ‘ib qilishga qaratilgan tashkilot orqali Rossiya boshqa davlatlarning siyosatini o‘z manfaatiga muvofiq yo‘naltirishi mumkin, degan taxminlar bor. Bundan tashqari, Rossiyadan keluvchi sarmoyalar va yordam shartlari orqali rus tili va madaniyatiga ko‘proq o‘rin berilishini talab qilishi ehtimoli mavjud.
Tilshunos Baxtiyor Isabek ayni damda Rossiyaning Ukrainadagi bosqini ortida ham til siyosati turganini yodga oldi:
“Urush nimadan boshlanganini e’tiborga oling.“Rus tillilar siquvga olindi” degandan boshlandi. Ukrain tili Ukrainada yagona davlat tili bo‘lishini bular ko‘tara olmadi. Chunki, rus tili bo‘lishi kerak edi, loaqal yonida. Ukrainlar bunga ko‘nmadi. Uning orqasidan boshqa masalalar kelib chiqa boshladi. Shuning uchun til masalasiga siyosiy nuqtayi nazardan ham katta e’tibor kerak bo‘ladi. Geografik jihatdan olib qaraganda, rus tilining qo‘llanish doirasi Rossiyaning o‘zidan boshqa deyarli hamma joyda qisqarib boryapti. Shunday sharoitda albatta ular til frontini ham ochgan”.
Bishkeklik tahlilchi Ruslan Aqmatbek masalaning boshqa tomoniga e’tibor qaratadi:
“Markaziy Osiyo davlatlarining barchasi “bo‘ldi, rus tilidan voz kechamiz, ingliz tiliga o‘tamiz” deya olmasligini tushunib turibdi. Sababi, Rossiyaning ta’siri haliyam kuchli. U davlat qanaqa absurd ishlarga borishini ham ko‘rishdi. Shuning uchun Rus tili bo‘yicha halqaro tashkilot ta’sis etishni men diplomatik qadam, deb bilaman. Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligidagi mamlakatlar “Biz rus tilini qo‘llab- quvvatlaymiz” degani bilan, ushbu tashabbusni ruslarga berishni istashmagandek. Uni Qozog‘iston taklif etgani ham bejiz emas. Bunda rus tili faqat Rossiyaga tegishli emasligini ko‘rsatish kabi bir ma’no ham bor. Ya’ni, tilga oid talablar faqat bitta davlat tomonidan ilgari surilavermasdan, boshqa mamlakatlarning manfaatlari ham hisobga olina boshlaydi”.
Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligida rus tilining nufuzini ko‘tarishga harakati Rossiyada migrantlarga talablar kuchaytirilgan, jumladan, ularning rus tilini bilishi va madaniyatini hurmat qilishi shart qilib qo‘yilgan pallaga to‘g‘ri kelmoqda.
Rossiya Davlat Dumasi raisi Vyacheslav Volodin 13-noyabrdagi yig‘inda buni quyidagicha tushuntirgandi:
“Mamlakatimizga kelayotgan migrantlar, birinchidan, qonunlarimizga rioya qilishi, madaniyatimizni va rus tilini bilishi muhim. Bu sizlar bilan hal qiladigan vazifamizdir. Biz migrantlarning farzandlarini maktabga qabul qilish borasida hukumatning yondashuvlarini muvofiqlashtirishga harakat qilamiz. Biz ularni maktabga tayyorlashimiz kerak: rus tilini bilish uchun test va imtihonlarni topshirgandan so‘ng, ularga o‘qishga ruxsat berilishi mumkin”.
Avvalroq Vladimir Putin rus tilini bilmaydigan migrantlarning bolalari bilan ishlash uchun yo‘riqnoma ishlab chiqishni topshirgan edi.
Shuningdek, u rus tili va Rossiyadagi boshqa millatlar tillarini qo‘llab-quvvatlash uchun davlat siyosati doirasida migrantlar uchun rus tilini bilish talablarini aniq belgilash kerakligini aytgan.
“Agar Rossiya chinakamiga rus tilining nufuzini, o‘zining ta’sirini saqlab qolishni istasa, Rossiyada yurgan millionlab markaziy osiyolik muhojirlarga odamcha sharoit yaratib berishi kerak. Hozir buning aksi bo‘lyapti. Qabul qilingan qaror, tuzilgan tashkilot bir tiyinga qimmat. Agar mehnat muhojirlari kamsitilib, quvg‘in qilinib, behurmat qilinaversa, hech qanday shartnoma, tashkilot tuzish bilan tilning nufuzini saqlab qolib bo‘lmaydi. Odamlar ingliz tilini, nemis tilini o‘rganishni boshlaydi, chunki hozir Yevropa mehnat muhojirlariga quchog‘ini ochyapti”, - deya fikrini bildirdi tahlilchi Mamaraimov.
Anqara bilan Moskva mintaqa talashadimi?
Rus tili bo‘yicha halqaro tashkilotni qonunlashtirish amalga oshirilayotgan ayni damda turkiy davlatlar o‘rtasida yagona alifbo tuzish taklifi ham kun tartibiga qo‘yilgan.
O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston kabi davlatlar ushbu ikki tashabbusning markazida. Bunday yondashuvning mintaqadagi ta’siri qanday bo‘ladi?
Shimoliy Kipr Yaqin Sharq universiteti dots.nti Asel Tutumlu shunday deydi:
“Menimcha, Turkiy davlatlar tashkiloti hech qanday tarzda Rossiyaga qarshi emas. Rossiya o‘z manfaatlarini boshqa shakllarda mukammal tarzda kuzatib borishi mumkin. Biz Rossiyaning mintaqa iqtisodiyotiga, xususan, energetika, gaz va uran sohalariga investitsiyalar bo‘yicha juda katta ta’siri borligini bilamiz. Rossiya xalqaro yoki mintaqaviy tashkilotlar orqali ta’sir o‘tkazishi shart emas. Ularsiz ham mintaqada u o‘zini ajoyib his qiladi”.
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on 6-noyabr kuni Bishkekda bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkiloti sammitidagi nutqida yagona turkiy yozuvning ahamiyatini urg‘ulagan.
“34 harfdan iborat umumiy alifbomiz kelajakni birgalikda qurayotganimizdan dalolatdir. Endi ishtirokchi davlatlar ushbu alifbo asosida kerakli ishlarni amalga oshirishlari lozim. Turkiya, Ozarbayjon, Shimoliy Kipr yagona turkiy alifboga o‘tishga tayyor. Qirg‘iziston, Qozog‘iston, O‘zbekiston va Turkmaniston ham yangi alifboga o‘tish yo‘lini tutsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi”.
Yagona alifbo bo‘yicha munozaralar 1990-yillar boshlarida, Sovet Ittifoqi parchalanganidan so‘ng Turkiya Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston va O‘zbekiston kabi turkiy davlatlar bilan yaqinroq aloqalar o‘rnatishga intilgan paytda boshlangan.
Tahlilchi Mamaraimov buni tarixiy zarurat, deb hisoblaydi.
“Shu tashabbus ko‘tarilib, Erdo‘g‘onning nutqidan keyin rossiyalik blogerlar, odamlar orasida “Turkiya Markaziy Osiyoda ta’sirini oshirmoqchi, Rossiyaning manfaatlari nima bo‘ladi, Rossiya mintaqani boy beradimi, deganga o‘xshash narsalar aytilyapti. Hohlasak, hohlamasak, bu tarixiy jarayon. Bo‘lishi kerak. Bo‘ladi ham. Lekin bu yerda ham Turkiya tomoni, ham Rossiya tomoni o‘zaro manfaatli yo‘llarni topib, munosabat qiladi, degan umiddaman”.
34 harfli yagona yozuvning yakuniy variantini tayyorlagan olimlar bu alifbo turkiy tillarning o‘ziga xos xususiyatlarini aks ettirishini ta’kidlashadi.
“Alifbo – Turkiy davlatlar tashkiloti ichida mavjud bo‘lgan ziddiyatlarning juda yaxshi tasviridir. Tashkilotda, men ko‘rganimdek, manfaatlar har doim ham mos kelmaydigan ikkita katta lager mavjud. Bir tomonda Turkiya va Ozarbayjon, ular asosan umumiy pozitsiyaga ega. Qozog‘iston va Qirg‘izistonning pozitsiyasi biroz boshqacha, O‘zbekiston esa o‘rtada. Erdo‘g‘on uchun ma’lum bir yagona axborot maydonini yaratadigan umumiy alifboga ega bo‘lish juda muhim”, - deydi Shimoliy Kipr Yaqin Sharq universiteti dots.nti Asel Tutumlu.
Turkiy davlatlar tashkiloti tarkibiga Qirg‘iziston, Qozog‘iston, O‘zbekiston, Turkiya va Ozarbayjon kiradi. Turkmaniston, Vengriya va tan olinmagan Shimoliy Kipr davlati mazkur tashkilotda kuzatuvchi maqomiga ega.
“Halqaro siyosatda, hozircha o‘zimizning kun tartibimiz yo‘q. Afsuski, u darajaga yetmaganmiz. Shunday ekan, Rossiya bo‘ladimi, Turkiya bo‘ladimi, o‘z manfaatlarimizni o‘ylab, mushtarak foyda topish harakatini ko‘raveramiz. Avval dunyo “ko‘p qutbli” edi. Hozir ikki qutbga ajrab qoldi. Shuning uchun biz to‘g‘ri yo‘nalishni tanlab olishimiz zarur. Bizni o‘z ta’sirini o‘tkazuvchi hudud deb bilmagan, mustamlakachi nigoh bilan qaramagan o‘lkalar bilan hamkorlik qilaverishimiz kerak”, - deydi tahlilchi Ruslan Aqmatbek.