AQSHning O‘zbekistondagi elchisi Jonatan Xenik O‘zbekiston hukumatini mamlakatdagi ilk atom elektrostansiyasi qurilishida texnik hamkorlarni tanlashda o‘ta ehtiyotkor bo‘lishga chaqirdi. Diplomat bu masalaga Podrobno.uz nashri muxbiriga bergan intervyusida to‘xtalgan.
“Albatta, hamkorlarni tanlash O‘zbekistonning ixtiyorida. Biz tadqiqot va texnologik ishlanmalarda, shuningdek, texnik hamkorlarni tanlashda o‘ta ehtiyotkor bo‘lishga undagan bo‘lar edik. Xavfsizlik va boshqa masalalarda e’tirof qozongan (texnik hamkorlar) respublikaga eng maqbul texnologiyalar majmuasini taklif etishi maqsadga muvofiqdir”, degan AQSH elchisi.
Amerikalik diplomat rasmiy Toshkent qanday qaror qabul qilishidan qat’i nazar, Qo‘shma Shtatlar salohiyatni oshirish, texnik ekspertiza jabhalarida hamkorlik qilishdan mamnun bo‘lishini qayd etgan.
O‘zbekiston joriy yil iyun oyida “Rosatom” davlat korporatsiyasi bilan kichik quvvatli AES qurilishiga doir hujjatni imzolagan. 330 MVt quvvatga ega stansiya (har biri 55 MVt quvvatga ega oltita reaktor) Jizzax viloyati hududida barpo etiladi.
Dunyo uzra Putinning yadroviy tahdidi muallaq turgan pallada O‘zbekiston Rossiya bilan birgalikda KQAES qurishga kirishayotgani mahalliy faollarning e’tiroziga sabab bo‘lgan. Jamoatchilik bu loyiha Kreml qo‘lida O‘zbekistonga qarshi “shantaj quroli” bo‘lib qolishidan xavotirda.