Линклар

Шошилинч хабар
16 декабр 2024, Тошкент вақти: 08:35

2023 yakuni: O‘zbek blogerining "qizil chiziq" va qora kunlari


Olimjon Haydarov Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan buyon eng uzoq muddat - 8 yilga qamalgan bloger.
Olimjon Haydarov Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan buyon eng uzoq muddat - 8 yilga qamalgan bloger.

28-dekabr kuni Farg‘ona viloyat sudining apellyatsiya sudlov hay’ati bloger Olimjon Haydarovga nisbatan chiqarilgan 8 yillik qamoq jazosini o‘zgarishsiz qoldirdi.

Shu tariqa 2023-yil O‘zbekistonda jurnalist va blogerlarni qamashdan boshlanib, qamash bilan poyoniga yetmoqda.

Bu yil O‘zbekistonda avtoritar rahbar Islom Karimov o‘limidan buyon, jurnalist va blogerlar eng ko‘p va eng uzoq muddatga qamalgani bilan tarixga kirmoqda.

Repressiyalar oddiy o‘zbekistonliklarni ham chetlab o‘tmadi - prezidentni tanqid qilgan tarmoq foydalanuvchisi ikki yarim yilga qamaldi.

Xalqaro matbuot tashkilotlariga ko‘ra, yakuniga yetayotgan yilda so‘z erkinligi doirasi keskin toraygan.

Shu paytgacha prezidentga ishongan va go‘yoki u o‘z himoyasiga olgan tarmoq faollarining ovozi borgan sari bo‘g‘ilmoqda.

Emine-Lemara Mirzaahmedova

2023-yil dekabrida tarmoqlardagi taxallusi “Emine Karamanova” bo‘lgan 47 yashar Lemara Mirzaahmedova 7,5 yilga qamaldi.

13-dekabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudining apellyatsiya hay’ati blogerga nisbatan quyi instansiya sudi hukmini o‘zgarishsiz qoldirdi.

Emine tarmoqlarda hukumat va prezident nomiga ochiq tanqidi, shuningdek qator ziddiyatli chiqishlari bilan tanilgandi.

Emine-Lemara Mirzaahmedova O‘zbekiston turli soha va hokimiyat organlaridagi korrupsiya, hokimlar va kuch tizimlarining qonunbuzarligini tanqid qilib kelgan.

47 yashar bloger shu yilning 3-martida hibsga olindi, O‘zbekiston Respublikasi JKning 139-modda (Tuhmat), 140-modda (Haqorat) va 165-modda (Tovlamachilik), 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish)da ayblandi.

OzodNazar: Комил Алламжонов: Каримов ўлдирган матбуотга Мирзиёев жон киритди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:52:27 0:00

Jinoyat ishi materiallariga ko‘ra, bloger ustidan Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumani sobiq hokimi Ulug‘bek Yalg‘oshev hamda Yangiyo‘l tumani obodonlashtirish bo‘limi rahbari Turg‘unoy Yakubovalar ariza kiritgan.

Da’vogarlarga ko‘ra, bloger ularning sirini oshkor qilaman, deb qo‘rqitib, pul talab qilgan. Ularning bu da’vosiga sudda hokimiyat xodimlari guvohlik bergan.

Advokatlarga ko‘ra, bu ayblovni tasdiqlovchi daliliy ashyo taqdim etilmagan. Sud esa yopiq o‘tdi.

Blogerning oilasi uni ozod etish evaziga huquqni muhofaza qilish organlari katta miqdorida pora talab qilganini da’vo qilmoqda.

O‘zbekistonda inson huquqlari va so‘z erkinligi ahvolini kuzatayotgan faollar Emine-Lemara Mirzaahmedova blogerlik faoliyati uchun qamoqqa tashlangan deb ishonishadi.

Tarmoq foydalanuvchilari blogerga berilgan qamoq jazosini oldinroq Xorazmda yetim qizlarni zo‘rlagan adliya va favqulodda vaziyatlar vazirligi mulozimlariga berilgan jazo muddati bilan qiyoslashmoqda. Ularga ko‘ra, sud blogerga nisbatan adolatsiz hukm chiqargan.

Olimjon Haydarov

2023-yil qishidagi anomal sovuq avjida gaz va elektr muammosini yoritgan farg‘onalik Olimjon Haydarov Mirziyoyev davrida eng uzoq yillik qamoq jazosiga mahkum etilgan blogerga aylandi. Hozircha.

U ham Jinoyat kodeksining ayni - 139- (tuhmat), 140-moddasi (haqorat) va 165-moddalarida (tovlamachilik)da aybdor topildi.

Haydarov 2022-yilning kuzida tarmoqlarni titratgan energetik inqirozning ilk qurbonlari - Farg‘onadagi ishchilar arzini tarmoqqa olib chiqqan edi.

Bloger davlat idoralaridagi korrupsiya, mahalliy hokimiyat idoralarining huquqbuzarligi, energetik krizis va qator jiddiy siyosiy-iqtisodiy muammolarni ko‘targan.

Tarmoqlarni larzaga solgan videoga hukumat kuch ishlatish bilan javob qaytardi. Ishchilar noroziligi bostirildi, uni yoritgan bloger Olimjon Haydarov ma’muriy qamoqqa hukm qilindi.

28-dekabr kuni esa Farg‘ona viloyat sudining apellyatsiya sudlov hay’ati bloger Olimjon Haydarovga nisbatan chiqarilgan 8 yillik qamoq jazosini o‘zgarishsiz qoldirdi.

Avvalroq Ozodlikka bergan intervyusida Olimjon Haydarov O‘zbekistondagi so‘z erkinligining og‘ir ahvoli haqida gapirgandi.

Olimjon Haydarovning sudi Toshkentdan olis, Farg‘onaning Vodilida o‘tkazildi.

Sud jarayoni, uni kuzatganlarga ko‘ra, Mirziyoyev davri adliya tizimi Karimov adolatidan uzoqqa keta olmaganini ko‘rsatgan tomoshaga aylandi.

Advokatlariga ko‘ra, sudda blogerga qo‘yilgan ayblovlar tasdig‘ini topmagan.

Abduqodir Mo‘minov

Yakunlanayotgan yilda yana bir jurnalist - YouTube tarmog‘idagi "Ko‘zgu" ko‘rsatuvi muallifi, jurnalist Abduqodir Mo‘minov 7 yilga qamaldi.

Korrupsiyaga qarshi chiqishlari bilan tanilgan va prezident hamda oilasi mansublarining biznes aloqalari haqida gapirib kelgan Abduqodir Mo‘minov ham odatiy 165-modda (tovlamachilik), 168-modda (firibgarlik)dan tashqari, 141-1-modda (shaxsiy hayot daxlsizligini buzish), 189-modda (savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish) va 28, 211-modda (pora berishda ishtirokchilik)da ayblandi.

Sud hukmi o‘qilib, Abduqodir Toshturmaga yo‘llanarkan, uning tergov jarayonida Toshkent shahar IIBB binosida shafqatsiz qiynoqlarga tutilgani o‘rtaga chiqdi.

Huquq faollari va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari bloger prezident Mirziyoyevning kuyovlari biznesi haqida olib borayotgan surishtiruvi tufayli qo‘lga olinganiga ishonishadi.

KompromatUzb ishi

O‘zbekistondagi jurnalist va blogerlar hamjamiyati uchun 2023-yil davlat idoralaridagi korrupsiya va nepotizimga oid alohida holatlarni fosh qilgan KompromatUzb Telegram kanali bilan bog‘liq jinoyat ishi bilan boshlangan edi.

Toshkentdagi Human.uz sayti idorasiga uyushtirilgan shov-shuvli reyd va bir necha oy davom etgan tergov ortidan sud sayt asoschisi Xurshid Daliev, “O‘zbekneftgaz” matbuot kotibi Siyovush Hoshimov, fuqaro Ahmadillo Ahmadjonov hamda Bandlik vazirligi sobiq matbuot kotibi Mavjuda Mirzayeva ustidan hukm o‘qidi.

Bu jamoa vakillariga ham yana o‘sha - Jinoyat kodeksining ayni moddlari 139-moddasi (tuhmat) va 165-moddasi (tovlamachilik), shuningdek 243-moddasi (jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish)da nazarda tutilgan jinoyatlarda ayblandi.

Xurshid Daliyev 7 yil, Siyovush Hoshimov 7 yil, Ahmadullo Ahmadjonov 3 yilga qamaldi, Mavjuda Mirzayeva esa 5 yil muddatga ozodlikni cheklash bilan jazolandi.

Jurnalistlar ustidan sud yarim yopiq shaklda o‘tdi va uning tafsilotlari hanuz jamoatchilikka qorong‘iligicha qolmoqda. O‘zbekiston Oliy sudi sudlanganlarning jurnalistik faoliyat uchun emas, balki jinoiy qilmishi uchun jazoga tortilgani urg‘ulangan bayonotlar tarqatdi.

Bundan tashqari, o‘tib borayotgan yilda andijonlik shifokor va faol Otabek Ahliddinov, toshkentlik diniy bloger Jamshid (Mahdiy) Mirzayev va yana bir qator tarmoq faollariga hukm o‘qildi.

"Prezidentga haqorat"

2023-yil davomida kuzatilgan - muqaddam misli ko‘rilmagan yana bir hodisa - samarqandlik yosh yigitning prezidentni tanqid qilgani uchun qamalgani bo‘ldi.

26-oktabr kuni Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumani sudi, Instagram tarmog‘ida prezident Shavkat Mirziyoyev haqida tanqidiy post yozgan 19 yoshli Dilshod Iskandarovni yigit ikki yarim yilga qamadi.

Qamalgan bloger, jurnalist va tarmoq foydalanuvchilarini birlashtirib turgan narsa faqat ularga qo‘yilgan ayblar va qamoq muddatlarigina emas.

Ularning aksari mamlakatdagi muammolar uchun hukumatni, shaxsan prezident Shavkat Mirziyoyevni ayblashgan va prezidentning hukumatda yuqori lavozimlarni egallagan oila a’zolarini ham tanqid qilganlar.

Yil oxirida bloger Fozilxo‘ja Orifxo‘jayev muddatidan avval ozodlikka, bloger Otabek Sattoriy esa manzil koloniyasiga chiqarilgani xabar qilindi.

Xalqaro matbuot tashkilotlari Orifxo‘jayev va Sattoriy blogerlik faoliyati uchun qamalganini aytib, O‘zbekiston hukumatini ulardan ayblarni olib tashlash va ozodlikka chiqarishni talab qilib kelayotgandi.

Yakuniga yetgan 2023-yil davomida - bir tarafdan jurnalist va blogerlar ustidan nazorat kuchaygan bo‘lsa, ikkinchi tomondan ijtimoiy tarmoqlardagi faollarni Karimov davridagi kabi qamash, taqib qilish yohud qo‘rqitish amaliyoti kuchaygani kuzatildi.

Tarmoq faollari bu hibsga olish va qamashlardan maqsad boshqalarni qo‘rqitib qo‘yish ekanligi va bunga erishilgani, mamlakatda qo‘rquv yana qaytadan hukmron muhitga aylanganini aytishadi.

O‘zbekiston «Chegara bilmas muxbirlar» tashkilotining matbuot erkinligi bo‘yicha reytingida 2022-yilgidan 4 pog‘onaga pastlab, 137-o‘ringa tushdi.

Mamlakatda matbuot erkinligi ahvoli “qiyin” deb baholangan.

XS
SM
MD
LG