Линклар

Шошилинч хабар
16 декабр 2024, Тошкент вақти: 10:54

Toshkentda Komil Allamjonovga “suiqasd” uyushtirildi – manbalar


Комил Алламжонов.
Комил Алламжонов.

Ozodlikning O‘zbekiston huquq-tartibot idoralaridagi manbalariga ko‘ra, 26-oktyabr kuni Toshkentda O‘zbekiston prezidenti administratsiyasining sobiq mulozimi, prezident Shavkat Mirziyoyevning sobiq matbuot kotibi Komil Allamjonov “qurolli hujum”ga uchragan.

Bir-biridan mustaqil ikki manbaning bildirishicha, mahalliy vaqt bilan tungi soat 1.40 lar atrofida ikki noma’lum shaxs Allamjonovning Toshkent viloyati Qibray tumanidagi uyi yaqinida u o‘tirgan mashinaga bir necha bor o‘q uzgan. Hodisada Allamjonov va haydovchisining zarar ko‘rmagani, hujum uyushtirgan shaxslar voqea joyidan yashirinishga muvaffaq bo‘lgan.

Bosh prokuratura Qibraydagi hodisa yuzasidan Jinoyat kodeksining 25, 97-moddasi (Qasddan odam o‘ldirishga suiqasd qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini xabar qildi:

“26-oktyabr kuni soat 01:40 larda fuqaro S.S.ning
boshqaruvidagi “Range Rover” rusumli avtomashina Qibray tumani, Ifor ko‘chasi bo‘ylab harakatlangan vaqtida 2 nafar noma’lum shaxslar mazkur avtomashinaga o‘qotar qurolidan bir necha marotaba o‘q uzib, noma’lum tomonga yashirinishgan."
.

Rasmiy bayonotda hujumga uchragan mashina ichida Komil Allamjonov bo‘lgan, bo‘lmaganiga aniqlik kiritilmagan.

"Ushbu holatda biror-bir shaxs tan jarohati olmagan", deyiladi bayonotda.

Bosh prokuratura hodisa yuzasidan tezkor-tergov guruhi tuzilgani va hujumchilarni qo‘lga olish, ular shaxsini aniqlash tadbiri boshlanganini bildirgan.

Qibray ko‘chalarida favqulodda holat ekani, ichki ishlar va boshqa xizmatlarning davlat raqamidagi mashinalari ko‘pligi, ayrim ko‘chalar yopib qo‘yilganini Ozodlikka hodisa yuz bergan hududga yaqin yashashini aytgan qibraylik tadbirkor ham tasdiqladi.

Amaliyot tafsilotlari va tergovga yaqin ekanini bildirgan manba hodisa “suiqasd” sifatida malakalanayotganini aytdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hodisa Allamjonov o‘zining shaxsiy avtomashinasida Qibray tumanidagi uyi yaqinidagi poyezd yo‘lidan o‘tayotganida sodir bo‘lgan.

“Qorong‘ida yo‘l chetida mashinani kutib turgan mototsikldagi ikki shaxs mashinaga “Makarov” pistoletidan besh marta o‘q uzgan va qochib ketishga muvaffaq bo‘lgan. Allamjonov va haydovchisi zarar ko‘rmagan, lekin mashinada o‘q izlari bor. Hozir kameralar “ko‘tarilib”, hujum qilganlarning shaxsini aniqlash bo‘yicha ish olib borilyapti”, dedi manba.

Prezidentning qizi va yordamchisi Saida Mirziyoyeva xorij safarida ekanini aytgan hukumatdagi manba yuqori rahbariyat va shaxsan prezident Mirziyoyevning o‘zi hodisadan xabardor ekaniga shubha qilmasligini bildirdi.

Uning aytishicha, Allamjonov, garchi prezident administratsiyasidan ketgan bo‘lsa ham prezident Mirziyoyev komandasidagi va unga yaqin odam sanaladi.

“Bu saylov oldidan prezidentga qarshi sabotaj ham bo‘lishi mumkin. Juda jiddiy, O‘zbekistonning yaqin tarixida ko‘rilmagan voqea”, dedi manba.

Алламжонов пайдо бўлди ва "дезинформация"дан огоҳлантирди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:10:08 0:00

Ayni paytda tarmoqlarda “suiqasd” hodisasiga shubha bildirilgan postlar ham ko‘paydi.

40 yashar Komil Allamjonov shu yilning 30-sentyabrida Prezident administratsiyasi rahbarining o‘rinbosari va Axborot siyosati departamenti rahbari lavozimidan iste’fo bergan edi.

Uning o‘zi faoliyatini biznesda davom ettirishini aytgan, ammo iste’fosi tafsilotlari hamda keyingi rejalarini ochiqlamagan.

Bunga qadar ikki marta prezident administratsiyadan ketgan va yana qaytib kelgan Allamjonovning iste’fosi turli farazlarga sabab bo‘lgan.

Ozodlik manbalari iste’fo prezident Mirziyoyev administratsiyasidagi “ichki kurashlar” bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini taxmin qilishgan.

Shu yil yozida Allamjonovning bir muddat jamoatchilik ko‘zidan g‘oyib bo‘lishi ortidan uning lavozimdan bo‘shatilgani va hatto “xorijga qochib ketgani” haqida tasdiqlanmagan xabarlar paydo bo‘lgan edi.

Keyinroq Allamjonov yana administratsiyada paydo bo‘ldi va bu xabarlarni bilvosita rad etdi.

Oxirgi iste’fosidan buyon o‘tgan vaqt mobaynida Allamjonov jamoatchilikka ko‘rinish bergani yo‘q, matbuotda ham paydo bo‘lmadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning birinchi matbuot kotibi va keyinroq AOKA hamda Mass-media fondi rahbari bo‘lgan Allamjonov O‘zbekiston siyosati, ayniqsa, matbuotda katta ta’sirga ega shaxs sifatida ko‘riladi.

U manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq qator mahalliy va xalqaro jurnalistik surishtiruvlar markazida bo‘lgan.

Алламжоновнинг қайтиши: Матбуот эмас, 'мафкура котиби'
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:11:03 0:00

Allamjonovning o‘zi o‘tgan yili Ozodlikka bergan interv’yusida hukumatdagi mavqe’idan o‘zining biznes manfaatlarini ilgari surishda foydalanganini rad etgan.

Allamjonov va yaqin-yaqinngacha u bilan tandemda ishlab kelgan prezidentning to‘ng‘ich qizi Saida Mirziyoyeva o‘zlarini matbuot erkinligi va ochiqlik tarafdori sifatida taqdim qilib kelishgan, ammo so‘z va matbuot erkinligining ahvoli yomonlashgan oxirgi ikki yilda ularning bu boradagi chiqishlari kamaygani kuzatilgandi.

XS
SM
MD
LG