Линклар

Шошилинч хабар
16 декабр 2024, Тошкент вақти: 11:39

Tarmoqlarga cheklov: O‘zbekiston Xitoy va Rossiyadan o‘rnak olmoqda - The Washington Post


Ijtimoiy tarmoqlar.
Ijtimoiy tarmoqlar.

3 - noyabr oqshomida O‘zbekistonda Telegram, Facebook, YouTube va «Odnoklassniki» tarmoqlari ishlamay qoldi. Bir vaqtning o‘zida O‘zbekiston Informatizatsiya va telekommunikatsiya nazorati bo‘yicha Davlat inspeksiyasi – «O‘zkomnazorat» saytida nomi tilga olingan ijtimoiy tarmoqlar, shuningdek, Telegram messenjeri shaxsga doir ma’lumotlar subyektlari huquqlarini buzuvchilar reestriga kiritilgani haqida rasmiy ma’lumot paydo bo‘ldi.

Bularning hammasi Skype, Twitter, TikTok, «VKontakte» va WeChat tarmoqlariga shu yil iyulida joriy qilingan cheklov amal qilib turgan pallada yuz berdi.

Total cheklov joriy qilingani haqidagi xabarlar tarqalganidan ko‘p o‘tmay, prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov davlat rahbari cheklov o‘rnatilganidan xabar topgani va tarmoqlar faoliyatini tiklashga buyruq berganini ma’lum qildi.

Asadovga ko‘ra, prezident Shavkat Mirziyoyev «O‘zkomnazorat» qarorini «bir tomonlama va o‘ylanmay qilingan harakat» deb baholagan.

Ko‘p o‘tmay, mahalliy nashrlar bosh vazir Aripov «O‘zkomnazorat» rahbari G‘olibsher Ziyayevni ishdan bo‘shatgani haqida xabar tarqatdi.

Buning ortidan prezident matbuot kotibi Ziyayev «Prezident topshirig‘iga asosan» bo‘shatilganini aytib chiqdi. Sherzod Asadov tarmoqlarning cheklanishi yuzasidan tergov o‘tkazilishini ham ma’lum qildi.

The Washington Post gazetasi bu hodisa Markaziy Osiyo davlatlari Internet erkinligini naqadar cheklashi mumkinligini sinab ko‘rish uchun o‘tkazayotgan tajribalarning biri o‘laroq baholadi. Gazetada 7 - noyabr kuni chop etilgan maqolada Markaziy Osiyo mamlakatlari Internet texnologiyalari bilan kurashda G‘arb ta’siridan tobora ko‘proq bosh tortib, buning o‘rniga mintaqaga katta sarmoya kiritayotgan Xitoyga nazar tashlayotgani e’tirof etildi. Shuningdek, maqolada Markaziy Osiyo an’anaviy ittifoqchi Rossiya Internetni boshqarish bo‘yicha ko‘rsatayotgan misoliga amal qilayotgani aytiladi.

Markaziy Osiyo davlatlari ham Moskva kabi jamoatchilik noroziligidan qo‘rqib, ehtiyotkorlik bilan chora ko‘rishga majbur bo‘lmoqda. Rossiya muntazam ravishda mamlakatda taqiqlangan kontentni olib tashlashdan bosh tortgani uchun texnologiya shirkatlarini jarimaga tortib keladi. Ammo Kreml shu paytgacha YouTube kabi mashhur tarmoqlarni butunlay bloklashga botina olmay keladi.

Rossiyada Telegram messenjerini chetlatish urinishi Kreml uchun sharmandalik bilan yakunlandi. Xizmat ishlashda davom etdi. Qolaversa, ayrim taniqli hukumat amaldorlari ham undan foydalanishda davom etdi. Mart oyida Roskomnadzor Twitter ishlashini sekinlata boshladi, ammo xizmat Rossiyada mashhur emasligi sababli bu choraning ta’siri uncha katta bo‘lmadi.

O‘tgan oy AQShdagi Freedom House tashkiloti O‘zbekiston va Qozog‘istonni internet erkin bo‘lmagan davlatlar qatorida qoldirgandi. Markaziy Osiyoning yana ikki davlati – Tojikiston va Turkmaniston Freedom House reytingiga umuman kiritilmagan. Markaziy Osiyodagi sobiq sovet respublikalari orasida faqat Qirg‘iziston Internet «qisman erkin» mamlakat hisoblanadi.

«O‘yin qoidalarini asosan Moskva belgilaydi», dedi siyosiy tahlilchi va Markaziy Osiyo bo‘yicha ekspert Arkadiy Dubnov Washington Post nashriga bergan intervyusida.

«Maqsadlar ham umumiy: mavjud hokimiyat vertikali silkitilishiga yo‘l qo‘ymaslik. Rossiya rahbariyati fikricha, bunga asosan yoshlar orasida juda mashhur ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlar orqali erishish mumkin», deya qo‘shimcha qildi u.

Sentabr oyida Rossiya parlamentining quyi palatasiga saylovlar arafasida muxolifatchi Aleksey Navalniyning «Umnoye golosovaniye» ilovasi Apple va Google Internet-do‘konlaridan g‘oyib bo‘ldi. Telegram messenjeri ham saylov oldidan Navalniy bilan bog‘liq ba’zi ma’lumotlarni o‘chirib tashladi.

Apple va Google shirkatlarining Rossiya hududida mahalliy xodimlari bor. Rossiya rasmiylari agar shirkatlar Navalniy ilovasini o‘chirmasa, ularning Rossiyadagi xodimlari javobgarlikka tortilishini aytib, tahdid qilishdi.

Sentabr oyida Qozog‘iston parlamentidagi hukmron partiya xorijiy texnologiya kompaniyalaridan mahalliy ofislar ochishni talab qiladigan qonun loyihasini ilgari surdi. Natijada mahalliy faollar mamlakat Kremldan nusxa ko‘chirishga urinayotganidan xavotirga tushdilar.

Qonun loyihasi bolalarni himoya qilish va kiberzo‘ravonlikni cheklash quroli o‘laroq tasvirlanayotgan bo‘lsa-da, faollar uni so‘z erkinligini cheklash va hukumat tanqidini yo‘q qilishga qaratilgan harakat sifatida baholadilar.

«Afsuski, biz ikki katta akaning o‘rtasidamiz», dedi Qozog‘istonning Olmaota shahridagi Raqamli huquqlar markazi direktori Ruslan Dairbekov Washington Post bilan suhbatda.

«Birodarimiz Xitoy raqamli kuzatuv vositalari kabi texnologiyalarni eksport qiladi. Ikkinchi birodarimiz Rossiya esa mintaqamizda katta, ulkan kuch bo‘lib, huquqiy yondashuvlarni eksport qiladi».

Bu orada Qozog‘istonda taklif qilinayotgan qonun mamlakatning «xalqaro obro‘siga putur yetkazishi va mamlakat ijtimoiy-siyosiy rivojlanishiga putur yetkazishi» ta’kidlangan shikoyatni 10 mingdan ortiq odam imzoladi.

Тармоқлар можароси: Техник хатоликми ёхуд президентдан яна бир арзон томоша?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:24:46 0:00

O‘tgan hafta Qozog‘iston hukumati Facebook bilan «zararli kontent bo‘yicha yaqindan hamkorlik qilish» haqida «qo‘shma bayonot»ni e’lon qildi. Qozog‘iston bayonotida aytilishicha, nomini Meta deb o‘zgartirgan Facebook Qozog‘iston hukumatiga «Facebookning “Kontent haqida hisobot berish tizimi”ga to‘g‘ridan-to‘g‘ri va eksklyuziv kirish huquqini bergan, bu esa hukumatga Facebookning global kontent siyosati va Qozog‘istonning mahalliy qonunlarini buzishi mumkin bo‘lgan kontent haqida xabar berishga yordam beradi».

Ammo aftidan, bayonot Facebook shirkatidan mustaqil ravishda e’lon qilingan. Meta matbuot kotibi Ben MakKonagi elektron pochta orqali Washington Post gazetasiga yozgan javobida shirkat «dunyo hukumatlari mahalliy qonunlarni buzayotgani haqida bizga xabar berishlari uchun maxsus onlayn kanali borligini» aytgan.

«Biz Facebook siyosati, mahalliy qonunlar va xalqaro inson huquqlari standartlariga muvofiq har qanday hukumatdan mustaqil ravishda individual so‘rovlarni baholash uchun izchil global jarayonga amal qilamiz», deya qo‘shimcha qilgan u.

«Bu jarayon dunyoning boshqa mamlakatlarida bo‘lgani kabi Qozog‘istonda ham xuddi shunday».

Dairbekovning aytishicha, jamoatchilikning qonun loyihasiga salbiy munosabati, shuningdek, hukumatning Facebook bilan kelishuvini olqishlagani qonun loyihasi kuni bitganini anglatishi mumkin.

O‘zbekistonda esa 16 - apreldan boshlab «Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida»gi qonunga yangi qo‘shilgan 27-1 modda kuchga kirgan. Bu moddaga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarolarining shaxsiga doir ma’lumotlar jisman O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan serverlarda saqlanishi talab qilinadi. Washington Post bu modda Rossiya qonunlaridan ko‘chirilganini urg‘uladi.

O‘zbekiston qonunchiligiga binoan, operator, axborot texnologiyalaridan foydalangan holda, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining shaxsiy ma’lumotlarini qayta ishlash paytida, ularni yig‘ish, tizimlashtirish va O‘zbekiston Respublikasi hududida jismoniy joylashgan texnik vositalar bazalarida saqlashni ta’minlashi shart.

O‘zbekistonda avvalroq Skype, Twitter, TikTok va Rossiyaning «VKontakte» ijtimoiy tarmoqlariga kirish cheklagandi. Ammo bu cheklovlar Telegram xizmatidagi uzilishdan keyin kuzatilgan darajada norozilik keltirib chiqarmadi. OAV huquqshunosi Madina Tursunovaning so‘zlariga ko‘ra, qariyb 34 million aholisi bo‘lgan O‘zbekistonda 18 million odam Telegram messenjeridan foydalanadi.

2016 - yilda avtoritar prezident Islom Karimov vafotidan so‘ng O‘zbekiston jamiyatida ochiqlik davri boshlangandek tuyulsa-da, Tursunova Washington Post gazetasiga bergan intervyusida «O‘zbekistonda so‘z va matbuot erkinligi bilan bog‘liq vaziyat og‘ir o‘laroq baholanayotganini» aytgan.

«Hokimiyatning bu xatti-harakatlari hukumat va prezidentning Internet va ijtimoiy tarmoqlar bloklanmasligi haqidagi bayonotlari chin ekaniga shubha uyg‘otmoqda», deya qo‘shimcha qilgan u.

XS
SM
MD
LG