Линклар

Шошилинч хабар
16 декабр 2024, Тошкент вақти: 11:56

"Shovvozsoyda saroy qurgan shovvozlarim" - ijtimoiy tarmoqlar Ozodlik surishtiruvi haqida


Ozodlikning tarmoqlarda bir hafta ichida 1 milliondan ortiq ko‘rilgan videosurishtiruvi haqida mahalliy nashrlar va faol blogerlar yozmadi - kollaj
Ozodlikning tarmoqlarda bir hafta ichida 1 milliondan ortiq ko‘rilgan videosurishtiruvi haqida mahalliy nashrlar va faol blogerlar yozmadi - kollaj

Ozodlikning Shovvozsoydagi prezident Mirziyoyev uchun qurilgan maxfiy qarorgoh va suv omboriga bag‘ishlangan videosurishtiruvi hamda unga berilgan rasmiy raddiya ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek segmentida asosiy muhokama mavzularidan biriga aylandi.

Surishtiruv Ohangaronning jannatmakon Shovvozsoyidagi, davlat byudjetiga kamida yuzlab million dollarga tushgan yashirin qarorgoh va suv ombori 2017 - yil fevralidan boshlab Shavkat Mirziyoyev uchun qurilganini o‘rtaga chiqardi.

Ozodlik maxfiy qarorgoh joylashgan hududning O‘zbekistondagi uchish taqiqlangan olti zonadan biri ekanini ham aniqladi.

Va bularning hammasiga doir rasmiy, mustaqil va birinchi qo‘ldan ma’lumotlar, hujjatlar hamda sun’iy yo‘ldosh tasvirlari xronologiyasini namoyish etdi.

Tarmoqlarda bir hafta ichida 1 milliondan ortiq ko‘rilgan videosurishtiruv haqida mahalliy nashrlar va faol blogerlar yozmadi. Ayni paytda ularning ko‘pchiligi "O‘zbekiston temir yo‘llari"ning rasmiy raddiyasini o‘z kanallariga hech qanday izohsiz joyladi.

24 - fevral kuni e’lon qilingan raddiyada O‘TY ijtimoiy tarmoqlarni “asossiz va noxolis xabarlar” tarqatishda ayblab chiqqan edi.

“Ijtimoiy tarmoqlar”, bu - Ozodlik radiosi, “asossiz va noxolis xabarlar” esa, Ozodlikning bu bayonotdan bir kun avval e’lon qilgan surishtiruvidir.

"O‘zbekiston hukumatining Ozodlikning prezident saroyi ekani iddao qilingan surishtiruviga javobi - bu temiryo‘l ishchilari, davlat mulozimlari va sayyohlar uchun kurort. Maqola ostidagi sharhlardan oddiy o‘zbeklar bu bayonotga ishonmagani ma’lum - "qanday qilib dam olish zonasidan joy olib, vertolyotda uchib borsak bo‘ladi?", deb yozdi Tvitter sahifasida Muzaffar Suleymanov.

Tvitterning o‘zbek segmentida eng ko‘p folloverlariga ega blogerlardan Davletovuz esa, "O‘zbekiston temir yo‘llari" videosini sahifasiga joyladi.

Farida Charif: Prezidentimizning $1 mlrd dollarlik dachasi bor. Endi bizning ham o‘z Rottenbergimiz bor, dengimiz yo‘q edi, endi (dengizimiz ham) bor.

Mamurbay ismli Tviter foydalanuvchisi rasmiy raddiyani o‘ziga xos tarzda istehzo qildi.

Taniqli bloger va Adliya vazirining maslahatchisi Shahnoza Soatovaning ta’lim haqidagi posti ostida izoh qoldirgan Kubayev ismli Tvitter foydalanuvchisi "Uni buni qo‘ying Shovvozsoy haqida yozing" deb izoh qoldirdi.

Muallifdan javob bo‘lmagach, savolni yana takrorladi.

Jafarjon ismli foydalanuvchi "O‘zbekiston temir yo‘llari"ning raddiyasini O‘zbekiston-24 telekanali lavhalariga mengzadi.

Ozodlik surishtiruvi tarmoqlarda ko‘plab so‘z o‘yinlariga sabab bo‘ldi.

Foydalanuvchilar so‘z o‘yinlari qilarkan, navoiyshunos olim Akrom Malik "Shovvoz" so‘zining etimologiyasiga bag‘ishlangan kichik tadqiqotini e’lon qildi.

Akrom Malik

"ShOVVOZ" SO‘ZINING ETIMOLOGIYASI HAQIDA MULOHAZA

Ayrim tilshunoslar so‘zlarning kelib chiqishini tabiatdagi ovozlarga bog‘lashadi. Masalan, o‘zbek tilida bunga bir qancha misol keltirsak mumkin.

"Chigirtka" chirillash bilan bog‘liq. "Chivin" chiyillashga o‘xshagan sas chiqaradi. "Dang‘illama"da "dang‘" degan ovozni topa olamiz.

Lekin bu nazariyani to‘la tasdiqlab bo‘lmaydi. Chunki hamma so‘zlar tabiatdagi tovushlar asosida shakllanmaydi. Biroq tovushga taqlid asosida yuzaga kelgan kalimalar ham ko‘p uchraydi. Xususan, tagi toshli, o‘zi sayoz va tog‘dan oqadigan suv soy deyiladi. Suv tik cho‘qqidan tushar ekan, "shar-shar" degan ovoz chiqarsa, sharshara deyiladi. Shovillasa, "shovva" deyiladi. "Shovvoz" degani ham aynan "shovva"ga "z" qo‘shib hosil qilingandir, balki. "Shovvoz" so‘ziga soyning birikkan holda kelishi shu fikrni tasdiqlayotgandek.

Alisher Ilhomov

Agar biz Mirziyoyev bilan Karimovni taqqoslasak, u holda dabdababozlikda Mirziyoyev o‘zidan avvalgisidan ancha ustun keldi. Shuningdek, u postsovet hududidagi boshqa avtokratlardan ham o‘tib ketdi. Hech kim hech qachon bir shaxs uchun alohida suv ombori qurmagan.

Saroy majmuasining bir qismi bo‘lgan, Shavvozsoy suv ombori ko‘ngilochar suv havzasi sifatida 2017–18 - yillar Sardoba suv ombori bilan bir xil kompaniyalar tomonidan qurilgan. "O‘zbekiston temir yo‘llari" (Ramatov) kompaniyalari - yo‘llar, saroylar va boshqa yer usti obyektlari; Sanginov o‘g‘lining kompaniyasi - suv ombori.

Suv omborining umumiy uzunligi 4 km. Buning uchun 72 metr balandlikdagi to‘g‘on qurilgan (!). Bu Shovvozsoy daryosini to‘sish uchun qurilgan. Soyning yopilishi natijasida daryoning quyi qismida joylashgan Tut qishlog‘i umuman suvsiz qolgan. Ularning barcha ekinlari nobud bo‘lgan. Chorva mollarini boqish imkoni qolmagan. Aholi qo‘shni qishloqlarda ichimlik va chorva mollari uchun suv sotib olishga majbur. Shu bilan birga saroy majmuasi va unga eltuvchi yo‘l qurilishi uchun aholi uylari yer bilan yakson qilingan.

Endi eslaylikki, Sardobada qurbonlarining hammasi ham suv bosgan uyning o‘rniga uy olishmadi. Va ular hovliga emas, ko‘p qavatli uylarga joylashtirilgan, ammo qulayliklar - avvalgidek.

(Postning o‘zbekcha tarjimasini Muhammad Matjon o‘zining Feysbuk sahifasida bo‘lishdi)

Ozodlik surishtiruvidan "ilhomlangan" qator tarmoq foydalanuvchilari Shovvozsoy nomini qofiyalarga tizishdi.

Maddoh

Shovvozlarim

Uylarida chiroqlari o‘chmaydigan,

Osmonidan samolyotlar uchmaydigan,

Yo‘llaridan aspallari ko‘chmaydigan,

"Shovvozsoy"da saroy qurgan shovvozlarim,

Kosmosdanam ko‘rinadi gumbazlari.

Qishloqlarni buldozerda surgan zotlar,

Soyni to‘sib suv ombori qurgan zotlar,

Yo‘lni to‘sib qo‘riqchilar qo‘ygan zotlar,

" Shovvozsoy"da saroy qurgan shovvozlarim,

Ajdarhoni o‘ynatguvchi morbozlarim.

"Sardoba"ni qo‘porgan ham shular edi,

Xalq mulkini kalamushdek talar endi,

Telba ko‘ngil dabdabalar tilarkan-da,

"Shovvozsoy"da saroy qurgan shovvozlarim,

Tomoshasi qimmat tushgan dorbozlarim.

Uylarida chiroqlari o‘chmaydigan,

Osmonidan samolyotlar uchmaydigan,

Yo‘llaridan aspallari ko‘chmaydigan,

"Shovvozsoy"da saroy qurgan shovvozlarim,

Kosmosdanam ko‘rinadi gumbazlari.

Ozodlikning Shovvozsoy qarorgohi haqidagi rasmiy raddiyaga bag‘ishlangan videosurishtiruvini YouTube kanalimizda tomosha qiling.

XS
SM
MD
LG