Линклар

Шошилинч хабар
16 декабр 2024, Тошкент вақти: 21:35

Rossiya Ta’lim vaziri: Xorijlik talabalarni qabul qilishga tayyor emasmiz


Rossiyaning ko‘plab o‘quv yurtlari masofaviy ta’limga ko‘chgan
Rossiyaning ko‘plab o‘quv yurtlari masofaviy ta’limga ko‘chgan

Rossiya koronavirus pandemiyasi ikkinchi to‘lqini boshlanishi tufayli xorijlik talabalarni qabul qilishga tayyor emas. Bu haqda xabar qilgan Rossiya Ta’lim va fan vaziri joriy vaziyat kasallanish holatlari kamaymaguncha davom etishini bildirdi.

Rossiyada tahsil olishni davom etayotgan o‘zbekistonlik talabalar esa, o‘z hamyurtlariga Rossiyaga kelishga shoshilmaslikni tavsiya qilmoqda.

Rossiya Ta’lim va fan vaziri Valeriy Falkov COVID-19 epidemiya tufayli Rossiya chet ellik talabalarni qabul qilishga tayyor emas ekanligini bildirdi.

Rossiya Rektorlari Ittifoqining 17 - noyabr kuni bo‘lib o‘tgan kengashida vazir xorijlik talabalarga alohida e’tibor qaratdi.

- Bir qator davlatlardan, jumladan, MDH davlatlaridan hamkasblarimiz kelishni istashadi, lekin yo‘l yopilgan yoki boshqa bir qator sabablarga ko‘ra kirishning imkoniyati yo‘q. Siz bizning shaharlarimiz va yirik universitetlarimizdagi vaziyatni ko‘rib turibsiz, endi biz ham chet ellik talabalarni qabul qilishga tayyor emasmiz. Vaziyat sentabr oyi boshidagidan tubdan farq qiladi, - dedi Ta’lim vaziri.

Valeriy Falkov bugungi kunda Rossiyada tahsil olayotgan xorijlik talabalarning uchdan bir qismi o‘z yurtlariga ketib, qaytib kelmaganini bildirdi.

Vazir ko‘plab malakat oliy o‘quv yurtlari masofaviy ta’lim tizimiga o‘tgani va bu jarayonda eng katta e’tibor birinchi bosqich talabalariga qaratilishi lozimligini uqtirib o‘tdi.

Buning uchun vazirlik har bir talabaga alohida e’tibor berilishi ta’minlanishini talab qildi.

Biroq Rossiya OO‘Yularidagi qishki sessiya onlayn tarzda o‘tkazilishi belgilanganiga qaramasdan, hozirgacha institut va universitetlar rahbariyatiga qat’iy cheklovlar kiritish bo‘yicha talablar qo‘yilmagan.

Hozirgi kunda Rossiya Federatsiyasida koronavirusdan zararlanganlar soni 24 581 kishiga oshib, navbatdagi rekord ko‘rsatkichlarga yetdi.

Rossiyada shu kunga qadar kasallikdan o‘lganlarning umumiy soni 36 179 kishini tashkil qilsa, oxirgi bir kun ichida ular soni 401 nafarga ko‘paydi.

Bundan oldinroq Rossiyada tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar mamlakatga kirish va o‘qishni davom ettirishga ruxsat berishni so‘rab, Rossiya hukumatiga ochiq xat yo‘llagani to‘g‘risida Ozodlik xabar bergandi.

Ozodlik suhbatlashgan o‘zbekistonlik talabalar Rossiya o‘quv yurtlari tomonidan tashkil etilgan masofaviy ta’lim kurslari ularning bilim olish va malaka oshirishga bo‘lgan ehtiyojlarini qondira olmayotganini aytishgandi.

Toshkentlik 26 yashar Kamroniddin Nasriddinov I.I. Mechnikov nomidagi Shimoli-G‘arbiy davlat tibbiyot universiteti ordinatura 2-bosqich talabasi. U boshqa studentlar kabi O‘zbekistonga qaytib ketmaganidan xursandligini aytdi:

- Men hamma talabalar uyga shoshganida vaziyatni o‘rganib chiqib, oxirgi o‘quv yilim bo‘lganligi sababli qolishga qaror qildim. O‘ydagilar o‘yga qaytishimni ancha so‘rashdi, ko‘p do‘stlarim o‘z yurtlariga qaytib ketishdi va hozir pushaymonda, - deydi Komroniddin.

Toshkentlik 24 yoshar Aleksandra Akopyan Butunrossiya davlat Adliya universitetining yurisprudensiya yo‘nalishi 3-bosqich talabasi. U o‘zi o‘qiyotgan universitet masofaviy ta’limga o‘tganini bildirib, talabalarning Rossiyaga shoshilishiga hojat yo‘q, deydi:

- Masofaviy bilim berish darajasi biz kutgan talablarga javob bermaydi. Kasallanishlar ko‘paygani sababli universitetimiz 1 - oktabrdan bizni masofadan turib o‘qishga o‘tkazdi. Ta’lim oliy uquv yurtlarda masofaga o‘tkazilsa, chet el fuqarolarining kelishiga xojat yo‘q, deb hisoblayman, - deydi Aleksandra.

Ayni damda talabalar hamda mehnat muhojirlarining, asosan Belarus, Qozog‘iston orqali soxtalashtirilgan hujjatlar va noqonuniy yo‘llar bilan kirib kelishga urinishlari kuzatilmoqda.

Rossiya Chegara xizmati noqonuniy yo‘llar bilan kirgan shaxslar mamlakat Jinoyat Kodeksining 322-moddasi, 2-bandiga asosan uch yuz ming rublgacha jarima yoki to‘rt yilgacha majburiy mehnat yoki shu muddatga ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi va mamlakatdan bir umrga badarg‘a qilinishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.

Oxirgi yillarda O‘zbekiston Rossiya oliygohlarida o‘qiydigan talabalar soni bo‘yicha MDH davlatlari orasida birinchilikda va yil sayin bu ko‘rsatkich oshib bormoqda.

Rossiya Fan va oliy ta’lim vaziri o‘rinbosari Marina Borovskaya 2019 - yili mamlakatda 26,5 ming o‘zbekistonlik kunduzgi bo‘limlarda tahsil olganini bildirgan edi.

XS
SM
MD
LG