Линклар

Шошилинч хабар
16 декабр 2024, Тошкент вақти: 02:38

Ravvinning o‘limi. Toshkent BAA va Isroil bilan yaqindan hamkorlik qilmoqda - TIV


28 yoshli isroillik ravvin Svi Kogan 21-noyabr kuni BAAda beradak ketgan edi.
28 yoshli isroillik ravvin Svi Kogan 21-noyabr kuni BAAda beradak ketgan edi.

O‘zbekistonning Dubaydagi bosh konsulxonasi yahudiy ruhoniysi Svi Kogan o‘limida gumon qilinayotgan 3 nafar O‘zbekiston fuqarosi ishi bo‘yicha Arab Amirliklari bilan aloqada ekanini bildirdi, ammo tafsilotlarni ochiqlamadi.

Ayni paytda qator G‘arb nashrlari bu uch o‘zbekistonlikning shaxsiga oid ma’lumotlarni oshkor qildi.

Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmatidan olingan ma’lumotga ko‘ra, vazir Baxtiyor Saidov 26-noyabr kuni ayni masalani Isroilning O‘zbekistondagi elchisi bilan muhokama qilgan.

O‘zbekiston tomoni Birlashgan Arab Amirliklarida isroillik ravvinni o‘ldirishda gumon qilinayotgan uch o‘zbekistonlik ishi bo‘yicha qisqa bayonot berdi.

O‘zbekistonning Dubaydagi bosh konsulxonasiga ko‘ra, konsulxona hamda Abu-Dabidagi elchixonasi Birlashgan Arab Amirliklari Tashqi ishlar vazirligi va boshqa mutasaddi idoralari bilan doimiy aloqada bo‘lib, mazkur masala yuzasidan oydinlik kiritish maqsadida tegishli ishlar olib bormoqda.

Bayonotda qo‘lga olingan o‘zbekistonliklar yoki umuman BAAda O‘zbekiston fuqarolarining qo‘lga olinganiga oid biror tafsilot berilmadi.

Bundan tashqari, Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmatining Ozodlikka bildirishicha, vazirlik rasmiylari Isroilning Toshkentdagi elchisi Gideon Lyustig bilan uchrashgan.

“O‘zbekiston xalqi barcha din va elat vakillariga azaldan do‘stona munosabatda bo‘lib kelgan. Biz millatchilikning hech qanday ko‘rinishiga toqat qilmaganmiz va bundan keyin ham toqat qilmaymiz. Terrorizm va ekstremizmning chegarasi va millati yo‘q. O‘zbekiston hukumati tergov jarayonlarida BAA va Isroil idoralari bilan yaqindan hamkorlik qilmoqda”, deyiladi TIV bayonotida.

Hozircha TIV matbuot xizmati ham qo‘lga olingan o‘zbekistonliklar shaxsi yoki ularga nisbatan ayblov borasida Ozodlikka ma’lumot bermadi.

BAAda o‘ldirilgan 28 yoshli isroillik ravvin Svi Koganning dafn marosimi 26-noyabr kuni Tel-Avivda bo‘lib o‘tdi.

Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu buni «antisemit terroristik harakat» deb atadi. Isroil Kogan yahudiy bo‘lgani uchun nishonga olingani taxmin qilinayotganini aytmoqda.

Assoshieyted press agentligining BAA politsiyasiga tayanib xabar qilishicha, qo‘lga olingan shaxslar 28 yoshli Olimboy Tohirovich, 28 yoshli Mahmudjon Abdurahim va 33 yoshli Azizbek Komilovichlardir.

Uch kishining advokatlari bormi yoki ular BAAda konsullik yordamiga murojaat qilganmi, hozircha aniq emas. O‘zbekistonning Dubaydagi konsulligi hibsga olinganlar yuzasidan matbuot so‘rovlarini ochiq qoldirishda davom etmoqda.

BAA Ichki ishlar vazirligi bayonotida Svi Koganning qotilligi jinoyati uchun ko‘rilayotgan motiv haqida hech qanday ma’lumot keltirilmagan.

Isroil OAVlari esa o‘z ismini oshkor etmagan xavfsizlik xodimlariga tayanib, Kogan o‘ldirilishida o‘zbeklar ishtirok etgan, degan da’voni ilgari surishda davom etmoqda.

Birlashgan Arab Amirliklari bayonotida Eron haqida so‘z yuritilmagan bo‘lsa-da, Eron razvedka xizmatlari BAAda ilgari odam o‘g‘irlashlarni amalga oshirgan.

G‘arb rasmiylarining fikricha, Eron BAAda razvedka operatsiyalari olib boradi va butun mamlakat bo‘ylab yashovchi yuz minglab eronliklarni kuzatib boradi.

Bunga qadar ham Eronda Turli transmilliy jinoiy to‘dalar, xususan ularning tarkibida bo‘lgan o‘zbeklar dissidentlar va boshqalarni nishonga olgan hujumlarda yollanganiga oid ma’lumotlar bo‘lgan.

Eron Hamas va Hizbullohni qo‘llab-quvvatlaydi. Shuningdek, joriy yil oktyabr oyida Eron Isroilga ballistik raketa hujumini amalga oshirgan, so‘ngra bunga Isroil javob bergandi. Rasmiy Tehron shundan buyon Isroilga javob qaytarish bilan tahdid qilib keladi.

Ammo, "Assoshieyted press" agentligiga ko‘ra, Eronning Abu-Dabidagi elchixonasi Tehronning ravvin o‘limiga aloqador ekaniga oid da’volarni rad etgan.
OAV xabarlariga ko‘ra, Koganning mashinasi Al-Ayn shaharchasida tashlab ketilgan holda topilgandi. Koganning bu shaharga nega borgani noma’lum. Tergovdagi versiyalarga ko‘ra, uch o‘zbek uni kuzatib yurgan, ravvinni o‘ldirgach, Turkiyaga qochishga uringan. Ammo, juda qisqa muddatda qo‘lga olingan.

Isroillik ravvinning o‘ldirilishini qator davlatlar qoralab chiqdi. AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken BAA tashqi ishlar vaziri Shayx Abdulla bin Zoid Ol Nayhonga qo‘ng‘iroq qilib Kogan o‘ldirilishini qoraladi.

Bundan tashqari, Moldova prezidenti Mayya Sandu bu qotillikni “nafrat akti”, deb atadi.

Payshanba kuni g‘oyib bo‘lgan 28 yoshli ultra-ortodoks ravvin Kogan Dubay shahrida kosher oziq-ovqat do‘konini boshqargan. U Isroil va Moldova fuqarosi, rafiqasi Rivki esa Amerika vatandoshidir.

Bu qotillik 2023-yil 7-oktabrda Xamasning Isroil janubiga hujumi natijasida yuzaga kelgan mintaqaviy keskinlik hanuz saqlanib qolayotgan bir paytda sodir bo‘ldi.

O‘shanda Isroilning G‘azodagi halokatli javob hujumi va Hizbulloh jangari guruhi bilan bir necha oylik janglardan so‘ng, Livanga bostirib kirishi Amirliklar, arab fuqarolari va BAAda yashovchilarning noroziligini oshirgan.

XS
SM
MD
LG