Линклар

Шошилинч хабар
16 декабр 2024, Тошкент вақти: 20:31

Qozoq uni va o‘zbek muhojirining noni. Qozog‘istondagi g‘alayonning O‘zbekistonga ta’siri


O‘zbekistonlik novvoylar asosan Qozog‘iston unidan non yopadi.
O‘zbekistonlik novvoylar asosan Qozog‘iston unidan non yopadi.

Qozog‘iston 6 - yanvar kunidan boshlab noma’lum muddatga O‘zbekiston bilan chegaralarini yopdi. Bunga mamlakatda favqulodda vaziyat e’lon qilinganligi sabab bo‘ldi. RIA Novosti sayti Qozog‘istonning Toshkentdagi elchixonasi vakiliga asoslanib bu haqda xabar berdi.

Qozog‘istondagi voqealar O‘zbekiston iqtisodiy hayotiga ta’sir qilmasdan qolmaydi. Ozodlik bilan suhbatlashgan o‘zbekistonlik iqtisodchi va tadbirkorlarning fikri shunday.

Ayni paytda O‘zbekiston birja bozorlarida suyultirilgan gaz, paxta yog‘i va paxta tolasining narxi tushdi.

Ijtimoiy tarmoqlardagi kuzatuvchilar bu holatni rasmiy Toshkentning Qozog‘istondagi voqealar O‘zbekistonga ham o‘tib ketmasligidan xavotir olib, narxlar vaqtincha tushirilayotgani haqida yozmoqda.

O‘zbekiston hukumatiga yaqin manbaning aytishicha, prezidentning o‘zi gaz, benzin, elektr energiyasi va suvning narxini asossiz oshirmaslik haqida shaxsan ko‘rsatma bergan.

Iqtisodchilar Qozog‘iston bilan savdo aylanmasida uchinchi hamkor bo‘lgan O‘zbekistonga qo‘shni davlatdan import qilinadigan neft, un, oziq-ovqat mahsulotlari, maishiy tovarlar uzilib qolguday bo‘lsa, iqtisodiyotga sezilarli zarar yetishi aytilmoqda.

Qozog‘istondagi korxonalar bilan hamkorlik qiladigan, ismi sir qolishini so‘ragan tadbirkorlardan birining aytishicha, qo‘shni davlatdagi voqealar O‘zbekiston iqtisodiyotiga og‘ir zarar yetkazishi mumkin:

“Mana shu voqealar sabab bizda benzin narxi tushdi, gazning narxi tushdi, katta xo‘jayin dam olishda edilar, shunaqa ukaz berganlar. Qozog‘iston go‘sht eksportini zapret qildi, tuxumni zapret qildi. Chegaralar yopilib, yuk avtomobillari to‘xtab qoldi. Poezdlar to‘xtab qoldi. Endi go‘sht, bug‘doy qimmat bo‘ladi, Pavlodar zavodidan traktorlar kelmay qoladi, metal, maishiy texnikalar, oziq-ovqat kelishi kamayadi. Qozog‘istondagi bu xaos kim biladi qanchaga cho‘ziladi, bir oygami, bir yilgami, hech kim bilmaydi. Bu orada bizning iqtisodiyot juda katta zarar ko‘radi”.

Toshkentlik iqtisodchi Akmal Toshbek Qozog‘istondagi voqealarning o‘zbek iqtisodiyotiga zararini uch qismga bo‘ladi:

“Birinchisi, Qozog‘iston chegaralarni yopgani sabab, odamlar va tovarlarning kirib-chiqishining barcha harakatlari noma’lum muddatga to‘xtadi. Ikkinchisi, bugundan boshlab Qozog‘istondagi barcha banklar o‘z xizmat faoliyatini to‘xtatdi. Balki katta va tinch shaharlarda ishlayotgandir, lekin o‘zbekistonliklarning asosiy aloqasi bo‘lgan Olmaotadagi banklar ishlamayapti. Demak xalqaro o‘tkazmalar, o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarining pul jo‘natmalari ham noma’lum muddatga qotdi, degani. Uchinchisi, Rossiya, Xitoy kabi davlatlardan kelayotgan tranzit yuklar ham to‘xtab qoladi. Ularning kelishi ham noaniqlik davrigacha to‘xtab qoladi. Albatta bulardan bizning iqtisodiyotimiz katta zarar ko‘radi”.

Qozog‘iston bilan savdo-sotiq qiladigan o‘zbekistonlik tadbirkorlar ham chegaralar yopilgani uchun qiyin ahvolga tushib qolmoqda.

Qozog‘iston banklari mamlakat ichkarisidagi tranzaksiyalarni to‘xtatdi. Xaliq bankining Tojikistondagi filiali ishini to‘xtatdi, Toshkentdagisi ishlayapti.

Qozog‘istonlik iqtisodchi Saparboy Jubayevning aytishicha, banklarning xorijiy tranzaksiyalari avvalgidek bir maromda ishlayapti:

“Xalqaro va korxonalar o‘rtasidagi tranzaksiyalar bo‘lyapti. Faqat banklar xavfsizlik nuqtai nazaridan mahalliy aholi bilan ishlashni vaqtinchalik to‘xtatdi”.

O‘zbekiston Qozog‘istondan asosan un, bug‘doy, mashina-uskunalar, kimyoviy mahsulotlar, energiya va neft mahsulotlari, metallar va metal buyumlar import qiladi.

O‘zbekistonning Qozog‘istondan o‘tgan yilning 11 oyidagi importi(2,2 mlrd. dollar), eksporti(950 mln.dollar)dan ikki baravar ko‘p.

O‘zbekistonlik iqtisodchi Otabek Bakirovning o‘zining Telegram kanalida yozishicha:

“Qozog‘iston bug‘doy va un eksportining yarmidan ko‘pini O‘zbekiston iste’mol qiladi. Bozorlarimizdagi narx-navo qo‘shnilarimizga haddan ziyod bog‘liq.

Qozog‘istondan neft eksportida ham O‘zbekistonning o‘rni yuqori (benzin eksportiga cheklovlar qo‘yilgach, neft importi yanayam oshdi). Bu borada yil statistikasi ochiqlangani yo‘q, lekin MDHda qozoq neftini eng ko‘p iste’mol qiladigan aynan O‘zbekiston hisoblanadi”.

Bu fikrlar bildirilgan kuni O‘zbekistonda barcha AYoQShlarda narxi 6500 so‘m turadigan AI-80 benzini paydo bo‘ldi va bu narx barqaror bo‘lib turibdi.

6 - yanvar kuni birjada o‘tkazilgan savdoda paxta yog‘i, suyultirilgan gaz va paxta tolasi narxi pastlagani xabar qilindi .

Davletov.uz Telegram kanalining xabar berishicha, Qozog‘iston hukumati 3 oy muddatga ijtimoiy ahamiyatga molik tovarlarga davlat narxini belgilagan. Suyultirilgan gaz narxi viloyatlarga qarab 50 tengeden 75 tengegacha, AI-80 benzin 89 tenge, AI-92-93 182 tenge, AI-95 215 tenge, qo‘y va qoramollar eksporti 6 oyga, sabzi va kartoshka eksporti 3 oyga taqiqlangan, kommunal to‘lovlar narxini oshirishga moratoriy e’lon qilingan. Bir AQSh dollari 435,4 tengega teng.

Ammo, ismi sir qolishini so‘ragan sirdaryolik tadbirkorning aytishicha, Qozog‘istondan kirib keladigan tovarlar importi kamaysa yoki to‘xtatilsa buning O‘zbekiston iqtisodiyotiga jiddiy salbiy ta’siri bo‘ladi:

“Birgina bug‘doy yoki unning o‘zini olib ko‘raylik. Butun mamlakat novvoylari qozoq unidan non yopadi. Hozircha zapas bor, narxlar ko‘tarilgani yo‘q. Agar keti uzilib qolgudek bo‘lsa, unda narx birdaniga osmonga chiqadi. Qozoq birodarlarimizdan biz juda ko‘p narsa olamiz. Masalan xotinim, jiyanim bilan Qozog‘istondan tovar olib kelar edik, kiyim kechak, shirinliklar, televizor, qozon, skovorodka, xolodilnik va turli mahsulotlar. Kilogrami o‘lchanmas edi. Keyin monopol Jahongir Ortiqxo‘jayevning taklifi bilan bojxona to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartirish kiritilib, 1 oyda 10 kg yuk olib kirish mumkin bo‘lib qoldi. Bitovoy(maishiy texnika) vositalari esa 6 oyda faqat bitta narsa olib o‘tasiz. Chunki Jahongirning “Artel” nomli “tufta” tovari o‘tmay qoldi. Pandemiya payti chegara yopilgach, ro‘zg‘orga, oilaviy byudjetga qattiq ta’sir qildi. Endi pandemiya tugab bir oyda tanish-bilishlarimizni aytib, 5 kishi bo‘lib yuk olib kelamiz deganda, Qozog‘istondagi bu janjallar chiqib qoldi. Haqiqatan Qozog‘istonda maishiy texnika, benzin, non bizga qaraganda ancha arzon. Bizdagi 3,5 million so‘m turadigan xolodilnik u yerda 1,6 million so‘m, 3,5 millionlik televizor 2 million so‘m turadi”.

6 - yanvar kuni Rossiyaning "Interfaks" agentligi O‘zbekiston Rossiyaga gaz eksportini to‘xtatgani haqida xabar qildi.

Energetika vazirligi mulozimining “Interfaks” muxbiriga aytishicha, gaz eksportining to‘xatilishi ichki iste’moldagi mavsumiy maksimumlarni qoplash uchun amalga oshirilmoqda.Boshqacha qilib aytganda, hukumat ichki iste’molga qo‘shimcha gaz yo‘naltiradi. Bu Qozog‘istondagi voqealarning aks-sadosimi, yo‘qmi, faqat taxmin qilish mumkin.

So‘nggi haftalarda O‘zbekistonda o‘tgan yillardagi kabi aholi ehtiyojlari uchun gaz yetishmovchiligi, jumladan, metan gaz quyish shoxobchalarida navbatlar kuzatilayotgandi.

XS
SM
MD
LG