Линклар

Шошилинч хабар
16 декабр 2024, Тошкент вақти: 20:47

Qozog‘istonga 300 ming rossiyalik qochib keldi. Ular jamiyatga integratsiya bo‘la oladimi? 


Putin mobilizatsiyasidan Qozog‘istonga qochgan ruslar.
Putin mobilizatsiyasidan Qozog‘istonga qochgan ruslar.

Qozog‘istonlik ekspertlar Rossiyada Ukraina urushi uchun e’lon qilingan harbiy safarbarlikdan qochayotganlar orasidagi putinparastlar tufayli kelib chiqadigan ehtimoliy muammolar, shuningdek, mehnat va uy-joy ijarasi bozorida paydo bo‘layotgan muammolardan xavotir bildirishmoqda.

“Rejalarimiz kunda o‘zgaradi”

Olmaota, 3-oktabr. Erta saharlab “Kulager” sport-sog‘lomlashtirish majmuasi oldida bir necha yuz kishilik navbat paydo bo‘lgan. Ma’muriyat ulkan migrantlar oqimini eplash maqsadida aholiga xizmat ko‘rsatish markazini (AXM) shu yerga ko‘chirgan. Navbat kutayotganlar baxtiga havo iliq, oftob – sovuq qotishmaydi.

Bu izdihomdagilar – Rossiya fuqarolari, aksari safarbarlikdan qochgan erkaklar va ularning oilalari. Ular AXMga shaxsiy identifikatsiya raqami (STIR) va boshqa hujjatlar olish, qolaversa ijaraga boshpana topish kabi bir talay tashvish bilan kelganlar. Ayniqsa, boshpana topish katta muammo: talabgorlar ko‘p, taklif kam, shunga yarasha ijara haqi osmonga chiqib ketgan.

34 yoshli Aleksey bilan xotini Olmaotaga kechasi allamahalda kelishdi, uy-joy topishga vaqt bo‘lmagani sababli sportzalda tunab qolishdi: mahalliy ma’muriyat rossiyaliklarga bu yerni vaqtincha boshpana qilib bergan.

– Men yaqin-yaqinlargacha Saranskda yashardim, ishlardim, – deydi Aleksey STIR olish uchun navbat kutar ekan. – Putin safarbarlik e’lon qilganidan so‘ng ko‘ch-ko‘ronimizni mashinaga ortib yo‘lga tushdik, chunki urush endi meni izlab kelgan edi. Ammo men qotil bo‘lishni ham, “go‘sht” bo‘lishni ham istamayman. Umuman, bu ishlarda qatnashmoqchi emasman.

Aleksey aytishicha, Qozog‘iston – u bilan xotinining imkoniyati yetadigan yagona joy bo‘lgan. Boz ustiga, ikkovlarida ham xorijga chiqish pasporti yo‘q.

– Rejamiz kunda necha qayta o‘zgaradi. Bir ko‘nglim “uyga qaytib, chet elga chiqish pasportini olib, boshqa biron mamlakatga ko‘chish kerak”, deydi. Rossiyada qolgan qarindoshlar bilan xabarlashib turibman: vahima picha bosilgan, chaqiruv qog‘ozlari kelmay qo‘yganmish, – davom etadi Aleksey.

"Ўлимга ҳукм этилган маҳкумдек". Мобилизациядан Ўзбекистонга қочган россиялик ҳикояси
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:08:14 0:00

Uning Qozog‘istonda muqim qolish niyati ham yo‘q emas. “Birinchidan, meni tushunishadi, rus tili bilan muammo yo‘q, ikkinchidan, yashash nisbatan arzon, uchinchidan, mahalliy hayotga moslashish oson”, deya bu yerning afzalliklarini sanaydi u.

Biroq guras-guras bo‘lib kelayotgan minglab rossiyaliklarni Qozog‘istonni tark etib, boshqa mamlakatlarga o‘tib ketishga majbur etayotgan omil Alekseyni ham bezovta qilmay qo‘ymayapti.

– Qozog‘istonda qolishga qo‘rqamiz, ertami kechmi, Putin bizni qaytarishni istab, Toqayev bilan til biriktirishidan alag‘damiz, – deydi Aleksey. – Shu bois ko‘pchilik bu yerda uzoq qolmay, Serbiya, Turkiya yoki Gruziyaga o‘tib ketyapti...

“Kallasiga Putin kirib olganlar”

Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, 21-sentabrdan 3-oktabrga qadar mamlakatga 281 548 nafar Rossiya fuqarosi kelgan, ulardan 147 mingdan ortig‘i Qozog‘istonda qolgan.

Safarbarlikdan qochib kelayotganlarning eng ko‘pi Rossiyaning besh viloyati bilan chegaradosh G‘arbiy Qozog‘iston viloyatining ma’muriy markazi – Uralsk shahriga yopirilmoqda.

Atigi 300 ming nufusli bu shaharchaga so‘nggi ikki haftada qariyb 100 ming rossiyalik keldi, natijada uy-joyga talab keskin ortib, ijara narxlari osmonga sapchidi. Boz ustiga, yerli aholi orasida “rossiyaliklar Uralskda qolib ketisharmish, endi ko‘pchilik ishidan ayriladi”, degan mish-mish tarqalib, ijtimoiy taranglik vujudga keldi.

Biroq so‘nggi kunlarda rossiyaliklar oqimi deyarli so‘ndi, chegarada navbatlar kuzatilmayapti, chunki Rossiya chegaradan o‘tish maskanlarida sayyor “voyenkomat”lar tashkil qilmoqda, Uralskka kelganlar esa sekin-asta boshqa shaharlarga va mamlakatlarga tarqalishyapti.

Uralskda istiqomat qiluvchi jurnalist Lukpan Ahmedyarov rossiyaliklarga oziq-ovqat, uy-joy masalasida yordamlashadi, shuningdek begona mamlakatga tezroq moslashishlari uchun ularga maslahatlar beradi. Uning fikricha, mamlakatga birdaniga ko‘psonli ajnabiy kelgan ekan, jamiyat potensial nizolarga tayyor turishi kerak.

– Birinchi galda uy-joy ijarasi tufayli nizo chiqadi, chunki ijarada yashashga talabgorlar o‘rtasida raqobat juda kuchaydi, – deya izoh beradi Ahmedyarov. – Tabiiyki, ular orasida nafaqat migrantlar, balki uysiz qozog‘istonliklar ham bor. Ijara narxlari qimmatlashuvi va uy-joy tanqisligidan eng avvalo ular norozi bo‘ladi. Mehnat bozorida ham ziddiyat paydo bo‘lishi tayin. Mening taxminimcha, Uralskka kelgan rossiyaliklarning nari borsa o‘n foizi bu yerda qoldi, ammo shu ham mehnat bozoriga ta’sir qilyapti. Chunki ular safarni davom ettirishga qurbi yetmagani uchun qolishdi va bu yerda malaka talab qilmaydigan har qanday ishni qilishga tayyor – mehnat bozorining aynan shu qismida eng yuqori raqobat mavjud.

Jurnalist yana bir omilni nazardan qochirmaslik kerakligini uqtiradi: “miyasiga Putin kirib olgan” Rossiya fuqarolari ertami yo kech Qozog‘istonda o‘z siyosiy qarashlarini namoyon qilishi mumkin. “Putinparastlar bir kun chaqmoqtosh kabi chatnay boshlasa sira ajablanmayman”, ogohlantiradi Ahmedyarov.

“Oyan, Qazaqstan” (“Uyg‘on, Qozog‘iston”) ijtimoiy harakati faoli Darxon Sharipov mamlakatga kelgan Rossiya fuqarolari haqida ijtimoiy tarmoqlarda ko‘p yozadi. U o‘z postlarida rossiyaliklarni Qozog‘iston madaniy muhitiga singgishga, davlat tilini o‘rganishga, tarixdan bilimlarini oshirib, mahalliy hayotning xos xususiyatlariga hurmat bilan qarashga chorlaydi.

– Rossiyaliklar kelishiga munosabatim ikki turli, – deydi Sharipov. – Bir tarafdan, odamlar fashist rejimdan qochib kelayotganini, ular urushda qatnashishni istamasligini tushunaman. Boshqa tarafdan, qochib kelayotgan shuncha odam so‘nggi yetti oyda o‘z mamlakatida vaziyatni o‘zgartirish uchun biron ish qilmagani menda haqli savollar tug‘dirmoqda. Qolaversa, kelganlar orasida Putin hokimiyatini qo‘llab-quvvatlovchilar ko‘p bo‘lishi tayin va ular biz uchun muayyan xavf-xatar manbaidir, chunki bu odamlar Kreml propagandasi yillar davomida miyalariga quygan imperiyachilik mafkurasini tashimoqda.

Sharipov Qozog‘istonda yashab qolishga qaror qilgan rossiyaliklar, istaydilarmi, yo‘qmi, jamiyat bilan integratsiyalashuvga majbur bo‘lishlariga aminligini aytadi.

– Bu yerda jiddiy til to‘sig‘i yoki keskin madaniy ayirma yo‘q. Ammo alohida viloyatlarda odamlar rossiyaliklar migratsiyasiga va ularning mahalliy jamiyatga qo‘shilishiga qanday munosabat bildirishini kuzatish kerak, – deya xulosa qiladi faol.

“Odamlar integratsiyaga tayyor”

Rossiyalik huquqbon va muxolifat faoli Vadim Korovin safarbarlik e’lon qilinganidan uch kun o‘tib Rossiyani tark etgan. “Mamlakatda qolib bo‘lmasligini aslida 24- fevraldayoq tushunib yetgandim, chunki urush qolgan-qutgan siyosiy erkinliklarni yo‘q qilishi aniq edi”, deydi Korovin.

Vadim Korovin ko‘plab siyosiy aksiyalarda qatnashgan: avtomobilchilar huquqlari uchun kurashgan, Moskvada noqonuniy “parkovka”larga qarshi reydlar o‘tkazgan. So‘nggi bir necha yilda u Moskva tumanlaridan birida munitsipal deputat edi. Iyul oyida Korovin “Tvitter”da Gitler haqidagi latifani ulashgani uchun 10 sutkaga qamaldi va bir yil mobaynida barcha saylovlarda qatnashish huquqidan mahrum etildi. Sentabrning oxirlarida u Rossiyadan Qozog‘istonning Uralsk shahriga ko‘chib keldi. Huquq faoli qozog‘istonliklarning putinparast rossiyaliklardan hadigini behuda deb hisoblaydi.

– Qozog‘istonliklar chegarani kesib o‘tayotgan o‘rta statistik rossiyalikning siyosiy-axloqiy qiyofasini savol ostiga qo‘yishyapti. Shaxsan o‘zim safarbarlikdan qochib kelayotgan juda ko‘p yurtdoshlarim bilan suhbatda bo‘ldim va amin bo‘ldimki, ulardan 50–70 foizi siyosiy savodli odamlar, – deydi Vadim Korovin. – Barchasi o‘qimishli odamlar: yuristlar, aytichilar, tadbirkorlar. Ular uzoq istiqbolda vatanga qaytmasligini hisobga olganda ushbu migratsiya Rossiya Federatsiyasining kadrlar va intellektual salohiyatiga qattiq zarba bo‘ladi. Men chegaradan o‘tganlar orasida marginal putinparastlarni uchratmadim, bo‘lsa ham, ular ko‘p emas. Kelayotganlar qozoq jamiyatiga integratsiya bo‘lishga tayyor, aks holda yashab qolisha olmaydi.

“Контракт имзоламаганлар калтакланмоқда!” Россия ўзбекистонликларни урушга мобилизация қилмоқда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:12:15 0:00

Safarbarlikdan qochayotgan rossiyaliklar oqimi so‘nayozgan bo‘lsa-da, Korovin agarda harbiy harakatlar Rossiya hududiga ko‘chsa yoki Kreml taktik yadro qurolini qo‘llashga jazm etsa, navbatdagi migratsiya to‘lqini ko‘tarilishini ehtimoldan soqit qilmaydi.

“Urush eskalatsiya bo‘lib, Rossiyadan chiqish yo‘llari yopilsa, chegaralarda katta olomon to‘plana boshlaydi, bu esa chegara maskanlarini yorib o‘tish xavfini keltirib chiqaradi. Vahimaga tushgan yuz ming kishilik olomonni kim to‘xtata olardi?” deydi Korovin.

Qozog‘istonlik siyosatshunos Dimash Aljanov Rossiyadan yo‘nalgan migratsiya oqimi borasida nekbin xayollar surayotgani yo‘q. Qozog‘istonning iqtisodiy va siyosiy muammolari o‘ziga yetib ortadi, qo‘shni mamlakatdan kelayotgan migrantlar esa shusiz ham murakkab vaziyatni badtar qilishadi, deydi ekspert.

– Qimmatchilik manzarasida aholi daromadlari anchagina kamaydi. Ko‘psonli rossiyaliklar oqimi kelgusida mehnat bozoriga, uy-joy ijarasi bozoriga bosim o‘tkazadi. Yaqin istiqbolda Rossiyada iqtisodiy va siyosiy vaziyat faqat yomonlashadi, binobarin, Qozog‘istonga keluvchilar yanada ko‘payadi, xususan, kelib joylashganlar o‘z oila a’zolarini ko‘chirib keladilar. Ammo Qozog‘iston iqtisodiyoti juda beqaror bo‘lib turibdi: bir tarafdan, u neft narxiga qattiq bog‘lanib qolgan, boshqa tomondan esa, iqtisodiyot davlat boshqaruvida bo‘lgani uning rivojlanishiga xalal berayotir. Ayni sharoitda hukumatning iqtisodiy siyosati birdaniga samarali bo‘lib qolishini yoki hukumat qarshisidagi muammolarni hal etish uchun jiddiy islohotlarga jazm etishini kutish aqldan emas, – deya izoh beradi siyosatshunos.

XS
SM
MD
LG