Линклар

Шошилинч хабар
16 декабр 2024, Тошкент вақти: 15:02

Qozog‘iston: Ekofaollar AES qurilishini taqiqlashga chaqirmoqda


Qozog‘iston ekologiya jamoatchiligi hukumatdan Olmaota viloyatida qurilishi ko‘zda tutilayotgan AES loyihasiga moratoriy joriy etishni talab qilmoqda. Mamlakatdagi 40 dan ziyod nohukumat tashkilotni birlashtiruvchi “Qozog‘iston ekoforumi” assotsiatsiyasi faollari “tor doiradagi” muhokamalarni to‘xtatishni talab qilib, AES qurish rejalari va qarori keng jamoatchilik ishtirokida qabul qilinishi, Qozog‘iston esa “sinov maydoni” bo‘lmasligi kerakligini ta’kidlamoqdalar.

“Ekoforum” raisi Svetlana Mogilyuk Qozog‘iston ekologiya vaziri bilan uchrashuvda jamoatchilik AES qurilishidan va mazkur loyiha bo‘yicha ommaviy tinglovga faqat AES qurish mo‘ljallanayotgan hudud aholisi taklif qilinganidan noroziligini bildirdi. Ushbu uchrashuv 28-fevralda bo‘lib o‘tdi va vazirlik rasmiy saytida jonli yoyin qilindi.

Mogilyukka ko‘ra, ekologiya jamoatchiligi tinglovlar bo‘lishini ijtimoiy tarmoqdagi e’londan bilib qolgan, e’lon esa tuman akimati nomidan joylashtirilgan bo‘lib, bu qonunbuzarlik sanaladi.

“Vazir bilan uchrashuvda loyiha jamoatchilik bilan risoladagidek, ya’ni Qozog‘iston Ekologiya kodeksi va Orxus konvensiyasiga rioya qilgan holda muhokama etilishi lozimligi masalasini ko‘tardim. 28-fevralga belgilanib, keyin qoldirilgan tinglovlarni tashkil qilishda juda qo‘pol qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘yilgan. Muhokamaga shunaqa yengil qarab bo‘ladimi axir?!” deydi Mogilyuk Ozodlik bilan suhbatda.

Мишустин Ўзбекистондаги АЭС лойиҳасини тезлаштиришга чақирди. Экспертлар хавотирда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:09:07 0:00

Tashkilot 18-fevralda e’lon qilgan “Qozog‘istonda atom elektr stansiyalari qurilishiga muddatsiz moratoriy kiritilishini talab qilamiz” nomli onlayn-petitsiya ham shunday chaqiriqlar bor. Bugungacha petitsiyani qariyb 2,5 ming kishi qo‘llab-quvvatlagan, 600 kishi esa moratoriy joriy etilishiga qarshi ovoz bergan.

Faollar hukumat jamoat tinglovlarini faqat Jambul tumani va Ulken qishlog‘i aholisi ishtirokida o‘tkazmoqchi bo‘lganidan qattiq norozi.

“Go‘yo bu mamlakatning butun aholisiga tegishli emasdek, go‘yo bizning ovozimiz hech nimaga arzimaydigandek. AES qurilishi qozog‘istonliklar va chegaradosh qo‘shnilarimiz hayoti va sog‘lig‘iga, mamlakat xavfsizligiga tahdid soladi. Dunyo Chernobil va Fukusima fojialarini boshidan kechirdi, hozirda esa Zaporojye AES misolida yadroviy shantajga guvoh bo‘lib turibmiz”, deyiladi petitsiyada.

Zaporojye AESni Rossiya qo‘shinlari 2022-yil mart oyida bosib olgan. O‘shandan beri Kiev bilan Moskva AES atrofidagi hududlar o‘qqa tutilishida bir-birini ayblab keladi va bu boshqa mamlakatlar, jumladan Qozog‘istonda ham xavotir uyg‘otmoqda.

Ushbu petitsiyadan so‘ng, 25-fevralda Qozog‘istonda AES qurilishi tarafdorlarining ham petitsiyasi e’lon qilindi. Unda Svetlana Xekkuraynen ismli muallif Ulken qishlog‘i ahli nomidan “atom elektr stansiyasi qurilmasa, yaqin orada biz ulkan energiya tanqisligiga yo‘liqamiz”, deb yozadi. Hukumat AES qurish zarurligini hamisha taxminan shu shaklda izohlab keladi. Mazkur petitsiyani 500 dan ortiq kishi ma’qullagan va 400 dan ziyod kishi qarshi ovoz bergan.

Qozog‘iston hukumatining AES qurish rejasi avvalboshdan jamoatchilik qarshiligiga uchramoqda. Faollar, ekologlar va ekspertlar AESning xavfsiz va tijorat nuqtai nazaridan foydali bo‘lishiga ishonishmayapti. 2019-yil aprelda prezident Qasim-Jomart Toqayev aholi roziligisiz qaror qabul qilinmasligini aytgan bo‘lsa, oradan ikki yarim yil o‘tgach, Rossiyadagi forumda qilgan chiqishida qat’iy qilib: “Bizga AES kerak”, dedi. O‘tgan yili esa, chet el investorlari kengashi yig‘ilishida Qozog‘iston AES qurilajak joyni tanlaganini, potensial ta’minotchilarning texologiyalarini o‘rganayotganini va 2023- yildayoq qurilish boshlanishini bildirdi.

Keyinroq Qozog‘istonda AESni xalqaro konsorsium qurishi ma’lum qilindi. Unga Xitoyning China National Nuclear Corporation, Janubiy Koreyaning KHNP (Korea Hydro & Nuclear Power), Fransiyaning EDF (Electricite de France) hamda Rossiyaing “Rosatom” shirkatlari kiradi.

Qator ekspertlar Markaziy Osiyoda atom stansiyasi qurish natijasida atrof-muhitga zarar etishini, qolaversa, respublikalar reaktorni qurgan davlatga o‘nlab yillar qaram bo‘lib qolishini urg‘ulab, ushbu loyihalarni “juda qaltis” deya baholaydilar.

XS
SM
MD
LG