Линклар

Шошилинч хабар
16 декабр 2024, Тошкент вақти: 10:27

HRW: O‘zbek xavfsizlik kuchlari Qoraqalpog‘istonda "haddan tashqari" kuch ishlatgan


O‘zbekiston xavfsizlik kuchlari hukumat tomonidan uyushtirilgan press-tur chog‘ida yo‘lni qo‘riqlamoqda. Nukus, Qoraqalpog‘iston, 6-iyul , 2022-yil.
O‘zbekiston xavfsizlik kuchlari hukumat tomonidan uyushtirilgan press-tur chog‘ida yo‘lni qo‘riqlamoqda. Nukus, Qoraqalpog‘iston, 6-iyul , 2022-yil.

Qarorgohi Nyu-Yorkda joylashgan Hyuman Rayts Uotch (HRW) inson huquqlari tashkiloti O‘zbekiston xavfsizlik kuchlarini shu yil iyunida Qoraqalpog‘istonda yuz bergan norozilik namoyishlarini bostirish chog‘ida "haddan tashqari va halokatli" kuch ishlatganlikda ayblab chiqdi.

Tashkilot O‘zbekiston hukumatini voqealar yuzasidan mustaqil tergov o‘tkazish, jumladan xavfsizlik kuchlarining harakatlarini tekshirishga chaqirmoqda.

7-noyabr kuni e’lon qilgan hisobotda "Qoraqalpog‘iston avtonom respublikasida 2022- yilning 1 va 2-iyulida asosan tinch o‘tgan namoyishlarni tarqatish uchun O‘zbekiston xavfsizlik kuchlari asossiz ravishda o‘limga olib keluvchi kuch ishlatgani va boshqa haddan tashqari choralarni ko‘rgani" aytiladi.

Hyuman Rayts Uotchga ko‘ra, O‘zbekiston xavfsizlik tizimlarining namoyishchilarga qarshi "o‘qotar qurollar va turli granatalar"dan foydalanganini oqlab bo‘lmaydi. Bu kabi qurollar, hisobotda ta’kidlanishicha, ehtiyot choralari ko‘rilmagani taqdirda og‘ir jarohatlar va o‘lim holatlariga olib kelishi mumkin.

Қорақалпоғистон: Қонли намойишлардан бир ой ўтиб кўплаб саволлар очиқ қолмоқда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:08:58 0:00

Mustaqil tergov talabi

"Xavfsizlik kuchlari javob chorasi o‘laroq ehtiyotsiz foydalanganda og‘ir jarohat va o‘limga olib kelishi mumkin bo‘lgan o‘qotar qurol va har-xil turdagi granatalarni nojo‘ya ishlatgan. Kamida 21 kishi nobud bo‘lgan, jumladan, 4 nafar huquq-tartibot xodimi; 270 dan ortiq kishi jarohatlangan. O‘zbekiston ushbu hodisalar, jumladan, xavfsizlik kuchlarining xatti-harakatlari bo‘yicha mustaqil tergov o‘tkazishi kerak", deyiladi hisobotda.

Hyuman Rayts Uotch shuningdek, O‘zbekiston hukumati odamlar ommaviy to‘plangan joylarda granatalarning ma’lum toifalaridan foydalanish masalasini zudlik bilan qayta ko‘rib chiqishi kerakligini aytgan.

"Qoraqalpog‘istonda iyul oyida ko‘p odam halok bo‘lgan va yuzlab odam yaralangan – ba’zilari o‘ta dahshatli jarohat olgan", - dedi Human Rights Watch tashkilotining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha direktori Xyu Uilyamson.

Uning so‘zlariga ko‘ra, "voqealar qanday sodir bo‘lganini tegishli tartibda tergov qilish va jiddiy qonun buzilishlari uchun mas’ul shaxslarning javobgarlikka tortilishini ta’minlash O‘zbekistonning jabrlanganlar oldidagi qarzidir".

Human Rights Watch O‘zbekiston parlamenti Qoraqalpog‘istonda iyul oyida sodir bo‘lgan voqealarni tekshirish uchun tuzgan maxsus komissiyaning mustaqilligini savol ostiga olgan. Hisobotda "14 kishidan iborat komissiya a’zolari orasida mansabdor shaxslar, senatorlar, fuqarolik jamiyati vakillari va ekspertlar borligi" qayd etiladi. Ayni paytda "komissiya yakuniy hisobot chiqargani ham, uni qachon e’lon qilishni rejalashtirilayotganini ham ma’lum qilgani yo‘q".

Қорақалпоқ ёзувчиси: Одамлар норози бўлмаса кўчага чиқмайди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:21:15 0:00

"Ochiq yaralar"

Human Rights Watch Nukus shahri va uning atrofidagi tumanlarda sodir bo‘lgan voqealar qatnashchilari yoki guvohlari tomonidan yozib olingan, 1-iyuldan to 1- avgustgacha ijtimoiy media platformalariga yuklangan, o‘lgan va yaralangan namoyishchilar hamda qo‘llanilgan qurollar aks etgan 55 ta videoni hamda qo‘shimcha 31 ta video 30 ta suratni tahlil qilgan.

Tashkilot vizual dalillarni mustaqil tibbiy tahlil qilish orqali "odamlarning to‘qimalari portlovchi moddalar keltirib chiqaradigan jarohatga mos keladigan tarzda jiddiy shikastlangan, va ehtimol, ular halok bo‘lgan yettita holatni aniqlagani"ni aytgan.

Jumladan, Nukusdagi "Toshkent" mehmonxonasi yaqinida suratga olinib, 1-avgust kuni Twitterga yuklangan, namoyishchilar teri kesilishi va ochiq yaralar kabi og‘ir jarohat olgani aks etgan ikki videoni tasdiqlagan.

"Videolardagi jarohatlar portlovchi moddalarni qo‘llash orqali yetkazilgan zararga mos keladi. Bu granatalar yorug‘lik/shovqin, kontuziya, ovozli bombalar yoki karaxt qiluvchi granatalar deb turlicha nomlanadi hamda qo‘lda yoki granatomyot yordamida otiladi. Granatalar olomonga yaqin joylarda portlagan. Ayrim hollarda granatalar namoyishchilarga borib urilganidan keyin portlagan", deyiladi hisobotda.

Tashkilot Nukusdan 65 kilometr shimoli-g‘arbda joylashgan Qanliko‘lda va Nukus markazidagi qoraqalpoq shoiri Berdaq haykali yonida sodir bo‘lgan yana ikki hodisani tasdiqlaganini aytmoqda. Bu hodisalar davomida namoyishchilarni tarqatish uchun xavfsizlik kuchlari granatomyot yordamida otiladigan yorug‘lik/shovqin granatalari hamda tovush zaryadlaridan foydalangani aytiladi.

Bundan tashqari, - deyiladi hisobotda, - Human Rights Watch tashkiloti namoyishlar davomida foydalanilgan va jiddiy jarohat yetkazishi yoki o‘limga olib kelishi mumkin bo‘lgan, ayrimlari Bolgariyada joylashgan "Arsenal AD" shirkati tomonidan ishlab chiqariladigan va sezilarli darajada og‘irroq bo‘lgan granatalarning ikki turini aniqladi. 25–50 gramm keladigan standart granatalar qiyoslaganda, ushbu granatalarning har birining og‘irligi 250–280 grammni tashkil qiladi. Tezlik va massa kombinatsiyasi shuni anglatadiki, bunday granatalar nisbatan qisqa masofada namoyishchilarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tegsa, o‘ta halokatli jarohat yetkazishi va o‘limga olib kelishi mumkin bo‘lgan zarba berishi mumkin. Human Rights Watch kamida bitta namoyishchi mana shunday og‘irroq granatadan o‘lgan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatuvchi dalillarni aniqladi".

Inson huquqlari tashkilotiga ko‘ra, "O‘zbekiston o‘z fikrini tinch yo‘l bilan ifodalash va yig‘ilishlar o‘tkazish huquqlarini hurmat qilishga majbur". Hisobotda aytilishicha, "kichik o‘qotar qurollar va granatalardan nomaqbul foydalanilgani O‘zbekistonning bir qancha xalqaro inson huquqlari bo‘yicha majburiyatlarining buzilishidir".

O‘zbekiston rasmiylari hozircha HRW hisobotiga munosabat bildirgani yo‘q.

Avvalroq kuch tizimlari vakillari Qoraqalpog‘istonda zo‘ravonliklarga aylanib ketgan namoyish qatnashchilariga nisbatan haddan tashqari kuch ishlatilgani va jangovar qurollar ishga solingani haqidagi xabar va iddaolarni rad etishgan.

Ayni paytda prezident Shavkat Mirziyoyev haddan tashqari kuch ishlatilgan holatlar tasdiqlangani taqdirda, mas’ul xodimlar "amaldagi qonunchilikka muvofiq javobgarlikka tortilishini" aytgan.

“Kuch tuzilmalarining harakatlari ham chuqur tahlil qilinsin. Agar ular tomonidan noto‘g‘ri kuch ishlatilgan bo‘lsa, amaldagi qonunchilikka asosan ularning ham jinoiy javobgarligi ta’minlansin", deya Mirziyoyevning 6-iyul kungi chiqishidan iqtibos keltirgan Prezident matbuot xizmati.

Hozirga qadar Qoraqalpog‘istondagi voqealar yuzasidan biron hokimiyat vakili yoki kuch tizimlari xodimiga chora ko‘rilgani yoki ularning xatti-harakatlariga huquqiy baho berilgani ma’lum emas.

  • Shu yilning 26-iyun kuni jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan O‘zbekiston konstitutsiyasi yangi tahririda Qoraqalpog‘istonning suveren maqomi va referendum orqali O‘zbekistondan ajralib chiqishiga doir moddalarga taklif qilingan o‘zgarish shu kunning o‘zida ijtimoiy tarmoqlarning qoraqalpoq segmentida qizg‘in muhokama va noroziliklarga sabab bo‘ldi;
  • 1-iyul kuni Nukus markazida konstitutsiyaviy o‘zgartishlarga qarshi tinch namoyishlarga chaqirgan «El xizmetinde» gazetasi redaktori va faol Dauletmurat Tajimuratov hibsga olindi. Nukus markazida to‘plangan ko‘p sonli olomonning noroziliklari ortidan Tajimuratov qo‘yib yuborildi;
  • O‘zbekiston Bosh prokuraturasi versiyasiga ko‘ra, Tajimuratov "noqonuniy namoyishlarga chaqirgani uchun hibsga olingan. Tarafdorlari u qo‘yib yuborilganidan so‘ng ham "tartibsizliklarni davom ettirishgan, kuch tizimlariga faol qarshilik ko‘rsatganlar va O‘zbekiston Respublikasining amaldagi davlat tuzumini o‘zgartirish va hokimiyatni ochiqcha bosib olishga uringanlar";
  • 1-iyul kechasi O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Nukusdagi namoyishlar yuzasidan bayonot berib, yuz bergan voqealarga “konstitutsiyaviy islohotlar mohiyatini noto‘g‘ri talqin qilish” sabab bo‘lganini bildirdi. Vazirlik jamoat tartibini saqlash uchun qo‘shimcha kuchlar yuborilganini tasdiqladi;
  • 2-iyul kuni Nukusga etib borgan prezident Shavkat Mirziyoyev Konstitutsiya loyihasidagi Qoraqalpog‘iston Respublikasining huquqiy maqomiga oid 70, 71, 72, 74, 75-moddalari o‘zgarishsiz qoldirilishini e’lon qildi. Ammo 2-iyul tunida tarmoqlarda tarqagan videolardan prezidentning yon berishi norozilik namoyishlarini to‘xtata olmagani ko‘riladi;
  • Prezident Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida 2022-yil 3-iyul kuni soat 00:01 dan favqulodda holat e’lon qilish haqidagi farmonni imzoladi. Favqulodda holat 2022-yil 2-avgust kuni soat 00:00 ga qadar davom etishi bildirildi;
  • 4-iyul kuni Milliy Gvardiya va Bosh prokuratura Nukusdagi voqeaalarda 18 kishi halok bo‘lgani va 243 kishi yaralanganini ma’lum qildi; tan jarohati olganlarning 38 nafari huquq-tartibot xodimlari; 500 dan ortiq odam ushlangan;
  • Yevropa Ittifoqi, BMT, AQSh va xalqaro inson huquqlari tashkilotlari Qoraqalpog‘istondagi voqealar yuzasidan ochiq, har tomonlama va shaffof tergov o‘tkazishga chaqirdi.
  • 6-iyul kuni prezident Mirziyoyev Qoraqalpog‘istondagi voqealar yuzasidan tergovga jamoatchilik vakillari jalb qilinishi, kuch tuzilmalarining harakatlari tahlil qilinishini aytdi;
  • 16-iyul kuni O‘zbekiston Oliy Majlisining qonunchilik palatasi voqealarni o‘rganish uchun mustaqil komissiya tuzilganini e’lon qildi.

1-2-iyul kuni Nukusda yuz bergan voqealar O‘zbekistonda 2005-yil mayidagi Andijon voqealaridan buyon sodir bo‘lgan eng yirik zo‘ravonliklardir.

O‘zbek rasmiylari namoyishchilarga qarata o‘t ochilganini rad etishgan, Milliy Gvardiya, IIV hamda Mudofaa vazirligi namoyishlarni bostirish chog‘ida qo‘llangan maxsus vositalarni namoyish etgan.

O‘zbekistonning AQShdagi elchisi Javlon Vahobov namoyishlar "tinch boshlangani"ni e’tirof etgan va voqealar yuzasidan AQSh Kongressiga maxsus hisobot taqdim etilishini bildirgan.

Qo‘shni davlatlar, Rossiya va Xitoy voqealar bo‘yicha O‘zbekiston hukumatining rasmiy pozitsiyasini qo‘llab quvvatlagan, Qo‘shma Shtatlar O‘zbekistonning hududiy butunligi va suverenitetini dastaklashini bildirgan.

XS
SM
MD
LG