Линклар

Шошилинч хабар
16 декабр 2024, Тошкент вақти: 18:56

Qirg‘iziston Bosh prokuraturasi sobiq prezident Ro‘za O‘tunbayeva dohil Muvaqqat hukumat a’zolarining mol-mulkini tekshirmoqda


Qirg‘izistonda 2010-yilda iqtidorda bo‘lgan Muvaqqat hukumat a’zolari.
Qirg‘izistonda 2010-yilda iqtidorda bo‘lgan Muvaqqat hukumat a’zolari.

Qirg‘iziston Bosh prokuraturasi sobiq prezident Ro‘za O‘tunbayeva dohil Muvaqqat hukumat a’zolarining mol-mulkini tekshirish jarayoni boshlanganini ma’lum qildi.

Bosh prokuraturaning bu borada Davlat ro‘yxatga olish xizmatiga yuborgan maktubi internetda e’lon qilindi. Unda, Jinoiy kodeksning 337-moddasi (“Xizmat lavozimini suiiste’mol qilish”) bilan ochilgan jinoyat ishi bo‘yicha ro‘yxatdagi siyosatchilarning mamlakat hududidagi mol-mulki to‘g‘risida rasmiy ma’lumot berish so‘ralgan.

Ro‘yxatda 2010-yilda hokimiyatga kelgan sobiq prezident Ro‘za O‘tunbayeva, 2011-yildan 2017-yilgacha mamlakatni boshqargan sobiq prezident Almazbek Atambayev, 2010-yilda iqtidorda bo‘lgan Muvaqqat hukumat a’zolari Ismail Isakov, Baqtibek Alimbekov, Bektur Asanov, Keneshbek Duysho‘bayev, Azimbek Beknazarov, Baytemir Ibrayev va Qubatbek Baybolov qayd etilgan.

Jinoyat ishi O‘sh voqealarini qayta tergov qilish doirasida ochilgani aytilmoqda.

"Sobiqlarning mulki musodara qilinish uchun tekshirilmayapti"

Ba’zi mahalliy nashrlar o‘z manbalariga tayangan holda, prokuratura tilga olingan siyosatchilarning mulkini hibs qilish uchun aniqlashtirish ishlari olib borilayotgani to‘g‘risida xabar berdi.

Lekin Bosh prokuratura bu ma’lumotlarni inkor qilib, internetda e’lon qilingan hujat yuzasidan izox berdi.

“Tergov jinoyat ishi yuzasidan tekshirilayotgan odamlarni Jinoiy kodeks asosida shaxsi, avval sudlangani, ular nomiga ro‘yxatga olingan mulki va boshqa masalalarni aniqlanishi kerak. Shu sababli, jinoyat ishi doirasida tergovchi turli davlat organlariga bu kabi so‘rovnomalarni yuborishga mas’ul”, - deyiladi Bosh prokuratura bildiruvida.

Muxolifat tergovni "siyosiy bosim" sifatida baholamoqda

20-may kuni prokuratura O‘sh voqeasi yuzasidan ochilgan yangi jinoyat ishi doirasida 2010-yildagi muvaqqat hukumatning uch a’zosi - generallar Keneshbek Duysho‘bayev va Ismail Isakov hamda siyosatchi Bektur Asanovga “xizmat lavozimini suiistemol qilish” moddasi bo‘yicha ayblov bildirgan. Bu uch siyosatchi ayni paytdagi hukumatga muxolifatdadir.

Ayblanayotganlardan biri - 2010-yilda maxsus xizmatlarni boshqargan Keneshbek Duysho‘bayev buni siyosiy bosim sifatida baholamoqda:

“Hozir mol-mulkimiz xibs qilinmadi. Bularning barchasi isbotsiz, noqonuniy bo‘lyapti. Biz muxolifatda yurganimiz uchun, buni bosim sifatida baholayapmiz. Sudda o‘z haqiqatimizni aytishga harakat qilamiz. Kim aybdor ekanini o‘shanda ko‘ramiz”, - dedi Duysho‘bayev.

Tashiyev "Millatlararo nizo sodir etilganiga Muvaqqat hukumat mas’ul"

Aprel oyida Bosh prokuratura 2010-yildagi O‘sh fojiasiga doir qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi tergovi davom etayotganini bildirgan.

Iyun voqeasi yuzasidan 2010-yilda lavozimda bo‘lgan jami yigirmaga yaqin siyosatchi so‘roq qilingan. Ular orasida amaldagi prezident Sadir Japarov va Maxsus xizmat rahbari Qamchibek Tashiyev ham bor.

Tashiyev so‘roqdan chiqqach jurnalistlarga bergan suhbatida O‘sh voqealari uchun mas’uliyatni Muvaqqat hukumat a’zolari zimmasiga yuklagan:

"Muvaqqat hukumat o‘z hokimyatini, ta’sirini saqlab qolishga uringan va mahalliy separatistlarni qo‘llab, ularning imkoniyatlaridan foydalangisi kelgan. Shu sababli millatlararo janjal chiqqan".

Muvaqqat hukumatda Bosh prokuraturani boshqargan Qubatbek Baybolov 2010-yilning iyulida Jalolobod viloyatida bir oy komendant ham bo‘lgan. Baybolov so‘nggi besh yildan beri siyosatga aralashmaganini bildirib, nazorat organining mulklarni aniqlash bo‘yicha ro‘yxatiga nima sababdan qo‘shilib qolganini tushunmayotganini aytdi.

Roza O‘tunbayeva hozircha eks-prezident maqomini saqlab qolmoqda

Bosh prokuraturaning to‘qqiz siyosatchi mulklarini aniqlash bo‘yicha ro‘yxatida 2010-yil Muvaqqat hukumat teppasida bo‘lgan eks-prezident Ro‘za O‘tunbayeva ham bor.

Qirg‘iziston qonunlariga muvofiq, eks-prezident maqomi bo‘lgan davrda daxlsizlik kafolatlangan. Ya’ni u lavozimda sodir etgan jinoyati uchun javobgarlikka tortilmaydi, so‘roq qilinmaydi hamda uyi tintilmaydi. Biroq eks-prezident maqomidan ajratilganidan keyin jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin.

Hozirda Almazbek Atambayevning eks-prezident maqomi bekor qilingan va u qator jinoyatlarda ayblanib, sud qilinmoqda.

Fuqarolik jamiyati: Biz qayta tergovdan boshqa narsalarni kutgandik

Jamoatchilik orasida, ayniqsa, Atambayev hokimiyat teppasida turganida, O‘sh voqealarining kelib chiqish sabablari qayta tergov qilinishi shartligi, unga Muvaqqat hukumat javobgar ekani tez-tez aytib turilgan.

Ammo qirg‘izistonlik faol Adil Turduqulov joriy tergov muxolifatni zaiflashtirish maqsadida olib borilayotgan bo‘lishi ham ehtimoldan holi emas, deb hisoblaydi:

“Muvaqqat hukumat kollektiv javobgarlikni o‘z zimmasiga olgan edi. Demak, ayblov Muvaqqat hukumatning barcha a’zolariga bildirilishi lozim edi. Biroq bunday bo‘lmadi. Masalan, Tekebayev va Baysalov tergovdan tashqarida qolmoqda. Ularga "sizlar muxolifatga qo‘shiladigan bo‘lsanglar, shunday jinoyat ishi ochiladi” degan mujda berilayotganday, go‘yo”.

Qirg‘izistonning Germaniyadagi elchisi O‘murbek Tekebayev 2010-yilda Muvaqqat hukumat rahbari o‘rinbosari, amaldagi Ministrlar kabineti raisi o‘rinbosari Edil Baysalov esa Muvaqqat hukumat ma’muriyati boshlig‘i bo‘lgan.

O‘sh voqeasida ayblanib qamalgan ko‘plab odamlar huquqini himoya qilgan huquq faoli Aziza Abdrasulova hozirgi hukumat iyunь voqealari tergovini oxiriga yetkazishiga ishonmaydi. Huquq faoli qonli voqealardan siyosiy manfaatlar uchun foydalanish davom etayotganini aytadi:

“Besh mingga yaqin ochilgan jinoyat ishining 1,5% gina fosh qilingan. Bu hukumatning qo‘lidan hech narsa kelmaydi. Bu faqat siyosiy qaror bo‘ladi. Bunga qadar “Milliy komissiya”, “Parlament komissiyasi”, “Xalqaro komissiya” O‘sh voqeasi yuzasidan uch siyosiy qaror chiqargan. Iyun voqeasida jabrlangan minglab odam umid qilib o‘tiribdi. “Mening uyimni yondirib ketganlar, qizimni zo‘rlab ketganlar, bo‘lamni yoqib yuborganlarni topishar ekanu”, deb umid qilishyapti. Men aminman, ularni topa olishmaydi. Men Sadir Japarovdan halqni birlashtirishga bo‘lgan harakatni kutgandim”.

Jurnalist va huquq himoyachisi Abdumo‘min Mamaraimov iyun voqeasi yuzasidan qayta tergov avvalgi sud ishlariga e’tibor qaratishi lozimligini aytadi:

“Iyun voqealari yuzasidan ish qayta ko‘rib chiqilishini eshitganda, sudlanganlar vaziyati ko‘rib chiqiladi deb o‘ylagandik. Huquq himoyachisi sifatida ko‘p yil ular bilan ishladik-ku, qamalganlar orasida aybi isbotlanmay, qiynoqqa solingani oqibatida ayblovni majburan tan olganlar ham bor. Ko‘pchiligi jazo muddati tugab, ozodlikka chiqdi. Biroq umrining oxirigacha qamalgan 40dan ortiq odam bor. Ularning taqdiri ham ko‘rib chiqilarmikin deb o‘ylagan edim. Afsuski bunday bo‘lmayapti. Masalan,hamkasbimiz Azimjon Asqarov qamoqxonada vafot etdi. U kishining aybdor ekaniga dalil yo‘q. Uning ishi ham qayta ko‘rib chiqilishi kerak”.

2010-yilning aprel oyida norozilik namoyishlaridan keyin Qig‘izistonda prezident Qurmanbek Bakiyev hokimiyatdan ag‘darilgan va hukumat almashgan. O‘sha yilning iyunida O‘sh va Jalolobod viloyatlarida millatlararo nizo chiqqan.

Iyun voqeasi yoki O‘sh voqealari, O‘sh fojiasi degan nom bilan tarixda qolgan mazkur mudhish voqeada rasmiy hisob bo‘yicha 446 odam vafot etgan, 2 minga yaqin odam turli jarohat olgan. 57 odam bedarak yo‘qolib, shu kungacha ularning 19tasi topilmagan.

2010- yil 7-apreldan keyin hukumat tepasiga kelgan Muvaqqat hukumat tarkibiga 14 odam kirgan. Ular: Ro‘za O‘tunbayeva, Almazbek Atambayev, O‘murbek Tekebayev, Temir Sariev, Azimbek Beknazarov, Ismail Isakov, Abdig‘ani Erkebaev, Elmira Ibraimova, Keneshbek Duysho‘bayev, Emilbek Kaptag‘ayev, Bolot Sher, Duysho‘nqul Cho‘to‘nov, Isa O‘murqulov, To‘pchubek Turg‘unaliyevdir.

XS
SM
MD
LG