Линклар

Шошилинч хабар
16 декабр 2024, Тошкент вақти: 15:02

Qirg‘iziston Afg‘onistondagi Pomir qirg‘izlarini tarixiy vataniga ko‘chirib kelmoqchi


Afg‘onistondagi Pomir qirg‘izlarining farzandlari.
Afg‘onistondagi Pomir qirg‘izlarining farzandlari.

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Afg‘onistondagi millatdoshlarning barchasini Qirg‘izistonga ko‘chirib kelish rejasini e’lon qildi. Bu haqda u Afg‘oniston Pomiridan Qirg‘izistonning Oloy tumaniga ko‘chirib kelingan etnik qirg‘izlar bilan uchrashuvi chog‘ida gapirdi.

Prezidentga ko‘ra, Pomir qirg‘izlari deb ataluvchi Afg‘onistonda yashovchi qirg‘izlar “yo‘q bo‘lib ketish” arafasida. Qirg‘iziston hukumati bunga “yo‘l qo‘ya olmaydi”.

Ayni paytda afg‘on qirg‘izlari orasida Qirg‘izistonga ko‘chishni istamaganlar ham ko‘pligi ma’lum bo‘ldi.

Prezident Sadir Japarov joriy yilning qish mavsumigacha pomirlik qirg‘izlarni to‘laligicha Qirg‘izistonga ko‘chirib kelish rejasini e’lon qildi. Buni u "yo‘qolib borayotgan millatdoshlarni saqlab qolish harakati” deya izohladi.

"Og‘ir turmush sharoiti oqibatida qirg‘izlar Pomirda yo‘qolib ketish arafasida, desak ham bo‘ladi. Yo‘qolib borayotgan qirg‘izlarni ko‘chirib kelishni orzu qilardim.Xudo xohlasa yaqin orada buni bajaraman. O‘z nazoratimga olaman. Mablag‘imiz bor. Qayerdan mablag‘ olamiz, qanday ko‘chirib kelamiz, qanday joylashtiramiz, barcha manbalarni topib qo‘ydik. Barcha yaxshi sharoitlarni yaratib beramiz”, -dedi Japarov bir necha kun oldin Pomirdan Qirg‘izistonning Oloy tumaniga ko‘chirib kelingan etnik qirg‘izlar bilan uchrashuvi chog‘ida.

U, shuningdek, Afg‘onistondan kelgan millatdoshlariga Qirg‘iziston fuqaroligini berish masalasini tezlatishni va’da qildi.

Бишкек: Қирғиз-ўзбек чегарасида муаммо қолмади
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:06:26 0:00

Afg‘onistondan Qirg‘izistonga ko‘chib, hozir Bishkekdagi Oliy o‘quv yurtida tahsil olayotgan Turganbay Abdulvahid o‘g‘li pomirliklarning barchasi bir qishloqqa joylashtirilsa, Qirg‘izistonga moslashishi oson bo‘ladi degan fikrda:

"Bungacha bo‘lgan prezidentlarning birontasi ham pomirliklardan hol-ahvol so‘ragan emas. Sadir Japarov Pomirdan kelgan qirg‘izlarning uyigacha borib, har birining fikrini so‘radi. Buni ular juda iliq qabul qilishdi. Prezident pomirlik qirg‘izlarni bir qishloqqa joylashtirib, to‘liq sharoit tuzib berishini aytdi”, - dedi Abdulvahid o‘g‘li.

Pomirdagi qirg‘izlar tarixiy vataniga 2017 - yilda ko‘chib kela boshlagan. Qirg‘iz hukumati o‘tgan yili O‘sh viloyatining Oloy tumanidagi Taldisuv qishlog‘ida 11 uy qurib, u yerga 17 oilani joylashtirgan.

Afg‘on qirg‘izlari hayotini kuzatib kelayotgan faol Aqilay Karimova millatdoshlarini Qirg‘iziston sharoitiga moslashtirish, ularni jamoatchilikka aralashtirish uchun maxsus reja-dasturga ehtiyoj bor deb hisoblaydi:

“Ularni ko‘chirib kelish umuman muammo emas. Ularni jamoatchilikka aralashtirish muammo. Faqat bir millatdan ekanimizni inobatga olmasa, ular bilan bizni hech narsa birlashtirmaydi. Biz umuman boshqamiz. Ular bilan bizning yashash tarzimiz boshqacha.Ularni olib kelgandan keyin, qandaydir dastur ishlab chiqish lozim”.

Afg‘on qirg‘izlarining Qobuldagi vakili, afg‘on parlamentning sobiq deputati, marhum Turdaqun hoji Atabek o‘g‘lining farzandi Abduvahid Turdaqun o‘g‘li ham 2017 - yili Qirg‘izistonga kelib, Norinda yashab qolgan. U Pomir qirg‘izlarini Qirg‘izistonga ko‘chirish o‘rniga, ularga o‘sha yerda sharoit yaratib berish to‘g‘ri bo‘lishini aytadi:

“Barchasini olib kelish kerak degan so‘zlarga qo‘shilavermayman. Menimcha, afg‘on hukumati bilan qirg‘iz hukumati so‘zlashib, Pomirni avtonom viloyat qilib olsa, bu yerga qurib beriluvchi uylarni, shu yerda beriluvchi yordamlarni o‘sha yerda qilsa yaxshi bo‘lardi. Pomir ham qirg‘izning yeri. Shu sababli qirg‘iz vakilligi yoki qirg‘iz millati o‘sha Afg‘onistonda yashab tursa Qirg‘izistonga ham foyda bo‘lar edi”.

Uning fikricha, Pomirdagi qirg‘izlarning qariyb 70 foizi ko‘chib kelishni istamasligi mumkin.

Pomir qirg‘izlari — 1575-1930 - yillar oraligida Afg‘onistonga doimiy yashash uchun ketgan qirg‘izlarning avlodlari. Ular sharoiti og‘ir, bilim olish va tibbiy xizmat imkoniyati deyarli bo‘lmagan Katta va Kichik Pomir tog‘larida yashaydi.

2019 - yil oxirida 50 odamdan iborat 11 pomirlik oila Oloy tumanining Sarimo‘g‘o‘l qishlog‘iga ko‘chirib kelingan. 2017 - yili Noringa 50 pomirlik qirg‘iz olib kelinib, yotoqxonaga joylashtirilgan. Keyinroq ularning bir guruhi Afg‘onistonga qaytib ketgan.

Ayrim ma’lumotlarga qaraganda, Pomir qirg‘izlarining umumiy soni 67 ming atrofida. Ulardan 65 minggi Tojikiston hududida, 2 minggi Afg‘oniston hududida yashaydi.

XS
SM
MD
LG