Линклар

Шошилинч хабар
16 декабр 2024, Тошкент вақти: 20:03

Qirg‘iz hukumati: Islom Karimov qarshi bo‘lgan “Qambarota-1” GESini qurishga Shavkat Mirziyoyev rozi bo‘ldi


Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov 11 - mart kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan Toshkentda uchrashdi.
Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov 11 - mart kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan Toshkentda uchrashdi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev marhum prezident Islom Karimov qarshi bo‘lgan “Qambarota-1” GESi qurilishida Qirg‘iziston bilan hamkorlik qilishga rozilik bildirgani haqida qo‘shni davlat prezidenti Sadir Japarov Ozodlik radiosi qirg‘iz xizmatiga 15 - mart kuni bergan intervyusida ma’lum qildi.

Sadir Japarovning 11-12 - mart kunlari Toshkentga qilgan safari chog‘ida bu borada prinsipial kelishuvga erishilgan. Sadir Japarov Ozodlik radiosi qirg‘iz xizmatiga bergan intervyusida bu yo‘nalishdagi ishlar boshlangani to‘g‘risida aytgan.

13 - mart kuni O‘zbekiston Energetika vaziri Bishkekda "Qambarota" bo‘yicha navbatdagi shartnomani imzoladi

-Biz “Qambaota-1” GESini O‘zbekiston bilan birga qurish to‘g‘risida shartnomaga erishdik. Hozir ish boshlandi. Hudo hoxlasa, “Qambarota-1” GESini uch yil ichida qurishni maqsad qildik. Bu loyiha to‘liq amalga oshadi. 30 yildan beri amalga oshmay qolib ketayotgan bu loyiha uch yilda qurib bitkaziladi, - dedi Sadir Japarov.

Qirg‘iz prezidentining Toshkent safaridan bir kun o‘tgach - 13 - mart kuni O‘zbekiston Energetika vaziri Alisher Sultonov rahbarligidagi delegatsiya Bishkekka keldi.

Alisher Sultonov Qirg‘iziston Energetika va sanoat vaziri Qubanichbek Turdubayev bilan uchrashib, “Qambarota-1” loyihasi yuzasidan hukumatlararo muvofiqlashtiruv qo‘mitasini tashkil etish to‘g‘risidagi bayonnomani imzoladi.

“O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida muvofiqlashtiruvchi kengash tashkil etilidi va bu kengash iyun oyigacha loyiha bo‘yicha o‘z takliflarini taqdim etadi. Hamkorlikning formati qanday bo‘ladi, investitsiya qanday jalb qilinadi, ayni shu masalalar yuzasidan takliflarni ishlab chiqishadi. Takliflar tayyor bo‘lgach, hukumatlararo komissiya maxsus qaror chiqaradi. Hozircha O‘zbekiston “Qambarota-1” loyihasida qanday ishtirok etishi haqida aniq ma’lumot yo‘q”, - dedi Qirg‘iziston Energetika va ishlab chiqarish vazirligi matbuot xizmati vakili Azamat Quramayev.

O‘zbekiston 2016 - yildan beri "Qambarota"ni hamkorlik qurishga va’da berib kelmoqda

Islom Karimov hukumronligi davrida O‘zbekiston hukumati va mutaxassis olimlari Qirg‘izistonda “Qambarota-1” GESining qurilishiga qarshi chiqqan edi. Islom Karimov mazkur GES quriladigan bo‘lsa O‘zbekiston suvsiz qolishi mumkinligini aytib kelgan.

“Qambarota-1” GESini O‘zbekiston bilan birga qurish borasidagi habar qirg‘iz jamiyatida turlicha qabul qilindi. Qirg‘izistonda bu ishni qo‘llovchilar bilan bir qatorda unga ishonmaganlar ham mavjud.

Energetika masalalari bo‘yicha ekspert Mirzatay Sultanaliyev bu tashabbusni qo‘llashini aytadi. Lekin unga ko‘ra, qurilishning uch yilda tamomlanishi haqidagi mujda ishonchsizdir.

“GESni O‘zbekiston bilan birgalikda qurish to‘g‘risida kelishuvga erishilgani quvonarli holatdir. Negaki o‘zimizda GESni qurishga mablag‘ yo‘q. Bu loyiha O‘zbekistonga ham foydali, shuning uchun qo‘shnilar bunga kirishyapti. Ammo Qirg‘iziston O‘zbekiston bilan birlashsa ham mazkur loyihani amalga oshirish uchun yetarli darajadagi mablag‘ yig‘a olmaydi. Bu loyihaga boshqa davlatlarni ham kiritishga majbur bo‘lishadi. Qolaversa, “uch yilda qurib bo‘lamiz” deyish bu utopiya. Uch yilda hech kim qura olmaydi, kamida 10-15 yil ketadi”, -dedi eskpert.

Siyosatshunos Askar Beshimov esa Qirg‘iziston hukumati O‘zbekiston bilan GES qurilishi yuzasidan erishilgan kelishuv shartlarini jamoatchilikka oshkor qilishi lozim, deb hisoblaydi.

“Qirg‘iziston O‘zbekiston bilan “chegarani uch oyda hal qilamiz, So‘xga koridor ochamiz” kabi kelishimlarni e’lon qildi. Ular orasida “Qambarota-1” GESini qurish bo‘yicha kelishim bo‘lganini ham aytishyapti. Biroq hozir hech qanday hujjatni ko‘rmadik. “O‘zbekiston ishtiroki qanday bo‘ladi? Ulush qanday bo‘linadi?”, degan savollarga javob yo‘q. Hujjatlarni ko‘rmaguncha biron narsa deyish qiyin. Agarda GESni to‘laligicha yoki 50% berib yuborsak, bu so‘zsiz qo‘shni mamlakatga qaram bo‘lishga olib boradi. Geosiyosiy, diplomatik jihatdan Qirg‘iziston uchun xavf paydo qiladi. Amaldagi Konstitutsiyaga muvofiq, bu hujjatlarning barchasi Jo‘g‘o‘rqu Keneshda ratifikatsiya qilishini lozim. Ular parlamentga kelgach, shartlari ham ochiq aytilishi kerak”, - deydi Beshimov.

Qirg‘iziston sobiq prezidenti Almazbek Atambayev davrida ham O‘zbekiston prezidentligiga yangi saylangan Shavkat Mirziyoyev “Qambaota-1” GESini hamkorlikda barpo etish masalasiga qiziqish bildirgani aytilgan edi.

Muxolifat GESni O‘zbekiston bilan hamkorlikda qurishga qarshi

Ayni paytda Qirg‘iziston muxolifatining eng nufuzli vakili bo‘lgan “Ata Meken” partiyasi GESni O‘zbekiston yoki boshqa davlatlar bilan hamkorlikda barpo etish g‘oyasiga qarshi chiqib kelmoqda.

“Bu yanglish yo‘l. Birinchidan, Qirg‘izistondan suv bo‘yicha qaram bo‘lgan mamlakatni suv nazorati va boshqaruviga yaqinlashtirmaslik zarur. Ikkinchidan, O‘zbekiston tuganmas zaxiramiz bo‘lgan suvni bizdan bekorga olyapti. Qirg‘iziston GESlarni qurish shartnomasiga o‘zining geografik joylashuvi va gidroresursi bilan qo‘shiladi. Ammo O‘zbekiston nima qo‘shadi? Hech narsa qo‘shmaydi, bekorga qo‘shiladi. Demak, bizning ulushimiz bebaho. GESni 5-10-mlrd. dollar qarz olib qursak va undan ishlab chiqarilgan elektr energiyani sotib, qarzdan qutulish mumkin. O‘zbekiston bilan hamkorlikda quradigan bo‘lsak, o‘zimizning do‘pimizni o‘zimizga kiydirib, bizning resursdan tushgan pul hisobidan qarzdan qutilgandan keyin, GESlarning yarmi bizniki, yarmi O‘zbekistonniki bo‘lib qoladi. Bu qanday milliy siyosat bo‘ladi?! Bu milliy manfaatlarni himoya qilish emas, aksincha sotqinlik bo‘ladi”, deyiladi partiya sahifasidagi ma’lumotda.

Tuya go‘shti yegan qurilish

Shavkat Mirziyoyev xokimiyatga kelganidan keyin 2017 - yilda O‘zbekiston "Qambarota- 1" GESini qurishda hamkorlik imkoniyatlarini o‘rganib chiqishi yuzasidan bayonot berilgan edi.

Bir necha yildirki Norin daryosiga qurilishi kerak bo‘lgan "Qambarota - 1" GESi loyihasi amalga oshmay turibdi. Quvvati 1860 megavattga teng stansiya qurilishi 1980 - yillar so‘nggida loyihalashtirilgan edi. Shundan beri loyiha muzlatilganicha turibdi.

"Qambarota-1" va "Yuqori Norin" GES kaskadini qurish masalasida Rossiya va Qirg‘iziston hukumatlari o‘rtasida 2012 - yilda kelishuvga erishilgan edi, o‘shanda har ikki obyekt Rossiyaning "RusGidro"si qurishiga kelishilgan edi. Biroq 2016 - yilda qirg‘iz tomonining tashabbusi bilan kelishuv bekor qilingan.

2017 - yilgacha O‘zbekiston ko‘p yillardan beri Qamborota GESi qurilishiga qarshi chiqib kelayotgandi.

XS
SM
MD
LG