Линклар

Шошилинч хабар
16 декабр 2024, Тошкент вақти: 19:48

Putin migratsiya siyosatini "to‘g‘rilash"ga buyruq berdi. Migrant ovi kuchayadi


Markaziy osiyolik migrantlarga qarshi reyd. 19-sentabr, 2013-yil.
Markaziy osiyolik migrantlarga qarshi reyd. 19-sentabr, 2013-yil.

Rossiya hukumati muhojirlar ustidan nazoratni kuchaytirish va mamlakatda bo‘lish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlikka oid qonunchilikni kuchaytirish niyatida. Bu haqda jurnalistlarga Rossiya prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi Nikolay Patrushev ma’lum qildi. Bu bayonot prezident Putinning “davlat migratsiya siyosati konsepsiyasini to‘g‘rilash zarurligi” va Ukraina bilan chegaradosh hududlarda «harbiy holat» joriy etilgani haqidagi bayonoti ortidan yangradi.

Huquq faollari mehnat muhojirlariga migratsiya qonunchiligi kuchayishi kutilayotgan Rossiyani tez tark etishga chaqirmoqda.

Putin buyrug‘i bilan Rossiyada terrorchi va ekstremistlar qidiriladi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin davlat migratsiya siyosati konsepsiyasiga tuzatish kiritish zarurligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday tuzatishlar zarurati “dunyodagi o‘zgarishlar munosabati bilan” yuzaga kelgan.

Bu haqda Putin 19-oktabr kuni Rossiya Xavfsizlik kengashi yig‘ilishidagi nutqida aytdi.

Rossiya prezidentining so‘zlariga ko‘ra, yangi migratsiya siyosati “barcha mavjud va ehtimoliy muammolarni hisobga olishi” kerak.

- Yangilangan kontepsiyaga muvofiq, qonunchilik yanada takomillashtiriladi. Men tegishli ko‘rsatmani 2020-yilning mart oyida bergan edim. Bugun nimalar qilingani, yaqin kelajakda qanday ustuvor yo‘nalishlarga e’tibor qaratishimiz kerakligi haqida batafsil hisobotlarni kutyapman, — deya qo‘shimcha qildi Putin.

Uning so‘zlariga ko‘ra, migratsiya siyosati sohasi “milliy xavfsizlikka o‘ta sezgir”. Bu sohadagi vaziyatga “ma’naviy va mintaqaviy omillar” ta’sir ko‘rsatadi.

Putining so‘zlari ortidan Rossiya kuchishlatar tizimlari migratsiyadagi yangi tartibni joriy qilishga tushdi.

- Migrantlar zich yashaydigan joylarda huquq-tartibotni saqlash bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar rejalashtirilgan, - dedi Xavfsizlik kengashi kotibi Nikolay Patrushev.

Unga ko‘ra, politsiya va maxsus xizmatlarga “migratsiya kanallaridan jinoyat sodir etishda foydalanayotgan xalqaro terroristik va ekstremistik guruhlar a’zolarini qidirish” bo‘yicha ko‘rsatma berilgan.

Patrushev shuningdek, 2022-yilda Rossiyaga asosan ishga joylashish maqsadida kelgan xorijliklar soni uchdan birga oshganini qayd etdi.

Xavfsizlik kengashi kotibining so‘zlariga ko‘ra, rasmiylar bundan keyin ham Ukrainadan tortib olingan va soxta referendumlar orqali Rossiya tarikibiga qo‘shib olingan DXR, LXR, Zaporojye va Xerson viloyatlaridan kelgan muhojirlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratadi.

“Контракт имзоламаганлар калтакланмоқда!” Россия ўзбекистонликларни урушга мобилизация қилмоқда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:12:15 0:00

Ayrim kuzatuvchilar shu tariqa bu hududlardan ko‘chirib keltirilgan aholi markaziy osiyolik ishchilarning o‘rnini egallashi nazarda tutilayotgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda.

Migratsiya bo‘yicha ekspert, moskvalik professor Nikolay Abashinning aytishicha, yig‘ilish migratsiya masalasiga qaratilgan bo‘lsa-da, jamoatchilik ko‘proq Ukrainadan tortib olingan hududlarda joriy qilinayotgan “harbiy holat”ga e’tibor qaratmoqdi.

- Patrushevning so‘zlaridan ko‘rinib turibdiki, Davlat migratsiya siyosati konsepsiyasiga (u 2025-yilgacha amal qilishi kutilmoqda) tezda navbatdagi o‘zgartirishlar kiritiladi. Tafsilotlar ma’lum emas, lekin gap asosan, nazorat va jazoni kuchaytirish haqida ketmoqda. Ayrim “migrantlar ixcham yashash joylarida huquq va tartibni saqlash bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar” e’lon qilindi. Alohida-alohida, “xorijiy fuqarolarning moslashuvi va ularning farzandlarining ta’lim olishi” haqida aytiladi. Qizig‘i shundaki, Patrushev o‘z e’lonining muqaddimasida “g‘arb”ni migratsiya jarayonlarini “qo‘zg‘atayotganlikda” ayblagan, deb yozdi Sergey Abashin.

Professor Abashin tilga olgan 19-oktabr kungi yig‘ilishda e’lon qilingan yana bir muhim qaror - Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Ukrainaning Rossiya tomonidan bosib olingan hududlarida – o‘zini “DXR” va “LXR” deb e’lon qilgan hududlarda hamda Xerson va Zaporojye viloyatlarining bosib olingan qismlarida harbiy holat joriy etish to‘g‘risidagi farmoni bo‘ldi. Harbiy holat 20-oktabrdan kuchga kiradi.

Putinning aytishicha, go‘yo bu qaror Ukrainadan kelayotgan “terror tahdidlari” bilan bog‘liq. Ukraina tarafi bu bayonotlarning asossiz ekanini ta’kidlab, uni urush jabhalarida mag‘lubiyatga uchrayotgan Putin rejimining chorasizligi deb atamoqda.

Huquqshunos Zarnigor Omonullayeva o‘z sahifalarida Rossiyaning yuqorida zikr etilgan Ukraina bilan chegaradosh hududlar va bosib olingan Ukraina mintaqalarida ishlayotgan muhojirlarni ogohlantirdi:

"Bu nima degani? Qisqa qilsak, harbiy holat e’lon qilingan hududlarda odatiy hayot to‘xtadi, degani. U yerlarda endi faqat mudofaa maqsadida va faqat harbiy boshqaruv ruxsati bilan korxona, tashkilotlar ishlaydi, hamma yer qo‘riqlanadi, komendant soatlari vaqtida hech kim ko‘chada yurishi mumkin emas va eng muhimi — erkin harakatlanishga ruxsat yo‘q, degani...

Migrantlar nima qilishi kerak? Agar Krasnodar, Rostov, Bryansk, Voronej, Kursk, Qrim, Sevastopol va Belgorodda ishlayotgan migrant bo‘lsangiz, unda hujjatingiz bor bo‘lsayam, yo‘q bo‘lsayam boshqa regionlarga keting yoki vataningizga qayting. Shu eng ma’quli. Bu regionlar Ukrainaga yaqin va xatar yuqori bo‘lgan joylar. Bekorga evakuatsiya aynan shu regionlarda o‘tkazilgani yo‘q.

Yuqorida sanalmagan boshqa shaharlarda ishlayotgan migrantlar nima qilsin? Hujjati yo‘q bo‘lsa — ketgani yaxshi", - deya tavsiya qildi huquqshunos.

U, shuningdek, bu hududlarda o‘qiyotgan o‘zbek talabalariga o‘qishlarini onlayn formatga o‘tkazib, boshqa mamlakatlar yoki O‘zbekistonga ko‘chirib ketishni tavsiya qildi.

Mobilizatsiya qilinganlar va undan qochganlar o‘rnini migrantlar egallamoqdami?

Rossiya IIBsi hisob kitobiga ko‘ra, 2022-yilning ikkinchi choragida Rossiyaga kelgan mehnat muhojirlarining qariyb 40 foizi Moskva va Moskva viloyatida joylashgan.

Umuman olganda, ikkinchi chorakda Rossiyaga ishlash uchun 3,12 million xorijlik kelgan. Bu oxirgi 6 yil davomida rekord choraklik ko‘rsatkichga aylangan o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan 30 foizga ko‘proqdir.

Rossiyaliklarning katta qismi muhojirlarning kirishini cheklash tarafdori bo‘lib qolmoqda.

Rossiya ommaviy axborot vositalari olib borgan so‘nggi omma so‘rovlariga ko‘ra, davom etayotgan urush va joriy etilgan sanksiyalar tufayli Rossiyadagi iqtisodiy vaziyatning yomonlashuvi mamlakatda aholi orasida agressiyani kuchaytirib boradi.

Rossiya davlat statistika idorasi - Rosstat ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning birinchi yarmida Rossiyani 419 085 kishi tark etgan, bu o‘tgan yilning birinchi olti oyidagidan deyarli ikki barobar ko‘p. Idora fevral oyidan beri davom etayotgan “Rossiya aholisining migratsiya oqimi”ni qayd etdi. Rossiyada qisman safarbarlik boshlangan 21-sentabrdan buyon qariyb ikki hafta ichida deyarli 1 million odam mamlakatni tark etgani xabar qilingan. Bu haqda Forbs nashrining Rossiya prezidenti administratsiyasidagi manbasiga tayanib yozgan xabarini Kreml voizi Dmitriy Peskov "haqiqatdan uzoq" deya rad etdi.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG