Линклар

Шошилинч хабар
16 декабр 2024, Тошкент вақти: 12:34

"Pul so‘rab turgan qo‘l". Tashkent city'da korrupsiyaga qarshi monument ochildi


Qatar Amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy prezident Shavkat Mirziyoyev bilan Tashkent city'dagi korrupsiyaga qarshi monumentning ochilish marosimida. 19-dekabr, 2023-yil
Qatar Amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy prezident Shavkat Mirziyoyev bilan Tashkent city'dagi korrupsiyaga qarshi monumentning ochilish marosimida. 19-dekabr, 2023-yil

Toshkentning qoq markazida korrupsiyaga qarshi monument o‘rnatildi.

"Kafti ochiq qo‘l" - molu davlat foniy dunyoda qolib, boqiy dunyoga bo‘sh qo‘l bilan ketilishini anglatuvchi ramz.

Monumentning ochilishi Qatar amirining O‘zbekistonga safariga to‘g‘ri keldi. Garchi davlat tashrifi bo‘lmasa-da, Qatar amirini Toshkent aeroportida shaxsan prezident Shavkat Mirziyoyevning o‘zi kutib oldi.

Amir O‘zbekistonga quruq qo‘l bilan kelgani yo‘q - u prezident Mirziyoyevga o‘zi ta’sis qilgan korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha xalqaro mukofotni olib keldi.

Qatar amirining tashrifi arafasida mamlakat bo‘ylab sobiq vazir doxil o‘nlab amaldorning korrupsiyada ayblanib hibsga olingani e’lon qilindi.

Toshkent markaziga o‘rnatilgan "Kafti ochiq qo‘l" - 12 metrlik metal konstruksiyadan iborat.

Rasmiy talqinga ko‘ra, "qo‘l ko‘rinishidagi kompozitsiya halollik, pok amal va niyatlarni, korrupsiyaga nisbatan toqatsizlikni, dunyoning barcha mamlakatlarini unga qarshi kurashishda birlashishga chaqiriqni anglatadi".

Monumentga tirkalgan lavhga uning, kichik xarflar bilan O‘zbekiston xalqi va katta harflar bilan prezidenti Shavkat Mirziyoyevga minnatdorlik ramzi sifatida o‘rnatilgani aytilgan.

"Korrupsiyaga qarshi kurashni ifodalovchi qo‘l ko‘rinishidagi kompozitsiya".
"Korrupsiyaga qarshi kurashni ifodalovchi qo‘l ko‘rinishidagi kompozitsiya".

Toshkent markazidagi monumentni 19-dekabr kuni O‘zbekistonga safar qilgan Qatar Amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy va prezident Shavkat Mirziyoyev birgalikda ochib berdi.

"Korrupsiyaga qarshi kurashishga bag‘ishlangan haykal pul so‘rab turgan qo‘lga o‘xshayapti", deya kinoya qildi Telegramdagi Troll.uz kanali.

Noodatiy monument uchun tanlangan joy ham ramziy - Tashkent city xalqaro ishbilarmonlik markazi. Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan so‘ng amalga oshirgan birinchi yirik loyihasi korrupsiyaga qo‘yilgan monument, deyish mumkin. U korrupsiyaga doir ko‘pgina xalqaro jurnalistik tergovlar markazida bo‘lgan. Londondagi Central Asia Due Diligence tadqiqot shirkati rahbari, siyosatshunos Alisher Ilhomovning Ozodlikka aytishicha, bunday monumentning korrupsiya darajasi juda yuqori bo‘lgan davlatda ochilishi "kulgili".

"Ikkinchidan, uni o‘rnatish uchun - shaffof emas, deb tanqid qilingan va katta miqdorda pul yuvish amaliyoti gumon qilingan Tashkent city tanlangani ham kulgili. Vaholanki, hukumat bu ayblovlarga shu vaqtga qadar aytarli e’tibor qilgani yo‘q. Ya’ni, o‘zi korrupsiya va pul yuvish ramziga aylangan obyektni shunday monument o‘rnatish uchun tanlaganining o‘zi juda sharmandali tanlov, deb o‘ylayman”, - deydi Alisher Ilhomov.

Tashkent city qurilishiga Toshkentning sobiq tadbirkor hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev bosh-qosh bo‘lgan. Ammo Ozodlik Korrupsiya va uyushgan jinoyatchilik bo‘yicha surishtiruv markazi bilan birgalikda o‘tkazgan jurnalistik tergovi uning investorlari orasida kenja kuyov Otabek Umarov orqali prezident Shavkat Mirziyoyev oilasiga bog‘langan xitoylik uyg‘ur biznesmen Abduqodir Habibulla ham borligini o‘rtaga chiqargan edi.

Toshkentga 2018-yildan beri hokimlik qilgan Ortiqxo‘jayevning o‘zi joriy yil boshida xalqaro surishtiruvlardagi korrupsiya iddaolari uchun emas, balki rasman kuz-qish mavsumiga yaxshi tayyorgarlik ko‘rmagani uchun ishdan olingan.

19-dekabr kuni Toshkentda Mirziyoyev bilan birga korrupsiyaga qarshi ramziy monumentni ochib bergan Qatar Amiri O‘zbekiston prezidentiga o‘zi ta’sis qilgan Korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha xalqaro mukofotni topshirdi.

Amir o‘z tashabbusi bilan 2016-yilda ta’sis etgan bu mukofot har yili ta’sischilar nazdida korrupsiya kurashchisi, deb e’tirof etilgan shaxslarga beriladi.

Bu yil mukofot Mirziyoyevga berilganini shu yil oktabrda O‘zbekiston prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qilgandi. Sabablarini ham aytgandi.

Qatar Yaqin Sharq davlatlari orasida xalqaro korrupsiya indeksida so‘nggi paytlarda eng yaxshi natijalar ko‘rsatayotgan davlat. O‘tgan yilgi indeksda amirlik 180 davlat orasida 40 o‘rinni egallagan. Bu O‘zbekistondan 86 o‘rin yuqori demakdir. Ammo Qatar mutlaq monarxiya bo‘lgani vajidan amir va uning oilasi qonundan yuqori turadigan holatlar ko‘p.

Bu jihatdan Qatar O‘zbekistonga o‘xshash. O‘zbekistonda ham prezident mutlaq hokimiyatga ega va qonun ustuvorligi tamoyili u va oila a’zolariga nisbatan amal qilmasligi mumkin.

Ozodlik avvalroq e’lon qilgan surishtiruv prezident Shavkat Mirziyoyev hukumatdagi 20 dan ortiq lavozimlar va mamlakat iqtisodiyotining butun boshli sohalarini yaqin qarindoshlari hamda ularning nazoratiga berganini o‘rtaga chiqargandi.

Озодлик суриштируви: Мирзиёев кластерига айланаётган Ўзбекистон
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 1:10:20 0:00

Garchi korrupsiya va nepotizm O‘zbekiston uchun yangi ko‘rinish bo‘lmasa-da, Ozodlik surishtiruvi ijtimoiy tarmoqlarni tom ma’noda larzaga keltirdi. Tarmoq faollari korrupsiyaning miqyosidan hayratga tushganlari haqida yozishdi.

O‘zbekiston rahbariyati esa, Ozodlik surishtiruviga biron bir shaklda munosabat bildirmadi.

Ammo hukumatning bilvosita munosabati uzoq kuttirmadi. Prezident va oilasi atrofidagi korrupsiya iddaolariga munosabat bildirgan tarmoq faollari va blogerlarga bosimlar kuchaydi va muntazam tus oldi. Ulardan bir nechtasi qamoqqa tashlandi.

Yil oxiriga kelib, Toshkentda o‘tayotgan korrupsiyaga qarshi kurash tadbirlari esa, aksar tahlilchilar tomonidan, hukumatning yil davomida o‘z nomiga aytilgan keskin ayblov va qator jurnalistik surishtiruvlarga uzoq tayyorgarlik bilan hozirlagan bepisandlarcha javobi, deb baholanmoqda.

“Keyingi yillarda qator jurnalistik surishtiruvlarda korrupsion mojarolar haqida ko‘p yozildi. Bosh quruvchisi “Temir yo‘llari” bo‘lgan va byujetdan qancha pul sarflangani noma’lum “Shovvozsoy” qarorgohining qurilishi, Toshkent va boshqa shaharlarda norozilikka sabab bo‘lgan aholi uylarining buzilishi, qurilish sohasidagi korrupsiya natijasi bo‘lgan “Sardoba” suv omboridagi falokat, oligarx Baxtiyor Fozilovga bog‘langan shubhali kelishuvlar natijasida amalda katta kollapsga uchragan gaz sektori va boshqa holatlar bor. Bunaqa monumentlar o‘rnatish o‘rniga, O‘zbekiston hukumati davlat miqyosidagi korrupsiyani tugatish bilan amalda shug‘ullanishga kirishsa yaxshi bo‘lardi”, - deydi tahlilchi Alisher Ilhomov.

Hibsga olish va korrupsiya ayblovlari

Qatar amirining tashrifi arafasida mamlakat bo‘ylab sobiq vazir doxil o‘nlab amaldorning korrupsiyada ayblanib hibsga olingani e’lon qilindi.

Jumladan, Qishloq xo‘jaligi sobiq vaziri 43 yashar Aziz Voitov Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish)da gumon qilinmoqda.

Ozodlik manbalariga ko‘ra,13-dekabr kuni hibsga olingan sobiq vazir DXXning Toshkentdagi "Gvardeyskiy" nomi bilan bilingan tergov izolyatorida saqlanmoqda.

DXX olib borayotgan tergovga vazirlikning bir necha amaldori, jumladan, Qishloq xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari Shuhrat Mirzayev ham jalb qilingani aytilmoqda.

Ozodlik manbarlariga ko‘ra, Prezident Shavkat Mirziyoyev biroz muqaddam Buxoro viloyatida o‘tkazgan yopiq selektr majlisida o‘z administratsiyasi sobiq rahbari Sardor Umurzoqovni ham keskin tanqid qilgan.

Bu tanqiddan so‘ng, Prezident huzuridagi Hisob palatasi avgust oyida Qishloq xo‘jaligi vazirligida keng ko‘lamli tekshirishlarni boshlagan. Taftishlar viloyatlarga ham ko‘chgan.

Ozodlik manbalariga ko‘ra, go‘yoki bu tekshiruvlarda vazirlikka ajratilgan subsidiyalar, tomchilatib sug‘orish inshootlari, qishloq xo‘jaligi uchun kimyoviy o‘g‘itlar talon-toroj qilingani o‘rtaga chiqqan.

15-dekabrda Toshkent viloyati Bekobod tumani hokimi Shuhrat Mirzayev ham yirik miqdorda talon-toroj va korrupsiyada ayblab, qamoqqa olingan. 41 yashar sobiq hokim ham DXXning tergov izolyatorida ekani aytilmoqda.

Shuningdek, 18-dekabr kuni mansab vakolatini suiiste’mol qilish, sovuqqonlik va soxtakorlikda gumonlangan Buxoro viloyati Buxoro tumani hokimi Xayrullo Jo‘rayev ham hibsga olingan va Toshkentga olib kelingan.

Sobiq vazir Aziz Voitovga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida Namangan viloyati hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Saidahmad Sultonovning ham hibsga olingan aytilmoqda.

Bundan tashqari, Soliq qo‘mitasining soliq to‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish departamenti direktori o‘rinbosari, QQS to‘lovchilarini maxsus ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘limi boshlig‘i va Toshkent shahri Soliq boshqarmasi kameral soliq tekshiruvlar sho‘’basi sobiq rahbari qo‘lga olingani rasman ma’lum qilindi.

Ular noqonuniy tadbirkorlik faoliyatini yashirganlikda gumon qilinmoqda.

Prezident Mirziyoyevning aksil-korrupsiya mukofoti bilan taqdirlanishi arafasida amaga oshirilgan bu hibsga olishlar, tahlilchilarga ko‘ra, aslida O‘zbekistonning o‘ta korrupsiyalashganiga dalildir.

Ayni paytda bu ommaviy hibsga olishlarni “lavozim va resurslarni qayta taqsimlash” sifatida ko‘rayotganlar ham yo‘q emas.

Jumladan, 17-dekabr kuni avval Sardor Umurzoqov rahbarlik qilgan Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi vakolatlari hamda tuzilmalarining bir qismi Savdo va sanoat palatasiga o‘tkazildi.

Ozodlik surishtiruvi Palataning joriy raisi Davron Vahobovning prezident oilasiga quda bo‘lgan mashhur Vahobovlar sulolasidan ekanini o‘rtaga chiqargandi.

Bundan tashqari, avgust oyida O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligiga berilgan davlat aktivlari qaytadan Moliya vazirligiga berildi.

Moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov ham prezident oilasiga quda.

"Мирзиёевлар Амирлиги": Тармоқни титратган Озодлик суриштируви
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:22:57 0:00

Hozirgi ommaviy hibsga olishlarning korrupsiyaga qarshi kurashga aloqasini yo‘qligini aytayotgan tahlilchilar mamlakatda korrupsiyaga qarshi kurash uchun zarur eng oddiy va boshlang‘ich qadamlarning qo‘yilmaganini misol qilib keltirishadi.

Jumladan, prezident Mirziyoyevning bayonotlariga qaramasdan davlat xizmatchilarining daromadlar haqidagi deklaratsiyasi hanuz uzil-kesil joriy qilingani yo‘q.

Davlat xizmatchilarining daromadlari to‘g‘risida deklaratsiya to‘ldirish tartibi uzil-kesil joriy etilishi paysalga solinayotgan O‘zbekistonda allaqachon buning uchun maxsus ibora ham muomalaga kiritilgan.

2020-yil boshida parlamentga qilgan murojaatida prezident Mirziyoyev "halollik vaksinasi" iborasini ishlatgan va har bir davat xizmatchisi shu kabi vaksina bilan emlanishi kerakligini aytgan edi.

XS
SM
MD
LG