Линклар

Шошилинч хабар
16 декабр 2024, Тошкент вақти: 16:01

Paxta-2022: Yig‘im-terim statistikasi "qo‘shib yozish"larni fosh qilmoqda


O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi hisobotiga ko‘ra, shu yilning 19- oktabr holatiga mamlakatda paxta tayyorlash rejasi 90,81 foizga bajarildi. Agar ko‘rsatkichlar shu sur’atda ketsa, 3-noyabrga qadar reja uddalanadi.

Mavsumda peshqadamlik qilayotgan farg‘onalik paxtakorlar shu kunda yillik rejani bajarganlik bo‘yicha raport berishga hozirlanmoqda.

Biroq Navoiy va Xorazm viloyatlarida ko‘rsatkichlar yaxshi emas. 18-oktabrdan boshlangan yomg‘irli ob-havo ishlarni ortga surgani aytiladi.

Ozodlik xo‘jaliklardan tumanga, tumandan viloyatga, viloyatlardan esa Respublika paxta shtabiga uzatilayotgan statistika ma’lumotlarini tahlil qilish asnosida nomutanosibliklarga duch keldi.

Ozodlik shuningdek, mavjud statistikani o‘rganish chog‘ida paxtachilik klasterlari, fermerlar va tuman hamda viloyat miqyosidagi mutasaddilar bilan gaplashdi.

Ozodlik 15-oktabr kuni so‘rov yuborgan paxta.uz, agroonline.uz portallari oradan bir kun o‘tib ishlamay qoldi. Ularning saytlarida "Veb-sahifa mavjud emas", degan yozuv paydo bo‘ldi.

Ozodlik raqamlardagi "qo‘shib yozish"larga ishora qilayotgan chalkashliklarni Surxondaryo viloyati misolida tahlil qildi.

Shu yilning 10-oktabridagi kunlik ko‘rsatkichlarga ko‘ra, Surxondaryo viloyatida 79,45 foiz paxta hosili yig‘ib olingan.

Keyingi jadvalda esa bir kun avval, ya’ni 9-oktabrdagi respublika va paxta shtabi ma’lumotlari o‘rtasidagi farq 235,4 ming tonna ekanini ko‘rish mumkin. (Mazkur jadvallar paxta monitoringini yurituvchi “Paxta-2022” portalidan olindi).

Ammo shu yilning 12-oktabriga doir respublika statistikasida oradagi farq 200,9 ming tonnaga tushib qolgan.

Mazkur sanaga doir yana bir jadvalda aniqlik kiritilgan ma’lumotga ko‘zimiz tushdi. Unda “mavjud bo‘lmagan tonna” alohida ustun sifatida ko‘rsatilgan. Unda respublika miqyosida 193,1 ming tonna paxta kamomadi qayd etilgan. Ya’ni o‘zaro hisobotlardagi tafovutlarning o‘zi bu sohada katta ko‘zbo‘yamachiliklarni fosh qilmoqda.

Biroq 13-oktabrga kelib, mavjud bo‘lmagan paxta miqdori, ya’ni qo‘shib yozilgan hosil qariyb 2 ming tonnaga oshgan va 195 ming tonnaga yetgan.

Endi ushbu mavjud bo‘lmagan paxta ulushida Surxondaryo viloyati “ulushi”ga e’tibor qaratsak. Unga ko‘ra, bir “svodka”da 5,6 ming tonna, boshqasida 6,3 ming tonna kamligi ko‘rsatilgan.

"Viloyatdagi klasterlar yetishtirgan va qabul qilib olayotgan paxtalar statistikasiga ko‘z tashlasang, vaziyat yanada oydinlashadi", deb yozdi jurnalist Tolib Rahmatov o‘zining Telegram-kanalida.

Mazkur ma’lumotda 5 ta klasterda paxta hosili kamligi ko‘rinadi. Bunda ayniqsa, “Dream Cotton textile” va “Surxon Sifat Textile” MChJ tegishli ravishda 2,9 va 2,3 ming tonna kam topshirgan. Keyingi jadvallarda bu raqamlar ortib borishini ham ko‘rish mumkin. Shu ikki klaster misolini olsak, tegishli ravishda 2,2 va 3,2, 3,2 va 2,1 ming tonna paxta kam.

Raqamlarni tahlil qilish jarayonida Ozodlik bilan hamkorlik qilgan mutaxassisga ko‘ra, minus qo‘yilgan raqamlar klasterlar "hosilni qo‘shib yozishdan bosh tortgan raqamlar"dir.

Nomi ochiqlanishini istamagan paxtachilik sohasida yetakchi mutaxassislardan birining so‘zlariga ko‘ra, Respublika Bosh prokuraturasi qoshidagi qishloq xo‘jaligi boshqarmasi bevosita bu amaliyotga rahbarlik qiladi. Ular reja ortidan quvib, amalga oshirgan qo‘shib yozish jinoyatlarining ochilishidan manfaatdor emas.

Mutaxassisning aytishicha, mazkur sohaga rahbarlik qiladigan O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining Agrosanoat kompleksi rahbari — Bosh vazir o‘rinbosari Shuhrat G‘aniyev faoliyatini taftish qilishga nazorat organlarning "kuchi yetmaydi".

Ozodlik suhbatlashgan Qiziriq tumanidagi klasterlardan birining xodimi tuman ko‘rsatkichi 100,3 foiz ko‘rsatilayotganiga qaramay aslida "55 foizdan endi oshgani"ni aytdi.

Surxondaryo viloyati ko‘rsatkichlarida Denov tumani 17-oktabr kuni 390 tonna, Uzun tumani 136 tonna, Sariosiyo tumanining 71 tonna paxta terib topshirgani qayd etilgan. "Holbuki, bu tumanlarda paxta yig‘im-terim yakunlanganiga qariyb bir hafta bo‘ldi", deydi Denov tumani tuman qishloq qishloq xo‘jaligi boshqarmasi mutaxassisi.

Qumqo‘rg‘on tumani esa viloyat ko‘rsatkichlarida 20 585 tonna paxta topshirgani qayd qilinadi. Ammo tumandagi klasterlardan olingan ma’lumotga ko‘ra, bu tumanda 15 ming tonna paxta mavjud. Boshqa tumanlarda ham ahvol deyarli shunday.

Mirziyoyev “qo‘shib yozish”ni tanqid qildi

Mahalliy nashrlar O‘zbekiston huquqni muhofaza qilish idoralariga iqtibosan har yili mavsum so‘nggida paxtachilikdagi qo‘shib yozish bilan bog‘liq holatlarini keng yoritib keladi.

Kun.uz nashri 2019-yilda respublika bo‘ylab qariyb 143 ming tonna paxta qo‘shib yozilgani, shundan 120,6 ming tonnasi paxta ishlab chiqarish va klasterlari hissasiga to‘g‘ri kelgani xususida prokuratura ma’lumotlarga tayanib yozgandi.

Surxondaryo viloyatida "rasman yetishtirilgan" deb ko‘rsatilgan paxta hosilining 26,5 foizi faqatgina qog‘ozlarda mavjud bo‘lgani aniqlangan.

Surxondaryo viloyat prokuraturasining 30.10.2020 yildagi xatiga ko‘ra, 2020-yilda viloyat bo‘yicha jami 52 121 tonna paxta xomashyosini qo‘shib yozish holatlariga yo‘l qo‘yilgan.

“Surxondaryo viloyatida 2020-yilda paxta xomashyosini tayyorlash bo‘yicha shartnomaviy reja 244 ming 800 tonna qilib belgilangan edi. Qo‘shib yozilgani taxmin qilinayotgan 51 121 tonna viloyat yillik paxta topshirish rejasining 21,3 foizini tashkil etadi” deyiladi Kun.uz nashri iqtibos keltirgan rasmiy xatda.

Nashrning Davlat statistika qo‘mitasiga tayanib yozishicha, 2019-yilda Farg‘onada 37 ming tonna (15,5), Toshkentda 22,9 ming tonna (10,4). Jizzaxda 7,7 ming tonna (3,7), Namanganda 2,6 ming tonna (1,3), Andijonda 0,821 ming tonna (0,3) paxta xomashyosi haqiqatda qabul qilinganiga nisbatan ko‘p ko‘rsatilgan.

Shu yilning 11-oktabr kuni o‘tkazilgan videoselektor majlisida prezident Shavkat Mirziyoyev viloyat hokimlarini “qo‘shib yozish”da ayblagan.

Majlisda ishtirok etgan Ozodlik manbasining bildirishicha, prezident respublikadagi paxtachilik ko‘rsatkichlari aslida qanday ekani o‘ziga yaxshi ma’lumligini aytib, viloyat hokimlariga vaziyatni to‘g‘rilash uchun muhlat bergan.

XS
SM
MD
LG