Линклар

Шошилинч хабар
17 декабр 2024, Тошкент вақти: 00:02

Otabek Sattoriy ishi. Effect.uz nashri muxbiri Surxondaryo IIBga chaqirildi


Bloger Otabek Sattoriy
Bloger Otabek Sattoriy

18 - fevralda Effect.uz saytining muxbiri Fayzulla Mehmonov Surxondaryo viloyati IIB Tergov boshqarmasiga bu yerda hibsda saqlanayotgan bloger Otabek Sattoriy ishi yuzasidan tergov doirasida chaqirtirildi.

Jurnalistning Ozodlikka aytishicha, chaqiruv ortidan maxsus Surxondaryoga borgan va uch yarim soat davom etgan "suhbat" paytida uning qonuniy huquqlari buzilmagan. Biroq uning fikricha, Sattoriy asossiz hibsga olingan.

Surxondaryolik faol bloger Otabek Sattoriy o‘tgan yilning 30 - yanvarida qo‘lga olingan va o‘shandan buyon qamoqda saqlanmoqda. Bosh prokuratura uning bir yo‘la 7 ta holat bo‘yicha tergov qilinayotganini bildirgan. Ammo, hamkasblari buni uning blogerlik faoliyati bilan bog‘liq ta’qib, deb tanqid qilmoqdalar.

Jurnalist Fazliddin Mehmonov 18 - fevral kuni Surxondaryo viloyat IIB Tergov boshqarmasi tergovchisi P.X.Mamatmurodov xonasiga chaqirildi.

Ozodlik bilan suhbatda jurnalist, tergovchi bilan "suhbat" 3 yarim soat davomi etgani, uni surxondaryolik bloger Otabek Sattoriy ishi doirasida guvoh sifatida chaqirishganini aytdi.

“Tergov siri bois, nima haqda suhbat bo‘lganini ayta olmayman. Lekin, Otabek Sattoriy ishi doirasida guvoh sifatida chaqirtirilganimni ayta olaman. Men bilan qonun doirasida gaplashishdi, qonun buzilish hollari bo‘lmadi”, dedi Ozodlik bilan suhbatda jurnalist.

Jurnalist Fayzulla Mehmonovga borgan chaqiruv qog‘ozi, 18 fevralь, 2021
Jurnalist Fayzulla Mehmonovga borgan chaqiruv qog‘ozi, 18 fevralь, 2021

Jurnalistga boshqarmadan borgan chaqiruv qog‘ozida uning Jinoyat protsessual kodeksi 261-moddasiga binoan guvoh sifatida chaqiritirilgani aytilgan.

Ushbu moddada: “ Chaqiruvga binoan hozir bo‘lish majburiyati Jinoyat ishini yuritish munosabati bilan surishtiruvchi, tergovchi, prokuror, sud tomonidan belgilangan tartibda chaqirilgan shaxslar aynan ko‘rsatilgan vaqtda hozir bo‘lishlari shart. Uzrsiz sabablarga ko‘ra kelmaganlari taqdirda ular majburiy keltiriladilar”, deyilgan.

Shu yilning 30 - yanvar kuni Surxondaryolik bloger Otabek Sattoriy Termiz shahridagi uyidan bir guruh fuqaro kiyimidagi IIV xodimlari tomonidan olib ketilgani haqida Ozodlik 2 - fevral kuni xabar qilgan.


11 - fevral kuni O‘zbekiston Bosh prokuraturasi blogerning tuhmat, haqorat va yolg‘on axborot tarqatish bilan bog‘liq 7 ta holat bo‘yicha tergov qilinayotganini ma’lum qilgan. Ayni paytda unga nisbatan ehtiyot chorasi o‘laroq qamoq jazosi qo‘llanilgan. Agar u aybdor deb topilsa, 10 yilgacha qamalishi mumkin.

18 - fevral kuni Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda Mehmonov bloger asossiz ayblamoqda, degan fikrni aytdi va Otabek Sattoriyning taqdiri O‘zbekistondagi bloger va jurnalistlarning barchasiga bevosita daxldordir, deb ta’kidladi:

“Agar shu nohaq ayblov bilan Otabekni qamashsa, u holda o‘zbekistonlik hamma bloger va jurnalistlarda, jamoatchilikning shuncha chaqiriqlari va hatto, Amerikadagi jurnalistlar qo‘mitasi aralashuviga qaramasdan uni qamashdi, degan xavotirli xulosa paydo bo‘ladi. Saylov arafasida bu bolaning taqdiri mamlakatdagi jurnalist va blogerlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir qiladi”.

Otabek Sattoriyning qo‘lga olinish tafsilotlar haqida Ozodlik bir necha maqola e’lon qilgan.

Jurnalist Fazliddin Mehmonovga ko‘ra, bloger va Effect.uz sayti muxbiri Farhod Ismoilov 2020 - yilning dekabrida Sherobod tuman dehqon bozorini suratga tushirayotgan kezda, bozor xodimlari hujumiga uchragan. O‘shanda bloger Otabek Sattoriyning telefoniga shikast yetgan va tuman rahbarlari unga yangi telefon va’da qilishgan.

Fayzulla Mehmonovga ko‘ra, bu telefonni olish asnosida bloger “tovlamachilik bilan telefon olayotgan paytda IIB xodimlari tomonidan qo‘lga tushirildi”, degan tuzoqqa tushirilgan.

Uni ozod qilish talabi bilan O‘zbekistondagi qator jamoat faollari, jurnalist va blogelardan tashqari, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi va AQShdagi Xalqaro jurnalistlar qo‘mitasi ham bayonot e’lon qilgan.

Ozodlik Otabek Sattoriy ishi yuzasidan Surxondaryo viloyat hokimligidan ham, Sherobod tuman hokimligidan ham hozirgacha izoh ololmadi.

Effect.uz saytining muxbiri Fayzulla Mehmonovning aytishicha, bu nashrning yana ikki xodimi shu kunlarda IIV xodimlarining noqonuniy munosabatiga uchragan.

Jumladan, Otabek Sattoriy ishi doirasida surxondaryolik Farhod Ismoilov uyida 3 - fevral kuni tintuv o‘tkazilgan.

Mehmonovga ko‘ra, tintuv muxbir uyida bo‘lmagan kezda o‘tkazilgan va bu haqda muxbir hamda uning oila-a’zolariga hech qanday hujjat taqdim qilinmagan.

Bundan tashqari Mehmonov, nashrning Namangan viloyati Kosonsoy tumanidagi muxbiri Sayfulla Isaxonov ham tuman IIBga bir necha soatga qamab qo‘yildi, demoqda:

“Muxbir tuman IIB xodimlarining noqonuniy munosabatiga e’tiroz bildirgani va ular bilan tortishgani uchun, Milliy gvardiya xodimlari tomonidan ushlab olib ketilgan va tuman IIB ga bir necha soatga qamab qo‘yilgan. Ya’ni, bu holatda muxbir IIVning noqonuniy talablariga bo‘ysunmagani uchun qamab qo‘yilgan”.

Joriy yil oxirida Shavkat Mirziyoyevning birinchi prezidentlik muddati nihoyasiga etadi. Oktabr oyining uchinchi yakshanbasi- taqvimga muvofiq bu yil 24 - oktabrga to‘g‘ri keladi - navbatdagi prezident saylovlari bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.

Mirziyoev 8 - fevral kuni “Saylov qonunchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi.

Bu saylovlar arafasida respublikaning turli viloyatlaridagi jurnalist va blogerlar mahalliy hokimiyat organlari hamda kuch ishlatar tuzilmalari tomonidan siquvga olina boshlagani kuzatilmoqda.

Jurnalist va blogerlarga nisbatan bunday bosim sababi, saylov yilida aholi norozligiga oid xabarlarning tarmoqlarga chiqish ko‘lamini bostirish urinishi sifatida baholanmoqda.

Jumladan, O‘zbekiston Oliy Majlisi deputati Rasul Kusherboev ham, Otabek Sattoriy haqida bergan bayonotida shunday ta’kidladi:

“Qiziriqlik fermerlarni dardini yoritib ular bilan Toshkentgacha kelgan, Surxondaryo viloyati hokimini ham qo‘rqmay tanqid qilgan, o‘zini qamash uchun turli tadbirlar uyushtirishayotganini menga aytib yordam so‘ragan(meni ogohlantirgan edi hatto) o‘sha Otabek Sattoriy ismli bloger ko‘p o‘tmay tovlamachilikda ayblanib, qamoqqa tashlanyapti”.

O‘zbekistonda so‘nggi yillarda aholi ijtimoiy muammolar tufayli stixiyali tarzda qator norozilik aktsiyalari - hokimiyat binolariga yig‘ilib borish, yo‘l to‘sish yoki Toshkentdagi davlat idoralari oldida kunlab norozilik yig‘inlariga to‘planishi kuzatilmoqda.

XS
SM
MD
LG