Линклар

Шошилинч хабар
16 декабр 2024, Тошкент вақти: 11:47

Oilaviy qadriyatlar: Putinning kuyovi milliarder Mixelsonning gaz loyihasiga qo‘shildi


Rossiya, Putin, gaz. Kollaj.
Rossiya, Putin, gaz. Kollaj.

Vladimir Putinning to‘ng‘ich kuyovi, 35 yoshli Yevgeniy Nagorniy Murmansk viloyatida gaz quvuri tortilishiga kurator etib belgilandi. Ushbu gaz quvuri – Rossiyaning kattaligi bo‘yicha “Gazprom”dan keyin ikkinchi o‘rinda turuvchi “Novatek” shirkatiga tegishli muhim loyihaning bir qismidir. “Novatek” sohibi, milliarder Leonid Mixelson Putinning eski tanishi bo‘lib, prezident oilasini o‘z biznesiga avvaldan sherik qilib kelgan.

2023-yilning sentyabrida sakkizinchi Sharqiy iqtisodiy forumning yalpi yig‘ilishini, odatdagidek, Vladimir Putin ochib berdi. Kutilganidek, u o‘z ma’ruzasini Uzoq Sharq muammolaridan boshladi va birdan Murmanskka o‘tib ketdi.

Prezident ushbu regionda “STG [suyultirilgan tabiiy gaz] ishlab chiqariladigan qudratli markaz” yaratish rejasi haqida ma’lum qilib, ushbu loyihani amalga oshirish uchun gaz quvuri lozimligini aytdi. “Shirkatlarimiz, – nomlarini tilga olib o‘tirmayman, – ushbu muhim infratuzilma obyektini kim va qanday qurishi masalasida hukumat vositachiligida o‘zaro kelishib olishadi, deb umid qilaman. Chunki ushbu loyiha Murmansk shahri, hududlar va hatto Kareliya uchun ham nihoyatda muhim”, dedi Putin.

Aksariyat ushbu lirik chekinishga parvo ham qilmagan bo‘lsa bordir, ammo zalda o‘tirganlardan kamida biri gap nima haqidaligini aniq bilardi. Birinchi qatorda, Putinning naq ro‘parasida o‘tirgan milliarder Leonid Mixelson quvonchdan gul-gul yashnab ketgan bo‘lsa kerak, axir Putin tuyqus so‘z ochgan gaz quvuri Murmanskdan ko‘ra uning uchun muhimroq edi-da.

Loyihaning shaxsan Putin tomonidan ochiqcha qo‘llab-quvvatlanishi “Gazprom” va Davlat Dumasi bilan muzokaralarda Mixelsonning qo‘lini baland qilishi kerak edi. Shunday bo‘ldi ham. Ammo bu tasodif emas. Rossiya biznes muhitida ko‘zi pishgan milliarder sinalgan usulni ishga solgan edi. “Sistema” jurnalistlari aniqlashicha, u Murmanskdagi gaz quvuri qurilishiga Putinning kuyovini jalb qilgan ekan.

Sanksiyalar ostida qolgan zavod

Murmanskdagi loyihadan matbuot 2023-yilning mayida xabar topdi. Mixelsonning “Novatek” gaz giganti bu paytga kelib jiddiy qiyinchiliklarni boshdan kechirayotgandi.

Rossiya gazi, neftdan farqli o‘laroq, Ukrainaga bosqin ortidan G‘arbning to‘g‘ridan to‘g‘ri sanksiyalariga uchramadi, ammo G‘arb o‘z sanoat resurslari va texnologiyalaridan foydalanishni cheklab qo‘yishi Rossiya gaz biznesiga og‘ir zarba bo‘ldi.

“Novatek”ka, ayniqsa, STG zavodi uchun zarur kuchli gaz turbinalari Rossiyaga eksport qilish taqiqlab qo‘yilgani katta muammo bo‘ldi. Yana bir boshog‘riq – gaz tashuvchi muzyorar tankerlar yetishmas va bu ham G‘arb texnologiyalariga bog‘liq edi. Bularning bari nafaqat “Novatek”ning o‘z sohasi bo‘yicha jahonda yetakchi mavqega erishish da’volarini chilparchin qilishi bilan birga, umumiyat-la Mixelsonning gaz biznesini xavf ostiga qo‘ygandi.

Yamal-Nenetsk avtonom okrugidagi "Novatek" kompaniyasiga qarashli suyultirilgan gaz omborlari.
Yamal-Nenetsk avtonom okrugidagi "Novatek" kompaniyasiga qarashli suyultirilgan gaz omborlari.

Mixelson va uning shirkatini ayni vaziyatda Murmansk loyihasi qutqarishi mumkin edi. U “Novatek”ning qariyb to‘liq Rossiya komponentlari qo‘llanadigan o‘z texnologiyasi asosida STG zavodi qurishni nazarda tutadi. Gaz turbinalari shart emas – elektr energiyasini Kola AESdan olish mumkin. Muzyorar tankerlarga ham hojat yo‘q – Murmansk porti muzlamaydi.

Aftidan, najot yo‘li topilgandi. “Gazprom” bilan kelishish qolgan edi, xolos.

Quvurdagi tiqin

“Gazprom” bilan “Novatek”ni “sirtdan bir-biriga do‘stdek ko‘rinadigan ashaddiy dushmanlar” deyish mumkin. Bir tarafdan, Rossiya gaz monopolisti “Novatek”ning 10 foiziga egalik qiladi. Boshqa tomondan, ular tabiiy gaz eksporti uchun ayovsiz raqobatlashadi. Chet elga gaz sotish avvalboshdan to‘lig‘icha “Gazprom” mahriga tushgan edi, ammo “Novatek” “Rosneft” bilan birga bu monopoliyani qisman bekor qilishga muvaffaq bo‘ldi.

Mixelson Murmansk gazi eksportini ham “Gazprom”ni chetlab o‘tgan holda yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘ldi, ya’ni zavodda xomashyo sifatida faqat o‘z gazidan foydalanib, monopolistni yana daromaddan mahrum qilmoqchi edi. Bundan tashqari, Mixelsonning loyihasi “Gazprom”ning Murmanskda o‘z STG zavodini qurish rejasini barbod qilardi.

Ayni chog‘da, “Novatek” Murmanskdagi zavodni Yagona gaz ta’minoti tizimiga ulash uchun “Gazprom”dan ruxsat olishi lozim edi. Buning uchun esa yangi zavodgacha gaz quvuri tortish zarur edi. Eng qizig‘i, quvur tortish xarajatlari (350-400 mlrd rubl yoki taxminan 4,3 mlrd dollar) shusiz ham, gaz eksporti tushib ketgani tufayli katta zarar ko‘rayotgan “Gazprom” zimmasiga tushardi.

Xullas, Mixelson najot ko‘zi bilan qarayotgan ish “Gazprom”ning ra’yiga butkul bog‘liq va shu bilan birga, “Gazprom” uchun jozibasiz loyiha edi. Shunga qaramay Mixelson ishonch bilan harakat qilishda davom etdi, rejalaridan voz kechmadi. Endi ma’lum bo‘lyaptiki, u “Gazprom” bilan apparat o‘yinlari uchun yenggida kuchli “ko‘zir qarta”ni yashirib qo‘ygan ekan.

Putinning bir og‘iz gapi bilan ishlar jadallab ketdi

2023-yilning 4-sentyabrini Vladimir Putin Sochida o‘tkazdi. Tushgacha Turkiya prezidenti Rajab Erdo‘g‘on bilan muzokara olib bordi. Kunning ikkinchi yarmida yana bir uchrashuv bo‘lib, u yagona masala – “Murmansk STG” loyihasiga bag‘ishlandi. Ishtirokchilar – Mixelson, uch vazir, bosh vazir o‘rinbosari va Putinning yordamchisi. “Gazprom” vakillari qatnashmadi. Mulozimlar bilan tadbirkorlar yig‘ilib, nimani muhokama qilishgani haqida hech nima deyilmadi hisob. Bu keyinroq ma’lum bo‘ldi.

Bir hafta o‘tib Putin Sharqiy forumda biznesmenlar va mulozimlarni Murmansk gaz quvuri masalasida kelishib olishga chaqirdi. O‘sha kuniyoq Mixelson quvurni o‘zi qurajagini e’lon qildi, buning ortidan “Novatek” bo‘lg‘usi zavodni elektr bilan ta’minlash bo‘yicha “Rosseti” davlat shirkati bilan shartnoma tuzgani o‘rtaga chiqdi. “Gazprom”ning e’tirozlariga qaramay, Davlat Dumasi Putinning amri bilan Mixelsonga Murmansk gazini mustaqil sotishga ruxsat berdi, hukumat esa “Gazprom” zimmasiga “Novatek”ning quvur tortish xarajatlarini qoplash uchun shirkatga yoqilg‘ini chegirma bilan transportirovka qilish majburiyatini yukladi.

Операция “G”: Путиннинг Ўзбекистондаги махфий омбори
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:21:21 0:00

Quvurni “Murmansk-Transgaz” shirkati quradigan bo‘ldi. Yangi zavodga gaz transportirovka qilish bilan ham u shug‘ullansa kerak. “Novatek” “Murmansk-Transgaz”ni 2023-yilning mayida ro‘yxatdan o‘tkazgan, Mixelsonning najotkor loyihasi haqidagi ilk xabarlar o‘shanda paydo bo‘lgandi. O‘shandan beri hukumat gaz quvuri quvvatini ikki marta qayta ko‘rib chiqib, uni salkam ikki baravarga oshirdi.

2023-yilning oxirida “Murmansk-Transgaz”da g‘aroyib voqea yuz berdi: shirkatga Vladimir Putinning kuyovi Yevgeniy Nagorniy rahbar bo‘lib keldi.

Kuyovbolaning karyerasi: bojxonadan “Novatek”gacha

Putinning qiziga yo‘liqqunicha Yevgeniy Nagorniy taqdirida tub burilish umuman bo‘lmagan. U Moskva shahrida, o‘rtahol oilada tug‘ilgan, onasi maktabda “zavuch” bo‘lib ishlagan, 2005-yilda maktabni tamomlagan.

Maktabni bitirib, Moskva moliya-yuridik universitetining bojxona fakultetiga kirib o‘qigan. 2010-yillar boshida “Rosoboroneksport”ning bojxona brokeri bo‘lmish “Oboron-terminal” AJda, keyin esa mineral o‘g‘itlar ishlab chiqaruvchi “Yevroxim” shirkatida bosh mutaxassis bo‘lib ishlagan.

Taxminan o‘sha kezlar Nagorniyning sinfdoshi va bolalikdan do‘sti Olesya Sagaydak Vladimir Putinning to‘ng‘ich qizi Mariya Voronsova bilan yaqinlashadi. Qizlar MDUning fundamental tibbiyot fakultetida birga o‘qishgan dugonalar bo‘lib, vaqti-vaqti bilan birga sayohatga chiqib turishardi – bu haqda “Nastoyashcheye vremya” va “Meduza” batafsil yozgan.

2016-yildan Mariya Voronsova dunyo bo‘ylab sayohatlarga Nagorniy bilan chiqadigan bo‘ldi. 2017-yilning aprelida ular farzand ko‘rishdi – bolakay otasining familiyasini olgan va ular bilan birga sayohat qiladi. Mariya Voronsovaning o‘zi ham, internetda ul-bul buyurtma qilgan vaqtlarida Nagornaya familiyasidan foydalanadi.

Putinning norasmiy kuyovi (yoshlar hali nikohdan o‘tishmagan) “Novatek” shirkatiga 2017-yilda ishga joylashgan: dastlab xaridlar boshqarmasi boshlig‘iga muovin bo‘lgan, keyinroq shu boshqarma boshlig‘i lavozimiga tayinlangan.

Yevgeniy Nagorniyning ism-familiyasi va telefon raqamini “Novatek”ning nasoslar, separatorlar va adsorberlar xarid qilish bo‘yicha tender hujjatlaridan topish mumkin. Ya’ni, aftidan, u gaz qazib olish sohasini uncha-muncha tushunadi.

Bir loyiha suiqasdi

Mixelson “Murmansk STG” bilan bog‘liq muammolarni Putin yordamida hal etayotgan paytda “Novatek”ning “Arktik STG 2” nomli boshqa bir loyihasi ustida qora bulutlar paydo bo‘ldi. Qurilishiga Putinning shaxsan o‘zi bosh qo‘shgan ushbu zavod 2023-yil oxirida ishga tushirilishi va “Novatek”ning eng yirik korxonasi bo‘lishi kerak edi. Ammo noyabr oyi boshida “Arktik STG 2” AQSH sanksiyalariga uchradi. “Maqsadimiz – ushbu loyihani o‘ldirish”, degan edi AQSH davlat kotibining energetika masalalari bo‘yicha yordamchisi Jeffri Payet.

Davlat departamenti “Arktik STG 2”ni AQSH Mudofaa vazirligi bilan bamaslahat nishonga olgan bo‘lib, bu Rossiyani yangi energetika loyihalari va ulardan kelajak daromadlardan mahrum etishga qaratilgan ulkan rejaning bir qismi edi. Noyabrning oxiridayoq “Arktik STG 2” fors-major vaziyatdan hamkorlarini ogoh qildi, “Novatek”ning chet ellik investorlari loyihani moliyalashni to‘xtatdilar. 2024-yil boshida shirkat “Arktik STG 2”da gaz qazib olishni keskin kamaytirdi, keyin esa butunlay to‘xtatdi. “Sanksiyalar biz kutgandan ham yaxshi ta’sir qilib, loyihani to‘xtatib qo‘ydi”, degan edi Arktika instituti eksperti Malte Hambert.

Ushbu manzarada “Murmansk STG”ning ahamiyati yanada ortdi. O‘tgan oyda Reuters agentligi o‘z manbalariga tayanib, “Novatek” endi bor e’tiborini unga qaratib, “Arktik STG 2” bo‘yicha ishlarni minimumga tushirmoqchi ekani haqida yozdi. Biroq Murmansk loyihasini ham jiddiy sinovlar kutmoqda. Gap shundaki, Rossiyaning STG zavodiga qarshi sanksiyalarga Yevroittifoq ham qo‘shilmoqchi – holbuki, zavod mahsulotining qariyb yarmini aynan Yevropaga eksport qilish rejalangan.

Avvalroq ekspertlar “Murmansk STG” qurilishini moliyalashga “Novatek”ning qurbi yetadi, deya taxmin qilishgan edi. Sanksiyalar loyiha qimmatlashib ketishiga olib keladi, biroq suyultirilgan tabiiy gaz bahosi keskin ko‘tarilishi hisobiga xarajatlarni qisman qoplash mumkin. Juda bo‘lmasa, har doimgidek, davlat yordam beradi. Xaridorlarga kelsak, Yevropa o‘rnini Hindiston va Xitoy egallashi mumkin.

Ўзбекистон Кремл чангалидан қутулиши мумкинми? Анвармирзо Ҳусаинов билан суҳбат
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:32:05 0:00

Rasman, Murmansk loyihasi bo‘yicha yakuniy investitsiya qarori qabul qilinganicha yo‘q. 2023-yilning dekabr oyi boshida “Novatek” yangi “Murmansk STG” MCHJni ta’sis etdi. Ikki haftadan so‘ng esa zavod uchun gaz quvuri qurib beradigan shirkatga Putinning kuyovi bosh direktor bo‘lib keldi. Yana ikki haftadan ko‘proq vaqt o‘tib, Yangi yil arafasida, hukumat, Putinning topshirig‘iga binoan “Murmansk STG” va unga tegishli gaz quvurini davlat energetika siyosati prioritetlari sirasiga kiritdi.

Yevgeniy Nagorniy “Sistema” tahririyatining telegram orqali yo‘llagan so‘rovini o‘qidi, ammo javob bermadi. “Novatek” ham so‘rovni javobsiz qoldirdi.

XS
SM
MD
LG