Линклар

Шошилинч хабар
16 декабр 2024, Тошкент вақти: 19:37

O‘zbekiston: Ukrainadagi urushni "noto‘g‘ri yoritgan" jurnalist va blogerlar DXXga chaqirtirilmoqda


Ukrainaning Toshkentdagi elchixonasi oldini poytaxliklar gullarga to‘ldirishgan.
Ukrainaning Toshkentdagi elchixonasi oldini poytaxliklar gullarga to‘ldirishgan.

Rossiyaning Ukrainaga urushi yuzasidan “betaraf pozitsiya”ni egallagan O‘zbekiston davlat matbuoti Ukrainadagi voqealarni deyarli sharhlamayapti.

O‘zbekiston rasmiy idoralari voqealarni faol yoritayotgan nashrlar va blogerlarga bosim o‘tkazayotgani dalillari mavjud.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, o‘tgan dam olish kunlari bir necha jurnalist va bloger Toshkentdagi DXX tergov bo‘limiga chaqirtirilib, Ukrainadagi voqealarga oid maqolalar yuzasidan ogohlantirilgan.

O‘z xavfsizligi tufayli ismi oshkor etilmasligini so‘ragan jurnalistlardan biri Ozodlikka 28-fevral kuni Toshkentdagi DXX tergov bo‘limiga suhbatga borgani, suhbat davomida Ukraina voqealarini “vazmin, neytral” pozitsiyadan yoritish talabi qo‘yilganini aytdi.

“Nozik mavzu, shuning uchun iloji boricha neytral bo‘linglar, degan gap bo‘ldi ”, - deydi bloger.

Bundan oldin ijtimoiy tarmoqlarda ham ayrim bloger va jurnalistlar DXXga chaqirtirilgani haqida xabarlar tarqalgandi.

"Nozik mavzu"

“Haqiqat vazirligi” Telegram-kanali 2-mart kuni rasmiylar nazarida Ukrainadagi urushni "noto‘g‘ri yoritayotgan" jurnalist va blogerlarga bosim o‘tkazilayotgani haqida yozdi.

“Ukrainaga ruslarning bosqinchiligi mana shunday nozik mavzulardan. Bu mavzuni "noto‘g‘ri" yoritayotgan jurnalist va blogerlar DXXning “Gvardeyskiy”dagi tergov izolyatoriga chaqirilib, aslida qanday yoritilish kerakligi borasida "tegishli tavsiyalar" olmoqda”.

O‘zbekistondagi eng ommabop nashrlardan “Kun.uz”ning ikki ta’sischisi va bosh muharriri 26-fevral kuni DXXga chaqirtirilgan.

Nashr ta’sischilaridan biri Umid Shermuhammedov bu haqda Facebook sahifasida yozdi.

“Dam olish kuni Gvardeyskiyga chaqirishsa biram “yoqadi”...

O‘zi bormasammikan deb turgandim, bir muxbirimni, bir o‘rinbosarimni, keyin sherigimni ham chaqirishdi, endi meni ham juda bir “intizorlik bilan” kutishayotgan ekan. Bungacha bir qarasa shaharda emasman, yana bir qarashsa jo‘yali sabab yo‘q… Ha, mayli Ukraina voqealari bahona yana siquvga olishadi, shekilli”, - deb yozdi Shermuhammedov.

“Kun.uz” rahbarlaridan biri Umid Shermuhammedov DXXga chaqirtirilgani haqda Facebook sahifasida yozdi.
“Kun.uz” rahbarlaridan biri Umid Shermuhammedov DXXga chaqirtirilgani haqda Facebook sahifasida yozdi.

Chaqiruv tafsilotlari borasida Shermuhammedov ham, nashrning boshqa ta’sischilari ham sukut saqlamoqda.

Shermuhamedovning o‘zi esa bu haqda Facebookka qo‘ygan postini keyinroq olib tashladi.

Ammo Ozodlik manbalarining aytishicha, “Kun.uz” rahbarlari Ukraina mavzusini yoritish borasida ogohlantirilgan.

Ukrainaning Toshkentdagi elchixonasi oldini poytaxliklar gullarga to‘ldirishgan.
Ukrainaning Toshkentdagi elchixonasi oldini poytaxliklar gullarga to‘ldirishgan.

Ayni paytda Rossiyaning Ukrainaga bosqini haqidagi ba’zi maqolalar O‘zbekistondagi saytlardan yo‘qolib qoldi.

Poytaxtliklar Toshkentdagi Ukraina elchixonasi binosiga gul va yumshoq o‘yinchoqlar ko‘tarib borgani va shu yo‘l bilan ukrainlarga birdamlik izhor qilgani haqida “Daryo.uz” nashrida 25-fevral kuni chop etilgan maqola keyinroq saytda bir muddat g‘oyib bo‘ldi. 8 mart kuni maqola nashr saytida qaytadan paydo bo‘ldi.

Putin tomonini olgan "Xalq so‘zi"

26-fevral kuni O‘zbekistonning hukumat nashri hisoblangan “Xalq so‘zi” gazetasining internetdagi ruscha sahifasida bosilgan “Rossiya insoniyatni uchinchi jahon urushidan qutqaradi” sarlavhali maqola tarmoqlarda muhokamaga sabab bo‘ldi.

Ayrim tarmoq faollari hukumat nashrini Rossiya prezidenti Vladimir Putin va uning mustaqil davlatga agressiyasini qo‘llab-quvvatlashda ayblab chiqdi.

Tanqid va norozilik ortidan maqola hech qanday izohsiz saytdan olib tashlandi.

O‘zbekistonlik jurnalist Anora Sodiqovaning Ozodlikka aytishicha, bir davlatning yana bir mustaqil, suveren davlat hududiga bostirib kirishini yoqlovchi maqolaning hukumat gazetasida bosilishi o‘ta taajjublanarli xoldir.

“Hamkasblardan eshitdim, DXXga chaqirib, neytral bo‘linglar, deb tushuntirishayotgan ekan. Ayni paytda hukumat gazetasida mana bunaqa bir yoqlama targ‘ibot maqola bosilyapti. Balki bu o‘sha yerda ishlaydigan bir jurnalistning qarashidir, bizda kam emas bunday qarashdagi odamlar, jurnalistlar orasida ham. Lekin hukumat gazetasiku bu, tekshiruvdan o‘tadi.

Jurnalistlarni DXXga chaqirtirilayotganiga kelsak, meni chaqirtirishmadi, kasal edim. Lekin, chaqirtirishgan hamkablarimni. Neytral bo‘linglar, deb tavsiya berishgan. Jurnalislarning xavotiri bo‘lishi kerak-ku. Rossiya qudratini ortishi bizga zarar. Ukrainada o‘yinchoq hukumat tuzilishi boshqa postsovet davlatlar uchun yomon mujda bo‘ladi. Axir, biz mustaqil davlat, qanday neytral qarab turishi kerak?”, - deydi Anora Sodiqova.

"Кремлдан қўрқади". Ўзбек зиёлилари Россиянинг Украинага уруши ҳақида
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:08:17 0:00

O‘zbekistonlik bloger Aqida Xanum Ukrainadagi voqealar haqida tarmoqlarda fikr bildirishga hech qanday to‘sqinlik bo‘lmayotganini aytadi.

“Bizda zombi yashchikni (Rossiya davlat telekanallariga tarmoqlarda berilgan ta’rif- tahr.) ko‘radiganlar ko‘p. Rossiya propagandasiga uchganlar bor. Tarmoqda bir narsa yozsangiz, darrov chiqib kelishadi. Lekin ularning qarashi hukumatimiz qarashiga aylanib qolmasligi kerak”, - deydi Aqida Xanum.

O‘zbekiston prezidentining sobiq matbuot kotibi, sobiq diplomat va jurnalist Beruniy Alimovga ko‘ra, urushayotgan tomonlarning urushni to‘xtatishga bo‘lgan intilishini qo‘llab-quvvatlovchi OAV chiqishlari muhim.

"To‘g‘ri, shunchaki “gumanistlik”dan ko‘ra, chuqurroq mazmunga ega materiyashashini li darajada yozilmayotganligini tan olish kerak.

Shunday bo‘lsa-da, har ikkala tomonning urushni to‘xtatishga bo‘lgan intilishini qo‘llab-quvvatlovchi OAV chiqishlari muhimroq, deb o‘ylayman. Negaki, OAV oddiy o‘quvchining nimani so‘ragani, aniqrog‘i, ko‘proq qonli tafsilotlarni bergandan ko‘ra, uning kelib chiqish sabablarini, hozirgi holati va prognozini neytral pozitsiyada turib bergani ma’qulroq", - deydi Ozodlik bilan suhbatda Beruniy Alimov.

Ozodlik Prezident administratsiyasi huzuridagi Axborot va Ommaviy kommunikatsiyalar agentligidan bu borada munosabat ololmadi.

Prezident Mirziyoyevning o‘zi va Tashqi ishlar vazirligi hanuzgacha Rossiyaning Ukrainaga tajovuzi yuzasidan bayonot bergani yo‘q.

25-fevral kuni O‘zbekiston va Rossiya prezidentlari telefon muloqoti o‘tkazdi.

Kreml prezident Mirziyoyev Rossiyaning Ukrainadagi harakatlari yuzasidan tushunish izhor qilganini aytdi, ammo keyinroq Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov O‘zbekistonning rasmiy mavqeyiga aniqlik kiritdi.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston bu borada neytral pozitsiyada.

“Shuni alohida ta’kidlashni istardimki, O‘zbekiston bu masala bo‘yicha vazmin, neytral pozitsiyada. Mamlakatimiz azaldan ham Rossiya, ham Ukraina bilan yaqin, do‘stona munosabatlarga ega. Biz keng mintaqamizda tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyot bo‘lishidan manfaatdormiz. Barcha bahs va kelishmovchiliklar faqatgina xalqaro huquq normalari asosida hal qilinishi lozim”, deyiladi O‘zbekiston prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadovning bayonotida.

XS
SM
MD
LG