Линклар

Шошилинч хабар
16 декабр 2024, Тошкент вақти: 18:53

O‘zbek–qirg‘iz chegarasidagi avtohalokatda bir o‘zbekistonlik doxil 8 kishi qurbon bo‘ldi


Voqea joyiga o‘zbekistonlik qutqaruvchilar ham yetib kelgan.
Voqea joyiga o‘zbekistonlik qutqaruvchilar ham yetib kelgan.

O‘zbekistonning So‘x tumani Chashma qishlog‘i va Qirg‘izistonning Haydarkon shaharchasi yaqinidagi Chechme qishloqlari tutashadigan chegara hududida 21-may kuni sodir bo‘lgan avtohalokatda 8 odam vafot etdi, 9 odam tan jarohati oldi.

Halok bo‘lganlardan bir nafari va jabrlanganlardan biri O‘zbekiston fuqarosi.

O‘zbekiston bilan chegaradagi “Chechma” nazorat-o‘tkazish punktidagi bino va to‘xtab turgan bir nechta avtomobilni Qirg‘iziston Favqulodda vaziyatlar vazirligiga tegishli bo‘lgan og‘ir yuk tashuvchi avtomashina urib o‘tgan.

21-may soat 16.00 atrofida Qirg‘izistonning Qadamjoy tumani tarkibidagi Haydarkon shaharchasi yaqinidagi Chechme qishlog‘ida katta yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi.

Rasman bildirilishicha, ustiga og‘ir yer suruvchi traktor yuklab ketayotgan Favqulodda vaziyatlar vazirligiga qarashli “HOWO” rusumidagi mashina nazorat-o‘tkazish punkti to‘smalarini buzib, nazorat postida navbat kutib turgan odamlar va bir nechta avtomashinani urib ketgan.

Qirg‘iziston Favqulodda vaziyatlar vazirligi yuk mashinasi Botken viloyatining Bo‘jo‘y qishlog‘iga sel oqibatlarini oldini olish maqsadida ketayotganligini ma’lum qildi. Avariya natijasida 8 kishi halok bo‘lgan. Ulardan ikki nafari avtomashinada ketayotgan vazirlik xodimi, biri O‘zbekiston fuqarosi, qolgan besh kishi Qadamjoy tumani yashovchilari bo‘lgan.

Voqea joyiga borgan Qirg‘iziston Favqulodda vaziyatlar vaziri Bo‘o‘bek Ajikeyev mahalliy nashrlarga bergan suhbatida, bu yerga O‘zbekiston qutqaruvchilari ham kelganini aytdi:

“O‘zbekiston qutqaruvchilari bilan bizning qutqaruvchilar birgalashib barcha kerakli ishlarni qilishyapti. O‘zbekistondan bir tral, bizdan bir manipulyator keldi. Voqeani ko‘rgan guvoh va chegarachilarning aytishlaricha, yuk mashinasi haydovchisi qo‘llari bilan ishora qilib, “qochinglar-qochinglar”, deb baqirib kelibdi. Tormozni bosib, rulni u yoq - bu yoqqa bursa ham mashina ustidagi yuki bilan bu yerga kelib, 16 mashinani urib ketgan. Natijada 8 odam vafot etgan, 9 odam yaralangan”.

O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi Farg‘ona viloyat boshqarmasi rahbari Ilhomjon Qo‘chqorovning aytishicha, yordam berish uchun voqea joyiga O‘zbekistondan ikki maxsus texnika va maxsus ekipaj jalb etilgan.

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi Chegara xizmati matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, fojiadan o‘tkazish punkti binosi zararlangan, biroq chegarachilarga jarohat yetmagan.

Botken viloyat militsiyasi tergov xizmati rahbari Nurg‘azi Ergebayev dastlabki tergov natijasi to‘g‘risidagi quyidagilarni aytdi:

“Vafot etganlardan bir nafari O‘zbekiston fuqarosi qolgan 7 kishi Qirg‘iziston fuqarosi. Jarohat olganlardan biri ham O‘zbekiston fuqarosi. Hozirda yo‘l halokati sabablarini aniqlash bo‘yicha tekshiruv ishlari ketyapti”.

Bundan tashqari, zarar yetkazilgan avtomashinalardan 2 tasi O‘zbekiston fuqarolariga tegishli ekani aniqlangan.

Rasmiyning aytishicha, mazkur hodisa yuzasidan Jinoyat kodeksining 312-moddasi 3-qismi (Avtotransport vositalaridan foydalanishda ekspluatatsiya xavfsizligi qoidalarini buzish va buning oqibatida ehtiyotsizlik sababli o‘ta katta zarar keltirish) asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Bundan tashqari jarohat olganlar sud-tibbiyot ekspertizasidan va zarar yetgan avtomobillar sud-avtotexnik ekspertizadan o‘tkazilib, ularga yetkazilgan zarar miqdori aniqlanmoqda.

Sog‘liqni saqlash vazirligining Botken viloyati bo‘yicha muvofiqlashtiruvchisi Arzibek Bo‘rubekov jarohat olgan 8 odam shifokorlarga murojaat qilgani, ulardan 3 nafari ambulator yordamdan keyin uyiga ketgani, yana 5 odam hozir Haydarkon kasalxonasiga yotqizilganini bildirdi.

Halok bo‘lgan 8 fuqaro 22-may kuni tegishli ekspertizalardan keyin yaqinlariga topshirildi va dafn etildi.

Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligining bildirishicha, 2022-yilning uch oyida mamlakatda 1366 ta yo‘l-transport hodisasi qayd etilgan. Bu hodisalarda 110 kishi halok bo‘lgan va 2079 kishi jarohatlangan.

Ichki ishlar vazirligining rasman qayd etishicha, avtoavariyalarning 95 foizi haydovchilar yo‘l harakati qoidalariga rioya etmagani ortidan sodir bo‘lmoqda.

Qirg‘izistonda kuniga kamida uch kishi yo‘l-transport hodisalari oqibatida halok bo‘layotgani aytiladi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining bildirishicha, bir yilda dunyoda kamida 1 million 350 ming kishi yo‘l-transport hodisalari natijasida halok bo‘ladi.

XS
SM
MD
LG