Линклар

Шошилинч хабар
16 декабр 2024, Тошкент вақти: 20:55

Mustaqillikning 30 yilligi: Tolibondan tabrik va pandemiya vaqtidagi "lazgi"


Toshkentda O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligiga maxsus barpo etilgan “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida bayram tantanalari.
Toshkentda O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligiga maxsus barpo etilgan “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida bayram tantanalari.

O‘zbekistonda Prezident Islom Karimov o‘limidan besh yil o‘tib Mustaqillik bayrami tantanalari yana katta maydonlarga qaytdi.

Mustaqillikning 30 yillik sanasi qo‘shni Afg‘onistonda Tolibon qayta hokimiyatga kelgan paytga to‘g‘ri keldi.

Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Tolibon rahbarlaridan biri Mulla Barodar bilan O‘zbekistonda.
Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Tolibon rahbarlaridan biri Mulla Barodar bilan O‘zbekistonda.

Tolibondan tabrik

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining ma’lum qilishicha, Tolibon O‘zbekistonning mustaqillik kuni munosabati bilan mamlakat rahbariyati va xalqiga tabrik yo‘llagan.

"O‘zbekiston Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish jarayonida faol ishtirok etadi. Mamlakatning konstruktiv rolini Afg‘onistonning hozirgi rahbariyati ham tan olyapti. Afg‘oniston Islom Amirligi muzokaralar guruhi a’zosi va Tolibon siyosiy idorasi matbuot kotibi Muhammad Suhayl Shohin o‘z rahbariyati nomidan O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga mamlakat mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan tabrik yo‘llagani buning dalilidir", deyiladi TIV bayonotida.

Tolibon tabrik xatida O‘zbekiston bilan samarali va do‘stona munosabatlar o‘rnatish niyatida ekanini bildirgan.

"Biz O‘zbekiston ishtirokida Afg‘onistonda infratuzilma loyihalarini, xususan, temir yo‘l va elektr uzatish liniyalarini qurishni davom ettirishdan manfaatdorligimizni tasdiqlaymiz. Afg‘oniston Islom Amirligi o‘zbekistonlik sheriklarimizga bu yo‘nalishda barcha zarur yordamni beradi", deyilgan tabriknomada.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 31 - avgust kuni Mustaqillik tantanalari payti qilgan nutqida Afg‘oniston masalasiga to‘xtalib, "Bu davlat bilan aloqalarimizda do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini qo‘llab-quvvatlash hamda ichki ishlarga aralashmaslik tamoyillariga sodiq qolamiz", deb aytdi.

Mirziyoyev 27 - avgust kuni Navoiy viloyatiga tashrifi chog‘ida Tolibon O‘zbekiston rahbariyatiga bergan va’dalarining ustidan chiqayotganini aytgan, ammo tafsilotlarni ochiqlamagan. U uch yil avval Tolibon bilan boshlagan muloqot siyosatini himoya qilgan va "O‘zbekiston tomoniga o‘q otmaydigan hamma bilan gaplashishga tayyorligi"ni ta’kidlagan.

Ўттиз йилда ҳам косаси оқармаган ўзбек фермери
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:22:58 0:00

“Yangi O‘zbekiston” bog‘idagi bazm

31 - avgust kuni poytaxt Toshkentda O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligiga maxsus barpo etilgan “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida san’atkor va raqqosalar prezident Shavkat Mirziyoyev va uning xos mehmonlari qarshisida ikki soatdan oshiqroq vaqt davomida konsert namoyish etdi.

Ba’zi hokimlar "lazgi"ga o‘ynadi, boshqalari qarsak chalib, hamkasblarini qo‘llab-quvvatlab turdi.

Konsert so‘nggida Mirziyoyev san’atkorlar bilan birma-bir qo‘l siqishib, ba’zilari bilan quchoqlashib ko‘rishdi.

Ushbu sahnalar marhum prezident Islom Karimov davridagi tantanalarni yodga soldi.

“Yangi O‘zbekiston” bog‘ida O‘zbekiston Mustaqilligining 30 yilligi bayram tantanalari.
“Yangi O‘zbekiston” bog‘ida O‘zbekiston Mustaqilligining 30 yilligi bayram tantanalari.

Ekranda Karimov va Mirziyoyevning yelkama-yelka turgani aks etgan kadrlar namoyish etildi.

Ikkinchi prezident o‘z nutqida birinchi prezidentni xotirladi. Ayni paytda marhum prezident davridagi majburiy mehnat va boshqa salbiy ko‘rinishlarga barham berilganini ham ta’kidladi.

Ikkinchi prezident o‘z nutqida birinchi prezidentni xotirladi.
Ikkinchi prezident o‘z nutqida birinchi prezidentni xotirladi.

Bayram tadbirlari “Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik” shiori ostida o‘tkazilmoqda. Karimov vafotidan so‘ng u "lazgi"ga o‘ynashni odat qilgan Mustaqillik tantanalari yopiq sahnalarda, oz sonli odam ishtirokida o‘tkazib kelinayotgan edi.

Hukumat bu yil Mustaqillikning 30 yilligi bilan bog‘liq tarixiy sanani pandemiya bois ochiq maydonlarda o‘tkazishga qaror qilgan.

“Majburlash”larsiz bo‘lmadi

Toshkent va viloyat markazlarida bayram tantanalari Karimov davridagi "Eski O‘zbekiston"ning davlat tadbirlaridan farq qilmagani ko‘rindi.

Poytaxt Toshkent va viloyatlarda bo‘lgan ikki-uch soatlik konsert dasturi ommaviy sahnalarini tayyorlash jarayoniga bu safar ham o‘quv yurti talabalari va o‘quvchilar jalb qilindi, ular jazirama yoz issig‘ida stadion va sport zallarida oylab tayyorgarlik ko‘rishdi.

Avvalroq Ozodlik Toshkentda Mustaqillik bayrami tantanalariga tayyorgarlik boshlab yuborilgani, o‘quvchi va talabalar ko‘ngilli-majburiy jalb etilgani haqida xabar bergan edi. Viloyat markazlarida o‘tkazilgan tantanalar ham “majburlash”larsiz bo‘lmagan.

Ayrim viloyatlarda shahar ko‘chalari va binolarini bezash, devorlar va daraxtlarni oqlash ishlaridan tortib konsert tomosha dasturlarigacha maktab o‘quvchilari, talabalar jalb etilgan.

Qarshi shahrida Mustaqillik bayramini o‘tkazish uchug qurilgan Amfiteatr.
Qarshi shahrida Mustaqillik bayramini o‘tkazish uchug qurilgan Amfiteatr.

Qarshi shahridagi maktab o‘qituvchilariga ko‘ra, shahar maktablaridan 4 - 5 hamda 10 - 11 - sinf o‘quvchilari, hali o‘quv yili boshlanmasidanoq, yozning qirq daraja jaziramasida, mustaqillik bayrami tantanalariga tayyorgarlik uchun safarbar etilgan.

Ishidan ayrilishidan qo‘rqib, maktabi va ismini ochiqlamasligimizni so‘ragan Qarshi shahridagi maktab o‘qituvchisining aytishicha, topshiriq Qashqadaryo viloyati Yoshlar ishlari agentligi tomonidan berilgan.

“3 soatlik bayramga bir hafta repetitsiya qilishdi. O‘quvchilar ovqatini ham o‘zlarining cho‘ntagidan to‘ladi. Bu rahbarlar kattalarga yaxshi ko‘rinish uchun, o‘qituvchilarni yana o‘rtada sarson qilishmoqda. . . " deydi Ozodlik gaplashgan maktab o‘qituvchisi.

"2 - 3 soatlik o‘yin-kulgu deb, bir hafta yosh bolalarni issiqda sarg‘aytirib tayyorlashdi. Viloyat madaniyat boshqarmasi borku? Qachongacha maktabni faol o‘quvchilariga tarmashadi? Ta’til bo‘lsa ham saylov deb bizni qo‘yishmayabdi. Endi navbat o‘quvchilargami? . . ", - deydi ozodlik bilan suxbatda bo‘lgan qarshilik boshqa maktab o‘qituvchisi.

Qarshi shahrida o‘tkazilgan Mustaqillik bayrim tantanalari.
Qarshi shahrida o‘tkazilgan Mustaqillik bayrim tantanalari.

Yoshlar ishlari agentligi Qashqadaryo viloyat bo‘limi vakillari Ozodlikka o‘quvchi va talabalarning bayram tadbiriga majburlab olib chiqilganini rad etdi.

“Qatnashishga xohlovchilar juda ko‘p edi, tanlab-tanlab, faqat faollarini olib chiqdik”, - dedi agentlik vakili.

“Tantana o‘tmishimizning hali esdan chiqmagan illatlarini esga soldi”

O‘zbekistonlik faol Abdusalom Ergashev “Yangi O‘zbekiston”ning Mustaqillik bayrami Karimov boshqaruvi nazarda tutilgan “Eski O‘zbekiston”dagi bayramlarni yodga soldi, deydi.

“O‘tkazilgan tantana o‘tmishimizning hali esdan chiqmagan illatlarini esga solganligi durust bo‘lmadi. Karimov davrida shu yo‘sinda bayram qilish, tomosha qilganlarga bayram kayfiyati ulashishdan ko‘ra ko‘proq nafratga sabab bo‘lardi, odatda. Chunki umumxalq bayrami deb hisoblangan tantanada faqatgina tanlangan xos odamlar ishtirok etishi tabaqalashtirishning bir noxush ko‘rinishidan boshqa narsa emas.

Dunyoning birorta davlatida mustaqillik, respublika kunlari deb ataladigan sanalar saroy ahli uchun taniqli sanatkorlar chiqishlari bilan alohida nishonlanib, oddiy xalkka ko‘z-ko‘z qilinmaydi. Ayniqsa, bu xalq qora qozonini arang qaynatayotgan, aholisining deyarli chorak qismi dunyo bo‘ylab tirikchilik ilinjida tarqab ketgan bo‘lsa”, - deydi Ergashev.

O‘zbekistonning marhum prezidenti Islom Karimovning Mustaqillik bayramida raqsga tushishi odat tusiga kirgandi.
O‘zbekistonning marhum prezidenti Islom Karimovning Mustaqillik bayramida raqsga tushishi odat tusiga kirgandi.

O‘lat paytidagi bazm?

Mustaqillikning 30 yilligi tantanalari O‘zbekistonda koronavirusning yangi to‘lqini avjiga chiqqan pallada o‘tkazilmoqda. Ozodlikka yuborilgan suratlarda bayram tadbirlariga yig‘ilganlar orasida ijtimoiy masofa yo‘qligi va ko‘pchiligi niqobsiz ekanini ko‘rish mumkin.


Mas’ullar tomonidan bayram tadbirlariga tashrif buyuruvchilarni niqob taqishlari, ijtimoiy masofani saqlashlari, shaxsiy gigiyena qoidalariga qat’iy rioya etish ustidan nazoratni kuchaytirishni ta’minlash shartligi aytilgan esa-da, bunga hamma ham amal qilayotgani yo‘q.

Buni 31 - avgust kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan bayram tadbirida qatnashgan san’atkorlardan biri ham tasdiqladi.

Taklifnoma bilan kelganlarni issig‘ini o‘lchab, test qilib kiritishi kerak edi. Faqat nomiga qilishdi, chunki odam ko‘p edi. Oraliq masofa bo‘lmadi. Orada bitta joy bo‘sh turishi kerak edi. Madhiya chalinganidan so‘ng chalkash bo‘lib ketdi”, dedi Ozodlikka ismi ochiqlanmasligini so‘ragan san’atkor.

Sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, 31 - avgust kuni mamlakatning istisnosiz barcha hududlarida 742 kishi koronavirusga chalingan. Yangi qayd qilingan raqamlar yana poytaxt Toshkent hisobiga to‘g‘ri kelgan. Jami raqamlar 156394 taga yetgan. Ammo bu raqam pnevmoniya hollarini o‘z ichiga olmaydi.

Vazirlikning bildirishicha, koronavirusga chalingan bemorlardan yana 6 nafari vafot etib, O‘zbekistonda shu paytgacha koronavirus qurbonlari soni 1088 nafarga yetgan.

Мирзиёев партияси вирус тарқатувчи оммавий тадбирларни ўтказмоқда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:05:24 0:00

Bu yilgi Mustaqillik bayrami prezident Shavkat Mirziyoyev ikkinchi muddatga saylanishi kutilayotgan navbatdagi prezident saylovlari arafasida o‘tmoqda.

Amaldagi prezidentning nomzodini ilgari surgan O‘zLiDeP partiyasi o‘tgan oy ommaviy saylovoldi konsertlarini o‘tkazgan, o‘shanda ham yig‘ilganlarning deyarli barchasi niqobsiz ko‘ringandi.

Iqtidordagi partiya rasmiylari saylovoldi tadbirlarida ijtimoiy masofaga rioya qilinayotganini ta’kidlab, ommaviy tadbirlar davom etishini aytishgan.

XS
SM
MD
LG