Линклар

Шошилинч хабар
16 декабр 2024, Тошкент вақти: 07:02

80 ming dollarga bino qurgan tadbirkor qanday qilib mardikorga aylandi?


Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanida uch qavatli savdo va avtomobillarga xizmat ko‘rsatish markazi qurgan tadbirkor Mahmud Eshmo‘minov ayni kunlarda Toshkentda chiqindi yig‘ish bilan band.

Tadbirkor bu imoratni qurish uchun avtomobillarini, yashab turgan uyini ham sotishga majbur bo‘lgan va 80 ming dollardan ko‘p mablag‘ sarflagan.

“Bugungi kunda Toshkent shahriga kelib mardikorlik qilishga majbur bo‘ldim. Chunki oilamni boqishim kerak, tibbiyot institutida o‘qiydigan qizimning kontraktini to‘lashim kerak. Yakkabog‘da o‘z o‘rnimga ega bo‘lgan bir tadbirkor edim. Hokim va prokurorlarning bosimiga qolib, Toshkentda chiqindixonalardan makulatura va plastika yig‘ib, sexda qayta ishlab yuribman. Yakkabog‘ hokimi seni xonavayron qilaman degan edi, mana maqsadiga erishib turibdi”, deydi tadbirkor.

2018-yilda prezident dasturi doirasida Yakkabog‘ tumani bozori rekonstruksiya qilina boshlandi. O‘nlab tadbirkor qatori avtomobil ehtiyot qismlari bilan savdo qiladigan Mahmud Eshmo‘minovning ham beshta do‘koni buzildi.

Tuman hokimligi bu do‘konlar o‘rniga boshqa joydan quruq yer bergan. Tadbirkor qaror chiqqanidan so‘ng bu yerga uch qavatli “Savdo do‘koni va avtomobillarga xizmat ko‘rsatish” binosi qurishni boshlagan.

Tadbirkor qurdirgan savdo markazi.
Tadbirkor qurdirgan savdo markazi.

Binoga tegishli barcha hujjatlar tuman va viloyatdagi tegishli idoralar tomonidan qonuniy rasmiylashtirilgan.

Binoning bosh plani ham arxitektura idorasi tomonidan tasdiqlangan. Davlat Kadastrlar palatasi Qashqadaryo viloyat boshqarmasi Yakkabog‘ tuman filiali tomonidan ro‘yxatga olingan, ekspertizadan o‘tkazilgan.

Ammo, Yakkabog‘ tumaniga Lutfiddin Abdullayev hokim bo‘lib tayinlangandan so‘ng, tadbirkorga ajratilgan yer noqonuniy ekanligini iddao qilib, sudlarga da’vo arizasi kiritgan.

Sudlarda tadbirkor besh marta yutib chiqqan, lekin hokim har gal sud qaroriga yana apellyatsiya berib, uning deyarli bitib qolgan binosini buzdirib tashlashga harakat qilmoqda.

Mahmud Eshmo‘minov deyarli qurib bitkazgan “Savdo do‘koni va avtomobillarga xizmat ko‘rsatish” binosi eski bog‘dan qolgan yerga tushgan.

Yakkabog‘ning o‘sha paytdagi hokimi Shomurod Donayev tadbirkorga shu joydan 2018- yilda 0,09 gektar, ya’ni 9 so‘tix yer bozorda buzilgan beshta do‘koni hisobiga berilgan.

“Avval bu yerda 1,8 gektar bog‘ bor edi. Keyin u samarasiz deb topilib davlat zaxirasiga qaytarildi. Yakkabog‘ hokimi o‘sha zaxiraga qaytgan joydan menga qurilish qilish uchun qaror chiqarib bergan. Buzilgan do‘konlarim o‘rniga kompensatsiya. Men yo‘l usti ekan, janjalli bo‘lib qolmasin deb barcha me’yoriy hujjatlarni qilganman. Lekin yangi hokim Lutfiddin Abdullayev tan olmayapti. Hokim “Yangi O‘zbekiston” massivi qurilishi uchun bo‘sh joyni beryapti, lekin menga o‘xshagan tadbirkorga ruxsat yo‘q. Men binoni deyarli bitirib bo‘ldim. Bor narsamni sarflab bo‘ldim”, deydi tadbirkor.

Mahmud Eshmo‘minov barcha hujjatlarni taxlab ishni boshlaganda, Yakkabog‘ tumani hokimi Lutfiddin Abdullayev qurilish joyiga kelib, bu joy sug‘oriladigan yer bo‘lganligi sababli qaror noqonuniy chiqqanligini iddao qiladi.

Hokimning yagona iddaosi shuki, qurilishga ajratilgan yer sug‘oriladigan yerda bo‘lgani sababli, unga noqonuniy qaror chiqarilgan.

Hokim bu yer uzumzor bo‘lishini o‘sha paytda yoyinlangan videolarda ham aytgan edi.

Ammo hokim aytgan uzumzor ham bo‘lmadi, sug‘oriladigan yer ham bo‘lmadi. Bu joyda, “Yangi O‘zbekiston” massivi qurila boshladi.

Endi hech kim nega sug‘oriladigan qishloq xo‘jalik yeriga uy-joylar qurilyapti degan savolni bermadi.

Tadbirkor qurgan do‘kon ham ana shu massivga uzukka ko‘z qo‘ygandek tushishi, aholiga savdo va texnik xizmat ko‘rsatish imkoniyatini paydo qilgan bo‘lar edi.

Mahmud Eshmo‘minovning aytishicha, bino qonuniy qurilgani haqida qaror chiqargan ayni sudya apellyatsiya sudida o‘zining qarorini noto‘g‘ri degan xulosa beryapti. Sudyalar ham hokim va prokurorlarning bosimi ostida hukm chiqarmoqda, deydi tadbirkor:

“Qashqadaryo viloyat ma’muriy sudi apellyatsiya instansiyasining sudyasi Latofat Zayniddinova avval ham bizning ishni ko‘rgan va qonuniy deb qaror chiqargan. Shu sudyaning o‘zi boshqa apellyatsiya sudida esa qonuniy emas deb topyapti. Sudya avval qonuniy deydiyu, keyin noqonuniy bo‘lib qoladimi. Nega o‘sha boshida sud buni noqonuniy deb topmadi, nega beton tashlashimdan oldin aytmaydi. Bu yerda hokim va prokuror sudga bosim o‘tkazgani yaqqol ko‘rinib turibdi. Men qurilishga beton tashlashimdan oldin hokimning qarshiligini sindirish uchun sudga bergandim. Sud meni haq deb topgan edi”.

Mahmud Eshmo‘minov ayni paytda Toshkentdagi sexda ishlamoqda. U qarindoshlari bilan shahardagi chiqindixonalardan plastika va makulatura yig‘ishtirib kelib, sexda qayta ishlab sotadi.

Tadbirkorning aytishicha, agar Yakkabog‘ tumani hokimi Lutfiddin Abdullayev qarshilik qilmaganda edi, u bu binoni allaqachon qurib bitirgan va o‘ttizga yaqin odamni ish bilan ta’minlagan bo‘lardi.

Bino qurilishi uchun ajratilgan yerni Mahmud Eshmo‘minov noqonuniy olmagan, boya aytganimizdek barcha qaror va hujjatlar qo‘lida bor. Sudlarda goh yutib, goh yutqazyapti.

Lekin muhimi, tadbirkor bor-budini sotib shu binoga xarj qilgan. Yana biroz harakat qilinsa oydekkina bino bo‘ladi.

Ozodlik Yakkabog‘ tumani hokimi Lutfiddin Abdullayev bilan bog‘lanib, bu voqeaga izoh so‘radi.

Ammo hokim telefon orqali hech qanday ma’lumot bermasligini aytib aloqani uzdi.

O‘zbekiston prezidenti o‘z chiqishlarida tadbirkorlarga keng yo‘l ochilgani, ularning manfaatlari qonunlar bilan himoya qilinayotganini muntazam aytib keladi. Prezidentning “ikkita ish o‘rni yaratgan tadbirkorni boshimga ko‘taraman” degan gapi bot-bot tilga olinadi.

Garchi prezident tadbirkorlar hukumat tomonidan to‘la qo‘llab-quvvatlanayotganini iddao qilayotgan bo‘lsa-da, mahalliy hokimlar tomonidan tadbirkor qurgan bino va inshootlarni sud orqali buzdirib tashlash holatlari davom etmoqda.

O‘zbekistonda hokimlarning tez-tez almashishi oqibatlarini ko‘p hollarda tadbirkorlar o‘z tanalarida his qilishadi.

Ko‘p hollarda bir hokim biror bir mulkka yoki yerga egalik huquqini olish uchun tadbirkorga qaror chiqarib beradi, u ishdan ketganidan so‘ng o‘rniga kelgan boshqa hokim avvalgi hokimning qarorlarini bekor qilishni so‘rab sudga tortadi.

Orada esa qo‘lida barcha hujjatlari bor tadbirkor kuyib qolaveradi.

Faollarga ko‘ra, sudlarning mustaqil emasligi va xususiy mulk daxlsizligining kafolatlanmagani tadbirkorlik va umumiyatla, mamlakat iqtisodiy taraqqiyotiga to‘sqinlik qilayotgan asosiy omillardan biri bo‘lib qolmoqda.

XS
SM
MD
LG