Линклар

Шошилинч хабар
16 декабр 2024, Тошкент вақти: 10:49

“Kompromatuzb ishi”: Yopiq sud va xabarsiz "jabrlanuvchi"lar


Shayxontohur tuman sudi 18-iyul kuni “Kompromatuzb ishi”ni ko‘rishni boshladi.
Shayxontohur tuman sudi 18-iyul kuni “Kompromatuzb ishi”ni ko‘rishni boshladi.

Toshkent shahar, jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudi 18-iyul kuni “Kompromatuzb ishi”ni ko‘rishni boshladi.

Ayblanuvchilardan biri, Human.uz sayti asoschisi va muharriri Xurshid Daliyev suddan ishni yopiq tarzda ko‘rishni iltimos qilganidan so‘ng, boshqa ayblanuvchi va advokatlar bunga e’tiroz bildirsa-da, sud mahkamani yopiq tarzda ko‘rish haqida qaror chiqardi va OAV vakillarini sud zalidan chiqardi.

Oliy sud axborotnomasida “jabrlanuvchi” sifatida nomi keltirilgan Daryo.uz jurnalisti Otabek Qo‘ldoshev ayblanuvchilardan hech qanday jabr ko‘rmaganini ta’kidlar ekan, uning nomi bu ro‘yxatga qanday tushib qolganiga javob topolmayotganini aytadi.

Otabek Qo‘ldoshevdan tashqari yana bir “jabrlanuvchi” Xosiyatxon Sa’dullayeva ham bu ro‘yxatga “adashib” kiritilgani ma’lum bo‘ldi.

Shavkat Mirziyoyev hukumatga kelganidan buyon bu mahkama jurnalistlar ishi ko‘rilayotgan eng shov-shuvli mahkamaga aylandi.

“Kompromatuzb ishi” bo‘yicha to‘rt kishi - “O‘zbekneftgaz” AJ matbuot kotibi (sobiq) Siyovush Hoshimov, Human.uz sayti asoschisi va muharriri Xurshid Daliyev, fuqaro Ahmadullo Ahmadjonov va Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi matbuot kotibi (sobiq) Mavjuda Mirzayeva ayblanmoqda.

Ularga Jinoyat kodeksining 139-moddasi (tuhmat), 165-moddasi (tovlamachilik), 243-moddasi (jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish), 184- moddasi(soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash) bo‘yicha ayblov qo‘yilgan.

Oliy Sudning xabarnomasida Mavjuda Mirzayevaga qo‘yilgan, jamoatchilikdan sir saqlanishi lozim bo‘lgan JK moddasining oshkor qilinishi huquqshunoslar, jurnalist va blogerlarning noroziligiga sabab bo‘lgan edi.

Sud majlisida qatnashgan, “Ezgulik” inson huquqlari jamiyati raisi Abdurahmon Tashanovning aytishicha, ayblanuvchilardan biri suddan mahkama yopiq o‘tkazilishini iltimos qildi, lekin bunga sabab keltirmadi:

“Sud soat uchga yaqin boshlandi. Sudlanuvchilardan Xurshid Daliyev sudyadan mahkama yopiq tarzda o‘tkazilishini iltimos qildi. Mavjuda Mirzayeva esa "faqat mening ishim yopiq tarzda, qolgan jarayonlar ochiq tarzda ko‘rilsin", dedi. Qolgan ikki sudlanuvchi Siyovush Hoshimov va fuqaro Ahmadullo Ahmadjonov hamda ularning advokatlari "ochiq tarzda ko‘rilsin, jamoatchilik xabardor bo‘lib tursin", deb iltimos qilishdi. Lekin sudya maslahatchilari bilan kengashib yopiq tarzda o‘tkazilishini e’lon qildi va bizni zaldan chiqarib yubordi. Nazarimda Xurshid Daliyev o‘z ixtiyori bilan sudning yopiq bo‘lishini so‘ramadi. Undan yopiq o‘tkazishni talab qilishni “iltimos” qilishgan shekilli”.

Shayxontohur tuman sudi tomonidan sud majlisiga tayinlangan jinoyat ishlari ro‘yxatida Daryo.uz nashri jurnalisti Otabek Qo‘ldashevning ham ism-sharifi keltirilgan.

Otabek Qo‘ldashev uning nomi “jabrlanuvchilar” ro‘yxatiga qanday tushib qolganidan o‘zi ham taajjubda ekanligini Ozodlikka aytdi:

“Bu ro‘yxat e’lon qilinganidan so‘ng o‘ttizdan ortiq tanishlarim, telefon qilib, yozib, tinchlikmi deb so‘rashdi. Keyin o‘zimning “Qitmir muxbir” degan Telegram kanalimga “O‘rtoqlar, yemagan bu ayblovlaringga meni aralashtirmanglar, men kompromatchilarning hech biridan jabr ko‘rgan emasman” deb izoh berdim. Keyin Oliy sudning matbuot xizmatiga chiqdim va “men jabrlanuvchi emasman, bundan maqsad nima yoki jabrlanuvchilar ro‘yxatini bo‘rttirib ko‘rsatish uchun qildilaringmi", dedim. Keyin matbuot kotibi "Aziz aka, siz bu bo‘yicha Shayxontohur sudi raisining oldiga kiring", dedi”.

Otabek Qo‘ldashev bu haqda Shayxontohur sudidan ham aniq bir javob ololmagan:

“Bugun sud majlisida jabrlanuvchilardan boshqa hamma chiqib ketsin, sud yopiq bo‘ladi, deyildi. Men ham qoldim. Hammani so‘rab chiqishdiyu, menga kelganda 'siz jabrlanuvchilar ro‘yxatida yo‘q ekansiz", deyishdi. Suddan chiqib yana Oliy sud matbuot xizmati boshlig‘i Aziz akaning oldiga bordim. Aytdimki, "bu xabarlaring orqali qancha yaqinlarim, tanishlarim tashvishga tushdi, menga qancha ma’naviy zarar yetdi. Kim meni ro‘yxatga kiritgan", dedim. Aziz aka "tergov xulosasiga ko‘ra sizning ismingiz bazaga kirib ketgan", dedi. "Tergovni esa DXX olib borgan, demak ular kiritgan ekanda", desam, "shunaqa bo‘lib chiqyapti", dedi. Menga Shayxontohur tuman sudi va Oliy sudga ariza yozishimni maslahat berdi”.

Mavjuda Mirzayeva
Mavjuda Mirzayeva

Sud majlisida qatnashgan boshqa bir jurnalistning aytishicha, "jabrlanuvchi" sifatida taklif etilgan Xosiyatxon Sa’dullayeva ham u "kompromatchilardan" hech qanday jabr ko‘rmaganini, uni ro‘yxatga xato qo‘shishganini aytgan.

360 sahifalik jinoyat ishining ayblov xulosasiga ko‘ra, ayblanuvchilar go‘yo “Kompromatuzb” kanalida tanqidiy materiallarni chiqarishni to‘xtatish uchun tovlamachilik bilan shug‘ullangan.

Ular tovlamchilik yo‘li bilan vazirlik, agentlik va bir qancha banklarni o‘zining rahbarligidagi “Human media”, “Bon profi media”, “Alm media web” va “Komil unsur” MCHJlarga go‘yoki “PR” qilish yuzasidan juda ko‘p so‘m miqdordagi shartnomalarni tuzishga majbur qilgani aytiladi.

So‘ngra, ayblov xulosasiga ko‘ra, ayblanuvchilar MCHJlar hisob-raqamlariga o‘tkazilgan jinoiy faoliyat natijasida topilgan pul mablag‘larini o‘zaro taqsimlab, ularning hisobidan ko‘chmas-mulk obyektlari, transport vositalari va tovar-moddiy boyliklar sotib olishgan, bank operatsiyalarini amalga oshirishi orqali, o‘zlarining jinoiy harakatlariga qonuniy tus bergan.

Ayblov xulosasida ayblanuvchilar o‘z ayblariga iqror bo‘lgani aytiladi. Xulosada turli lavozimlarda ishlagan 19 jabrlanuvchining ism-familiyasi keltirilgan.

Hozircha bu "jabrlanuvchilar"dan ikki kishi ro‘yxatga xato qo‘shilganini ta’kidlamoqda.

Joriy yilning 27-yanvar kuni Davlat xavfsizlik xizmati Human.uz sayti direktori Xurshid Daliyev va yana olti jurnalist Kompromat.uzb Telegram-kanali administratorlari sifatida hibsga olingani va ular tovlamachilikda gumon qilinayotganini bildirgan edi.

29-yanvar kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Yunusobod tumani sudi ajrimi bilan O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi matbuot xizmati rahbari Mavjuda Mirzayevaga nisbatan ehtiyot chorasi sifatida qamoq belgilangan edi.

Human.uz saytining asoschisi Xurshid Daliyev tanqidiy-tahliliy chiqishlari bilan e’tiborga tushgan jurnalist.

Bir muddat "Yoshlar" telekanali va "Kun.uz" saytlarida ishlagan.

2019-yilda Xurshid Daliyev Andijon viloyatidagi mutasaddilarni tanqid qilib chiqishi ortidan ismi-sharifi noma’lum shaxslar o‘lim bilan tahdid qilgani haqda Human.uz saytida bayonot bilan chiqqandi.

2021-yil oktabrida ikkinchi muddatga qayta saylangan Shavkat Mirziyoyev, o‘z ta’biricha, qonuniy faoliyat olib borayotgan jurnalist va blogerlarni himoya qilishga va’da bergan.

Parijda joylashgan “Chegara bilmas muxbirlar” xalqaro nodavlat tashkiloti o‘tgan yili o‘zining so‘z erkinligi indeksida O‘zbekistonni 180 davlat orasida 133-o‘ringa qo‘ygan. Tashkilot o‘z hisobotida O‘zbekistondagi so‘z erkinligi vaziyatini “murakkab” deb atagan.

XS
SM
MD
LG