Линклар

Шошилинч хабар
17 декабр 2024, Тошкент вақти: 00:02

Kilometrlik navbatlar va umidsizlik. Sovuq tushishi bilan O‘zbekistonda gaz "zapravka"lar yana yopildi


Avtomobil gaz ballonini to‘ldirib metan quydirish 15 dollar turadi, bir bak benzin esa 40-50 dollar – shu bois O‘zbekistonda metan gazi juda ommalashgan. Ammo mashinasi suyultirilgan gazda ishlaydigan haydovchilar shu kunlarda yoqilg‘i qidirib sarson bo‘lishmoqda: ko‘p “zapravka”lar faoliyatini vaqtincha to‘xtatgan, ayrimlari gaz yo‘qligi uchun yopilib ketgan. Toshkentda va yirik viloyatlarda har yili, sovuq kunlar boshlanishi bilan shunday manzara kuzatiladi.

O‘zbekistonda avtogaz shoxobchalari 9-dekabrdan vaqtincha faoliyatini to‘xtatdi. Energetika vazirligi buni “respublika hududiga sovuq havo kirib kelishi natijasida energiya resurslariga talab sezilarli darajada oshgani” bilan izohladi.

“Havo haroratining keskin pasayishi natijasida iste’molchilarning tabiiy gazga bo‘lgan talabi keskin oshib, respublika gaz transport tizimi obyektlari maksimal quvvatlarda ishlashiga, shu jumladan, gazni yer osti saqlash omborlaridan rejalashtirilgan maksimal kunlik gaz olinishiga va tarmoqqa uzatilishiga qaramay, quvurlarda gaz bosimining pasayishi olib keldi”, deyiladi vazirlik xabarnomasida.

Кўмир ва мусаффо осмон: Ўзбекистонда совуқ кунлар бошланмоқда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:11:48 0:00

Energetika vazirligining 9-dekabrdagi ma’lumotiga ko‘ra, aholining sutkalik tabiiy gaz iste’moli o‘tgan haftadagiga nisbatan 20 foizga, elektr energiyasi iste’moli esa 15 foizga oshgan.

O‘tgan hafta O‘zbekistonda harorat nuldan 6-8 daraja pasaydi. Avtomobili gazda yuradigan haydovchilar shoxobchalarda yoqilg‘i topa olmay, sarson bo‘lishyapti. Ijtimoiy tarmoqlarda mashinalar turnaqator navbatga turgan va yopiq gaz “zapravka”lar videolari ko‘paydi – haydovchilar “kelib ovora bo‘lmanglar, yoqilg‘i yo‘q” degan ma’noda bir-birlarini shu tarzda ogohlantirishadi.

Toshkentlik Abror Chevrolet Sobalt haydaydi. U yoqilg‘idan pul tejash maqsadida mashinasini gazga moslab qayta jihozlatgan.

“Metan benzindan uch-to‘rt karra arzon. Ilgari 500-600 ming so‘m (40-50 dollar)ga bakni to‘ldirib benzin quydirgan bo‘lsam, hozir metanga atigi 180-200 ming so‘m (14-15 dollar) sarflayman. Tez-tez moy quydirishgayam hojat qolmadi”, deydi u gazga o‘tgani sababini tushuntirar ekan.

Gaz quyish shoxobchalarida uzun navbatda turgan boshqa haydovchilar ham unga o‘xshab, tejamkorlik uchun shunday qilishgan. Ammo endi ko‘pchilik bu ahvoldan qanday chiqish yo‘llarini izlamoqda.

“Elektromobillarga o‘tadigan vaqt keldi, chog‘i. Butun respublikada metan va propan quyish shoxobchalaridagi bir necha kilometrga cho‘zilgan navbatlarni ko‘rib shunday fikrga keldim”, deb yozdi “zapravka”lardan olingan kadrlarni ulashgan Patrul_uz telegram-kanali obunachisi.

Qish mavsumida gaz shoxobchalari faoliyatining cheklanishi O‘zbekiston uchun yangilik emas. 2023-yil dekabrda ham gaz “zapravka”lar ishida keng ko‘lamli uzilishlar bo‘lgan va oqibatda ularning yarmidan ko‘pi yopilib ketgandi. Vaziyat ayniqsa Toshkent shahrida, shuningdek aholi zich yashaydigan Samarqand, Toshkent, Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlarida jiddiy tus oldi.

Электр қиммат, газ йўқ: XXI асрда иссиқ уй учун кураш
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:03 0:00

Joriy yilning fevralida ham ustma-ust qor yog‘ib, gaz bosimi pasayib ketganida yana cheklovlar joriy etilgan va oy oxiriga qadar uzaytirilgandi.

Eksportchidan importchiga

Ushbu muammolar manzarasida O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov bayonot berarkan, mamlakat energiya resurslari sof eksportchisidan sof importchiga aylanganini urg‘uladi.

“Dunyo o‘zgarib, jahon iqtisodiyoti Osiyo tomon siljishi bilan biz energiya resurslarining sof eksportchisidan sof importchisiga aylanib qoldik. Shu nuqtayi nazardan uzoq muddatli istiqbolda biz atom energiyasini energobalansning zarur qismi sifatida ko‘rib chiqyapmiz”, dedi energetika vaziri.

Mulozim hukumat energiya ta’minoti barqarorligiga erishish va importga tobelikni kamaytirish imkonini beruvchi yangi yechimlar ustida faol ish olib borayotganini ma’lum qildi.

Toshkentlik iqtisodiy tahlilchi Otabek Bakirov o‘z telegram-kanalida vazirning bayonotiga izoh berar ekan, mamlakat aynan shu vazirlik rahbarlarining “maqsadli harakatlari va harakatsizligi” natijasida sof importchiga aylanib qolganini urg‘uladi.

“Marsliklar kelib O‘zbekistonni Rossiyaga qaram qilib bergani yo‘q. 8 yildan beri O‘zbekiston energetikasida qanaqa qiyshiq va zararkunanda qarorlar va loyihalar yuz bergan bo‘lsa, ustida sizlar turgansizlar. Davlat shunday qaramlik yuz bermasligi uchun qancha mablag‘ kerak bo‘lsa, byudjetdan, qarzdan, odamlar cho‘ntagidan olib berdi va bermoqda.

Lekin gaz qazib olishni oshirishga ajratilgan milliardlab dollarlarning natijasi qani? Trillionlab subsidiyalarning natijasi qani? 4 mlrd dollarlik GTL zavodi nega ishlamayapti? Endi 8 yillik ongli ravishda yaratilgan oqibatlarni go‘yoki yopish uchun bizga mintaqa uchun bombaga aylanadigan AES taklif etayapsizmi? Ya’ni shimollik og‘alaringiz foydasiga yaratgan qaramlikni yanada oshirmoqchisiz, mixlab qo‘ymoqchisiz? Shundaymi?” deya savol qo‘yadi tahlilchi.

Gaz qazib olish kamaymoqda

O‘zbekistonning o‘zi ham gaz qazib chiqaradi – tasdiqlangan tabiiy gaz zaxiralari hajmi 1,8 trln kubometr, bu dunyo bo‘yicha 17-o‘rin. Statistika agentligi qaydlariga ko‘ra, oktyabr oyida 3,6 mlrd kubometr gaz qazib olingan bo‘lib, bu o‘tgan yilning oktyabridagi ko‘rsatkichdan 189,7 mln kubometrga kam. So‘nggi besh yilda gaz qazib olish 12 mlrd kubometrdan ziyodga qisqargan.

Bakirovga ko‘ra, 12 mlrd kubometr gaz O‘zbekistonning butun aholisini bir yo‘l to‘liq ta’minlashga yetgan bo‘lur edi. “Mana buni rostanam shonli energetiklarning hech kim unutmaydigan “tarixiy ishi” desa bo‘ladi”, istehzo qiladi u.

“O‘zbekistonda aholining tabiiy o‘sishi qariyb 1 million kishini tashkil qildi. Iqtisodiyot salkam 6 foizga o‘sdi. Bular bari energiya resurslarining kamida 10-15 foizga ortishiga olib kelmoqda. So‘nggi olti yilning o‘zida elektr energiyasi iste’moli 40 foizga oshdi”, degan edi Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov 2023-yil noyabrda bo‘lib o‘tgan Peterburg gaz forumida.

Операция “G”: Путиннинг Ўзбекистондаги махфий омбори
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:21:21 0:00

.

O‘zbekiston gazni Rossiya va Turkmanistondan import qiladi. Dekabrning boshlarida Toshkent va Ashxobod O‘zbekistonga gaz yetkazib berishni ko‘paytirish va qo‘shma gaz loyihalarini amalga oshirishga kelishib oldi. O‘zbekiston prezidentining matbuot xizmati o‘z press-relizida gaz importini tilga olmagan bo‘lsa-da, yil boshidan beri ikki tomonlama tovar ayirboshlash 1 mlrd dollarga yetganini va buning salmoqli qismini gaz tashkil qilishini qayd etdi.

2023-yil oktyabrdan beri O‘zbekiston Qozog‘iston orqali Rossiyadan gaz olmoqda. Xabar qilinishicha, import hajmini oshirish maqsadida O‘zbekiston hukumati magistral gaz tizimini modernizatsiya qilishga 500 mln dollar pul sarflamoqchi. Bundan tashqari, joriy yilning 27-noyabrida Rossiya prezidentining matbuot xizmati Rossiya Qozog‘iston hududi orqali O‘zbekistonga gaz yetkazib berishni oshirishni rejalayotganini ma’lum qildi, ayni chog‘da biron raqam keltirgani yo‘q.

O‘tgan yili mamlakat prezidenti farmoni bilan qabul qilingan “O‘zbekiston-2030” strategiyasiga ko‘ra gaz qazib olish hajmi yiliga 62 mlrd kubometrga yetkazilishi kerak. Loyiha mamlakat energetika xavfsizligini ta’minlash, mavsumiy yuqori ehtiyojni qoplash uchun qo‘shimcha hajmlar topish va ushbu yoqilg‘ini yetkazib beruvchi kafolatlangan manbalarni diversifikatsiya qilishda muhim ekanligi ta’kidlangan.

Кремль чангалидаги ўзбек гази
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 1:19:16 0:00

Shu yilning noyabr oyi oxirida Energetika vaziri kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish doirasida bazaviy va pessimistik ssenariylar ishlab chiqilganini ma’lum qilgan edi. Harorat -20 darajagacha pasaygan kritik vaziyatlarda yirik iste’molchilar va yoqilg‘i shoxobchalarini gaz bilan ta’minlash cheklanadi, mazutdan foydalanish ortadi, yirik korxonalarga energiya resurslari yetkazib berish cheklanadi va hkz. Biroq bu ssenariylar hanuzgacha jamoatchilikka taqdim etilmadi.

XS
SM
MD
LG