Линклар

Шошилинч хабар
16 декабр 2024, Тошкент вақти: 14:56

Issiqxonalar: Umurzoqov gazni qaytardi, biroq "Hududgaz" istagan payt uzishi mumkin


Energetika vazirligi issiqxonalarni ko‘mir bilan isitishni taklif qilmoqda.
Energetika vazirligi issiqxonalarni ko‘mir bilan isitishni taklif qilmoqda.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2-noyabr kuni “Issiqxona xo‘jaliklari faoliyati samaradorligini oshirish yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Qarorga ko‘ra, issiqxona xo‘jaliklariga gaz to‘lovini o‘z vaqtida amalga oshirmaganlik uchun penya 2022-yil 1-oktabrdan 2023-yil 1-aprelgacha hisoblanmaydi.

Issiqxona xo‘jaliklarini aylanma mablag‘ bilan ta’minlash maqsadida 6 oylik imtiyozli davr bilan 1 yil muddatga banklar kredit ajratadi.

Ammo qarorda yaqinda tadbirkorlarning noroziligiga sabab bo‘lgan gaz ta’minoti haqida hech narsa deyilmagan.

Ozodlik suhbatlashgan tadbirkorlar “Hududgazta’minot” bilan shartnoma qilishdagi byurokratiyadan aziyat chekayotganini, issiqxonlarning gaz ta’minotida aniq bir kafolat yo‘qligini aytmoqda.

Norozilik

O‘tgan hafta O‘zbekistonda issiqxonasi bor tadbirkorlar gaz ta’minotidan uzilishi ortidan butkul kasod bo‘lish xavfi ostida qoldi.

«Hududgazta’minot» AJ joylardagi gaz ta’minoti filiallariga yuborgan maktubida issiqxonalarni ketma-ket gazdan uzish haqida topshiriq berdi.

Yuzlab issiqxonaning birdaniga tabiiy gazdan uzib qo‘yilishi va boshqa yoqilg‘i turiga o‘tish haqidagi rasmiylarning qimmatli “maslahati”dan so‘ng tadbirkorlar oyoqqa turdi va najot istab Toshkentga bordi.

Norozi tadbirkorlar 25-oktabr kuni Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligi oldida to‘plandi. U yerdan bir jo‘yali javob ololmagach prezident adminstratsiyasi rahbari Sardor Umurzoqov qabuliga kirishga harakat qilishgan. Ammo, u yerda ularni Vazirlar Mahkamasiga borishni maslahat berishgan.

Tadbirkorlarning bu yurishlari mahalliy OAVda yoritildi va bu xabar prezident Administratsiyasi rahbari Sardor Umurzoqovga ham yetib bordi.

Muammo hal etildi, lekin...

Sardor Umurzoqov darhol gazga mas’ul tegishli idoralar rahbarlarini yig‘ib yig‘ilish o‘tkazdi va issiqxonalarga gaz berishni zudlik bilan tiklash haqida farmoyish berdi:

“Eng zaif va javob berolmaydigan qatlamni qurbon qilishga ahd qildik. Mayli, 1,5 foiz gazni iqtisod qildik, buning hisobiga eksportni va ish joylarini «o‘ldirdingiz», kreditini to‘lolmay, tadbirkor bankrotga uchraydi. [Keyin] nima qiladi bular? Kim bularga javob beradi? Men bekorga hozir DXX rahbarlarini ham chaqirmaganman. Bu davlat xavfsizligiga tahdid qilyapti yoki noto‘g‘rimi? Ertaga eksportni davlatga kim tiklab beradi? Tadbirkorga daromadini kim tiklab beradi, kim kreditini qaytarib beradi?”, dedi Umurzoqov vazirlik va agentliklar mas’ullari bilan o‘tkazgan yig‘ilishda.

Sardor Umurzoqov Prezident administratsiyasining nazorat inspeksiyasi boshlig‘i Saidlaziz Saidkarimovga, Hisob palatasi raisining birinchi o‘rinbosari Bahodir Turobovga va bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshevga topshiriq berib, aybdorlarni javobgarlikka tortish lozimligini tayinladi.

Bu majlisdan so‘ng, tadbirkorlar engil nafas oldi, issiqxonalarga yana gaz berildi, go‘yoki muammo hal bo‘ldi.

Lekin aslida muammo hal bo‘ldimi? “Hududgazta’minot” tadbirkorlarga endi gazni qayerdan yetkazib beradi. Qish mavsumida tabiiy gazga ehtiyoj oshadi.

Bu gaz endi aholining ehtiyojidan qisib olib beriladimi yoki Umurzoqov majlisda tilga olgan “o‘g‘ri gaz-zapravkalar” hisobidanmi?

So‘nggi to‘rt yilda prezident topshirig‘i bilan tashkil etilgan, umumiy maydoni 6 ming gektardan oshgan issiqxonalarni isitish manbasi qayerdan olinishi o‘ylab ko‘rilganmi, sarfu-xarajatlar hisob-kitob qilinganmi?

Nega tadbirkorlar har yili gaz muammosiga duch keladilar?

Muammoning ildizi qayerda?

2019-yilning 20-martida prezident qarori bilan Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligi tashkil etildi.

Bu qarordan so‘ng yuzlab tadbirkor o‘z kuchi bilan, yo kredit olib, yoki chetdan investitsiya jalb qilib issiqxona qurishga kirishdi.

Viloyat va tuman hokimlari prezident qarorini bajarish maqsadida tadbirkorlarga issiqxona qurish uchun yer ajratib berdi, gaz bilan ta’minlashga va’da berdi, banklar kreditlar bera boshladi.

Issiqxonalarning aksariyati xorijiy texnologiyalar asosida gaz va dizel yonilg‘isida ishlaydigan qilib qurildi.

Ozodlik suhbatlashgan samarqandlik tadbirkorlardan biri ham xorijdan qariyb yarim million dollar investitsiya kiritib 1 gektar yerda issiqxona qurgan.

Tadbirkorning aytishicha, hokimiyat gaz yetkazib berishni va’da qildi, ammo gaz tashkilotlari o‘z shartlarini qo‘ydi.

Monopolning “kurakda turmas” shartlari

Ozodlik suhbatlashgan tadbirkorlarning aytishlaricha, prezidentning qaroridan so‘ng issiqxonani uzluksiz gaz bilan ta’minlash borasida hokimlar quyuq va’dalarni bergan.

“Tuman hokimi davay qur, investitsiya kirit, gazni men topib beraman dedi. Uzoq muzokaralardan so‘ng, Rossiyadan 500 ming dollarlik investitsiya olib kirib, bir gektar yerga zamonaviy issiqxona qurdik. 50 ming dollarga kollektordan truba tortib keldik, 4 ming dollarga gaz hisoblagichi oldik, 35 ming dollarga gaz va solyarkaga moslangan qozon sotib oldik. Milliard-milliard pul sarfladik. Endi esa gaz bo‘ladi degan hokimlar ishini qilib bo‘ldi, prezidentga mana buncha investitsiya kiritdik, buncha issiqxona qurdik deb raportlarni berib bo‘lgan. Bu yog‘i endi nima bo‘ladi, ularga issiq-sovug‘i yo‘q”, deydi tadbirkor.

"Hududgazta’minot" bilan shartnoma tuzish uchun talab qilinadigan hujjatlar.
"Hududgazta’minot" bilan shartnoma tuzish uchun talab qilinadigan hujjatlar.

Uning aytishicha, “Hududgazta’minot” bilan shartnoma qilish uchun bir oy davomida ishni tashlab faqat hujjat yig‘ish bilan ovora bo‘lish kerak:

“Agar oktabrning 25laridan sovuq tushadiganini hisobga olsak bir oy oldin gazga shartnoma qilishni boshlash kerak. Ammo bu shartnoma qilishning o‘zi bir azob. Turli xil tashkilotlardan o‘nta ruxsatnoma. Ichidagi narsalar yana o‘nta bo‘lyapti. Masalan, “O‘zgazneftinspeksiya”dan xulosa olish uchun yana o‘nta hujjat olib borishingiz kerak. Buning ichida esa korrupsiya. Hamma joyga uzatish kerak. Bo‘lmasa bermay cho‘zib yuraveradi. Maxsus shunday qilishgan. Bir oy faqat dokument yig‘asiz. Ekinga qaramaysiz, qog‘oz to‘playsiz. Bundan ko‘ra, gaz bermaymiz, deb qo‘yishsa bo‘ladiku”.

“Limitdan ortiq gaz yoqsang yana 40 foiz ko‘proq to‘laysan”

Tadbirkorning aytishicha, gaz shartnomasidagi har bir band tadbirkorlarning zarariga qilib tuzilgan va bu shartlarni imzolashga majbursan:

“Monopol shirkatda, aytganimga rozi bo‘lsang, gaz beraman deydi. Bo‘lmasa yo‘q. Masalan, bir kub gazga ming so‘mdan to‘laymiz. Masalan, men aytamanki, shu oyda 30 ming kub gaz yoqaman va shuning 70 foizini oldindan to‘lab qo‘yaman. Endi, qarang, mabodo havo uzoq muddat sovuq bo‘lib tursa, men ko‘proq gaz yoqaman. Limitdan oshib ketishi tabiiy. Oshgandan keyin mendan 1400 so‘mdan undiriladi. Axir bu nima degan gap, biz iste’molchimizku, gazni sotib olyapmizku, nega oshiqcha pul to‘lashimiz kerak?”

“Ultimatum - uch oylik solyarka yoki ko‘mir zaxira bo‘lishi shart!”

“Hududgazta’minot” bilan tadbirkor o‘rtasidagi shartnoma tuzishda yana bir g‘aroyib hujjatga qo‘l qo‘ydirib olinadi. Agar tadbirkor bu hujjatga imzo chekmasa u bilan shartnoma imzolanmaydi.

Toshkent viloyatida issiqxonasi bor, ismi sir qolishini so‘ragan tadbirkorning aytishicha, bu band ta’minotchiga xohlagan vaqtida gaz berishni to‘xtatib qo‘yish huquqini beradi:

“Bu hujjatda biz xohlagan vaqtda gazni uzib qo‘yishimiz mumkin, uch oyga yetadigan alternativ yoqilg‘i zaxirang bo‘lishi kerak, deb yozilgan. Bu ularning bizga ultimatumi! Imzolamasak shartnoma yo‘q! Agar gaz bo‘lmasa bir sutkada 1 tonna solyarka yoqishim kerak. Bu bir sutkada 10 million so‘m degani. Demak uch oyga men 90 tonna solyarka yig‘ishim kerak. Solyarkaning o‘zi qishloq xo‘jaligiga yetmay yotibdiyu, men 90 tonna solyarkani qayerdan topaman, topgan taqdirimda ham qayerga sig‘diraman, qayerga qo‘yaman? Bu absurd emasmi? Kulguli emasmi? Qish o‘zi uch oy bo‘lsa, unda shartnomaning nima keragi bor? Biz gaz beramiz degani uchun bu ishga qo‘l urganmiz. Agar solyarkada bu qozonni ishlatsak uyimizni topolmay qolamizku”.

Ozodlik tadbirkorlarning bu iddaolariga munosabat olish maqsadida “Hududgazta’minot” AJ matbuot kotibi Mehribon Mametova bilan bog‘landi. Mametova Ozodlik O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tmaganligini pesh qilib, suhbatlashishdan bosh tortdi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2-noyabr kuni “Issiqxona xo‘jaliklari faoliyati samaradorligini oshirish yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorga imzo chekdi.

Qarorga ko‘ra, issiqxona xo‘jaliklariga gaz to‘lovini o‘z vaqtida amalga oshirmaganlik uchun penya 2022-yil 1-oktabrdan 2023-yil 1-aprelgacha hisoblanmaydi.

Issiqxona xo‘jaliklarini aylanma mablag‘ bilan ta’minlash uchun banklar tomonidan 1 yil muddatga 6 oylik imtiyozli davr bilan kredit ajratiladi.

Ammo qarorda, issiqxonalarni uzluksiz gaz bilan ta’minlash “Hududgazta’minot” AJga yuklatilgani haqida hech narsa deyilmagan.

Prezident Matbuot xizmatining xabar berishicha, hozirgi kunda O‘zbekistonda 3 mingdan ortiq issiqxona bor. Ularning jami maydoni 6 ming 300 gektardan ziyod bo‘lib, shundan 4 ming 300 gektari so‘nggi besh yilda tashkil etilgan.

“Lekin so‘nggi paytlarda tashqi bozorlardagi cheklovlar va transport logistikasidagi uzilishlar bu tarmoqqa ham salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Xususan, aksariyat issiqxonalar biznes-rejasida 1 tonna mahsulot tannarxi o‘rtacha 600 dollar deb hisob-kitob qilingan bo‘lsa, 2020-yilda tannarx 900 dollarni va 2021-yilda 1 ming 200 dollarni tashkil etgan. Ayrim issiqxona xo‘jaliklarida kredit, soliq, tabiiy gaz va elektr energiyasi to‘lovlari bo‘yicha qarzdorlik yuzaga kelgan”, deyiladi matbuot xizmati xabarida.

XS
SM
MD
LG