Линклар

Шошилинч хабар
16 декабр 2024, Тошкент вақти: 13:37

HRW O‘zbekiston hukumatini "prezidentni internetda haqoratlash" aybini bekor qilishga chaqirdi


Prezident Shavkat Mirziyoyev.
Prezident Shavkat Mirziyoyev.

Human Rights Watch inson huquqlari tashkiloti O‘zbekiston hukumatini "internetda prezidentni haqoratlaganlik" uchun jinoiy jazoni nazarda tutuvchi ayblovni bekor qilish va ushbu ayblov bo‘yicha mahkum etilgan barcha shaxslarni zudlik bilan ozod etish yuzasidan amaliy qadamlar qo‘yishga chaqirdi.

Tashkilot 30-may kuni e’lon qilgan bayonotda aytilishicha, O‘zbekistonda "internetda prezidentni haqorat qilganlik" uchun qamoqqa tashlanganlar soni oshib bormoqda.

O‘zbekiston Jinoyat kodeksining Human Rights Watch bayonotida tilga olingan 158-moddasi 3-qismi "O‘zbekiston prezidentini omma oldida haqoratlash yoki unga tuhmat qilish, shuningdek, matbuot yoki boshqa ommaviy axborot vositalaridan, telekommunikatsiya tarmoqlaridan yoki Internet butunjahon axborot tarmog‘idan foydalangan holda uni haqoratlash yoki unga tuhmat qilish"ni nazarda tutadi va

  • 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari
  • yoki 2 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash
  • yoxud 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi


Tashkilotga ko‘ra, besh yillik qamoq jazosini nazarda tutuvchi mazkur ayblov inson huquqlarining buzilishi hisoblanadi.

«O‘zbekistonda odamlar prezident va boshqa hokimiyat organlarini ochiq, ta’qib qilinishdan qo‘rqmasdan tanqid qila olishi kerak», - deydi Human Rights Watch ning Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha direktori Xyu Uilyamson.

Human Rights Watch o‘tgan yili O‘zbekistonda «O‘zbekiston Respublikasi Prezidentini internet yoki boshqa ommaviy axborot vositalari, telekommunikatsiya tarmoqlarida haqorat qilish yoki unga tuhmat qilish» ayblovi bilan qamalgan 5 ta holatni ko‘rib chiqqan.

Tashkilotning ta’kidlashicha, O‘zbekistonda rasmiylar fuqarolarni so‘z erkinligi huquqidan foydalangani uchun nohaq ta’qib qilmoqda.

“Ҳақоратланган” президент: Термизлик тармоқ фойдаланувчиси 5 йилга қамалди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:10:22 0:00


Bayonotda aytilishicha, hukumat amaldorlarini tanqid qilganlik uchun jazolovchi qonunlar xalqaro huquqqa zid va ba’zi ifoda shakllari haqorat sifatida ko‘rilishi jinoiy ta’qibga asos bo‘lmaydi.

"Prezident yoki boshqa mansabdor shaxslarni «haqorat» qilganlik ayblovi shunchaki adliya tizimini hukumatning uni ranjitgan yoki tanqid qilgan har qanday shaxsdan qasos olish quroliga aylantiradi, deya qayd etadi Human Rights Watch.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi, Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktga rioya etilishini nazorat qiluvchi mustaqil organining so‘z erkinligi haqidagi umumiy izohida shunday deyilgan: «Tuhmat hech qachon «qamoq jazosiga asos bo‘lmaydi. Barcha jamoat arboblari qonuniy ravishda tanqid qilinishi mumkin»

Human Rights Watch'ning qayd etishicha, 2020-yilda prezident Mirziyoyev tuhmatni jinoiy javobgarlikdan chiqarishga va’da bergan, ammo buning
o‘rniga 2021-yil mart oyida O‘zbekiston Jinoyat kodeksiga «prezidentni internet orqali haqorat qilish» degan band kiritildi.

“Bu prezident Mirziyoyevning islohot va’dalarini shubha ostiga qo‘yib, Islom Karimovning o‘zgacha fikrni bostirish yo‘lidan borishga tayyorligini ko‘rsatadi. Haqorat qilganlikda ayblab odamlarni qamash amaliyotiga huquqlar chinakam hurmat qilinadigan mamlakatda mutlaqo o‘rin yo‘q.», deya xulosa qildi Uilyamson.

Oldinroq O‘zbekiston prezidenti administratsiyasining Axborot siyosati departamenti rahbari Komil Allamjonov blogerlarga qarshi jinoyat ishlari mamlakatning xalqaro so‘z erkinligi reytingidagi o‘rniga salbiy ta’sir ko‘rsatganini e’tirof etgan.

Ayni paytda Allamjonov qamoqqa tashlangan blogerlarga nisbatan ilgari surilgan "firibgarlik" va boshqa jinoiy ayblarni savol ostiga olmagan.

"Matbuot erkinligi yuzasidan reytinglarimizda o‘zgarish bor. Lekin biz bugun erkin matbuotni huquqiy maydonga olib chiqmas ekanmiz, muammolar sudlarda hal bo‘lishiga erishmas ekanmiz, taraqqiyot o‘rniga xaos paydo bo‘lishi, jurnalist yoki blogerman deb turli noqonuniy harakatlar, shantaj, firibgarlik holatlariga yo‘l qo‘yilishi natijasida jabr ko‘rgan fuqarolar soni ortib ketishiga sababchi bo‘lamiz. Afsuski, bunday holatlar bo‘ldi. Reyting tuzilishida shu kabi hodisalar ham ta’sir qildi deb o‘ylayman", deb yozgan Allamjonov.

U o‘z bayonotida konkret bloger yoki undan jabr ko‘rgani iddao qilingan shaxslarning ismini keltirmagan.

Ozodlik so‘nggi bir yilda o‘nga yaqin bloger ta’magirlik va firibgarlik ayblari bilan uzoq yillik qamoq jazolariga hukm qilingani haqida xabar bergan.

Shuningdek, bir necha tarmoq foydalanuvchisi Jinoyat kodeksining 3-qismi, 158 - moddasida ko‘zda tutilgan prezidentni omma oldida haqoratlaganlik aybi bilan qamoqqa tashlangan.

Avvalroq UzNews nashri O‘zbekiston Oliy sudi ma’lumotlariga tayangan holda oxirgi bir yilda kamida o‘n kishi tarmoqlarda prezidentni haqoratlagani uchun qamoq jazosiga mahkum etilgani haqida xabar qilgan edi.

O‘zbek rasmiylari bloger va tarmoq foydalanuvchilarining hokimiyatni tanqid qilgani uchun qamoqqa tashlanganini rad etib keladilar.

XS
SM
MD
LG