Линклар

Шошилинч хабар
16 декабр 2024, Тошкент вақти: 23:27

G‘aniyev osmondan ko‘rishi uchun yuzlab o‘qituvchi o‘z yonidan ko‘chat o‘tqazishga safarbar etildi


Maktab o‘qituvchilari ko‘chat o‘tkazmoqda. Mirishkor tumani.
Maktab o‘qituvchilari ko‘chat o‘tkazmoqda. Mirishkor tumani.

Qashqadaryo viloyatidagi maktablar va bog‘chalarning o‘qituvchi hamda tarbiyachilari 25- noyabr kuni ommaviy ko‘chat ekishga safarbar etildi.

Xalq ta’limi bo‘limi mulozimlari shu kuni ko‘chat o‘tqazish kampaniyasini shaxsan Bosh vazir o‘rinbosari Shuhrat G‘aniyev vertolyotdan nazorat qilishi haqida ogohlantirgan.

O‘qituvchi va maktab direktorlarining aytishlaricha, Bosh vazir o‘rinbosarining vertolyoti ko‘rinmagan bo‘lsa ham, ular o‘z yonlaridan pul to‘lab, ko‘chat sotib olishgan va maktab tomorqasiga o‘tqazishgan.

Rasmiylar bunga izoh berishdan bosh tortmoqda.

Telegram ijtimoiy tarmog‘ida Qashqadaryo viloyat hokimligi tomonidan viloyat maktablariga tarqatilgan “Diqqat shoshilinch” deb nomlanadi:

“Hurmatli soha rahbarlari. Ertaga 25.11.21. kuni Bosh vazir o‘rinbosari Shuhrat Madaminovich vertolyotda sektor rahbarlari bilan birga uchadi. Shu munosabat bilan hamma muassasa va tashkilotlarda yashil makon loyihasi bo‘yicha daraxt ko‘chatlar ekilishi kerak. Hamma harakatda bo‘lsin! Hozirdan ko‘chatlarni tayyorlang! Bu shaxsan hokim topshirig‘i”.

Hokimlik topshirig‘i
Hokimlik topshirig‘i

Korxona va tashkilotlardan tashqari, 25 - noyabr kuni barcha maktab va bog‘chalarda ham ommaviy ko‘chat o‘tqazish tadbiri o‘tkazildi.

Ozodlik bilan suhbatda Mirishkor tumanidagi maktab direktorlari va o‘qituvchilar shoshilinch "telegramma"dan sarosimaga tushganliklarini aytishdi:

“To‘g‘ri, qani endi hamma yoq daraxtzor bo‘lsa, mevali daraxtlar ko‘p bo‘lsa. Bizga ham bu ma’qul. Lekin buni kampaniyabozlik qilmaslik kerak. Hokimlik bir dona ham ko‘chat bergani yo‘q. O‘zimiz o‘qituvchilardan pul yig‘ib, bozordan, o‘rmon xo‘jaligidan sotib oldik va maktabdagi bo‘sh joylarga ekib tashladik. Muhimi, topshiriq bajarildi. Bu ko‘chatlar ertaga olib ketadimi, yo‘qmi, unga suv bo‘ladimi yo‘qmi, bunisi endi, ikkinchi darajali masala va hozircha bunga javob yo‘q”, deydi ismi sir qolishini so‘ragan o‘qituvchilardan biri.

Maktab o‘qituvchilari ko‘chat o‘tqazmoqda. Mirishkor tumani.
Maktab o‘qituvchilari ko‘chat o‘tqazmoqda. Mirishkor tumani.

Matbuotga gapirish vakolati yo‘qligi uchun ismi sir qolishini so‘ragan maktab direktorining Ozodlikka aytishicha, o‘qituvchilar o‘z yonlaridan ko‘chat sotib olishga majburlangan:

“Bizga hech kim bir so‘m pul yoki bir dona ko‘chat olib kelib, buni ek, demadi. Faqat maktabingning tomorqasiga 160 tup daraxt ko‘chati o‘tqazasan, degan qat’iy buyruq bo‘ldi. O‘qituvchilardan pul yig‘ib bodom, archa, sosna kabi ko‘chatlarni sotib oldik. Bodom ko‘chati juda qimmat, har donasi besh ming so‘mdan ekan. O‘shandan ham 50 ta olishga majbur bo‘ldik. Bu safar ham prezidentning topshirig‘ini bajarish uchun yana balogardon o‘qituvchilar bo‘ldi”.

Maktab o‘qituvchilari ko‘chat o‘tkazmoqda. Mirishkor tumani.
Maktab o‘qituvchilari ko‘chat o‘tkazmoqda. Mirishkor tumani.

Direktorning aytishicha, ko‘chatlar xususiy ko‘chat yetishtiruvchilar va mahalliy o‘rmon xo‘jaligidan sotib olingan.

Mirishkor tumanidagi ismi ochiqlanmasligini so‘ragan yana bir maktab direktorining aytishicha, o‘z yonlaridan ko‘chat olib kelgan o‘qituvchilarning "reyting balli ko‘tarilishiga" kafolat berilgan:

“Jami 300 tacha ko‘chat ekdik. Zardolu, olma, gilos, terak, tut, sosna bo‘ldi. O‘qituvchilarga yashil hudud uchun alohida reyting qildim. O‘qituvchilarimiz o‘zlari topib, olib kelishyapti. Hokimiyat ham beraman deyaptiyu, bilmadim, endi qachon beradi. Hozircha o‘zimizning kuchimiz bilan qilib turibmiz”.

Mirishkor tumani XTB mudiri Bektosh Shodiyev Ozodlikning savolini eshitishi bilanoq aloqani uzib qo‘ydi.

Ayni holat Koson tumanidagi maktablarda ham bo‘layotganini 27-maktabning ismi sir qolishini so‘ragan o‘qituvchisi tasdiqladi:

“Bizda ham xuddi shunday bo‘lyapti, o‘zimiz mahalliy tadbirkordan ko‘chat sotib olib maktab tomorqasiga o‘tqazdik. Hokimlik faqat haybarakallachilik qilib turibdi, xolos”.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2 - noyabr kuni aholini uy-joy bilan ta’minlash hamda yashil maydonlarni kengaytirish chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan o‘tkazgan yig‘ilishda “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish masalasi ko‘targan edi.

Bu loyiha bo‘yicha mamlakatda 200 million dona ko‘chat o‘tqazilishi kerak va 10 - dekabrga qadar “dolzarb 40 kunlik” e’lon qilingan.

Mustaqil O‘zbekiston tarixida daraxt ko‘chatlari o‘tqazish kampaniyalari bir necha marta bo‘lib o‘tgan.

Lekin har safar davlat byudjetidan milliardlab so‘m sarflangan ko‘chatlarning katta qismi qarovsizlik va suvsizlikdan qurib ketgan va ayni paytda poytaxt hamda viloyatlarda ko‘p yillik daraxtlarni ayovsiz kesish davom etgan.

Toshkent shahri va Sirdaryo viloyatida yaqinda kuzatilgan chang va qum bo‘ronlari kabi tabiiy ofatlarda faollar hokimiyatni ham ayblashadi.

XS
SM
MD
LG