Линклар

Шошилинч хабар
17 декабр 2024, Тошкент вақти: 00:49

“Buchani tozalash”. Kiyev yaqinidagi xunrezliklar uchun kim javob beradi?


Bucha qurbonlaridan qariyb 300 kishining jasadi allaqachon birodarlik qabrlariga ko‘milgan.
Bucha qurbonlaridan qariyb 300 kishining jasadi allaqachon birodarlik qabrlariga ko‘milgan.

Buchada Rossiya harbiylari tomonidan o‘ldirilgan tinch aholi soni hozircha aniq emas, nomma-nom ro‘yxatlar endi tuzilmoqda. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, qurbonlar 300 dan ziyod. Mahalliy dafn etish xizmati xodimlari ikki kundan beri jasadlarni yig‘ishmoqda.

Ozodlik radiosi rus xizmati ochiq manbalardan Bucha ishg‘oli boshlangan va tugagan paytlarda shaharda qaysi harbiy tuzilmalar bo‘lganini aniqlashga muvaffaq bo‘ldi – ular orasida Chechenistondagi “tozalashlar” bilan dovrug‘ qozongan desant bo‘linmalari, Kemerovo OMONi va “qodirovchilar”, shuningdek, Vladivostokdan kelgan dengiz piyodalari va xabarovsklik moto-o‘qchilar bor.

Buchada nimalar bo‘lyapti?

Bucha shahri dafn etish xizmati boshlig‘i Sergey Kaplichniy 3-aprel kuni jurnalistlarga shahar ozod etilgunga qadar ko‘chalardan murdalarni yig‘ib olisholmaganini, bunga Rossiya harbiylari ruxsat berishmaganini aytdi.

“Ruxsat berishmadi. “Kun sovuq-ku, yotaversin”, deb aytishdi. Jasadlar orasida ularning uch askari jasadlari ham bor, loaqal ularni olaylik, deganimdan so‘ng rozi bo‘lishdi... Morgda o‘liklar yig‘ilib ketgan, ammo elektr yo‘qligi sabab muzlatkichlar ishlamasdi. Dahshat...”, deydi Kaplichniy.

“ИШИДдан ҳам баттар”. Россия Буча қирғинида айбланмоқда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:07:36 0:00

3-aprel kuni Buchada yig‘ib olingan 30 jasad orasida Ukraina Qurolli kuchlarining ikki askari ham bo‘lgan ekan, ulardan biri – Donbassdagi harbiy harakatlar veterani ruslarga “Molotov kokteyli” irg‘itgani uchun otib tashlanibdi. Kaplichniy o‘z xodimlari qo‘llari bog‘langan va ensasida o‘q o‘rni qolgan murdalarni topib kelishganini aytadi.

Buchalik bir kishi Ozodlikning ukrain xizmati muxbiri bilan suhbatda ko‘chalardan birida o‘lib yotgan odamlarni snayper otib o‘ldirganini, ehtimol, shu bois jasadlari yig‘ilmay qolganini so‘zlab berdi. Aytishicha, snayper ko‘chada ko‘ringan kimsani otgan. Boshqa buchaliklarga ko‘ra, shahar ozod etilishidan besh kun oldin o‘q saslari tez-tez eshitila boshlagan. Ular talay jasadlarni shundoqqina yo‘l yoqasiga ko‘mishga majbur bo‘lganlarini so‘zlab, qabrlarni ko‘rsatishdi.

Shahar meri Anatoliy Fedorchuk so‘zlariga ko‘ra, Bucha qurbonlaridan qariyb 300 kishining jasadi allaqachon birodarlik qabrlariga ko‘milgan. Ulardan bir qismi tabiiy o‘limdan, ochlik va sovuqdan yoki minomyot va artilleriya o‘qlaridan vafot etgan ekan.

Buchada Rossiyaning qaysi harbiy bo‘linmalari bor edi?

Ochiq manbalardagi ma’lumotlarga qaraganda, Bucha Rossiya qo‘shinlari okkupatsiyasida bo‘lgan paytda shaharda Rossiya armiyasining qator bo‘linmalari vakillari bo‘lishgan. Ozodlik ulardan ayrimlarini aniqladi.

Yakshanba kuni Vladimir Zelenskiy ma’muriyati rahbarining maslahatchisi Aleksey Arestovich ham Buchada bo‘lgan Rossiya harbiy bo‘linmalari ro‘yxatini e’lon qilgan edi. Unda birinchi o‘rinda muqim joyi Xabarovsk o‘lkasining Volkonskoe qishlog‘ida bo‘lgan 64-alohida motoo‘qchilar brigadasi tilga olingan.

Ochiq manbalar mazkur brigada harbiylari Buchada rostdan ham bo‘lishganini bilvosita tasdiqlaydi. 3-aprel kuni Ukrainaga oid “Operativniy VSU” telegram-kanali Bucha ishg‘olida qatnashgan bir rus askarining telefonidan skrinshot e’lon qildi. Ozodlik instagram-akkaunt aks etgan ushbu skrinshotdagi telefon raqami yordamida uning egasini aniqladi. U Xarkovda tug‘ilgan 29 yoshli Yevgeniy Taran bo‘lib chiqdi. Uning o‘lik yoki tirikligi noma’lum, ammo do‘stlari orasida rostdan 64-brigada harbiy xizmatchilari bor: masalan, xabarovsklik Yevgeniy Smirnov. Smirnovning akkauntida brigadaning muqim qarorgohi joylashgan Knyaz Volkonskiy qishlog‘i geoteg qilingan harbiy kiyimdagi suratlari bor. Yevgeniy Taranning do‘stlari orasida (keyingi suratda u markazda) bosib olingan ukrain shaharlarini “tozalayotgan” Rossiya harbiylari hozirda mahalliy aholidan zo‘r berib qidirayotgan o‘sha natsistik ramzlar muxlislari ham topiladi.

Yana ochiq manbalarga qaraganda, Pskov viloyatidagi 76-gvardiya desant-shturm diviziyasi desantchilari ham Buchada uzoq vaqt bo‘lishgan. Bu diviziya birinchi va ikkinchi chechen urushlari chog‘ida “tozalash” amaliyotlari bilan yomon nom chiqargan. Chunonchi, Gudermesni “tozalagan” aynan pskovlik desantchilar edi.

26-mart kuni ukrain jurnalisti va “Ishchi svoix” telegram-kanali muallifi Vladimir Zolkin HDQ 76-diviziyasining asirga olingan askari Timofey Bobov bilan suhbati videosini e’lon qildi. O‘shanda Bobov, jumladan, uni va o‘rtoqlarini 24-fevral kuni Ukraina hududiga tashlashgani va “Gostomel yoki Buchani tozalash” uchun jo‘natishganini so‘zlab berdi. Bobovning aytishicha, unga ko‘pqavat uylardagi kvartiralar eshigini lom bilan buzib, ichkaridagi odamlarni yerto‘laga haydashni buyurganlar. Uning so‘zlarini britaniyalik jurnalistlar e’lon qilgan eshigi buzib tashlangan kvartiralar suratlari ham tasdiqlaydi.

76-diviziya Buchada bo‘lganini tasdiqlovchi yana bir ma’lumot 11-martga oid: shu kuni shaharda HDQ 76-diviziyasi tarkibiga kiruvchi 234-gvardiya desant-shturm polkining o‘ziyurar artilleriya batareyasi komandiri Gennadiy Bayur halok bo‘lgan.

Checheniston urushlarida Rossiya omonchilari ham urush qonun-qoidalarini oyoqosti qilib “shuhrat qozonishgan”. 2000-yil 5-fevral kuni omonchilar Grozniy yaqinidagi Noviye Aldi qishlog‘i aholisini qatliom qilganini eslash kifoya. OMON va Rosgvardiya qo‘shinlari Rossiya-Ukraina urushining ilk kunlarida Gostomeldan Bucha va Irpen orqali Kiyevga o‘tishga uringani hujjatlashtirilgan.

Conflict Intelligence Team surishtiruv guruhi Belarusda Kiyevga hujum qilishga hozirlik ko‘rilayotgan paytda Kostromadan 98-havo desanti diviziyasi bo‘linmalari yetib kelib, Rossiya qo‘shinlari tarkibiga qo‘shilganini, Kiyev viloyatida – Buchaga qo‘shni Gostomel hududida esa OMON va Rosgvardiyadan tashqari “qodirovchilar” ham bo‘lganini eslatadi.

Ozodlikning belarus xizmati Buchada 98-diviziyaga mansub 331-gvardiya parashyut-desant zarbdor polki askarlari ham bo‘lganini taxmin qilmoqda. Mazkur diviziya desantchilari, xususan, 1994-1995-yillarda Grozniy uchun kechgan qaqshatqich janglarda ishtirok etganlar.

Buchada 2014-yili Donbassdagi urushda qatnashib yomon nom qozongan “buryat tankchilari” ham bo‘lgan. Masalan, “Lyudi Baykala” saytida e’lon qilingan buryatiyalik va irkutsklik halok bo‘lgan harbiylar ro‘yxatida 13-mart kuni Buchada o‘lgan Pavel Lukyanov familiyasi qayd etilgan – u 5-maxsus gvardiya tank brigadasida (Ulan-Ude) mexanik-haydovchi bo‘lib xizmat qilardi. Qolaversa, Bucha qirg‘ini guvohlaridan biri Belsat telekanaliga odamlarni “buryatcha aksentda gapiradigan askarlar” otishgani haqida so‘zlab bergan.

28-mart kuni “Ishchi svoix” telegram-kanalida Buchada o‘lgan “2-vzvod 2-bo‘linmasi” askarlari ro‘yxati e’lon qilindi. Hujjatga ko‘ra, ularning aksari Rossiyaning Volgograd viloyatidan bo‘lgan. Ozodlik rus xizmati ular muqim qarorgohi Volgogradning Kamishin shahrida bo‘lgan va o‘tgan yili dekabrda anneksiya qilingan Qrimdagi Feodosiya shahriga ko‘chirilgan 56-gvardiya desant-shturm polkiga mansubligini taxmin qilmoqda.

Bucha okkupatsiyasining so‘nggi kunlarida shaharda bo‘lgan va katta ehtimol bilan tinch aholini qatliom qilishga bosh qo‘shgan qismlar sirasiga dengiz piyodalarini ham kiritish mumkin. 1-aprelda RF Mudofaa vazirligining “Zvezda” telekanali “dengiz piyodalari komandiri Aleksey Shabulin”ga havola bergan holda Rossiya dengiz piyodalari Gostomel – Bucha – Ozera yo‘nalishida “aholi punktlarini tozalash ishlari”ni bajarayotganini ma’lum qildi. Ozodlik Shabulin aynan qaysi harbiy qismda xizmat qilishini aniqlay olmadi, lekin avvalroq Uzoq Sharq OAVlari 155-maxsus dengiz piyodalari brigadasi (Vladivostok) harbiy xizmatchisi Kiyev yaqinida halok bo‘lganini xabar qilgan edi. Ozodlikning urush boshlanishidan bir oy oldin – yanvar oyida e’lon qilingan surishtiruvida ushbu brigada “qo‘shma harbiy mashqlarda qatnashish uchun Belarusga yo‘llangan bo‘linmalar” qatorida tilga olingan.

Rossiyaning reaksiyasi

Rossiya Mudofaa vazirligi so‘nggi kunlarda Buchada olingan ko‘plab foto va videodalillarni “feyk” deb atadi. Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov esa ularni “Ukraina rasmiylari hamda ularning g‘arblik valine’matlari o‘ylab topgan tomosha” deb atadi. Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov Buchaga oid materiallarda “qalbakilashtirish va feyk belgilari aniqlangan”ini, shuningdek “faktlar va voqealar tadriji ayblovlar foydasiga emas”ligini aytdi.

Rossiya harbiylari o‘zlari nazorat qilayotgan hududda tinch aholi vakillarining jasadlarini ko‘chalardan yig‘ib olmasligi avvalroq ma’lum qilingandi. Bi-bi-si jurnalisti Jeremi Bouen 1- apreldagi reportajida Kiyev – Jitomir trassasining Bucha yaqinidan o‘tgan uchastkasida 13 jasadni sanaganini aytdi va maqolaga video ilova qildi. Reportajda Rossiya harbiylarining trassa yaqinida bo‘lgan boshpanasi ko‘rsatilgan, shuningdek tinch aholi otib o‘ldirilganiga oid guvohliklar keltirilgan. Bouen Ukraina harbiylari ushbu hududlarni qaytadan qo‘lga kiritganidan so‘ng birinchilardan bo‘lib shaharga kirgan edi. Kiyev viloyati shaharlari ko‘chalarida tinch aholi vakillarining jasadlari yotgani haqida chex jurnalistlari ham xabar qilishgan.

Bucha markazida ommaviy qabrlar Rossiya harbiylari shaharni tark etishidan ancha avval paydo bo‘lgani to‘g‘risida etarli ma’lumotlar bor. 12-martda Irpen shahri dastlabki tibbiy-sanitariya yordami markazi direktori Andrey Levkovskiy bu haqda ma’lum qilgan va ilk qabrlar videosini yoyinlagan edi. 2-aprel kuni esa Bucha meri France Press agentligiga shahar hududidagi birodarlik qabrlarida 280 kishi ko‘milganini bildirdi.

Rossiya tomoni o‘z qo‘shinlari Buchadan 30-mart kuni chiqib ketganini, ukrain armiyasi 31-martda shahar ozod etilganini e’lon qilarkan ko‘chalarda murdalar borligini eslamaganini iddao qilib, o‘zini oqlamoqda. Shunga qaramay, RF Mudofaa vazirligining yuqorida tilga olingan “Rossiya dengiz piyodalari Kiyev viloyatidagi aholi punktlarida tozalash ishlarini bajarayotgani” haqidagi bayonoti 1-aprelda berilgan. Ko‘chalarda yotgan jasadlar fotosuratlarini OAVlar 3-aprel, yakshanba kuni chop eta boshladi, biroq Buchada tinch aholi o‘ldirilgani haqida yozgan ayrim G‘arb nashrlarining jurnalistlari shaharga avvalroq kirganlar.

Jumladan, Rossiya qo‘shinlari Buchani tark etishi bilan shaharda bo‘lgan Reuters agentligi muxbirlari reportajida bir ayol rus askarlari tinch aholini oq bog‘ich bog‘lab yurishga majbur etishganini aytadi. Buchadagi ayrim murdalarning yengida rostdan ham oq bog‘ich ko‘rinadi, bu ba’zi fotosuratlarda ham aks etgan.

3-aprelda Human Rights Watch huquqbonlik tashkiloti “Ukraina: Rossiya nazoratidagi hududlardagi ochiqcha harbiy jinoyatlar” nomli hisobotini e’lon qildi. Unga huquqbonlar tomonidan avvalroq to‘plangan guvohliklar kirgan. Matnda Buchadan 9-martda chiqib ketgan bir ayolning hikoyasi bor: uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya qo‘shinlari shaharni ishg‘ol etgan birinchi haftada aholini yerto‘lalardan haydab chiqarib, ko‘chalarda to‘planishga majburlagan. Guvoh Rossiya askarlarining tinch aholiga munosabati xususida, chunonchi, shunday deydi:

“Bir mahal yoshgina bir yigitni olib kelishdi, keyin yana to‘rt kishini. Askarlar ularga etik va kurtkalarini yechishni buyurishdi. Ularni yo‘l yoqasida cho‘kkalab o‘tirishga majbur etishdi... So‘ngra birini ensasidan otib o‘ldirdilar. U yiqildi. Ayollar dodlab yuborishdi. Qo‘mondon maydonga haydab kelinganlarga qarata: “Qo‘rqmanglar, sizlar yaxshi odamlarsiz. Lekin manavilar iflos edi. Biz sizni shunaqa ifloslardan tozalagani kelganmiz”, degan.

Rossiya askarlari o‘ldirganlar orasida mahalliy ma’muriyat a’zolari ham bor. Ukraina poytaxtidan g‘arbda joylashgan Makarov shaharchasi biqinidagi Motijin qishlog‘ida qishloq starostasi Olga Suxenko va uning erining murdalari topildi. Ular mart oyi o‘rtalarida asirga olingan bo‘lib, shu paytgacha dom-daraksiz edi. Darvoqe, Rossiya harbiylari ukrain hukumati vakillarini birinchi marta o‘ldirishayotgani yo‘q. 7-mart kuni Gostomel meri Yuriy Prilipko o‘ldirilgani xabar qilingan edi. Gostomel ma’muriyatiga ko‘ra, uni mahalliy aholiga dori va oziq-ovqat tarqatib yurganida otib tashlashgan.

Mahalliy hukumat vakillarining o‘ldirilishi 2014-yili Donbassda ro‘y bergan voqealarni esga soladi. Slavyansk va Kramatorsk bosib olinganidan so‘ng deputat Vladimir Ribak izsiz g‘oyib bo‘lgan edi. U ma’muriy bino peshtoqidan “DXR” bayrog‘ini yulib tashlashga va Ukraina bayrog‘ini o‘rnatishga uringan. Ribakning qiynoqlardan momataloq bo‘lgan jasadi Ukraina Donbassning ushbu hududlarini qaytadan qo‘lga kiritganidan so‘ng topilgan edi.

XS
SM
MD
LG