Линклар

Шошилинч хабар
16 декабр 2024, Тошкент вақти: 08:28

Blogerlar soliqqa tortiladigan bo‘ldi, amaldorlar qachon daromadini ochiqlaydi?


Joriy yilning birinchi yanvaridan boshlab o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar qatorida blogerlar ham soliqqa tortiladi.

Qonunga ko‘ra, agar bloger yillik daromadi yuz million so‘mdan oshadigan bo‘lsa, endi yakka tartibdagi tadbirkor singari soliq to‘laydi.

Ozodlik suhbatlashgan blogerlar fikricha, yuridik nuqtai nazardan barcha demokratik davlatlarda daromadlar deklaratsiya qilinishi va soliqqa tortilishi normal hodisa hisoblanadi, lekin O‘zbekistonda hanuz “majburiy deklaratsiya” to‘g‘risida qonun qabul qilinmagan.

Bu esa davlat amaldorlarining nolegal daromadini yashirishga, byudjetga tushayotgan soliqlarning kamayishiga sabab bo‘layotgani aytiladi.

Blogerlar ham o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar sirasiga kiradi. Ularning asosiy daromadi shartnoma asosida voqea-hodisalarni yoritish va reklamalardan tushadi.

Ammo, ularning qancha daromad topayotgani ham ochiqlanmagan. Yuz million so‘mdan ortiq daromad topayotgan blogerlar sanoqli ekanligi, qishloq hududlaridagi blogerlarning daromadi esa deyarli yo‘qligi aytiladi.

“Rosti, blogerlik faoliyatim davrida birovdan pul olmaganim uchun biron narsa deyishim qiyin. Blogerlik ortidan menimcha hech kim yuz million foyda qilmasa kerak. Daromad yuz milliondan oshgandan so‘ng soliq to‘laydi deyilyapti, yuz milliondan oshganini qayerdan bilish mumkinligi ham tushunarsiz. Agar tuzilgan shartnomalardan desangiz, qishloq blogeri bunaqa shartnoma qilishni xayoliga ham keltirmaydi. Unda o‘z-o‘zidan soliq to‘lashdan qochiladi va bu holat blogerlarni qo‘lga tushirishda qo‘l kelishi tayin. Soliq to‘lamagan blogerlar hukumat oldida muttahamdek ko‘rinishi ehtimoli ham oshadi, natijada bloger erkin fikr bildira olmaydi. Nazarimda, davlat byudjeti ancha “charchab” qolgan, hukumat har bir sohani soliqqa tortmoqda, deyarli soliqqa tortilmagan soha qolmadi”, deydi ismi sir qolishini so‘ragan qashqadaryolik blogerlardan biri.

Bloger Zafar Solijonovning aytishicha, blogerlarning qancha daromad topayotganini sanashni bilgan hukumat, davlat amaldorlarining qancha daromad topayotgani va bu daromad xarajatga qanchalik mos tushayotganini ham deklaratsiya orqali ochiqlashi kerak:

“Gap bo‘lishi mumkin emas, har bir odam daromad yoki foyda solig‘i to‘lashi kerak. Lekin byudjet soliqdan qancha daromad qiladi, qayerga va qanaqa sarflanyapti kabi byudjetning muhokamasi uzoqroq davom etishi kerak. Lekin bizda juda qisqa muddatda berilyapti va ijroga qarab ketilyapti. Bu bir. Ikkinchidan, hukumat mana blogerlar va boshqalarning qancha topishini bilib oldi. Endi mansabdagi amaldorlarimiz qancha daromad topayotganini biz ham bilishga haqlimiz. Qilayotgan xarajati topayotgan puliga to‘g‘ri keladimi, yo‘qmi? Davlatimiz ham daromadlar va xarajatlar deklaratsiyasini joriy qilamiz deb va’da bergan. Bu narsa necha yildan beri gapiriladi. Lekin ijrosi judayam kechikib ketdi. Agar odamlarga ma’qul keladigan davlatchilik qurishmoqchi bo‘lsa, korrupsiyaga qarshi kurashishning eng yaxshi yo‘li bu deklaratsiyani joriy qilish”.

O‘zbekistonda davlat xizmatchilarining daromadini deklaratsiyalash to‘g‘risidagi qonun parlamentda 7 yildan buyon muhokama qilinadi.

Bu qonun muhokamasida o‘sha paytda Oliy Majlis deputati bo‘lgan Rasul Kusherbayev ham qatnashgan:

O‘shanda ham buni bosqichma bosqich qilish taklif qilingandi. Lekin haligacha dastlabki bosqichga ham o‘tilmadi. Shaxsan men ham majburiy deklaratsiyaga tezroq o‘tkazilishi tarafdoriman. Bu jamoatchilikda davlat xizmatiga ishonch ortishiga yordam beradi”.

O‘zbekistonlik iqtisodchi Otabek Bakirovning yozishicha, 7 yildan beri davlat xizmatchilarining daromadini deklaratsiyalash masalasi ongli va maqsadli ravishda paysalga solib kelinmoqda.

"Shaxsan men ham nafaqat iyunda, yil oxirigachayam bu jarayon tugashi ehtimolini yuqori baholamayman. Chunki o‘g‘ri va muttahamlar haligacha daromadlari va mulklarini qayta rasmiylashtirish ishlarini yakunlab tugatishgani yo‘q…

Bir yil avval shunday deb yozgan ekanman. Hozir ham shu fikrdaman. Deklaratsiyalash bilan bog‘liq qonun 2017- yildayoq qabul qilinishi kerak edi, daromadlari va mol-mulkini majburiy deklaratsiya qilish tizimi Prezident farmoniga ko‘ra 2022- yil 1-yanvardan kuchga kirishi kerak edi. Hatto o‘zbek chinovniklari Xalqaro valyuta jamg‘armasi missiyasini ham aldashgan”, deb yozdi bloger o‘zining Telegram-kanalida.

Prezident qo‘ygan muhlat, majburiy deklaratsiya qilish tizimi kuchga kirishi vaqtidan ham ikki yil o‘tdi.

Ammo “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun loyihasi Oliy Majlisning qonunchilik palatasida shu paytgacha chang bosib yotibdi.

O‘zbekistonda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ham tuzildi. Lekin bu agentlik tomonidan hozirgacha yuqori mansabdor shaxslarga tegishli korruptsion holatlar bo‘yicha bitta ham katta ish fosh qilinmadi.

Bakirovning yozishicha, Agentlikni tuzishdan korrupsiyaga qarshi kurashish emas, tashqi dunyo uchun korrupsiyaga qarshi kurashayotgandek qilib ko‘rsatishdan boshqa maqsad bo‘lmagan.

O‘zbekiston Axborotlashtirish to‘g‘risidagi Qonunga ko‘ra bloger — Internet jahon axborot tarmog‘idagi o‘z veb-saytiga va (yoki) veb-sayt sahifasiga hamma erkin foydalanishi mumkin bo‘lgan, ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa xususiyatga ega axborotni joylashtiruvchi, shu jumladan axborotdan foydalanuvchilar tomonidan ushbu axborotni muhokama qilish uchun joylashtiruvchi jismoniy shaxs hisoblanadi.

“Tadbirkorlik faoliyati va o‘zini band qilishni davlat tomonidan tartibga solishni soddalashtirish chora tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qaroriga ko‘ra blogerlar ham o‘zini o‘zi band qiladigan shaxslar ro‘yxatiga kiritilgan.

Blogerlarni soliqqa tortish tartibi O‘zbekistonda qator bloger va tarmoq faollarining ta’magirlik va prezidentni haqorat qilish ayblari bilan uzoq yillik qamoq jazolariga mahkum etilishi manzarasida joriy qilinmoqda.

Rasmiylar blogerlar kasbiy faoliyati uchun emas, balki aksar hollarda iqtisodiy va moliyaviy jinoyatlar uchun javobgarlikka tortilganini aytishadi.

Ozodlik suhbatlashgan bloger va tarmoq faollarining fikricha, yangi tartib O‘zbekistonda so‘nggi yillarda shundoq ham torayib borayotgan so‘z erkinligi doirasini yanada toraytiradi, qo‘rquv muhitini kuchaytiradi.

XS
SM
MD
LG