Линклар

Шошилинч хабар
16 декабр 2024, Тошкент вақти: 20:51

"Temir daftar" yopilmoqda. Nogiron oila undan nega chiqarilganini tushunmayapti


Rasmiylar "Temir daftar"dan maqsad aholini kambag‘allikdan chiqarish ekanini ta’kidlashadi. Illyustrativ surat.
Rasmiylar "Temir daftar"dan maqsad aholini kambag‘allikdan chiqarish ekanini ta’kidlashadi. Illyustrativ surat.

Toshkent viloyat, Chinoz tumanida o‘tgan yili ro‘yxatga olingan 2069 kambag‘al oiladan 1684 tasi “Temir daftar”dan chiqarildi. Ro‘yxatda 385 oila qoldi. Ozodlik bu ma’lumotni tuman hokimligi mulozimidan oldi.

2020 - yilning avgustida mamlakat bo‘ylab 1 mln 726 ming kishidan iborat 409 000 oila “Temir daftar”ga kiritilgani rasman bildirilgan edi.

“Temir daftar”dan chiqarilgan chinozliklar orasida ikki farzandning otasi, 36 yashar ikkinchi guruh nogironi ham bor. U "Temir daftar"ga nega kiritilganini yaxshi tushunadi, biroq nega chiqarib yuborilganini tushunmayapti.

"Dardi bedavoga chalingani"ni aytgan yigit Ozodlikka o‘z hayoti, yordamga muhtojlar ro‘yxatiga qanday kiritilganiyu qanday chiqarilgani to‘g‘risida so‘zlab berdi.

"Maqsadim meni “Temir daftar”dan chiqarib yuborishdi, qayta kiritib qo‘yishsin, deb shikoyat qilish emas, maqsadim - sizlarga gapirib, ichimni bo‘shatib olish”, - deya boshladi hikoyasini ikki o‘g‘ilning otasi ekanini aytgan 36 yashar chinozlik Chori Niyozov (ism suhbatdoshning iltimosiga ko‘ra o‘zgartirilgan- tahr.)

Maqsadim - sizlarga gapirib, ichimni bo‘shatib olish.

"Kasalimni so‘ramang, baribir aytmayman"

“6 yil muqaddam bir dardi bedavoga yo‘liqqanman. Mendan xotinimgayam yuqqan. Dardim qon bosimi, diabet yoki yana qandaydir uyalmay aytsa bo‘laveradigan dard emas. Shuning uchun so‘ramang ham, baribir aytmayman. Xullas, o‘sha kasalim tufayli er-xotin ikkalamiz ikki yildan beri ikkinchi guruh nogironimiz. Kunda-kunora kunbay ish topib, ishlab turaman. Lekin tushgachayoq charchab qolaman. Ish beruvchilar xafa bo‘ladi, “dardim bor, deb aytmaysanmi, o‘rningga boshqa odam olib kelgan bo‘lardim”, deb”, - deydi Chori Niyozov.

Aytishicha, u dard ilashguncha baquvvat yigit bo‘lgan, Toshkentdagi zavodlardan birida mexanik bo‘lib ishlagan, 2 million so‘mning ustida oylik olgan. Hozirda esa, er-xotin har biri 436 mingdan nogironlik nafaqasi oladi. Umumiy 872 ming so‘m nafaqa pulga er onda-sonda topib keladigan kunlik pul qo‘shiladi.

Bolalarim katta bo‘lyapti, ertaga o‘lib qolsam, bular nima bo‘ladi?

“Och qolayotganimiz yo‘q. Lekin rivojlanish ham yo‘qda! Shunga siqilaman, bolalarim katta bo‘lyapti, ertaga o‘lib qolsam, bular nima bo‘ladi?” Chori bu savolni Ozodlikdan ko‘ra, o‘ziga berayotganday tuyuldi.

"Temir daftar" yordami

Mana shunday vaziyatda, o‘tgan yili, kovid karantinlari boshlanishidan oldin mahalla raisi bir-ikki yordamchisi bilan kelib, uning oilasini ro‘yxatga olib ketgan. Chori keyin bilsa, uning oilasi “Temir daftar”ga tushgan ekan.

“Temir daftar”ga kiritilganidan keyin karantinlar boshlandi va o‘sha davrda, Chori Niyozovning aytishicha, uning oilasiga 5 yoki 6 marta oziq-ovqat yordami berildi.

“4 kilo kartoshka, 4 kilo piyoz, yog‘, choy, shunga o‘xshagan narsalar boriydi”, - deydi Chori.

Bundan tashqari, oilaga ikki farzand uchun 500 ming so‘mdan pul yordami berilgan.

Jo‘jayam berishgan. 8 ta jo‘ja. Undan 3 tasi kelgan kuniyoq o‘lib qoluvdi.

“Ha, yana jo‘jayam berishgan. 8 ta jo‘ja. Undan 3 tasi kelgan kuniyoq o‘lib qoluvdi. Qolgan 5 tasi tirik. Ana yurishibdi. Bir-bir yarim kilodan chiqadi har biri”, dedi Chori. U bilan gaplasharkanmiz, tovuqlarning qu-qulagani ham eshitilib turdi.

“Temir daftar” bergan eng katta yordam, Chorining aytishicha, bepul davolanish imkoni bo‘ldi.

“Daftarga kiritilganimizdan beri Respublika yuqumli kasalliklar shifoxonasida er-xotin ikki marta 10 kundan yotib chiqdik. Mana endi bunday imkoniyat bo‘lmaydi”, - deydi Chori.

Daftarga kiritilganimizdan beri Respublika yuqumli kasalliklar shifoxonasida er-xotin ikki marta 10 kundan yotib chiqdik.

Uning aytishicha, “Temir daftar”ga kirishi tadbirkorlik uchun bankdan kredit olish imkonini ham yaratgan.

“Bersa olay, deb bordim bankka. Teplitsa qurmoqchiman desam, firma bilan shartnoma tuzib kelasiz, deyishdi. Firma so‘tixiga 7 million so‘mdan olarkan. Mahallada ustalar 2,5 - 3 milliondanga qurib berishyapti. Pulni o‘zimga beringlar, men ikki baravar arzonga qildirib olaman, desam berishmadi. Qarasam, 15 foizlik kredit ekan 3 yilga. O‘ylab ko‘rib, olmadim kreditini”, dedi Chori.

Uning aytishicha, “Temir daftar”dan chiqarib yuborishganini eshitib, biroz yengil ham tortgan:

Mulozimlarning shunday beadabligidan charchadim.

“Chunki ro‘yxatga kirganimdan paydo bo‘lgan biroz imkoniyatdan foydalanish uchun hokimiyatga borsam ham, bankka borsam ham hamma hujjatlarimni, diagnozimni talab qilishadi. Diagnozimni ko‘rib, ko‘zlarini olaytirishadi, bir-biriga aytishadi. Axir, bu mening sirim-ku?! Mulozimlarning shunday beadabligidan charchadim”.

"Temir daftar"dan nega chiqarishganini tushunmayapman"

Oilasi “Temir daftar”dan chiqarilganiga, Chorining aytishicha, bir oy ham to‘lgani yo‘q:

“Bir kuni kunlik ishga ketuvdim. Bir oy ham bo‘lmadi. Mahalla fuqarolar yig‘ini raisi, yana bir-ikki kishi kelishibdi uyimizga. “Ishlasangizlar bo‘ladi. Juda qiynalib ketdik, tepadan buyruq kelgan, “Temir daftar”ga ko‘p odam kiritvoribsizlar, deyishyapti, qisqartiringlar deb aytishyapti, tushuninglar”, degan ekan, xotinim qo‘l qo‘yib beribdi, roziman deb. Men bundan xafa ham emasman. Men faqat bir narsani tushunmoqchiman: nega ro‘yxatga olishdiyu nega chiqarishdi, shuni tushunmayapman. Oilam bir yilda oyoqqa turib oldimi yo? Qanday bo‘lgan bo‘lsak, shundaymiz- ku, axir?”

Chori Niyozov oilasi kirgan “Temir daftar”da yana qancha oila borligini bilmaydi. Bilgani – yon qo‘shnisi bor edi daftarda. Biroq u oila ham ro‘yxatdan chiqarilgan:

Yon qo‘shnim ham “Temir daftar”da turardi. Chunki boquvchisi yo‘q. Ayol kishi. Qo‘lida chaqalog‘i bor. Boquvchisidan ayrilib qolishgan. Ukasi nogiron.

“Yon qo‘shnim ham “Temir daftar”da turardi. Chunki boquvchisi yo‘q. Ayol kishi. Qo‘lida chaqalog‘i bor. Boquvchisidan ayrilib qolishgan. Ukasi nogiron. Ishlay olmaydi hech qayerda. Shu oilaniyam daftardan chiqarib tashlashdi”, - dedi chinozlik yigit.

Hokimlik: 2069 edi. 385 qoldi

Chinoz tuman hokimligining o‘zini tanishtirmagan mulozimidan olingan ma’lumotlarga qaraganda, shu kunda tuman “Temir daftar”ida 385 oila qolgan, xolos.

Daftar shakllantirgan paytda unda jami 2069 oila bo‘lgan.

"Temir daftar” joriy qilingandan beri unga kiritilgan 2069 ta oiladan shu kungacha 1684 tasi chiqarildi.

“Temir daftar” joriy qilingandan beri unga kiritilgan 2069 ta oiladan shu kungacha 1684 tasi chiqarildi. Chiqarilganlar jamoat ishlari bilan ta’minlangan, sanoat korxonalariga, agrosanoat loyihalariga, qurilish obyektlariga ishga joylashtirilgan, o‘zini-o‘zi band qilganlar bor, chorva mollari, tovuqlar berilgan”, - dedi mulozim.

Ozodlikning "ish bunday sur’at bilan davom ettirilsa, yozgacha “Temir daftar” mutlaqo yopilar ekan- da?" degan savoliga hokimlik mulozimi “Yo‘q, yo‘q, unday bo‘lmaydi. Daftarda qolganlar mehnatga layoqatsizlar, o‘ta muhtoj oilalar. Bularni ro‘yxatdan chiqarish qiyin”, - deb javob berdi.

Chinozdan olingan yana bir ma’lumotga ko‘ra, tumandagi yaqinda ikkiga bo‘lingan Dehqonobod-Tillatopgan MFY “Temir daftar”ida jami 29 oila bo‘lgan. Hozirda Tillatopganda 3, Dehqonobodda 6 oila qolgan.

Respublika “Temir daftar”da qancha oila qoldi? Daftardan chiqarishning asosiy me’zoni nima? Ozodlikning bu savollarini Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi matbuot xizmati xodimasi diqqat bilan eshitib, aftidan, yozib ham oldi. Shundan so‘ng, o‘zini tanishtirmagan xodima, “Endi bu savollarni vazirlikning Telegramdagi kanaliga yozib yuboring”,- dedi.

"Temir daftar"ga kimlar kirgan edi?

Tilga olingan vazirlik departamenti bosh mutaxassisi Shahobiddin Davlatov 2020 - yilning avgustida mamlakat bo‘ylab 1 mln 726 ming kishidan iborat 409 000 oila “Temir daftar”ga kiritilganini aytgan edi.

Oilalar “Temir daftar”ga 5 ta kriteriy bo‘yicha kiritilgan:

  • mehnatga layoqatsiz yoki surunkali kasalliklari oilasi a’zosi mavjud bo‘lgan oilalar;
  • yakka-yolg‘iz bevalar va o‘zgalar parvarishiga, qaramog‘iga muhtoj bo‘lgan oilalar;
  • 5 nafar va undan ortiq farzandi mavjud ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan oilalar;
  • koronavirus pandemiyasi natijasida o‘zining doimiy daromad manbayidan mahrum bo‘lgan oilalar;
  • haqiqatan ham ehtiyojmand, nochor va moddiy ko‘makka muhtoj oilalar.

"Temir daftar"dan kimlar chiqariladi?

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri boshqarma boshlig‘i Ahror G‘ulomov 2020 - yilning avgustida AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida “Temir daftar”dan chiqarish tartibi haqida gapirarkan, jumladan bunday degan edi:

“Temir daftar”ni yuritish bo‘yicha vaqtincha belgilangan tartibga ko‘ra, fuqaroning bu ro‘yxatda bo‘lish muddatiga oid aniq chegara mavjud emas. Yordamga muhtoj bo‘lgan fuqarolar aniqlanib, “Temir daftar”ga kiritilgach, ular bilan individual ishlash yo‘lga qo‘yiladi. Mehnatga layoqatli bo‘lgan fuqarolar ishga joylashtirilib bandligi ta’minlanadi yoki o‘zini o‘zi band qilish orqali ularning daromadini oshirishga erishiladi. Shundan so‘ng fuqaroning arizasi va ishchi guruhning tavsiyasi asosida bu fuqaroni ro‘yxatdan chiqarish xalq deputatlari tuman/shahar kengashi qarori asosida hal qilinadi”.

Mazmuni o‘zgaruvchan "Temir daftar"

Bu ibora o‘zbeklarda har doim bo‘lgan. O‘zbek tilining izohli lug‘ati (Moskva, 1981 - yil) "Temir daftar"ni "yozuvlari qonun kuchiga ega bo‘lgan daftar", deb izohlagan.

Yordamga muhtoj oilalar ro‘yxatiga nisbatan “Temir daftar” iborasi 2020 - yilda keng iste’molga kirdi.

Bu ibora bir necha yil muqaddam boshqa ma’no tashigan. Masalan, 2013 - yili “Temir daftar”ni mahalla oqsoqollari kollejga kirayotgan yoshlarning o‘qishni tashlab, xorijga ishga ketib qolishining oldini olish uchun tutgan.

2015 - yili Ozodlik suhbatdoshlaridan biri “Temir daftar” iborasi Hajga borish uchun navbatda turganlar ro‘yxatiga nisbatan ishlatilganini xabar qilgan edi.

2018 - yilga kelib “Temir daftar” iborasi fermerlar tiliga ko‘chgan.

“Viloyatda “Temir daftar” bo‘ladi. U daftarda, mening 100 tonna rejam bo‘lsa, yana 10 tonna topshirishim kerakligi yozilgan bo‘ladi. Hamma fermerga ham shunday yozilgan. G‘allani ichki ishlar xodimi boshliq bo‘lgan “otryad” o‘radi”, - deb aytgan edi surxondaryolik fermer Ozodlik bilan suhbatda.

Rasmiylar "Temir daftar"dan ko‘zlangan nihoiy maqsad aholini kambag‘allikdan chiqarish ekanini ta’kidlashadi. Ammo "Temir daftar"dan chiqarilganlar kambag‘allikdan chiqdimi? Chinozlik suhbatdoshning hikoyasidan anglashilgani - yo‘q.

Pandemiyadan avval, 2020 - yil boshida Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda 5 millionga yaqin aholi kambag‘allikda yashayotganini aytgan edi. Bu taqriban har yettinchi o‘zbekistonlik kambag‘al, degani.

Jahon Bankiga ko‘ra, koronavirus pandemiyasi, O‘zbekiston uchun, Sovet Ittifoqi parchalanishining iqtisodiy oqibatlaridan keyingi eng jiddiy inqirozga sabab bo‘ldi. Ammo pandemiyaning mamlakatdagi kambag‘al yoki qashshoqlar soniga qanday ta’sir qilgani borasida rasmiy raqamlar mavjud emas.

XS
SM
MD
LG