Линклар

Шошилинч хабар
16 декабр 2024, Тошкент вақти: 18:01

Tog‘li Qorabog‘da otashkesim: Mintaqaga Rossiya kuchlari kiritiladi - Yerevanda hukumat uyi ishg‘ol qilindi (VIDEO)


Bitim imzolangani ortidan Yerevanda minglab norozilar hukumat uyiga bostirib kirdi
Bitim imzolangani ortidan Yerevanda minglab norozilar hukumat uyiga bostirib kirdi

Armaniston va Ozarbayjon Rossiya vositachiligida Tog‘li Qorabog‘da 10 -noyabrdan boshlab janglarni to‘xtatish to‘g‘risidagi bitimni imzoladi.

Tog‘li Qoraboqqa Rossiya tinchlikparvar kuchlari kiritiladigan bo‘ldi.

Urush to‘xtatilishi to‘g‘risidagi bayonot ortidan Armaniston poytaxti Yerevanda norozilik namoyishlari boshlanib ketdi.

10 - noyabr kuni erta tongda bir necha ming norozi politsiya to‘sig‘ini yorib o‘tib, hukumat uyini ishg‘ol qildi. Muxolifat Pashinyandan iste’fo berishni talab qilmoqda.

Pashinyan bitimni imzolash og‘ir qaror bo‘lganini bildirdi

Tog‘li Qorabog‘da urushni to‘xtatish bitimi imzolangani haqida Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan 10 - noyabr kuni tongga yaqin ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, Armaniston Bosh vaziri, Ozarbayjon va Rossiya prezidentlari imzolagan bitim 10 - noyabr soat 01:00dan kuchga kirdi.

Keyinroq bu ma’lumotni Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev tasdiqladi.

Prezidentlarning ta’kidlashlaricha, Tog‘li Qoraboqqa uzoq muddatga Rossiya tinchlikparvar kuchlari kiritiladi.

10 - noyabr kuni ertalab Ozarbayjon armiyasi Tog‘li Qorabog‘da sezilarli muvaffaqiyatlarga erishgani va ayirmachi hudud poytaxti Stepanakertga yaqinlashgani xabar qilingan edi.

Pashinyan Facebook sahifasida: “Men o‘zim va barchamiz uchun og‘ir bo‘lgan qarorni qabul qildim. Men bu qarorni harbiy vaziyatni va uni yaxshi bilan odamlarning fikrlarini chuqur tahlil etganimdan so‘ng qabul qildim”,-deb yozdi.

Yerevanda norozilar hukumat uyiga bostirib kirdi

Pashinyan bu bayonotni e’lon qilishi ortidan Armaniston poytaxti Yerevanda norozilik namoyishlari boshlanib ketdi.

10 - noyabr kuni erta tongda bir necha ming norozi politsiya to‘sig‘ini yorib o‘tib, hukumat uyini ishg‘ol qildi. Muxolifat Pashinyandan iste’fo berishni talab qilmoqda.

Norozilar boshqalarni ham o‘zlariga qo‘shilishga chorlab, “Biz o‘z yerlarimizni bermaymiz”,deb hayqirishmoqda.

Bitim shartlari haqida Kreml bayonot berdi

Tog‘li Qorabog‘da urushni to‘xtatish to‘g‘risidagi bitimga asosan Ozarbayjon muxtor viloyat tarkibiga kirmagan barcha hudularini va Tog‘li Qorabog‘ning bir qismini nazorat qiladi. Tog‘li Qoraboqqa Rossiya tinchlikparvar kuchlari kiritiladi.

“Ozarbayjon Respublikasi va Armaniston Respublikasi egallab turgan pozitsiyalarida qoladi. Tog‘li Qorabog‘dagi tutashish chizig‘ida va Tog‘li Qorabog‘ni Armaniston Respublikasi bilan bog‘lab turuvchi yo‘lakda Rossiya Federatsiyasi harbiy kontingenti joylashtiriladi.

Uylarini tashlab ketishga majbur bo‘lganlar va qochqinlar BMTning Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissari nazorati ostida Tog‘li Qoraboqqa va uning atrofidagi tumanlarga qaytadi.

Harbiy asirlar, qo‘lga olingan boshqa odamlar va halok bo‘lganlarning jasadlari almashiniladi.

Hududning iqtisodiyotiga va transport aloqasiga qo‘yilgan barcha to‘siqlar bekor qilinadi. Transport aloqasi, jumladan, Rossiya Chegara xizmati bilan hamkorlikda nazorat qilinadi”,-deyiladi Kreml bayonotida.

Voqea tarixi

Xalqaro hamjamiyat tomonidan Ozarbayjon hududi sifatida tan olinadigan ayirmachi Tog‘li Qorabog‘ Respublikasini 1990 - yillar boshlaridan beri Armaniston nazorat qilib kelayotgan edi.

27 - sentabr kuni Ozarbayjon armiyasi Tog‘li Qorabog‘ni o‘z nazoratiga qaytarish maqsadida jangovar harakatlarni boshladi. Ozarbayjon armiyasi Tog‘li Qorabog‘dagi qator tumanlarni,jumladan, Shusha shahrini egallagan edi.

Shusha Tog‘li Qorabog‘ning eng yirik shahri bo‘lmish Stepanakertdan taqriban 11 kilometr narida joylashgan va strategik jihatdan muhim aholi punktlaridan biri bo‘lib hisoblanadi.

27 - sentabrda harbiy to‘qnashuvlar boshlanib ketganidan beri halok bo‘lgan arman harbiylari soni 1 221 ga yetdi. Ozarbayjon harbiy yo‘qotishlarini ochiqlagani yo‘q.

Prezident Ilhom Aliyev ko‘zlangan maqsad Ozarbayjonning hudud ustidan to‘la nazoratni tiklash ekanini bildirgan. Unga ko‘ra, Tog‘li Qorabog‘da yashaydigan armanlarga mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish yoki madaniy muxtoriyat kafolati berilishi mumkin.

Tog‘li Qorabog‘da armanlar va ozarbayjonliklar o‘rtasida to‘qnashuv o‘tgan asrning 80-yillari oxirlarida boshlangan bo‘lib, 90-yillar boshida bo‘lib o‘tgan jangovar harakatlar natijasida hudud va uni o‘rab turgan Ozarbayjon tumanlari arman kuchlari nazorati ostiga o‘tgan.

XS
SM
MD
LG