Линклар

Шошилинч хабар
16 декабр 2024, Тошкент вақти: 16:06

Deputat: G‘uzordagi vaziyat muammo hal etilgunicha Oliy Majlis nazoratida bo‘ladi


Enter Engineering ishchilari noroziligidan so‘ng kompaniya mahalliy ofisida yuzaga kelgan holat.
Enter Engineering ishchilari noroziligidan so‘ng kompaniya mahalliy ofisida yuzaga kelgan holat.

G‘uzor tumanidagi Uzbekistan GLT zavodini qurayotgan Enter Engineering kompaniyasining faoliyati barcha muammolar hal etilguniga qadar deputatlar nazoratida bo‘ladi. Bu haqda deputat Odiljon Tojiyev o‘z Telegram kanalida ma’lum qildi.


Unga ko‘ra, Enter Engineering kompaniyasi ishchilarga oylik maosh to‘lamasdan Mehnat kodeksi talablarini qo‘pol ravishda buzgan.

Mehnat Kodeksining 161-moddasida xodimning mehnatiga haq to‘lash har yarim oyda bir martadan kam bo‘lishi mumkin emasligi belgilab qo‘yilgan.


“Vaziyatning shu darajaga yetib kelishiga kompaniya rahbariyati bilan birgalikda mehnat muhofazasi bo‘yicha vakolatli organ Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Qashqadaryo viloyati hokimligi va boshqa tegishli tashkilotlarning nazoratsizlik va befarqlikka yo‘l qo‘ygani ham sabab bo‘lgan deb hisoblaymiz”,-deb bildirdi deputat.


Odiljon Tojiyevning yozishicha, Oliy Majlis bu masalada Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Qashqadaryo viloyati hokimligidan izoh so‘ragan va 22 - oktabr kuni muammo ijobiy hal etilishi haqida axborot olingan.


“Qisqa vaqt ichida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda viloyat hokimligiga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlariga xisobot berish vazifasi yuklatildi. Muammo hal etilguniga qadar bu ish deputatlar nazoratida bo‘ladi”,-deb qayd etgan deputat.


Ozodlik radiosi 21 - oktabr kuni ertalab soat 7:30da Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumanida Uzbekistan GTL zavodini qurayotgan Enter Engineering kompaniyasining minglab ishchisi stixiyali norozilik aksiyasiga chiqqani haqida xabar bergan edi.


Ishchilar noroziligiga oylik maoshlarning berilmayotgani va ikki kun davomida zavod ishchilari ovqatsiz qolgani sabab bo‘lgan.


22 - oktabr kuni Ozodlikka Enter Engineering shirkatidagi norozilik oqibatlarini tekshirayotgan kasaba uyushmasi mulozimi kompaniya ishchilarining to‘planib qolgan oyligi to‘lana boshlanganini bildirdi.


Voqea joyida turib Ozodlikka xabarlar yuborayotgan mahalliy jurnalist esa, "shirkatning 12 mingdan ziyod ishchisining keyingi uch oyda to‘lanmagan oyligini to‘lash uchun ikki mashinada pul olib kelishganini" ko‘rganini aytdi.

Ozodlik suhbatlashgan ikki ishchi oyliklarini olganligini aytdi.


Ishchilar 21 - oktabr kechki ovqat va 22 - oktabrdagi nonushta sifati sezilarli yaxshilanganini aytishdi.

XS
SM
MD
LG