Линклар

Шошилинч хабар
17 декабр 2024, Тошкент вақти: 02:59

O‘t ochishni to‘xtatishga ikki marta kelishilganiga qaramay, Tog‘li Qorabog‘da qurolli to‘qnashuvlar to‘xtamayapti


Tog‘li Qorabog‘ning qurolli to‘qnashuvlar boshlangunga qadar bo‘lgan xaritasi.
Tog‘li Qorabog‘ning qurolli to‘qnashuvlar boshlangunga qadar bo‘lgan xaritasi.

Jahon hamjamiyatining Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish chaqiriqlariga qaramay, ayirmachi hududda Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasida qurolli to‘qnashuvlar davom etmoqda.

18 - oktabr kuni kuchga kirgan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi o‘tgan oyda boshlanib ketgan janglarni to‘xtata olmayapti.

20 - oktabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bilan telefon orqali suhbatlashib, Tog‘li Qorabog‘dagi vaziyatni muhokama qildi.

Ikki yetakchi Armaniston va Ozarbayjon tinchlik muzokaralarini qayta boshlashi kerakligini aytishdi.

23 - oktabr kuni Ozarbayjon tashqi ishlar vaziri Jeyhun Bayramov hamda Armaniston tashqi ishlar vaziri Zohrab Mnatsakanyan Vashingtonda AQSh davlat kotibi Mayk Pens bilan uchrashadi.

Ammo Bayramov va Mnatsakanyan yuzma-yuz uchrashmaydi.

AQSh Fransiya va Rossiya bilan bir qatorida Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT) tashabbusi bilan tuzilgan Minsk guruhiga yetakchilik qiladi. Guruh Armaniston va Ozarbayjonni mojaroga tinch yechim topishga undab keladi.

Qudratli davlatlar Ozarbayjon va Armanistonni muzokara stoliga qaytarishga urinmoqda. 27 - sentabr kuni boshlanib ketgan harbiy to‘qnashuvlar yuzlab odam umriga zomin bo‘ldi.

Bugunga qadar o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risida ikki kelishuv imzolandi, ammo ikkisi ham janglarni to‘xtata olmadi. 20 - oktabr kuni bir necha jang maydonida qurolli to‘qnashuvlar davom etdi.

Ayirmachi Tog‘li Qorabog‘ rasmiylari Ozarbayjon artilleriyadan o‘qqa tutayotganini bildirdi.

Ozarbayjon Mudofaa vazirligi ham munozarali hududda va uning atrofida to‘qnashuvlar davom etayotganini ma’lum qildi.

Mojaro gumanitar bo‘hron keltirib chiqarishi haqida xavotirlar kuchaymoqda. Bugunga qadar ko‘plab infratuzilma obyektlari barbod bo‘ldi, yuzlab odam nobud bo‘ldi va jarohat oldi, minglab odam o‘z uyini tark etishga majbur bo‘ldi.

19 - oktabr kuni Tog‘li Qorabog‘ning yetakchilari bugunga qadar 729 askar hamda 37 nafar oddiy fuqaro nobud bo‘lganini bildirishdi.

Ozarbayjon esa 61 nafar oddiy fuqaro halok bo‘lganini, 282 nafar odam jarohat olganini bildirdi. Rasmiy Boku harbiy yo‘qotishlarini ochiqlagani yo‘q.

Ozarbayjon janglarda yangi hududlarni qo‘lga kiritganini iddao qilmoqda. Ammo Armaniston Ozarbayjon hujumlarini qaytarganini va vaziyatni nazorat qilayotganini iddao qilmoqda.

Xalqaro miqyosda Ozarbayjon hududi o‘laroq tan olingan Tog‘li Qorabog‘ni 1994 - yildan beri Armaniston dastaklab kelayotgan etnik armanlar boshqarib keladi.

So‘ngi to‘qnashuvlar mojaroga Ozarbayjonning yaqin hamkori Turkiya hamda Armaniston bilan bir qatorda Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotiga a’zo bo‘lgan Rossiya aralashishiga turtki bo‘lishi haqida xavotirlarga sabab bo‘lmoqda

Алоқадор

XS
SM
MD
LG