Линклар

Шошилинч хабар
16 декабр 2024, Тошкент вақти: 10:44

"Lyubaya biznes xorosha": Toshkentdagi reklama bilbordlarining 60 foizini yil oxirigacha LED ekranga o‘tkazish talab qilinmoqda


Hukumat qarori bilan joriy yil oxiriga qadar markaziy ko‘chalardagi har bir reklama qurilmasi LED ekranga aylanishi shart.
Hukumat qarori bilan joriy yil oxiriga qadar markaziy ko‘chalardagi har bir reklama qurilmasi LED ekranga aylanishi shart.

Vazirlar Mahkamasining pandemiya arafasida qabul qilgan qarori bilan mamlakatdagi tashqi reklama qurilmalariga qo‘yilgan talablar keskin o‘zgardi.

Bunday o‘zgarishlardan biriga ko‘ra¸ 1-darajali markaziy ko‘chalar bo‘yidagi reklama qurilmalari yil oxiriga qadar LED (Light-emitting diode – yorug‘lik tarqatadigan ) ekranga o‘tishi shart.

Pandemiya holdan toydirgan tadbirkorlarga bunday ekranning eng arzonini o‘rnatish kamida 13 ming AQSh dollariga¸ oylik elektr xarajati esa¸ kamida 3 million so‘mga tushadi.

Toshkent hokimligi belgilagan jadvalga ko‘ra¸ birgina poytaxtning o‘zida 100 dan oshiq 1-darajali ko‘cha bor va shahardagi reklama bilbordlarining 60 foizdan ko‘prog‘i ana shu ko‘chalarga o‘rnatilgan.

Yangi qarorga muvofiq¸ tashqi reklama bo‘yicha yangi talablarga mos kelmaydigan ko‘cha bilbordlari hokimiyat tomonidan olib tashlanadi¸ xarajat bu bilbordni qo‘ygan reklama agntligidan undiriladi¸ puli to‘langan bu joylar boshqa talabgorlarga sotiladi.

Vazirlar Mahkamasi qarori

Joriy yilning 20 - fevral kuni Vazirlar Mahkamasi “Tashqi reklama bozorini tartibga solish to‘g‘risida” 104-sonli qaror chiqardi.

Jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilmasdan qabul qilingan bu qaror muallifi - Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi. Qaror¸ rasmiy iddaoga ko‘ra¸ respublika tashqi reklama bozorini tartibga solish maqsadida qabul qilingan.

Ayni paytda¸ O‘zbekistondagi 100 dan oshiq reklama agentligini birlashtiruvchi Reklama sanoati assotsiatsiyasi¸ a’zolarining Ozodlikka bildirishicha¸ qaror loyihasiga qarshi o‘z e’tirozlarini bir necha marta qo‘mita mutaxassislariga bildirgan.

Koronavirus pandemiyasining O‘zbekistonga kirib kelgani hali rasman tan olinmagan bir paytda chiqarilgan bu qaror¸ Ozodlikka bog‘langan tadbirkorlarga ko‘ra¸ amalda tashqi reklama bozorini yo‘q qilish va uni monopolistga “xatlab berish”ga xizmat qilmoqda.

Bu qaror mohiyatini Ozodlikka tushuntirgan tadbirkorga ko‘ra¸ yo‘l chetlaridagi reklama qurilmalari reklama agentliklariga tegishli.

Bu agentliklar hokimiyat bilan tuzilgan shartnomaga asosan yo‘l chetidagi joyni ijaraga oladi¸ buning uchun oylik ijara haqi¸ qolaversa¸ daromad solig‘i to‘laydi. O‘z navbatida¸ pulini to‘lagan tadbirkor mahsulot va xizmatini bu bilbordlarda reklama qilib beradi.

Yo‘l bo‘ylariga o‘rnatiladigan reklama qurilmalari uchun qo‘yilgan talablarni keskin o‘zgartirish orqali¸ reklama biznesidagi tadbirkorga ko‘ra¸ hukumat butun biznesning "oyog‘ini osmondan keltirgan":

“Ilgari reklama qurilmalarini G yoki T simon qilib qo‘yishga ruxsat etilardi, chunki har bir joyning o‘zgacha joylashuvi bor – yaqqol ochiq ko‘rinadigan joylarga T simon qilib qo‘yilardi, ozgina daraxt yoki turli xil stolbalar bo‘lsa, qurilma yaxshi ko‘rinishi uchun G simon qilib qo‘yilardi. Endi esa yangi qarorga asosan qurilmalar faqat T simon bo‘lishi shart. Ya’ni, bu respublikadagi taxminan 50% reklama qurilmalarini G simondan T simonga o‘zgartirishga majburlayapti. Keng tarqalgan 3x6m o‘lchamdagi reklama qurilmasining har birini G simondan T simonga o‘zgartirish o‘rtacha 6-6,5 mln so‘m mablag‘ talab qiladi"¸ deydi bu tadbirkor.

Zarg‘aldoq rang bilan ko‘rsatilgan bu bilbordlarning hammasi yil oxiriga qadar ulkan teleekranga aylanishi lozim.
Zarg‘aldoq rang bilan ko‘rsatilgan bu bilbordlarning hammasi yil oxiriga qadar ulkan teleekranga aylanishi lozim.

Qarorga muvofiq kiritilgan yana bir yangi talab¸ barcha reklama qurilmalarining yoritgichga ega bo‘lishi shart etib belgilanganidir¸ deydi bu suhbatdosh.

«Ilgari bunday shart ixtiyoriy edi. Keng tarqalgan 3x6m o‘lchamdagi reklama qurilmasiga elektr ta’minotini o‘tkazish va yoritgichlarni o‘rnatish o‘rtacha har biriga 5 mln so‘m mablag‘ni talab qiladi. Bundan tashqari¸ yangi qarorga asosan barcha reklama qurilmalarini yo‘l chetidan ichkariga surishga to‘g‘ri keladi. Oldinlari 5 metrdan baland qurilmalarga bunday talab yo‘q edi. Har birini surishga o‘rtacha 1-1,5 mln so‘mni gapirmasayam bo‘ladi, ammo ichkariga surilgandan keyin u reklama qurilmasi umuman ko‘rinmasligi mumkin va unga talab kamayadi yoki yo‘qoladi».

Ozodlik suhbatdoshlari ta’kidicha¸ tashqi reklama uchun mavjud talablarning bu qadar keskin o‘zgartirilishi¸ 90-95 foiz reklama qurilmalarining yo‘q bo‘lishiga olib kelishi mumkin.

"Bu shartlarning bajarilishi uchun qarorda 6 oy vaqt berilgan. 20 - avgustdan beri tuman hokimliklari reklama agentliklarining hammasini pachkalab sudga bergan. Sud bizga reklama qurilmasini yo talabga moslab o‘zgartirasan¸ yoki ularni o‘z hisobingdan buzib tashlaysan¸ deyapti".

Elektr uzilishlari kundalik holga aylangan mamlakatda LED ekranli reklama majburiylashtirilmoqda

Hukumat qarori bilan reklama bozorida qilinayotgan katta o‘zgarishlardan biri katta yo‘l bo‘ylaridagi bilbordlarning barchasini LED ekranli qurilmaga almashtirishdir.

Yo‘l chekkasiga qo‘yiladigan bu ulkan teleekranlar mahsulot va xizmatlar reklamasiga oid videorolikni tinimsiz namoyish etib turadi. Nyu-Yorkning Times maydoni¸ Las-Vegasdagi kazinolar aynan ana shunday qimmat va yuqori texnologiyaga asoslangan LED ekranlari bilan dunyoga tanilgan.

Bosh vazir Abdulla Aripov imzolagan 104-sonli qarorga muvofiq O‘zbekistonning 1-darajali markaziy ko‘chalaridagi reklama qurilmalari 2020 - yil 31 - dekabriga qadar¸ 2-darajali ko‘chalar esa 2021 - yil oxiriga qadar video ekranli bo‘lishi shart.

Bu qarordan bir hafta o‘tib Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev poytaxtdagi 1 va 2-darajali ko‘chalar ro‘yxatini tuzish haqida 203-sonli qaror chiqardi.

Bu qarorga asosan¸ joriy yilning 22 - iyun kuni hokimning 1-o‘rinbosari Toshkent shahridagi 1- va 2-darajali ko‘chalarning manzilli ro‘yxatini tuzdi.

Nusxasi Ozodlikda mavjud bu ro‘yxatga ko‘ra¸ Toshkent shahrida 1-darajali deb tasniflangan ko‘chalar soni 100 dan oshiq. Ozodlik gaplashgan reklama bozoridan yaxshi xabardor tadbirkorga ko‘ra¸ poytaxtdagi joriy reklama qurilmalarining qariyb 60 foizi aynan ana shu markaziy ko‘chalar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Markaziy yo‘l bo‘yida keng tarqalgan 3x6 metr o‘lchamdagi reklama qurilmasining har birini LED ekranga o‘zgartirish o‘rtacha 13 000-14 000 AQSh dollari yoki 130-140 mln so‘mni talab qiladi. LED ekranlarni yoritishga ketadigan oylik elektr narxi bunga kirmaydi. Bu narx¸ qurilmaning kattaligi¸ videorolikdagi ranglarning och-to‘qligiga qarab¸ 3 milliondan 5 million so‘mgacha boradi. Endi yaxshilab o‘ylab ko‘rish kerak, hozirgi pandemiya davrida oddiy tadbirkorda bu qarorga mos kelish uchun shuncha mablag‘ bormi? Bu qaror kimning foydasini ko‘zlab chiqarilgan? Bu qaror reklama bozori¸ ayniqsa¸ Toshkent bozorini 1-2 ta yangi “monopolist” o‘yinchiga xatlab berishdan boshqa maqsadga xizmat qilmaydi”.

Ozodlik gaplashgan reklama biznesidagi tadbirkorning aytishicha¸ hozirda Toshkent shahrida 400 dan oshiq agentlik yuritayotgan 8000 dan oshiq yo‘l chetiga qo‘yilgan reklama qurilmasi bor.

"Deylik¸ menda 40 dona shunday qurilma bor. Shuning hammasini yil oxirigacha LED ekranga o‘tkaz¸ yoki qurilmalarinni buzib tashlab¸ joyni bo‘shatgin¸ deyapti. LEDga o‘tish uchun 1 million dollarga yaqin mablag‘ kerak. Buncha mablag‘ menda ham¸ boshqa biznesdoshlarimdayam yo‘q. Bu 400 dan oshiq reklama agentligining 90 foizdan oshig‘i o‘ladi¸ degani"¸ deydi bu suhbatdosh.

LED ekranga nisbatan e’tirozlar nima?

Reklama sanoati assotsiatsiyasiga kiruvchi agentliklar 104-sonli qaror ijrosini to‘xtatishni so‘rab¸ Oliy Majlisdan to prezident portaligacha murojaat qilgan.

Bu murojaatida ular butun mamlakat bo‘ylab markaziy ko‘chalardagi reklama bilbordlarini LED ekranga ko‘chirish reklama agentliklarini sindirishi barobarida aholi va atrof-muhit salomatligi uchun zararli ekanini alohida ta’kidlagan.

"Eng kichigi 3 metrga 6 metr bo‘lgan LED ekran ertalabki 7 dan tungi 11 gacha yonib turadi. Bu¸ birinchidan yo‘l harakati xavfsizligiga tahdid. Ikkinchidan¸ shahar aholisiga buncha katta ekrandan chiqadigan katta yorug‘lik ziyon beradi. Uyingizning oldida shunday katta ekran ertayu kech yonib¸ ko‘zingizga urib turishini tasavvur qilib ko‘ring! Keyin¸ bunaqa ekranga qancha elektr ketishini bir hisoblab ko‘rish kerak. Viloyatlarda tok uzilishi kundalik hol bo‘lib tursa¸ bunga elektr qayerdan olinadi? Keyin ko‘pincha o‘chib¸ qop-qora bo‘lib turadigan bunaqa ekranga kim reklama qo‘yadi?"

Yuzlab ko‘chadagi yuzlab bilbordni LED ekranga kim o‘tkazadi?

20 - oktabr kuni Ozodlik Vazirlar Mahkamasi qaroriga muvofiq 1-darajali ko‘chalarni LED ekranga o‘tkazish jarayoniga oid ayrim savollarga javob topish maqsadida Toshkentdagi yetakchi reklama bilbordlari o‘rnatuvchi kompaniyalar bilan bog‘landi.

Shu turdagi o‘nga yaqin shirkat vakillari bilan suhbatlardan O‘zbekistonda ko‘cha bo‘ylariga LED ekranli video reklama qurilmalari o‘rnatish bilan asosan ikkita kompaniya shug‘ullanishi ma’lum bo‘ldi.

Ulardan bittasi¸ 2017 - yil sentabrida ro‘yxatga olingan Uzled, ikkinchisi esa¸ 2018 - yil sentabrida tashkil etilgan Cityled.

Uzled saytida keltirilgan ma’lumotga ko‘ra¸ uning asosiy xaridorlari davlatga qarashli yirik kompaniyalardir. Ular orasida «O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi», Respublika tovar-xomashyo birjasi, «JV MAN Auto-Uzbekistan» qo‘shma korxonasi¸ «LUKOYL Uzbekistan Opereyting Kompani», «Euroasia Insurance», «KAPITALBANK», Favqulodda vaziyatlar vazirligi¸ «O‘zbekiston havo yo‘llari” «IPOTEKA BANK» va O‘ZSANOATQURILIShBANK» bor.

Uzled kompaniyasining Ozodlik gaplashgan xodimlaridan biri¸ kompaniyaning LED ekranlar o‘rnatish bo‘yicha yetakchi shirkat ekanini ta’kidladi.

Biz Xitoydan olib kelinayotgan LED ekranlarni o‘rnatib beramiz. Garantiyasi bir yil. Undan keyin pulli xizmat ko‘rsatamiz. Hukumat qaroridan keyin zakaz ko‘paygan¸ xodimlarimiz viloyatlarga borib¸ LED ekran o‘rnatib beryapti. Bizning narximiz nisbatan arzon. LED ekranning bir kvadrat metri 4 300 000 so‘m. Metal konstruksiya¸ alyukabon bunga kirmaydi. Elektroset bilan shartnoma qilib¸ liniya tortib kelish ham reklama beruvchining bo‘ynida»¸ dedi Uzled vakili.

Cityled – biz Artelmiz!

O‘zbekistondagi LED ekran o‘rnatish bozoridagi ikkinchi yirik kompaniya Cityled brendi bilan ishlaydi. Bu brend rasmiy sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi reklamalarida¸ o‘zining Artel kompaniyasiga aloqadorligi¸ asosiy xaridorlari ham¸ aynan¸ Akfa/Artel guruhi tarkibiga kiruvchi kompaniyalar ekanini yashirmaydi.

Ozolik bilan suhbatda bu brend vakili¸ uning Artelning tarkibiy qismi ekanini alohida ta’kidladi. Bu shirkat LED ekranning bir kvadrati uchun belgilagan narx 4 800 000 so‘m¸ o‘rnatish xarajatlari bunga kirmaydi.

Ozodlik ixtiyoridagi hujjatlarga ko‘ra¸ Cityled brendi ta’sischisi "HIGH LIGHT QUALITY" qo‘shma korxonasi. Bu korxona aksiyalarining 100 foizlik egasi esa¸ Singapurda ro‘yxatga olingan “Singapore Syndicate Group Intemational PTE.LTD”dir.

O‘zbekiston joriy hokimiyatidagi yuqori lavozimli amaldorlarning offshor hududlarda ro‘yxatdan o‘tgan kompaniyalarini tadqiq qilayotgan birtaniyalik professor Kristian Lassletga ko‘ra¸ aynan ana shu Singapur sindikati yaqinlargacha Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning Akfa/Artel korporatsiyasiga kiruvchi ofshor kompaniyalarni birlashtiruvchi mexanizm bo‘lib kelgan.

Yana ayni sxemaning o‘zi – oligarxlar tadbirkorni qo‘yni qo‘raga haydagandek bitta peshtaxta oldiga majburlab olib keladi. Yagona peshtaxta egasi esa¸ yana o‘zlari”¸ deydi O‘zbekistonda reklama qurilmalarining LED ekranga o‘tkazilishini shart qilib belgilagan hukumat qarorini Lasslet.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG