Линклар

 
O‘zbekistonda ishlab chiqarishi boshlangan "Remdesivir" dorixonalardan avval "qora bozor"ga chiqdi
Шошилинч хабар
16 декабр 2024, Тошкент вақти: 12:29

O‘zbekistonda ishlab chiqarishi boshlangan "Remdesivir" dorixonalardan avval "qora bozor"ga chiqdi


O‘zbekistonda Remdessa nomi bilan ishlab chiqarilayotgan preparat, 11- oktabr, 2020
O‘zbekistonda Remdessa nomi bilan ishlab chiqarilayotgan preparat, 11- oktabr, 2020

Koronavirus bemorlarini davolashda eng samarali vosita bo‘lib qolayotgan “Remdesivir” preparati sentabr oyidan boshlab O‘zbekistonda ishlab chiqarila boshlandi.

Dunyo bozorida bir flakoni 390 dan 70 AQSh dollarigacha bo‘lgan bu inyeksiyaning O‘zbekistondagi narxi 550 ming o‘zbek so‘mi, taqriban 50 AQSh dollari qilib belgilandi.

Bu preparatni ishlab chiqarayotgan JURABEK LABORATORIES shirkati hozircha davlat buyurtmasini bajarayotgani, tez orada bu preparat dorixonalarda keng savdoga chiqarilishini bildirdi.

Ayni paytda, mahalliy va import dori-darmonlarning “qora bozor”i hanuz avjida. O‘zbekistondagi bemorlarning yaqinlari va shifokorlarning aytishicha, aynan mahalliy “Remdesivir” preparati 1 million so‘mdan 1 million 800 ming so‘mgacha “qo‘lda” sotilmoqda.

JURABEK LABORATORIES xususiy shirkatining vakili Aziz Soipov mahalliy “Remdesivir” preparatining ilk katta partiyasi ishlab chiqarilib, Sog‘liqni saqlash vazirligiga (SSV) topshirilganini bildirdi.

Bu mas’ulga ko‘ra, avgust oyida koronavirusni davolashda qo‘llaniladigan yana bir necha muhim dori vositasini mamlakatda ishlab chiqarishga da’vogar mahalliy va xorijiy shirkatlar orasida tender o‘tkazilgan.

Soipovning aytishicha, JURABEK LABORATORIES shirkati 2020 - yil boshida, onkologik kasalliklarni davolaydigan dorilarni tayyorlash uchun liofil quritish uskunalari (dorini suyuk shaklda tayyorlab avval muzlatib, so‘ngra past haroratda vakuum ostida quritishga mo‘ljallangan yuqori texnologiya - tahr.)ni mamlakatga olib kelgan.

“Remdesivir” preparati ham ayni uskuna yordamida ishlab chiqarilgani uchun va shirkatda qisqa muddatda buni yo‘lga qo‘yish imkoni bo‘lgani bois tenderda yutib chiqqan.

“Eng arzon taklif bizdan bo‘ldi va shu sabab, SSV biz bilan shartnoma tuzdi. Birinchi partiyani berdik. Hozir har haftada bitta partiya chiqaryapmiz. Ishlab chiqarish quvvati, partiya miqdorini men pressaga aytolmayman, bu bizning tijoriy sirimiz. Oktabr oxirigacha SSVga buyurtmasini yetkazib beramiz, keyin noyabrdan dorixonalar uchun chiqarishni boshlaymiz. Xomashyoni hozircha Hindiston va Xitoydan olyapmiz”, - dedi Soipov Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda.

Shirkat vakiliga ko‘ra, dorining ilk partiyasi koronavirus bemorlari soni ko‘p bo‘lgan Toshkent shahri va viloyatidagi davlat shifoxonalari, bemorlarni qabul qilish va tarqatish markazlariga yetkazilgan. Bundan tashqari, ayni shirkatga tegishli bitta dorixonada cheklangan miqdorda 550 ming so‘mdan sotilmoqda.

Ayni paytda Ozodlikka O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan preparatning “qora bozor”ga chiqib ketgani va narxi 550 ming so‘mdan 1 million so‘mga ko‘tarilib ketgani haqida shikoyatlar kelmoqda.

Jumladan, so‘nggi bir hafta ichida ijtimoiy tarmoqlarda qoldirilgan sharhlarda ham bu dori vositasining narxi “qo‘lda” 3 million so‘mga chiqib ketgani aytiladi.

JURABEK LABORATORIES shirkati vakili, shunday holat mavjudligi va ular o‘z dorixonasi misolida buning oldini olishga urinayotganini aytdi.

“Spekulyantlarning oldini olish uchun har kun o‘zim dorixonada savdoni tepasida turdim. Lekin shunda ham kimlardir retsept bilan kelib, bizdan olib, 1 million 300 ming - 1 million 800 ming, hattoki 2 milliondan sotishga uringanini ko‘rdik, afsuski. Lekin keyin odamlarni sarson qilmaslik uchun retseptini tekshirib, kerak bo‘lsa, doktorlariga telefon qilib, sotishga urinyapmiz”, - dedi Aziz Soipov Ozodlik bilan suhbatda.

Toshkent viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi tizimida ishlaydigan mas’ulning Ozodlikka aytishicha, mamlakatdagi dori vositalari “qora bozor”idagi ajiotaj "uzog‘i bilan bir necha hafta ichida to‘xtaydi".

Unga ko‘ra, “Nobelfarmsanoat” shirkati “Faviravir” dorisini chiqaryapti, JURABEK LABORATORIES shirkati esa “Remdesivir”ni chiqarishni boshlagan.

"Remdesivir" birinchi partiyasida 30 ming doza chiqdi. SSV shuning 15 mingini tarqatdi, bepul. Qolgani zaxirada turibdi hozir. Shu dorilar chetdan cheklangan miqdorda kelgani uchun shunaqa ajiotaj kuchayib, “qora bozor” degan vahima paydo bo‘lgandi”, - dedi nomi oshkor etilishini istamagan rasmiy.

Ayni paytda uning aytishicha, “qora bozor” vahimasi pasayishiga olib keladigan yana bir yangilik, bu – Vazirlar Mahkamasining 449-qarori.

Rasmiyning so‘zlariga ko‘ra, ushbu qaror bilan faqat COVID-19 dori vositalarini sertifikatsiyalash sharti asosida, 2021 - yilning 1 - martiga qadar rasmiy qaydsiz mamlakatga olib kirish mumkin.

Uning ta’kidlashicha, aslida shu bilan qaydsiz, yashirincha olib kirilayotgan preparatlarning yo‘li to‘sildi, dori olib keladiganlar ochiqcha olib kelishni boshladi.

“Dori O‘zbekistonda to‘liq tibbiy tekshiruvdan o‘tkaziladi, tarkibi, ishlab chiqarilishi, seriyasi, sifati nazoratdan o‘tkaziladi baribir. Faqat rasmiy ro‘yxatdan o‘tkazish, dori qutisidagi yozuvlarni tarjima qildirishga o‘xshagan protseduraga vaqt sarflash vaqtincha to‘xtatildi. Hozir tadbirkorlarga yengil bo‘lib qolgani uchun rasmiy yo‘l bilan olib kelyapti dorilarni. Chunki koronavirusda ishlatilayotgan dorilar odatda juda kam qo‘llaniladi, bizdaginamas, dunyodayam zaxirasi katta bo‘lmagan, shunga ajiotaj katta bo‘ldi", dedi Toshkent viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi tizimida ishlaydigan, ismini oshkor qilmayotganimiz mulozim.

U ayni paytda, mamlakatga koronavirus dorilarini hokimiyatga yaqin bir guruh olib kirayotgani, bu guruh "qora bozor" va undagi dori-darmon narxining sun’iy oshib ketishiga mas’ul ko‘rilayotganiga oid iddaolarni tasdiqlamadi.

Vazirlar Mahkamasi shu yilning 24 - sentabrida «Koronavirus pandemiyasi davrida dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikalar muomalasini tartibga solishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida» 2020 - yil 22 - iyuldagi 449-son qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishga qaror qildi.

Bu o‘zgartishlarga ko‘ra, COVID-19 kasalligini davolashda qo‘llaniladigan qator dori vositalari, asboblari va xomashyosi keyingi yilning 1 - martiga qadar mamlakatga faqat sertifikatsiyalash sharti bilan kiritiladigan bo‘ldi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi 7 - oktabr kuni O‘zbekistonda koronavirus bemorlari yetarli miqdorda bepul dori-darmonlar bilan ta’minlanayotgani, O‘zbekistonning o‘zida “Remdesivir” preparatini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilishi haqida bayonot bergandi.

“Remdesivir” preparati ayni nomda dunyoning uch davlati - AQSh, Hindiston va Pokistonda ishlab chiqarilmoqda.

Bu dori 2015 - yilda, AQShdagi Gilead Sciences kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan va 2020 - yilning may oyida, dunyodagi COVID-19 pandemiyasini inobatga olgan holda, Hindiston va Pokistondagi 5 ta shirkatga ishlab chiqarish huquqi berilgan.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti COVID-19 pandemiyasi to‘xtaganini e’lon qilgunicha faqat shu shirkatlarga dunyoning 127 davlatida "Remdesivir" preparatini sotish huquqi berilgan.

JURABEK LABORATORIES shirkati vakiliga ko‘ra, bu masala atroflicha o‘rganilgan.

U preparat xomashyosini O‘zbekistonga olib kelib, uning o‘zini ishlab chiqarish hamda sotishda "hech qanday yuridik ziddiyat yo‘q"ligini aytdi.

SSV bergan rasmiy ma’lumotga ko‘ra, 14 - oktabr soat 18:00 holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 61 950 (+91) nafarni tashkil etmoqda, 2 485 bemor shifokorlar nazorati ostida davolanmoqda.

Ammo, mamlakatdagi mustaqil manbalar va shifokorlar, asl raqamlar bundan ancha balandligi, shu bois mamlakatda COVID-19 kasalligiga chalingan bemorlar aniq soni qanchayu ularni davolash uchun zarur dori-darmonga asl ehtiyoj qanday - aniq aytish imkonsiz, demoqdalar.

XS
SM
MD
LG