Линклар

Шошилинч хабар
16 декабр 2024, Тошкент вақти: 13:06

MIB: o‘ziga o‘t qo‘ygan G.Dedabayevaning onasiga 30 marta murojaat qilingan


Namanganlik ayol o‘ziga o‘t qo‘yishidan 13 daqiqa avval ustiga benzin sepib, MIBchilarni ogohlantirgan (29 - sentabr kuni ayanchli hodisa paytida qayd etilgan videodan olingan surat)
Namanganlik ayol o‘ziga o‘t qo‘yishidan 13 daqiqa avval ustiga benzin sepib, MIBchilarni ogohlantirgan (29 - sentabr kuni ayanchli hodisa paytida qayd etilgan videodan olingan surat)

MIB Namangan shahar bo‘limi o‘ziga o‘t qo‘ygach, vafot etgan G. Dedabayevaning o‘limi yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazdi.

3 - oktabr kungi anjumanda, MIB rahbariyati, bu mash’um hodisaga qadar, sud hukmi ijrosi yuzasidan marhumaning onasiga 30 marta murojaat qilinganini bildirdi.

Namangan shahar, Istiqbol MFYda istiqomat qilgan 35 yashar yolg‘iz ayol Gulandom Dedabayeva 29 - sentabr kuni MIB ijrochilari ko‘z o‘ngida o‘ziga o‘t qo‘yib, vafot etgandi.

Yaqinlariga ko‘ra, Gulandom ikki yarim yil avval sotib olgan uyidan majburan chiqarmoqchi bo‘lgan MIB xodimlariga shu tariqa o‘z noroziligini izhor qilgan.

Ozodlikka kelib tushgan videoda, ayol ustiga benzin quyganidan so‘ng ham MIB ijro harakatini davom ettirgani, benzin quyilgandan to o‘t oldirguncha bo‘lgan oradagi vaqt - 13 minut davomida uni to‘xtatishga urinmagani aks etgan.

Daryo.uz nashri bergan xabar mazmuniga ko‘ra, 3 - oktabr kuni o‘tgan matbuot anjumanida MIB Namangan shahar bo‘limi o‘z ijrochilari harakatini oqlashga uringan.

Rasmiy bayonotga ko‘ra, - ijro hukmi kelib tushganidan so‘ng - 2019 - yil noyabrdan beri qarzdor - marhumaning onasi Muhabbat Dedaboyevani uydan chiqarish harakati turli sabablar 3 marta to‘xtatilgan, ijrochilar 3 marta qarzdorning uyiga borib, sud qarorini bajarishga undagan.

"Bu kabi sud qarorlari bo‘yicha kimdir qarzdor, ikkinchi tomon esa, undiruvchi bo‘ladi. Ushbu ijro ishi bo‘yicha ham undiruvchi A.J. tomonidan sud qarori ijrosi ta’minlanmayotgani haqida ko‘plab e’tirozlar va bir nechta shikoyat arizalari bildirilib, turli shaklda 30 dan ortiq murojaat qilingan", deyiladi MIB matbuot xizmati tomonidan matbuotga taqdim etilgan ma’lumotda.

O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva, 2 - oktabr kuni bu hodisaga munosabat bildirib, MIB ijrochilari harakatini keskin qoraladi.

“Bu holatni men mutlaqo qoralayman. Balkim bu o‘rinda ayol qaysidir ma’noda nohaqdir, Majburiy ijro byurosi to‘g‘ri talabni qo‘yayotgandir. Lekin shunda ham ayolning holatini ko‘rish mumkin edi.

...Agar o‘sha yerning o‘zida ayol asabiylashib, jig‘ibiyron bo‘lib, yana turib olib, haqqini talab qilavergan bo‘lsa MIB sabr-toqat qilib, qaytib ketib, ijroni keyinroqqa qo‘ysa ham bo‘lardi", dedi Norboyeva jumladan.

Shuningdek, Namanganliklar.uz saytida e’lon qilingan videolavhada Istiqbol MFY raisi Nodira Nazarova, G. Dedabayeva ustiga benzin quyganidan so‘ng MIB xodimidan ijroni to‘xtatishni talab qilgani, u esa harakatni davom ettirganini aytdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda bu voqeaga munosabat bildirayotganlarning aksariyati MIB xodimining harakatini noqonuniy, deya qoralamoqda.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasining xabariga ko‘ra, Namangan shahar prokuraturasi O‘zbekiston Respublikasi JKning 103-moddasi(o‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan.

Sud qarorlari ijrosini ta’minlashga mas’ul Majburiy ijro byurosi xodimlari xizmat vazifasini bajarishga borganda aholi bilan kelishmovchilik asosida turli hodisalar ko‘p kuzatilmoqda.

Majburiy ijro byurosi ma’lumotiga ko‘ra, 2019 - yilda MIB xodimlariga qarshilik ko‘rsatilgani bilan bog‘liq 132 ta holat qayd etilgan.

Byuro tashkil etilgan 2017 - yildan beri fuqarolarning qarshilik ko‘rsatishi tufayli 4 nafar MIB xodim o‘z vazifasini bajarish vaqtida halok bo‘lgan.

200 dan ortiq xodimga turli darajada tan jarohati etkazilgan.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG