Линклар

Шошилинч хабар
16 декабр 2024, Тошкент вақти: 17:34

"Korean&Migrations"ishi Mustaqillik maydoniga ko‘chdi. Namoyishchilar haydaldi (VIDEO)


"Korean and Migrations" agentligidan aldanganlar bilan mutasaddilar uchrashdi.
"Korean and Migrations" agentligidan aldanganlar bilan mutasaddilar uchrashdi.

"Korean and Migrations" xususiy bandlik agentligining Janubiy Koreyaga ishga jo‘natish va’dalariga ishonib, aldanganlardan yuzga yaqini 28 - sentabr kuni Mustaqillik maydoniga to‘plandi.

O‘zbekistonning turli hududlaridan kelgan shikoyatchilar Bosh vazir Abdulla Aripov bilan uchrashishni talab qilishgan.

Biroq arzchilarga ko‘ra, ular bilan faqat mutasaddi tashkilotlar vakillari uchrashib, apellyatsiya natijasini kutishni aytishgan.

Bosh vazir bilan uchrashmaguncha ketmaslik qarori bilan to‘plangan arzchilarga ko‘ra, ularni tushdan so‘ng maydondan haydab yuborishgan.

Ikki hafta avval “Korean and Migrations” agentligi rahbarlarini uzoq muddatga qamash haqida sud hukmi e’lon qilindi. Bir necha kun avval sudlanuvchilar apellyatsiya arizasi kiritgan.

Ushbu agentlikdan 2400ga yaqin jabrlanuvchi jami 24,2 milliard so‘m zarar ko‘rgani aniqlangan.

Jabrlanuvchilarga ko‘ra, agentlikka pul berish uchun foizli qarz olib, kuyib qolganlarning moliyaviy ahvoli karantin payti yanada yomonlashgan.

Bosh vazir bilan uchrashish talabi

28 - sentabr kuni ertalabdan Toshkentning Mustaqillik maydonidagi Sharof Rashidov haykali oldiga "Korean and Migrations" agentligidan aldanganlar to‘plandi.

Bu haqda Ozodlikka xabar qilgan manbaga ko‘ra, maydonga 100 ga yaqin odam yig‘ilgan.

Maydonga to‘planganlar bilan mutasaddilar uchrashdi.
Maydonga to‘planganlar bilan mutasaddilar uchrashdi.

“Mamlakatning turli viloyatlaridan keldik. Ertalab soat 8dan Rashidov haykalining tagiga to‘plandik. Yuzga yaqin odam bor. Talabimiz Bosh vazir Abdulla Aripov bilan uchrashish. Uchrashmaguncha hech qayerga ketmaymiz. Bosh vazir bilan uchrashib, pullarimizni tezroq qaytarishga yordam so‘ramoqchimiz. Juda qiynalib ketdik. Maydondan pulimizni olish uchun to‘g‘ri bankka ketamiz. Bo‘lmasa, maydonda yotamiz, qancha kerak bo‘lsa shuncha. Karantin payti moliyaviy ahvolimiz yanada yomonlashdi. Hozir holimizga maymunlar yig‘layapti”,- dedi ismini ochiqlamaslikni so‘ragan yigit.

Maydonga to‘planganlar kun davomida Ozodlik bilan aloqada bo‘lib turishdi. Ularning aytishicha, tushga yaqin mutasaddi tashkilotlardan vakillar kelib ular bilan uchrashgan.

“Mehnat vazirligidan, Yakkasaroy sudidan, prokuraturadan, shahar hokimligidan kelishdi. Ular sudlanuvchilar apellyatsiya yozgani sabab pullarimizni qaytarish kechikishini aytishdi. Apellyatsiya jarayoni tugagach, yana 10 kun kutishar ekan. Agar sudlanuvchilar yana ariza yozmasa, keyin pullarimiz berilarkan. Jinoyat ishi ochilganiga noyabrda bir yil bo‘ladi. Sud 2,5 oy davom etdi. Biz yana shuncha kutamizmi? Deyarli hamma protsentga pul olgan. Protsentlar kun sayin “tug‘ib” yotibdi. Ikki mingdan ziyod odamning yarmi uje xonavayron bo‘ldi. Bu ketishda qolganining ahvoli ham shunday bo‘ladi. Biz pullarimiz tezroq berilishini talab qilamiz”, dedi anonim qolishni so‘ragan jabrlanuvchilardan biri.

Ozodlikka 28 - sentabr kuni Mustaqillik maydonidan jo‘natilgan videoda jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tuman sudi xodimi jabrlanuvchilar apellyatsiya natijasini kutishi lozimligini ta’kidlagan.

Мустақиллик майдонидаги норозилик чиқиши
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:04:56 0:00

To‘planganlar: Bizni haydashdi

Ozodlikka tushdan so‘ng qayta bog‘langan shikoyatchilar ularni tarqatib yuborishganini aytishdi.

28 - sentabrda Mustaqillik maydoniga yig‘ilganlar.
28 - sentabrda Mustaqillik maydoniga yig‘ilganlar.

“Soat uch yarimgacha turdik. Keyin kelib, bizni haydab yuborishdi. Formali va formasizlar ham bor edi. “Ketmasalaring, kuch qo‘llaymiz” deyishdi. O‘zi kun bo‘yi ham formasiz odamlar yigitlarimizning oldiga birma-bir borib, “Bu yerda turmanglar, ketinglar”, deb po‘pisa qilishgan. Yana ikki qo‘limizni burnimizga tiqib, qaytib ketyapmiz”, dedi ismi ochiqlanmaslikni so‘ragan yana bir jabrlanuvchi.

Jabrlanuvchilar: Ahvolimiz juda yomon

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, “Korean and Migrations” ishi bo‘yicha 2 372 jabrlanuvchi va 4 fuqaroviy da’vogar mavjud bo‘lib, ularga yetkazilgan zarar miqdori 24 milliard 200 million so‘mni tashkil qiladi. Dastlabki tergov davrida bu zararning 13 milliard 300 millionini qoplash chorasi ko‘rilgan.

28 - sentabrda Mustaqillik maydoniga to‘planganlar noroziligini yoritish uchun mahalliy matbuot xodimlari ham borishdi.
28 - sentabrda Mustaqillik maydoniga to‘planganlar noroziligini yoritish uchun mahalliy matbuot xodimlari ham borishdi.

Hozirgacha pulini qaytarib ololmayotganlardan biri, Toshkent viloyatida yashovchi yigitning shaxsini ochiqlamaslik sharti bilan Ozodlikka aytishicha, Koreyaga ishga ketish orzusida “Korean and Migrations” agentligiga 4500 dollar pul bergan.

“500 dollar uyda bor edi. 4000 dollar qarzga olganman. Qarzim protsentli edi, tengga teng qaytarishga kelishilgan. 3 oyga olganman va 4 ming dollar ustiga yana 4 ming berishim kerak edi. Keta olmay qolgach, har uch oyda protsent “tug‘averdi”. Bergan odam yaqinda menga rahmi kelib 12 ming dollarga rozi bo‘ldi. Uyimni sotib qarzimni to‘ladim. Hozir akam bilan bitta uyda 10 kishi tiqilib yashayapmiz. Tezroq agentlik pulimni qaytarsa yaxshi bo‘lardi”.

Namanganlik yigit ham qarzga foizli pul olgan va qarzini qaytarish uchun turar-joy quraman deb olgan yerini sotgan.

“3200 dollarni so‘mga aylantirib, bankka to‘laganmiz, 3300 dollarni firma rasxod uchun deb oldi. Shu pulning 5000 dollarini protsentga qarz olgandim. Qarzning bir qismini uchastka yerimni sotib to‘ladim. Bir qismini qaytarishim kerak. Bir yildan beri pulni “ana beramiz, mana beramiz” deb, aldab kelishyapti".

Ozodlikka 28 - sentabr kuni Mustaqillik maydonidan jo‘natilgan videoda agentlikdan aldanganlardan biri moliyaviy ahvoli yomonligini aytib, bolalarini maktabga kiyintirish uchun bir tiyin ham puli yo‘qligini aytadi.

"Korean and Migrations" agentligidan aldanganlar joriy yilning 1-2 - iyul kunlari ham Toshkentning Mustaqillik maydonida to‘planib, prezident Mirziyoyevdan yordam so‘ragandi.

"Korean&Migration" чув туширганлар пулларини қайтариб олиш учун президентдан ëрдам сўради
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:28 0:00

Hukm

“Korean and Migration” rahbarlariga nisbatan jinoyat ishi ochilgani haqida Ozodlik 2019 - yil 10 - noyabrida xabar bergan edi.

Joriy yilning 14 - sentabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tuman sudi “Korean and Migrations” agentligi mansabdor shaxslari va vositachilari ustidan hukm o‘qidi.

O‘zbekiston Oliy sudi ma’lumotiga ko‘ra, agentlik direktori Qahramon Otaqulov va agentlikning Namangan viloyat filiali direktori Odil Kabilov 9 yilga, agentlik ta’sischisi Xushvaqt Turdiyev va agentlikning o‘quv ishlari bo‘limi direktori Musurmon Aliqulov 8 yilu 3 oyga ozodlikdan mahrum qilingan.

28 - sentabrda Mustaqillik maydoniga to‘planganlar bilan uchrashgan mutasaddilarga ko‘ra, hukm chiqqanidan 9 kun o‘tib, sudlanuvchilardan biri apellyatsiya arizasi yozgan.

XS
SM
MD
LG