Линклар

Шошилинч хабар
16 декабр 2024, Тошкент вақти: 17:57

Toshkentdagi tungi klub yonida yana pichoqbozlik sodir etildi. Pichoqlangan to‘rt kishidan ikki nafari halok bo‘ldi


O‘zbekistonda mushtlashuvlar pichoqbozlik bilan yakunlanishi kuzatiladi.
O‘zbekistonda mushtlashuvlar pichoqbozlik bilan yakunlanishi kuzatiladi.

Toshkent shahri Amir Temur ko‘chasidagi tungi klub yonida pichoqbozlikka aylanib ketgan mushtlashuv oqibatida to‘rt kishi jarohatlandi. Jarohatlanganlardan ikki nafari vafot etdi. Bu haqda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar berdi.

Boshqarmaning bildirishicha, mushtlashuv 20 - sentabr kuni ertalab soat 6.00 atrofida sodir etilgan. Ichki ishlar xodimlari voqea joyiga yetib kelganida pichoq bilan yaralangan to‘rt nafar yigitdan biri – 18 yoshli Ali G. voqea joyida halok bo‘lgani aniqlandi.

Pichoqlangan uch kishi kasalxonaga yetkazilgan. 23 yoshli Danil S., kasalxonada vafot etgan. 21 yoshli Aziz A., va 28 yoshli Azizbek T.,lar ayni vaqtda kasalxonada davolanmoqda.

«Ma’lum bo‘lishicha, kelishmovchilik ikki guruh yigitlar orasida kelib chiqqan. 8 kishidan iborat bo‘lgan birinchi guruh orasida ikki nafar qizlar ham bo‘lgan va ularning hammasi Amir Temur ko‘chasida joylashgan tungi klub yonida bo‘lishgan. 5 kishilik ikkinchi guruh ham o‘sha atrofda bo‘lganlar. Qizlardan birining o‘z guruhidagi yigitga aytgan gapi boshqa guruhdagi yigitga xuddi unga aytilgandek tuyulgan. Shu sababli orada kelib chiqqan mojaro mushtlashuvga aylanib ketgan. Mushtlashuv davomida ikkinchi guruh ishtirokchisi 23 yoshli Sanjarbek X. pichoq chiqarib tartibsiz ravishda zarba berishni boshlagan. Natijada to‘rt nafar yigitlar jabrlanib, ulardan ikkitasi hayotdan ko‘z yumgan»,- deyiladi rasmiy xabarda.

Toshkent shahar IIBB xodimlari tomonidan mushtlashuvda ishtirok etgan 23 yoshli Sanjarbek X., 18 yoshli Sardor K., 23 yoshli Rahmatulloh X., va yana bir necha kishi ushlangan.

Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan mazkur fakt asosida O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97 - moddasi 2 - qismi (“Qasddan odam o‘ldirish”) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Gumonlanuvchi tariqasida jinoyat ishiga jalb qilingan 23 yoshli Sanjarbek X. hozirda qo‘lga olingan.

Ayni vaqtda kelishmovchilikning yana ikki nafar ishtirokchisi bo‘lmish 18 yoshli Sardor K. va 23 yoshli Rahmatulloh X.larga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277 - moddasi 2 - qismi (“Bezorilik”) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Mazkur shaxslar ham qo‘lga olinganlar.

Toshkent shahar Shayxontohur tumanida 2020 - yilning 5 - iyun kuni ham ommaviy pichoqbozlik sodir etilgan va to‘rt kishi jarohatlangan edi. Jarohat olganlardan ikki nafari kasalxonaga olib kelinganidan so‘ng vafot etgandi.

2019 - yilning 5 -avgust kuni Toshkent viloyatining Bekobod tumanida maktab o‘quvchilari o‘rtasidagi janjal pichoqbozlik bilan yakunlangan va ikki o‘quvchi jarohatlanib kasalxonaga yotqizilgan.

2018 - yilning 26 - noyabrida "Osiyo ayig‘i" laqabi bilan tanilgan aralash janglar ustasi Murod Xonto‘rayev pichoqlanib, kasalxonaga yotqizilgan.

Yunusobod tumanidagi "Aurum 898" klubida 2018 - yilning 8 - avgustidan 9 - avgustiga o‘tar kechasi pichoqbozlik oqibatida erkin kurash bo‘yicha xalqaro toifadagi sport ustasi, 25 yoshli Jamshid Kenjayev halok bo‘lgan edi.

Ozodlik joriy yil yanvarida Toshkent shahri va viloyatlardagi bozorlarda tig‘li asboblar savdosi nazoratini kuchaytirishga qaratilgan reydlar o‘tkazilayotgani haqida bildirgan.

Ichki ishlar vazirligining Ozodlik gaplashgan rasmiylari mamlakatda pichoq bilan qilingan hujumlar soni ortishi ortidan tig‘li asboblar savdosi nazorati kuchaytirilganini ma’lum qilgan.

XS
SM
MD
LG