Линклар

Шошилинч хабар
16 декабр 2024, Тошкент вақти: 17:39

OzodTarmoq: "O‘qituvchiga bepul dori. Vrachgachi? U "yetim bola"mi?


OzodTarmoq ruknida andijonlik vrach Otabek Ahliddinovning Feysbukdagi sahifasida e’lon qilgan postini havola qilyapmiz.

Matn tahrirsiz, qisqartirishsiz berilmoqda. Imlo va stilistika muallifniki.

***

Hamkasb murojaati!

Assalomu aleykum hurmatli hamkasblar!

Bugun bir ma’lumotni o‘qib juda hayron bo‘ldim. Barcha o‘qituvchilar bepul dorilar bilan ta’minlanadi. Ustozlarimiz uchun hursandmiz albatta. Ularga qancha sharoit qilsak ham oz.

Lekin hozirda ko‘rinmas yovga qarshi oldingi qatorlarda hizmat qilayotgan tibbiyot hodimlari “oiladagi yetim bola”dek bir chetda qolib ketishmoqda. O‘zim bir necha marotaba guvoh bo‘ldim: COVID-19 belgilari bilan bir nechta shifokorlarimiz test topshira olishmadi, kasallanganlari davolanish uchun kovid – markazlarga joylasha olishmadi. Kasallikni tik oyoqda turib, bemor davolab o‘tkazgan bir nechta hamkasblarni ham ko‘rishga muvaffaq bo‘ldim. Bepul dori berish haqida esa umuman gap bo‘lmadi. Nima uchun tibbiyot hodimlari e’tibordan chetda qolib ketadi? Axir ofatga qarshi birinchilardan bo‘lib kurashayotganlar shular emasmi?

Qanchadan – qancha tibbiyot hodimi ushbu ofatga qarshi kurashda halok bo‘lishdi. Kun ora yangi qurbonlar haqida eshityapmiz. Axir bizning dushmanga qarshi asosiy kuchlarimiz shular emasmi? Tibbiyot hodimlarini asrashga e’tibor qaratishimiz, ularga kerakli shart – sharoitlar yaratib berishimiz, kasal bo‘lganda turli navbatlarsiz, qiyinchiliklarsiz tekshiruvlardan o‘tish, kasallik aniqlansa hech qanday to‘siqlarsiz davolanish imkonini berishimiz kerak emasmi?

Nima uchun “asosiy qurolimiz” bo‘lgan tibbiyot hodimlarini o‘z holiga tashlab qo‘ymoqdamiz?

Ertaga kech bo‘lmasligi uchun bugundan ularni asrash, himoya qilish, kasal bo‘lganlarini tezroq davolab safga qaytarish choralarini ko‘rishimiz lozim.

Shu sababli o‘z takliflarimni yozib o‘tmoqchiman:

1. Barcha tibbiyot hodimlariga COVID-19 aniqlovchi tekshiruvlar bepul va navbatlarsiz bo‘lishini ta’minlab berish.

2. COVID-19 bilan kasallangan bemorlarni davolashga jalb qilingan shifokorlarga shaxsiy himoya vositalarini yetarlicha yetkazib berish.

3. COVID-19 bilan kasallangan tibbiyot hodimlari uchun alohida koyka – o‘rinlar tashkil etish.

4. COVID-19 bilan kasallangan bemorlarni davolashga jalb qilingan shifokorlarga profilaktika maqsadida dori – darmonlar bilan ta’minlash.

5. COVID-19 bilan kasallangan bemorlar bilan to‘qnash kelishi mumkin bo‘lgan tibbiyot hodimlariga shaxsiy himoya vositalarini yetarlicha yetkazib berish.

6. Tekshiruvlardan o‘tishda, davolanishda tibbiyot hodimlarini sarsongarchiliklarsiz, navbatlarsiz qabul qilish tizimini yaratish.

Agar yuqorida biz ta’kidlab o‘tgan takliflarga qo‘shimchalar bo‘lsa yozib qoldirishingizni so‘raymiz.

Sog‘liqni saqlash tizimi rahbarlaridan ushbu takliflarni e’tiborsiz qoldirmasliklarini so‘raymiz.

Yurtimizda tibbiyot hodimlari sanog‘i cheklangan. Agar biz ularni himoya qilmasak, ularni asramasak ertaga ushbu ofatning ikkinchi to‘lqini kelganda tibbiyot hodimlariga talab ortib ketishi, shifokorlar yetishmovchiligi yuzaga kelishi mumkin. O‘zini tizim tomonidan himoyalanganini xis etgan har qanday tibbiyot xodimi ushbu ofatga qarshi sidqidildan kurashadi, borini beradi.

O‘zingizni va yaqinlaringizni ehtiyot qiling aziz hamkasblar!

XS
SM
MD
LG