Линклар

Шошилинч хабар
16 декабр 2024, Тошкент вақти: 17:59

Hukumat imtiyozi bilan 3 qo‘shni davlatdan o‘qishini imtihonsiz ko‘chirganlarning aksari hanuz talabalar safiga olinmadi


Namangan, Qashqadaryo, Sirdaryo, Samarqand viloyatlaridagi qator oliy ta’lim muassasalariga qo‘shni davlatlardan o‘qishini ko‘chirgan talabalar hanuz rasman qabul qilinmadi.

3 sentabr kuni Ozodlik gaplashgan 4 viloyatdagi 10 ga yaqin yigit-qiz, ularning talabalikka qabul qilingani haqida hanuz buyruq chiqmaganini aytdi.

Shunday bo‘lsada, ular o‘tgan o‘quv yili yarmi uchun kontrakt pulini to‘lagan. Ammo, ayrimlari onlayn darsga qo‘yilgan, ayrimlari esa fevraldan buyon hatto 1 soat dars olmagan.

OTMlar buyruq chiqmagani sababini, zarur hujjatlarning asl nusxasi taqdim qilinmagani bilan izohladi. Hujjatlar asl nusxasi saqlanayotgan qo‘shni davlat OTMlari esa, ular faqat talaba yoki uning vakolatli vakiliga, o‘qish puli to‘liq to‘langan taqdirda berilishini aytmoqda.

O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxus ta’lim vazirligi, pandemiya paytida talabalarni qiynab turgan bu muammo nega hal qilinmayotganiga oid savollarni ochiq qoldirdi.

Chimkentdagi Silkway xalqaro universitetidan Sirdaryodagi Guliston davlat universitetiga (GulDU) o‘qishini ko‘chirgan talaba, shu yilning fevralidan beri bir soat dars olmaganini aytmoqda.

Ammo u kuni kecha 2019-2020 o‘quv yilining ikkinchi bo‘lagi uchun kontrakt pulini to‘lagan.

U shu yilning 20 martida o‘qishini O‘zbekistonga ko‘chirishiga ruxsat berilgani va Guliston universitetida kunduzgi bo‘limda o‘qishini davom ettirishi haqida ma’lumot olgan.

“16 martdan karantin boshlanib ketgani uchun, GulDUdan onlayn sistemadagi shaxsiy kabinet ochishdi, dostup berishdi, lekin ichida hech qanday mashg‘ulot yo‘q, ma’ruzalar yo‘q. Qaytganimdan beri 1 para dars olmadim. Nimaga, desam hali sizlarga hali buyruq yo‘q, kutinglar, deyishdi. Yaqinda bahorgi semestr uchun 3 million 200 ming so‘m kontrakt pulini to‘latishdi, o‘qimagan bo‘lsam ham. Lekin mana 2 sentabrdan kursdoshlarim onlayn o‘qishni boshladi, menga yana o‘qish yo‘q. Endi oktabrgacha kutinglar, deyapti. Bitta menmas, men bilan qaytgan yana 15 tacha talaba dars olmayapti”, dedi ismini oshkor qilmaslikni so‘ragan 2-kurs talabasi.

Aytishicha, GulDUda uning kabi o‘qiy olmayotgan o‘nlab talaba bor. Ozodlik bu talabalar vaziyati bo‘yicha bu OTMdan biror izoh ololmadi.

Shu kunda Samarqand davlat universitetining sirtqi bo‘limiga o‘qishini ko‘chirgan yana ikki talaba ham hanuz talabalar safiga qabul qilinmaganini aytmoqda.

Aytishicha, ular M. Avezov nomidagi Janubiy Qozog‘iston davlat universitetidan o‘qishini O‘zbekistonga ko‘chirgan.

Ularga onlayn ta’lim uchun imkoniyat berilgan, ular bahorgi semestrda onlayn mashg‘ulotlarda qatnashib, imtihon ham topshirgan, yarim yil uchun kontrakt pulini ham to‘lagan.

“Ammo, rasman olinsa – biz haliyam SamDU talabasi emasmiz. Sirtqilarning ko‘pi ishlaydi, ish joyimizdan talabaligimiz haqida hujjat so‘rashyapti, ololmayapmiz”, deydi SamDUning 2-kursiga o‘qishini ko‘chirgan talaba.

Ozodlik shuningdek, Qashqadaryo davlat universiteti, Namangan davlat universiteti, Qoraqalpog‘iston davlat universitetiga o‘qishini ko‘chirgan bir necha talaba bilan gaplashdi. Aytishicha, ularning hech biri rasman talabalikka qabul qilinmagan.

Ammo, bu bilim dargohlarida ularga bahorgi semestr va 2 sentabrdan boshlangan 2020-2021 o‘quv yili uchun onlayn ta’lim olish imkoni berilgan.

“Men aprel oyidan onlayn o‘qishni boshladim. Universitetning saytida personal kabinetga login/parol berishdi. O‘qish yaxshi bo‘ldi, oraliq va yakuniy imtihonlarni ham topshirdim. Lekin, haliyam buyruq chiqarishmadi”, deydi, jumladan, Qashqadaryo davlat universiteti 2-kursida o‘qiyotgan talaba.

Bu talabalarga ko‘ra, ularning OTMga rasman qabul qilinmayotganiga sabab – zarur hujjatlarning asl nusxasni taqdim qilolmayotganidir.

Original hujjatlar esa qo‘shni davlat oliy o‘quv yurtlarida qolib ketgan. Chunki, talabalar shu yilning 7 fevralidan 15 martigacha bo‘lgan muddatda hujjat topshirish uchun O‘zbekistonga qaytgan va karantin bois, mamlakatdan chiqolmay qolgan.

Ya’ni, O‘zbekistonga o‘qishga qabul qilinidan so‘ng, Qozog‘istonga qaytib, hujjatlarini olib qaytish imkoniyati bo‘lmagan, hanuz bo‘lmayotir.

“Hozir menga Qozog‘istondagi universitetdan hujjatlarning asl nusxasini olib kelsangiz, buyruq chiqarib beramiz, deyishdi. Qozog‘istondagi universitet esa hujjatlarning asl nusxasini qo‘lida pasporti bo‘lgan talabaning o‘zi yoki ishonchli vakiliga beramiz, deyapti. Yo‘l yopiq, nima qilishimiz kerak?!” deydi SamDUda o‘qiyotgan talaba.

Samarqand davlat universitetining o‘zini tanishtirmagan vakili – talabalarga buyruq chiqarilmayotgani sababi aynan shu hujjatlar masalasi ekanini tasdiqladi:

“Bizga hujjatlarni nusxalari berilgan, lekin asl nusxasi yo‘q – akademik ma’lumotnoma, u yoqdan o‘qishdan chiqarilgani haqidagi ma’lumotnoma va transkript (davomat, olingan darslar muddati va davomiyligi haqidagi to‘liq ma’lumot – tahr.). Ayrimlarining attestat yoki kollej diplomlarining asl nusxalariyam Qozog‘istonda qolib ketgan, masalan. Bularning originalini olib kelsa bo‘ldi, qabul qilish haqida buyruq chiqaramiz. To‘g‘ri endi, hozir karantin - bular borolmaydi. Qozoq kollegalarmiz ham original hujjatni boshqa birovni qo‘liga bermaymiz, deyapti. Shunga qarab turimiz hozir, karantin ochilsa, balki hal bo‘lib qolar. Birorta vakil jo‘natarmiz balki. Hozir bu yilgi qabul bilan bandmiz”, dedi Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda OTM vakili.

Qozog‘istondagi OTM rasmiylari esa, original hujjatlarni talabalarga berish uchun ularning o‘zlari yoki ishonchli vakili kelishidan tashqari, o‘tgan yilgi o‘quv yilining ikkinchi yarmi uchun kontrakt pulini to‘lashni ham talab qilmoqda.

Jumladan, M. Avezov nomidagi Janubiy Qozog‘iston davlat universitetdan olingan ma’lumotga ko‘ra, hujjat topshirish uchun fevral oyida O‘zbekistonga ketgan talabalarning ko‘pchiligi o‘qishini ko‘chirishi haqida OTMga rasman xabar bermagan.

Natijada ayrim talabalar, oradan 2 oy o‘tib, o‘qish pulini to‘lamagani, imtihon topshirmagani yoki darsga qatnamagani sababi bilan rasman talabalar safidan chiqarilgan. Shu bois, o‘quv yili boshida imzolangan shartnoma asosida, ulardan o‘quv yili yakuniga qadar o‘qish pulini to‘lash talab qilinmoqda.

Shu tariqa, hukumatning bir martalik taklifi bilan o‘qishini imtihonsiz yurtiga ko‘chirishga oshiqqan minglab talabaning aksari, o‘tgan o‘quv yilining ikkinchi yarmi uchun, birdaniga 2 OTMga kontrakt pulini to‘lashga majbur bo‘ldi.

“Men yarim yil uchun 2 ta o‘qishga pul to‘ladim, shunaqa og‘ir pandemiya, ishsizlik, pulsizlik paytida. Endi hujjatning o‘zini olish muammo bo‘lyapti. O‘zi aslida, kollejni bitirganman. Maktabda 4 yil dars berdim, boshlang‘ich ta’limdan. Ma’lumotingiz oliy bo‘lmagani uchun ishdan bo‘shang, deyaverishganiga o‘qishga kirgandim. O‘zimizda 3 yil urindim, 4-yil Qozog‘istonga kirgandim. Hozir men ishlayotgan maktab, yil boshida hech bo‘lmasa universitetida o‘qiyapti, degan hujjatni topshirib qo‘ying, deyapti. Men esa ololmayapman, bunaqada ishdan ham quruq qolishim mumkin”, deydi qashqadaryolik talaba.

Ozodlik hukumatning maxsus qarori bilan o‘qishini O‘zbekistonga ko‘chirgan minglab talaba nega hanuz rasman qabul qilinmadi, nega rasman qabul qilinmagan talabalardan kontrakt to‘lov pullari olindi, nega ulardan ayrimlariga puli to‘langan oliy ta’lim yetkazilmadi, kabi qator savollarga Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligidan javob olishga urindi.

Vazirlikdan 3 sentabr kuni olingan javobga ko‘ra, qo‘shni davlatlardan qaytarilgan talabalar masalasiga mas’ul mulozim - Abduvali Holiqovdir. Bu mulozimdan esa hanuz biror bir rasmiy javob olishning imkoni bo‘lmadi.

O‘zbekiston ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasining 2020 yil 4 fevraldagi 12-son bayoni bilan qo‘shni 3 davlat - Tojikiston, Qirg‘iziston va Qozog‘istondagi oliy ta’lim muassasalarida o‘qiyotgan o‘zbekistonliklarga o‘qishini imtihonsiz O‘zbekistonga ko‘chirish imkoniyati berilgandi.

Respublika oliy ta’lim kengashi a’zosi Xushnudbek Xudoyberdiyevga ko‘ra shanda hujjat topshirgan jami 36 ming 400 nafardan ko‘proq talaba mamlakat bo‘ylab 80 ta OTMda o‘qishiga qabul qilingan. Buncha talabadan qanchasi rasman talabalar safiga qabul qilinganu qanchasi hanuz arosatda qolayapti - Ozodlik bu borada rasmiy idoralardan aniq javob ololmayotir.

XS
SM
MD
LG