Линклар

Шошилинч хабар
16 декабр 2024, Тошкент вақти: 15:56

So‘x muammolarini yoritgan 22 yashar bloger 10 kunga hibs qilindi. U Bosh vazirdan Sh. G‘aniyevni ishdan olishni so‘ragan edi (VIDEO)


So‘xlik videobloger Dadaxon Haydarov (surat blogerning YouTube tarmog‘idagi kanaliga joylangan videodan olindi)
So‘xlik videobloger Dadaxon Haydarov (surat blogerning YouTube tarmog‘idagi kanaliga joylangan videodan olindi)

Youtube tarmog‘ida 800 mingdan ortiq obunachisi bo‘lgan so‘xlik videobloger Dadaxon Haydarov 10 kunga hibs qilindi.

Otasi Sherali Haydarovning aytishicha, u o‘g‘lining hibsdagi ahvoli, qanday jinoyatda ayblanayotgani, unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan-qo‘zg‘atilmagani haqida hanuz rasmiy ma’lumotga ega emas.

Bosh prokuratura, shu yilning 31 mayida so‘xliklar va qo‘shni Qirg‘iziston fuqarolari o‘rtasida chiqqan to‘qnashuvga aloqadorlikda ayblangan 6 so‘xlikka nisbatan Jinoyat kodeksining 244-, 219-modalari asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini 25 avgust kuni ma’lum qildi.

Yaqinlari shu 6 kishi orasida ekanini gumon qilayotgan Dadaxon Haydarov o‘sha nizodan so‘ng, tumanga borgan Bosh vazir A. Aripov bilan uchrashuvda, Farg‘ona hokimini almashtirishni so‘ragan edi.

Youtube tarmog‘ida 820 mingga yaqin obunachi to‘plagan kanalning ikki ma’muridan biri Dadaxon Haydarov shu yilning 22 avgustida hibsga olingani haqida Ozodlik xabar qilgan.

Farg‘ona viloyat, So‘x tumanida yashaydigan taniqli blogerning otasi, 50 yashar Sherali Haydarovning Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda aytishicha, u shu kunga qadar o‘g‘lini ko‘rmagan va uning ahvolidan jiddiy xavotirda:

“Jinoyat ishi qo‘zg‘atilganmi-yo‘qmi, bilmaymiz. O‘g‘lim davlat bergan advokatni tanlagan ekan, u advokatdan qayta-qayta so‘radim: “Ahvolini so‘rang, badanlarini ko‘ring, urishganmi-yo‘mi”, deb. Advokati urishmagan, lekin o‘g‘lingiz yig‘layapti, dedi. Ma’lumotlarni ham ochiq aytmayapti, shunga xavotirdaman, rosti. 22 yashar yosh bola, nima ahvolga tushdi, bilmayman”.

Sherali Haydarovning Ozodlikka aytishicha, o‘g‘lining ushlanishi va hibsga olinishi bo‘yicha unga hanuz biror hujjat berilmagan, hatto ko‘rsatilmagan.

Otasi 22 avgust kuni Dadaxonni hibsga olish uchun borgan huquq-tartibot idoralari xodimlari ham fuqarolik kiyimida bo‘lgani, hibsga olish haqida sanksiya taqdim qilmaganini aytmoqda:

“Mahalla raisi o‘rinbosari kelib, eshigimizni taqillatdi. Chiqsam, yonida uchastkovoy va grajdankadagi bir necha kishi turibdi, adashmasam Farg‘ona viloyat IIB Jinoyat qidiruv bo‘limidan. “O‘g‘lingiz bloger ekan, qilayotgan ishlarining qaysi bir to‘g‘ri, qaysi biri noto‘g‘ri ekani haqida tushuntirish berib, qo‘yib yuboramiz”, deb tuman IIBga olib ketishdi. Hujjat ko‘rsatishmadi. Shu bo‘yicha o‘g‘lim bilan qaytib ko‘risholmadim. Advokati kecha (25 avgust – tahr.) 10 kunga hibs qilindi, deb aytdi, lekin ko‘p ma’lumot bermayapti bizga. Prokuratura aytgan 6 kishining ichida o‘g‘lim ham bormi yoki unga hali ish ochilmadimi - bilolmayapmiz”.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasining 25 avgustda ma’lum qilishicha, shu yilning 31 mayida chegarada chiqqan to‘qnashuvda ishtirok etgan 6 so‘xlikka nisbatan JKning 219 va 244-moddalari bilan ayblov e’lon qilinib, “qamoqqa olish” tarzida ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Ammo, o‘sha kezda tumanning Ravon, Mulg‘on, Qizilqiya qishloqlaridan Ozodlikka bog‘langan 10 ga yaqin so‘xlik, 3 kun ichida tumandagi bir necha qishloqdan jami 12 so‘xlik hibsga olindi, deb xabar qilgan.

26 avgust kuni Ozodlik gaplashgan bir necha so‘xlik, hibsga olinganlar soni 41 kishiga yetdi, dedi. Ammo, bu ma’lumot hozircha rasman tasdiqlangani yo‘q.

Youtube tarmog‘ida 800 mingdan ortiq obunachi yiqqan Dadaxon Haydarov, bu nizolar ortidan tumanga borib, norozi so‘xliklar bilan yuzma-yuz uchrashgan Bosh vazir Abdulla Aripov oldida so‘zga chiqqandi.

O‘sha uchrashuvda Haydarov, o‘zi yashab turgan So‘x tumani muammolarini yoritishida mahalliy rahbarlar to‘sqinlik qilishini aytgan, tuman muammolarini Toshkentga yetkazishda A. Aripovdan yordam so‘ragan edi.

Shuningdek, u tuman rahbarlari hamda Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyevni almashtirishni so‘ragan edi:

“So‘x tumanida yagona men bloger bo‘lib ishlayman. YouTube tarmog‘ida o‘zimning auditoriyam bor. Qachonki, So‘x muammosini Internetga chiqaradigan bo‘lsam, mana shu o‘zimizning hokimiyatdagilar: “Chiqarma, o‘zingning boshingga balo bo‘ladi!” deyshadi. Sizdan iltimos, So‘x tumanida shunday tashkilot yaratingki, bu yerni muammolarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri Toshkentga yetkazsin! Bizga Farg‘ona hokimiyati kerak emas! So‘xni tumanigayam yangi xodimlarni joylashtiring, iltimos! Kerak bo‘lsa, Farg‘ona viloyat hokimini ham almashtiring!” .

Uning bu gaplarini uchrashuv joyiga yig‘ilgan yuzlab odam hayqiriqlar bilan quvvatlagan.

O‘sha kezda bloger So‘x anklavini nafaqat Farg‘ona viloyati, balki tumanning boshqa qishloqlari bilan ulaydigan yo‘llar ham yopilib ketgani, So‘xni O‘zbekistonning boshqa hududlari bilan bog‘lovchi yo‘llargina emas, telefon aloqasi ham yo‘qligini aytgandi.

O‘z navbatida, bu muammolarning borligini e’tirof etgan Abdulla Aripov bloger Dadaxon Haydarov tilga olgan muammolarni tez orada hal qilib berishni va’da qilgandi.

Cўхлик блогер Дадахон Ҳайдаровнинг Бош вазир Абдулла Арипов билан мулоқоти
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:25 0:00

Hozircha, 31 may kungi voqealar ortidan hibsga olingani rasman aytilgan 6 kishi ichida bloger Dadaxon Haydarov ham bormi, unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganmi, qaysi moddalar asosida qo‘zg‘atilgan - bu savollarga Ozodlik blogerning advokati yoxud Farg‘ona viloyatidagi huquq-tartibot idoralaridan biror rasmiy javob ololmadi.

Shu yilning 11 avgustda 23 yashar so‘xlik Davlatjon Mallayev, chegaradagi janjal paytida viloyat hokimi Shuhrat G‘aniyevga nisbatan “zo‘rlik ishlatganlik”da ayblanib qo‘lga olingani haqida Ozodlik 19 avgust kuni xabar qilgan edi.

Mallaev ustidan chiqarilgan ajrimda qayd etilishicha, Farg‘ona viloyat prokurorining birinchi o‘rinbosari da’vosi asosida, unga Jinoyat Kodeksining 244-modda (Ommaviy tartibsizliklar), 219-moddaning 2-qismi (Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) da ko‘zda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlik aybi qo‘yilgan.

Ozodlikka bog‘lanayotgan so‘xliklar, 22 avgustdan beri tumanda hibsga olinayotgan hamyurtlariga aynan Mallayevga qo‘yilgan ayblov qo‘yilayotganini aytmoqdalar.

Farg‘ona viloyati hokimi matbuot kotibi Obidov, qo‘lga olinganlarga nisbatan tergovoldi surishtiruvida o‘rganilayotgan versiyalarga qisman to‘xtalib: "Mendagi ma’lumotlarga ko‘ra, So‘xdagi to‘polonlar juda katta tayyorgarlik bilan uyushtirilgan. Hozircha batafsil aytolmayman, chunki bu tergov siri”, deb izohladi.

Shu yilning 31 may kuni Farg‘ona viloyat, So‘x tuman, Chashma qishlog‘ining Qirg‘izistonning Botken viloyat, Kadamjay tuman, Chechme ayili bilan chegaradosh hududida joylashgan Chashma bulog‘i bo‘yida ikki davlat fuqarolari o‘rtasida ommaviy janjal sodir bo‘lgan.

Ikki tomondan qariyb ming kishi qatnashgan, jarayonda Farg‘ona viloyat hokimi Shuhrat G‘aniyev toshbo‘ron qilingani aks etgan videolar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasining 25 avgust kuni ma’lum qilishicha, ushbu nizo bo‘yicha shu yilning 1 iyun kuni jinoyat ishi ochilgan, 22 avgustdagi hibslar ana shu ish tergovi doirasida amalga oshirilgan.

Xavfsizlik nuqtai nazaridan ismini oshkor etmaslikni so‘ragan so‘xliklar, hibsga olinganlarning barchasi o‘sha to‘qnashuvda qatnashgan tumandoshlari ekanini aytmoqda.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG